Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Marhumlarga tilovat savobini bag'ishlash masalasida salafiylarga raddiya

11.05.2021   2827   5 min.
Marhumlarga tilovat savobini bag'ishlash masalasida salafiylarga raddiya

O'zbek halqining go'zal odatlaridan biri mayyit chiqqan honadon ahliga ta'ziya izhor etib, o'tganlar haqqiga Qur'on oyatlaridan tilovat qilib, savobini bag'ishlashdir. Bu odat aslida halqimizga Islom dini ta'limoti asosida kirib kelgan. Qur'on oyatilari nafaqat  marhumlarga hatto uni o'qiguvchilarning o'ziga ham manfaatlidir. Ahli sunnat ta'limoti bo'yicha, tiriklar tomondan qilingan yaxshi ishlarning savobi albatta, marhumlarga etib boradi. Bu etiqod halqimizning qon-qoniga singgib ketganki, hatto uni Islom dini ilmlaridan to'liq xabari yo'qlar ham biladi. Mahalla-ko'y, tanish-bilishlar orasida ta'ziya bo'lsa, darhol borib honadon egalariga tasalli berib, fotiha o'qib kelish odati ham shundandir.

Ammo, keyingi davrlarda yangi chiqqan ayrim adashgan toifalarning talqin qilishicha, Qur'on o'qib savobini o'tganlarga bag'ishlashning foydasi yo'q emish. Takfirchi salafiylarning rahnamolaridan biri sanalmish, ibn Bozning “Al-fatava”, deb nomlangan kitobida bu haqda quyidagi ma'lumotni uchratasiz:

ان قراءة القرءان على أموات المسلمين ضلال

Ya'ni, “musulmonlarning o'liklariga Qur'on tilovat qilib savobini bag'ishlash haromdir!”.

Ibn Bozning bu fatvosi salafi-solihlar jumlai jahon ahli sunna musulmonlarining fikriga xilofdir. Shu bilan birga uning bu va bu kabi boshqa bid'atlari tinch-totuv yashab kelayotgan musulmon millatlar orasida fitna, adovat va ixtilof urug'larini sochuvchi omil vazifasini ham o'tab berdi.

Mayyitlarga tilovat savobining etib borishi ummati muhammadiyaning ijmo'si bilan isbotlangan. Imom Navaviy rahmatullohi alayh o'zining mashhur “Al-azkor” nomli asarida aytadi:

”Tiriklar duosining o'tganlarga manfa'ati bor, amallarning savobi ham etib boradi, deb ulamolar ijmo' qilganlar”.

Shuningdek, imom Navaviy hazratlari imom Shofe'iy rahmatullohi alayhdan quyidagicha rivoyat qilgan:

ويستحب أن يُقرأ عند الميّت شىء من القرءان وإن ختموا القرءان عنده كان حسنًا

Ya'ni, “mayyitning qabri oldida Qur'on oyatlaridan o'qishlik mustahabdir, agar Qur'onning hammasini o'qib xatm qilinsa, yanada yaxshi bo'ladi”.

Imom Shofe'iyning bu so'zlari “tilovat savobini bag'ishlash harom”, degan salafiylarning barchasiga qarshi hujjat bo'ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ham, اللهم اغفر لاهل البقيع , “Ey Alloh Baqi' qabriston ahlini kechirgin”, deb duo qilganlari mashhur hadislarda kelgan. Va yana, janoza namozining o'zida ham uchinchi takbirdan keyingi o'qiladigan duoda “tiriklarimiz va o'tganlarimizning gunohlaridan o't”, deb duo qilinadi. Bu duoni hatto o'sha ibn Bozning o'zi ham, izdoshlari ham o'qib kelishadi.

Ma'qal ibn Yasorning hadisida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning:

اقرءوا يـس على موتاكم

“O'liklaringizga Yasin surasini o'qinglar”, degan tavsiyalari aytilgan.

Imom Buxoriy va imom Muslimlar rivoyat qilgan bir hadisda aytilishicha, Payg'ambarimiz alayhissalom bir kun qabristondan o'tar ekan, to'satdan ikki yonma-yon qabr oldida to'xtaydilar va ashoblariga biron novda keltirishni buyuradilar. Ashoblar darhol xurmo novdasini keltiradi, Rasululloh novdani ikkiga bo'lib, ikkala qabr ustiga sanchib qo'yadi. Bu holga ajablanib qarab turgan sahobalarga Ul zot: “Shu ikki qabr egalari qabrida azob chekishmoqda, ularning biri bavlidan saqlanmas, ikkinchisi esa birovlarning aybini tashib chaqimchilik qilar edi. Zora, shu novda quriguncha ularning azobi engillashsa..”, dedilar. Huddi shu hadisning sharhida imom Navaviy aytganlarki: “Oddiy bir novdaning aytgan tasbihlaridan qabr ahliga manfaat bo'lsa, inson zoti o'qigan oyatlarning qanday nafi bo'lmasin?! Albatta, Qur'on oyatlarining nafi novdaning tasbihidan ko'proq bo'ladi”.

Bu kabi hujjat dalillarni ko'plab keltirish mumkin. Qadimdan mag'ribu-mashriq musulmonlari o'qilgan oyatlarning savobi marhumlarga etadi, deb e'tiqod qilib kelgan. Keyingi davrlarda salafiylar paydo bo'ldi-yu ummat qabristonlari payhon qilindi. Ular tomondan musulmonlar avval mushrikka chiqarildi so'ngra esa, alloma-yu avliyolarning maqbaralari buzib tashlandi, portlatildi. Birdam, hamjihat musulmonlar orasiga dushmanchilik kiritildi. Salafiylarning qilayotgan bu kabi harakatlari nafaqat musulmonchilik, balki insoniylikka ham mos kelmaydigan vahshiylikdan boshqa emasdir.

 

Andijon viloyati

Tojiboyev Botirjon

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

05.06.2025   13477   4 min.
Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

Ramazon hayiti va Qurbon hayiti  Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
 

Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon  va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.


Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.


Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik  qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.


Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.


Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.


Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.


Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).


Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.


Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.


Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.


Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!


Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin! 

Ubaydulloh Abdullayev, 
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari