Turkiyaning Anqara universiteti Ilohiyot fakul'teti professori So'nmez Kutlu «Dunyo» AA muxbiriga O'zbekistonda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bo'yicha o'z munosabatini bildirdi.
- O'zbekiston tarixda bo'lgani kabi bugungi kunda ham tamaddun markazi hisoblanadi, - dedi u. - Yurtingiz tarixda Movarounnahr va Turkiston nomlari bilan mashhur bo'lgan. Bu zamindan necha necha olimu ulamolar etishib chiqdi. Ular qoldirgan ma'naviy meros jahon tamadduniga xizmat qilmoqda. O'tmishda ushbu mintaqaga sayohat qilgan tarixchilar Samarqand, Buxoro, Farg'ona, Hiva kabi shaharlarning mahobatini e'tirof etib, bu maskanlarni «islomning qubbasi» deya ta'riflagan.
So'nggi yillarda O'zbekiston ushbu zamindagi muazzam ilm markazlarini qaytadan jonlantirish uchun muhim chora-tadbirlarni ko'rmoqda. Hususan, so'nggi besh yilda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo'lga qo'yildi. Ayni paytda ushbu markazlarda o'zbek olimlari diniy-ma'rifiy sohadagi izchil tadqiqotlar olib bormoqda. Ishonamanki, bu kabi ilm markazlarining amaliy muvaffaqiyati natijasida O'zbekiston yana ilm-fan markaziga aylanadi – Uchinchi Renessans barpo etiladi. Ushbu sa'y-harakatlar natijasida yurtingizdan yana moturidiylar, nasafiylar, samarqandiylar va buxoriylar etishib chiqishiga ishonchim komil.
O'zbekistonda diniy-ma'rifiy yo'nalishda amalga oshirilayotgan o'zgarishlar butun musulmon dunyosida tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, O'zbekiston va Turkiya olimlari o'rtasida yaqin aloqalar o'rnatilayotganini alohida ta'kidlamoqchiman. Men ushbu sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar uchun O'zbekiston rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman.
Fursatdan foydalanib, Ramazon hayiti munosabati bilan butun O'zbekiston xalqini chin qalbdan tabriklayman.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Vafot etishingiz bilan dastlab nomingiz odamlar yodidan ko‘tariladi. G‘assol kelsa: “Mayit qayerda” – deydi. Mansabingizni ham, nasabingizni ham va hatto ismingizni ham so‘ramaydi. Janozangizni o‘qishdan oldin Imom: “Marhumning yoshi nechchida edi?” – deydi. Mansabingiz ham, nasabingiz ham va hatto nomingiz ham zikr qilinmaydi. Keyin: “Tobutni ko‘taringlar!” – deyiladi. Bunda ham na mansabingiz, na nasabingiz va na nomingiz eslanadi. Hayotda tez unutilasiz, shunchaki xotiraga aylanasiz. Esingizdan chiqarmang, hamma narsa o‘tkinchi sizdan faqat yaxshilik qoladi xalos..!
Xulosa shuki, bugun sizu bizga ALLOH tomonidan umr berildi. Bugun yangi tong otdi. Siz uyg‘ondingiz, buning uchun ALLOHga hamd aytishni unutmang. Dunyoning qaysidir burchagida qanchadan-qancha odam bugun uyg‘onmadi.
Avvalo, yoningizda bo‘lishsa, ota-onangizning hollaridan xabar oling, yoningizda bo‘lishmasa telefon orqali avhol so‘rang. Har kuni ko‘chaga chiqishingizdan avval ALLOH nomini zikr qiling, hamd aytib, ota-onangizni duolarini oling. ALLOH kasbingizga molingizga rizqingizga, albatta, baraka beradi, inshaalloh. Agar bu olamdan o‘tgan bo‘lsalar haqlariga ko‘p-ko‘p duolar qiling. Shunda ham ularning haqlarini ado eta olmaysiz.
ALLOH bergan va berayotgan barcha ne’matlarni qadriga yetaylik!
Akbarshoh RASULOV