O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev «Ramazon hayitini nishonlash to'g'risida»gi Qarorini imzoladi. Unga ko'ra, 2021 yil muborak Ramazon hayitining birinchi kuni shu yil 13 may kuniga to'g'ri kelishi haqidagi O'zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma'lumot uchun qabul qilingan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari tomonidan Islom dini manbalari va astronomik ma'lumotlarga tayangan holda 2021 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni shu yil 13 may, payshanba kuniga to'g'ri kelishi haqida xulosa qilingan.
Qarorga ko'ra, O'zbekiston musulmonlari idorasining 2021 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 13 may — payshanba kuniga to'g'ri kelishi haqida qabul qilgan qarori inobatga olinib, mamlakatimizda 2021 yil 13 may Ramazon Hayiti bayrami sifatida nishonlanishi belgilandi.
Shuningdek, Prezidentning 10 maydagi PF-6222-sonli Farmoni asosida 2021 yil 14 may (juma) hamda 15 may (shanba) kunlari qo'shimcha dam olish kuni deb e'lon qilindi.
Bundan kelib chiqib, o'zbekistonliklar Ramazon Hayiti munosabati bilan ketma-ket 4 kun dam oladigan bo'lishdi:
13 may, payshanba — Ramazon Hayitining birinchi kuni (ishlanmaydigan bayram kuni);
14 may, juma — qo'shimcha dam olish kuni (barcha uchun);
15 may, shanba — qo'shimcha dam olish kuni (barcha uchun);
16 may, yakshanba — umumiy dam olish kuni.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yil, 18 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Qatar vaqf va islom ishlari vaziri G‘anim bin Shahin al-G‘anim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot avvalida O‘zbekiston va Qatar aloqalari rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, oliy darajada imzolangan hujjatlar hamkorlikning jadal taraqqiy etishida muhim omil ekani ta’kidlandi.
Martabali mehmonga yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, e’tiqod erkinligi yo‘nalishidagi yangilanishlar va ko‘p millatli xalqimiz uchun taqdim etilayotgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, «Vaqf» xayriya jamoat fondi, ilmiy-tadqiqot markazlari, masjid-madrasalar, Fatvo markazi, Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi.
G‘anim bin Shahin al-G‘anim O‘zbekistonga ilk tashrifidan mamnun ekani, bu zamin dunyo tamadduni markazlaridan biri ekani, ulug‘ mutafakkirlarimiz bashariyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgani, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalar butun olamga mashhur ekanini e’tirof etdi.
Uchrashuvda diniy soha xodimlari malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot, ta’lim-tarbiya va ziyorat turizmi yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlar “Hazrati Imom” majmuasini ziyorat qilib, osori-atiqalarni saqlash, ilmiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash va islom ma’rifatini keng targ‘ib etish borasida olib borilayotgan tarixiy ishlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, martabali mehmonlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida ham bo‘lib, oliy ma’had faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
“Hazrati Imom” masjidida o‘qilgan juma namozidan so‘ng ikki davlat hamkorligi yanada taraqqiy etishi, din yo‘lida qilinayotgan xizmatlar bardavom bo‘lishini tilab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati