Kufr so'zi lug'atda “yopish”, “berkitish” ma'nosini anglatadi. Shu sabab dehqoning bir nomi ham arab tilida “kofir”dir. Chunki u urug'ni erga yashiradi, ya'ni ekadi. Bu haqda Qur'onda bunday keladi:
«(U) bamisoli bir yomg'irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur» (Hadid, 20).
Samarqandiy, Faxriddin Roziy, Imom Qushayriylar o'z tafsirlarida kofirlardan murod – dehqonlar degan bo'lsalar, boshqa mufassirlar haqiqiy kofir ham deb o'tganlar. Bir insonga nisbatan kofir deyilishi botil ila haqni berkitgani sabablidir.
Kufr shar'iy istilohda imonning ziddi bo'lib, “tonish”, “bosh tortish” ma'nolaridadir. Bu haqda Alloh taolo bunday deydi: «Bizlar (bu ikki kitobning) har biriga kofirdirmiz», dedilar (Qasos, 48).
Shu e'tibordan shar'iy ma'nosi va lug'aviy ma'nosi o'zaro uzviy bog'liqdir. “Kofir” degani “kufr egasining qalbi kufr sababli yopilgan” degan ma'nodadir. “Durrur muxtor” asarida bunday deyiladi: “Kufr shariatda Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni dinga oid olib kelgan narsalarida yolg'onchiga chiqarishdir”.
Shariatda musulmonni uning musulmon ekanligiga qarshi dalil topilmagunicha musulmon, deb hukm qilinadi. Zero, Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bunday deydilar: “Kim biz o'qigan namozni o'qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so'ygan narsalardan esa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo'lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo'lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bir musulmonni kofirga chiqarishdan oldin kufrga sabab deb o'ylanayotgan u gapirgan so'zi yoki ishiga qarash, uni yaxshilab o'rganish shartdir. Zero, barcha fosid so'z yoki ish kufr qiluvchi emasdir. Shuningdek, barcha insonlar o'zgalarni kofirga chiqarishdan saqlanmoqlari, bu ishdan qochib, bu juda nozik masala bo'lgani uchun ham uni olimlarga havola etish vojibdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo'ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo'lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo'lmasa, gapiruvchining o'ziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. U zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday deyayotganlarini eshitgan: “Kim bir kishini “kofir” deb chaqirsa yoki “Allohning dushmani” desa, aslida u odam bunday bo'lmasa, gaplari o'ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyati).
Agar bir musulmon odam kufrga o'xshash so'zni gapirib qo'ysa, modomiki uning so'zini boshqa bir yaxshi ma'noga yo'yishning imkoni bo'lsa, uni kofir deyilmaydi. Shuningdek, u gapirgan so'zni kufr so'z ekanligida olimlar o'rtasida ixtilof bo'lsa, agarcha u ixtilof zaif rivoyatda kelib, rivoyatda u so'zni kufr ekanligi shak qilingan bo'lsa-da, u musulmon kofirga chiqarilmaydi.
Zero, musulmonni nima narsa imonga olib kirgan bo'lsa, ana o'shandan tonishgina imondan chiqarib yuboradi. Chunki kishidagi mavjud islom shak bilan yo'q bo'lmaydi. Islom shak bilan yo'q bo'ladigan narsa emas. Agar bir kishi bir so'zni aytib qo'ysa yo qilib qo'ysa va bir qancha ta'villarga ko'ra u kofir bo'lishi kerak bo'lgan vaqtda bittagina ta'vilga ko'ra u kofir bo'lmasligi chiqsa, bu masala nozik bo'lgani va musulmon haqida yaxshi gumon qilish lozimligi e'tiboridan ana shu bir ko'rinishga ko'ra, u kofir emas deyiladi. Olimlar shunga fatvo berishgan. Bundan tashqari kufr jinoyatning eng yuqorisi bo'lib, u jazoning ham eng yuqorisini taqozo qiladi. Endi shak va ehtimol bilan esa bir odamga eng katta jazo qo'llanmaydi ( Raddul muxtor xoshiyasi. III jild. 385 bet).
Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatar sababidan Qur'oni karim va Sunna o'zga birovni kufrga chiqarishdan qaytargan. Jumladan Niso surasi 94-oyatida Alloh taolo bunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Alloh yo'lida safarga chiqqaningizda aniq ish tuting! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo'lgan) kishiga bu dunyo matohini (o'ljani) ko'zlab: “Mo'min emassan”, demangiz! Allohning huzurida ko'p o'ljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (imoningizni sir tutar) edingizlar. So'ngra Alloh sizga ne'mat ato etdi. Bas aniqlab ish tutingiz! Albatta Alloh (barcha) ishlaringizdan xabardordir”.
Bu oyatni nozil bo'lishi haqida Ibn Kasir o'z tafsirida bunday deydi: Imom Ahmad Ibn Abbosdan rivoyat qiladilar: “Banu Salimdan bir kishi o'zining qo'ylarini boqayotganida Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarining bir guruhining oldidan o'tib turib, ularga salom berdi. Ular: “bizga salom berma, balki bizdan panoh so'ra”, dedilar. So'ng uni o'ldirdilar, keyin uni qo'yi bilan Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) huzuriga olib keldilar. So'ng ushbu oyatni “Ey imon keltirganlar...” dan oxirigacha nozil bo'ldi.
Jumhur kalom va fiqh ulamolari ittifoqiga ko'ra, biror bir ahli qibla bo'lgan musulmonni kofirga chiqarmaslik lozimdir.
Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) hazratlari ham ahli qibla bo'lganlarning birortasini kofirga hukm qilmagan ekanlar.
Imom Shofe'iy (rahmatullohi alayh) faqatgina bid'at ahlidan bo'lgan xattobiylarni ochiq suratda haromni halol deganlari uchun kofirga hukm qilgan ekanlar.
Tahoviy aqidasida: “Qibla ahlidan bo'lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deyiladi (Al-Manhajus sahih fi fahmi aqidati ahli sunna val jamaa'. Hasan Ali Saqqof,703-bet). Shuningdek, boshqa aqida va ularga yozilan sharhlarda katta gunoh qilgan kishilar garchi uni sodir etish paytida vafot etsa ham, qilgan ishini halol sanamasa, kofir bo'lmasligi, agar o'z uqubatlarini dunyoda olsa katta gunohi uchun kafforot bo'lishi, mabodo vafot etsa, bu – Allohning xohishi: xohlasa azoblashi, xohlasa kechishi bayon etilgan.
Aqida ilimining etuk bilimdoni Abul Hasan Ash'ariy aytadilar: “Men ahli qibladan birortasini kofirga chiqarmayman. Chunki ularning barchalari yolg'iz ma'budga ibodat qiladilar”.
Hulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, o'zga insonni kofir deyish, unga jahannamda abadiy qolasan, deyishga teng gapdir. Buning ustiga jamiyat kishilari orasida uning o'rnini o'z bilganicha belgilab berish demakdir. Bu ish juda nozik bo'lgani va ehtiyotkorlikni talab qilgani uchun ham zinhor bu ishga shoshilmaslik kerak. Balki bu ishlarni o'z egalari: olimlar, muftiylar hukmiga havola qilish lozim. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bundan qaytarganliklari ham bu ishni naqadar nozik ekanligini belgilab beradi. Biz yuqorida ko'rganimizdek, U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa, bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo'ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo'lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo'lmasa gapiruvchining o'ziga qaytadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati) deganlari ham bizga ibrat o'laroq etadi.
N.Saidakbarova
R. Badriddinova
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.
Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.
Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.
Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari