American Airlines bosh direktori Dug Parker musulmon xodimlari nimani his qilayotganini yaxshiroq tushunish uchun Ramazon oyida ro'za tutmoqda. Parker o'zining LinkedIn sahifasida kompaniya xodimlari unga shu tajribani taklif qilganidan so'ng ro'za tutishga qaror qilganini yozdi. American Airlines rahbari so'zlariga ko'ra, u 15 soat davomida suv va ovqatdan voz kechgan.
Shundan so'ng uning musulmon xodimlariga bo'lgan hurmat-ehtiromi, ularning iymonlariga bo'lgan sadoqati yanada oshganini bildirdi.
Islam.ru ma'lumotlariga ko'ra, Parkerning ijtimoiy tarmoqlardagi posti 14 mingga yaqin layk to'plagan. Uning ostiga 550 ta izoh ham joylandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.