ShAVVOLNING OLTI KUNLIK RO'ZASI
— Ramazon oyidan keyin tutiladigan olti kunlik ro'za haqida batafsil ma'lumot bercangiz.
— Bismillahir Rohmanir Rohim. Ramazon oyidan keyin hijriy-qamariy taqvimning o'ninchi oyi hisoblanadigan Shavvol keladi. Ushbu oy ham fazilatli va barakotli oylardandir. Ayniqsa bu oyda sog'lig'i va imkoni bor kishilar nafl ro'za tutsalar, ko'plab ajru-savobga ega bo'lishlari va'da qilingan. Jumladan Abu Ayyub Ansoriy roziyallohuu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Ramazon ro'zasini tutib, ortidan shavvol oyidan olti kun ro'za tutsa, yil bo'yi ro'za tutgandek bo'ladi” (Imom Muslim, Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Demak, ushbu hadisi sharifga amal qilib, shavvolning olti kunida ro'za tutgan kishi yil davomida ro'za tutganlik savobiga erishar ekan. Zero Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o'n barobar (ko'paytirib yozilur)...” (An'om surasi, 160-oyat).
Ushbu olti kunlik ro'zani Ramazon hayitining ertasidan boshlab tutish mumkin. Shuningdek shavvol oyi davomida tutsa ham bo'ladi. Bu haqda “Zohiriyya” va “Hulosa” nomli fatvo kitoblarimizda Shavvol oyidagi olti kunlik ro'zani ketma-ket tutilishi shart emasligi, balki oy davomida tutib ham ado etish mumkinligi aytib o'tilgan.
Shavvolning olti kunida ro'za tutishning yana foydalaridan biri shuki, u Ramazon ro'zasidagi yo'l qo'yilgan kamchilik-nuqsonlarga kafforat bo'ladi. Zero beayb – yolg'iz Parvardigor! Banda kamchilik va xatolardan xoli emas. Bu – xuddi farz namozlar ortidan o'qilgan sunnat namozi kabidir. Ushbu sunnatlar farzda bilib-bilmay yo'l qo'yilgan kamchiliklarni bartaraf qiladi. Qiyomat kuni bandaning nafl ibodatlari uning farz-vojib amallarda yo'l qo'ygan nuqsonlarini to'ldiradi.
Qolaversa, shavvolning olti kunida ro'za tutish o'z mohiyati bilan musulmon kishining ro'zadan zerikmaganiga, balki unga rag'bati kuchli ekaniga dalolat qiladi. Zero, bu oydagi ro'zaning hikmati haqida Alloma Ibn Rajab rahimahulloh bunday degan: “Ramazon oyidan keyin ro'za tutib yurishga odatlanish – Ramazon oyi ro'zasining qabul bo'lgani belgisidir. Chunki Alloh taolo bandasining biror amalini qabul qilsa, undan keyin uni (boshqa) solih, xayrli ishlarga boshlaydi, davomli qiladi”.
ShAVVOL OYI RO'ZASIDA QANDAY DUO QILINADI?
— Ramazondan keyin Shavvol oyida tutiladigan 6 kun ro'zada qanday duoni o'qish kerak?
— Bismillahir Rohmanir Rohim. Shavvol oyida ro'za tutish borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Ramazon oyi ro'zasini tutib, unga qo'shimcha tarzda shavvol oyida olti kun ro'za tutgan kishi yil bo'yi ro'zador bo'lgan kabidir” (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Bu ro'zada muayyan duo yo'q. Nafl ro'zasi kabi tutiladi.
NAFL RO'ZA KAFFORATI
— Nafl ro'zani qasdan buzganda ham kafforat bormi?
— Bismillahir Rohmanir Rohim. Yo'q Ramazoni sharifning hurmatidan faqat Ramazon ro'zasini qasdan buzganlarga kafforat buyurilgan. Boshqa ro'zalar qazo, nazr yoki nafllarda qasdan buzganlarga kafforat buyurilmaydi. Ularni qasdan buzilganda, faqat o'sha kunning qazosini tutish buyuriladi, xolos.
QOLDIRGAN RO'ZALARIMNI QANDAY TUTAMAN?
— O'tgan yillari tutolmagan ro'zamni shu yil tutmoqchiman. Ushbu qolib ketgan ro'za qanday tartibda tutiladi? Buni ham uzluksiz tutish kerak-mi yoki orada dam olib tutsa bo'ladi-mi?
— Bismillahir Rohmanir Rohim. Ramazon ro'zasini tutmagan kunlari uchun qazosini tutib berish kishining zimmasidagi farz amaldir. Ya'ni ramazon oyida tutmagan bo'lsa, boshqa oylarda uni tutib beradi. Ro'zani qazosini tutishda imkoniga qarab tezroq tutib beradi, ketma-ket bo'lishi shart qilinmagan. Ammo kafforat ro'zasini tutishda oltmish kun uzluksiz tutadi. Mabodo orada bir kun uzilsa, oltmish kunni yana boshidan boshlab ketma-ket qilib tutadi. Ramazon ro'zasini niyat bilan boshlab, keyin uni qasdan buzsa, kafforat vojib bo'ladi.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati