Kecha, 6 may kuni Saudiya Arabistoni podsholigining mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari hamda Vaqf xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo qori Ubaydulloh o'g'li bilan samimiy uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuv poytaxtimizdagi "Hazrati Imom" majmuasidagi "Mo'yi muborak" muzeyida bo'lib o'tdi. Dastlab mehmonlar muzeyda joylashgan "Hazrati Usmon mushafi"ni ziyorat qilishdi.
Shundan so'ng tomonlar o'zaro hamkorlik va birdamlikda qilinayotgan xayriya tadbirlari va ularning davomiy bo'lishligi haqida so'z yuritishdi.
Tadbir davomida elchixona vakillari Saudiya Arabistonida chop etilgan Qur'oni karimning 20 000 nusxasini Vaqf xayriya jamoat fondiga beg'araz taqdim etdi. Buning uchun Fond rahbari Yahyo qori Ubaydulloh o'g'li mehmonlarga chuqur minnatdorlik izhor etib, bu kabi xayriyalarda hamkorlik qilishdan mamnun ekanligi bildirdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi