Laylatul Qadr qanday kecha? Laylatul Qadr – “belgilash kechasi”, ya'ni yil davomida qilinadigan turli amallar, topiladigan rizq, bir so'z bilan aytganda taqdirlar belgilanadigan kechadir.
Bu kecha «... ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr surasi, 3-oyat).
1000 oy – 83 yilga teng.
83 yil – 30295 kunga teng.
Laylatul Qadr kechasi qachon bo'ladi? Abul Oliya roziyallohu anhu aytadilar: “Bir a'robiy Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Qadr kechasi qachon bo'ladi?” deb so'radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning ilk va eng so'nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazon oyining oxirgi o'n kunligidan qidiringlar”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha erda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko'p bo'ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu kechaning qanday alomatlari bor? Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ochiq, issiq ham, sovuq ham bo'lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg'ish, zaif bo'lib chiqadi”, dedilar (Ibn Huzayma rivoyati).
Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar erga tushib, tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi. Qur'oni karimda bunday deyiladi: “U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan erga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 4–5-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kechani qanday o'tkazar edilar? Oysha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o'n kunligi kelsa, kechalari uxlamasdilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg'otar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).
Bu kecha qanday amallarni ado etish lozim?
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni o'qishni aytdilar:
اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي
"Allohumma innaka a'fuvvun kariymun tuhibbul a'fva fa'fu a'nniy"
"Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko'rasan. Gunohlarimni kechirgin" (Imom Termiziy rivoyati).
Muhimi, bu kechani ibodat, zikr, tilovat, xayru ehson va boshqa yaxshi amallar bilan o'tkazish lozim.
Bu kecha gunohlar mag'firat etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o'tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag'firat qilinadi”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati)
Alloh taolo bu oyda xolis niyatlar bilan tutayotgan ro'zalarimizni, kechalari qoim bo'lib ado etayotgan taroveh namozlarimizni va xatmu Qur'onlarimizni O'zining lutfu karami ila qabul qilsin. O'zi duolarni ijobat qiluvchi va gunohlarni mag'firat qiluvchi Zotdir.
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Biz tomonlarda qattiq yomg‘ir yog‘ib, Juma va ikki hayit namozlarida odamlar tashqarida namoz o‘qiy olmay, masjid ichiga tiqilib ketadi. Sunnatni almashib o‘qib olishadi, ammo farz namozda buning imkoni yo‘q-ku. Bu holatda qanday yo‘l tutiladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kabi uzrli hollarda ya’ni savolda zikr qilinganidek, Juma va ikki hayit namozlarida orqadagilar oldingi safdagi namozxonlarning bellariga sajda qilib, namozni ado etsalar bo‘ladi.
Buning kayfiyati shunday: Avvalgi safdagilar odatdagidek ruku va sajda qiladilar. Ularning orqasidagilar esa, rukuda imkon qadar egiladilar, so‘ng sajdada oldingi safdagi odamlarning orqa bellariga boshlarini qo‘yib, sajda qiladilar. Farzni shunday o‘qisalar, sunnatlarni savolda aytilgandek almashib o‘qib olaveradilar. Chunki belga sajda qilish zarurat tufayli joiz bo‘ladi. Sunnat namozni o‘qishda esa, bunday zarurat bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, bu kabi uzrli holatlarda oldindagi odamning oyoqlari ustiga yoki o‘zining soniga ham sajda qilish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.