Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Fevral, 2025   |   24 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:48
Quyosh
07:07
Peshin
12:41
Asr
16:23
Shom
18:10
Xufton
19:23
Bismillah
23 Fevral, 2025, 24 Sha`bon, 1446

Islom moliyasi bo'yicha O'zbekiston va Malayziya hamkorligi muhokama qilindi

4.05.2021   1303   2 min.
Islom moliyasi bo'yicha O'zbekiston va Malayziya hamkorligi muhokama qilindi

O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov «Amanie Group» islom moliyalashtirishi bo'yicha konsalting kompaniyasi asoschisi va Malayziya xalqaro islom universiteti Prezidenti (International Islamic University Malaysia – IIUM) Mohd Daud Bakar bilan muzokaralar o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo"axborot agentligi.

Yig'ilish doirasida «Amanie Group» kompaniyasini O'zbekistonda islom moliyalashtirilishi tamoyillarini amalga oshirishga jalb qilish, jumladan, zarur huquqiy asosni yaratish, shuningdek, IIUM bilan birgalikda ushbu sohada o'zbek mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ma'lumot uchun, Mohd Daud Bakar, shuningdek, Malayziya Markaziy banki (Bank Negara Malaysia), Malayziya qimmatli qog'ozlar komissiyasi (the Securities Commission of Malaysia), Labuan moliyaviy xizmatlar boshqarmasi ((Labuan Financial Services Authority) va First Abu Dhabi Bank banki Shariat kengashlari raisi hisoblanadi.

2000 yilda tashkil etilgan «Amanie Group» kompaniyasi tegishli normativ-huquqiy bazani rivojlantirish, shu jumladan, islom moliyalashtirishi vositalarini amalga oshirish bo'yicha tajribaga ega. Bu yo'nalishda Qozog'iston va Afg'onistonda ishlar amalga oshirildi. «Amanie Group» Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya va Qozog'istonda o'z vakolatxonalariga ega.

IIUM islom bankingi sohasida mutaxassislar tayyorlash bo'yicha etakchi universitet hisoblanadi. U 1983 yilda Malayziya hukumati tomonidan tashkil etilgan va Selangor shtatida joylashgan. Universitetda tahsil olayotgan talabalarning umumiy soni 117 mamlakatdan 26 ming talabani tashkil etadi. Universitet Malayziya bo'ylab 6 ta filiallariga ega. Universitetda 13 fakul'tetlardagi bakalavrlik, magistratura va doktorantura dasturlarini o'z ichiga oluvchi o'qitishning to'liq tsikli amalga oshiriladi.

IIUM kurslari ingliz va arab tillarida o'qitiladi. IIUM islom huquqi sohasida keng kutubxonaga ega. Umumiy kollektsiya 550 ming monografiya, 1,6 ming bosma nashr, 60 ming audiovizual materiallardan iborat.

Muzokaralar natijasida mamlakatimizda islom bankingi vositalarini joriy etish sohasida O'zbekiston Markaziy banki va «Amanie Group» kompaniyasi o'rtasida sheriklik munosabatlarini o'rnatish bo'yicha kelishuvga erishildi.

 


O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi

21.02.2025   6755   4 min.
Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.


Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud hamda Valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Shuningdek,  vazir Prezidentimizga Podshohning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Ka’ba yopinchig‘i –Kisvaning bir parchasini topshirdi. 

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, Kisva parchasining ostida Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz bin Abdurrahmon Ol Saudning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga sovg‘asi degan ma’nodagi izoh bo‘ladi.

– Ka’ba yopinchig‘i – Kisva parchasini Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtirish haqidagi Prezidentimizning topshirig‘i biz uchun tom ma’noda tarixiy va sharafli voqea bo‘ldi, – deydi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov. – Bu hadya Islom dinining ulug‘ allomalari yetishib chiqqan yurtimiz, xalqimiz va Prezidentimizga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning yorqin namunasidir. Biz shu kunning o‘zidayoq Markaz jamoasi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu xushxabarni e’lon qildik. Markaz olimlari va ijodiy xodimlar bunday shukuhli xabarni mamnuniyat bilan qabul qilib, davlatimiz rahbarining bizga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun tashakkur bildirdi. Hamkorlarimiz hurmatli Prezidentimiz orqali bizga yetib kelgan bunday tabarruk sovg‘a bilan bizni tabriklamoqda. Albatta,  muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – kisva parchasi Markazdagi eng qadrli eksponatlardan biri bo‘lib qoladi. Bunday bebaho hadya uchun hurmatli Prezidentimizga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiramiz.  

Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra vaziri O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilayotgan megaloyiha – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ham tashrif buyurdi va Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. 

Mehmonlar O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilayotgan ushbu Markaz nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo hamda butun Islom olamining eng jozibali va ibratli ma’naviy maskanlaridan biriga aylanishini alohida ta’kidlashdi. 
 

– Taassurotlarim ajoyib! Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi chin ma’noda o‘xshashi yo‘q loyiha. Bino va uning mahobati tahsinga sazovor. Uni yanada rivojlantirish uchun oz bo‘lsa-da, ko‘magimiz tegsa, mamnun bo‘lamiz. Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shunday ko‘rinishda bo‘lishini tasavvur qilar edim. Uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rgach, qoyil qoldim. Ulkan ish qilingani va buning ortida katta mehnat yotgani ko‘rinib turibdi, – dedi Tavfiq bin Favzon ar-Rabia.

Podshohlikning Haj va umra vazirligi hamda O‘zITSM o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan muzokaralarda O‘zbekistonda Haj va umraning tarixi, buguniga bag‘ishlangan hujjatli film yaratishga kelishib olindi. Filmda Islom dini diyorimizga yoyilishining ilk davridan boshlab yaqin o‘tmishgacha o‘zbekistonlik musulmonlarning Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishida duch kelingan to‘siqlar, qiyinchiliklar va Yangi O‘zbekistonda bu boradagi keng imkoniyatlar ko‘rsatib beriladi. Bundan tashqari, filmda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ham aks ettiriladi.


Uchrashuv so‘ngida  O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tomonidan nashr etilgan Katta Langar Qur’onining faksimilesi va xattot Habibullo Solih ko‘chirgan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning maktublaridan birining nusxasi mehmonlarga hadya qilindi.

Rustam JABBOROV, 
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi.

O‘zA

Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi
O'zbekiston yangiliklari