Ro'za ruhiy poklanish bilan birga salomatlikni tiklash uchun ham koni foyda. Olimlar tadqiqotiga ko'ra, ro'zadorlar qonidagi qand, xolesterin va yog'lar tekshirilganda tahlil natijasi juda ijobiy chiqqan. Sababi ro'za tutganda insonning tana a'zosida to'planib qolgan yog'lar eriydi. Bu qondagi xolesterin miqdoriga yaxshi ta'sir ko'rsatadi.
Ro'zaning inson salomatligiga ijobiy ta'siri haqida parhezshunos olimlarning tibbiy jihatdan tasdiqlangan quyidagi xulosalarini e'tiboringizga taqdim etamiz:
Yurak – bu a'zo tana bo'ylab haydaydigan qonning 10 foizi taom hazm qilishga yo'naltiriladi. Ro'za paytida bu miqdor kamayadi va yurakning ishlash tezligi biroz pasayib unchalik charchab kolmaydi;
Qon – Ro'zada qondagi suv miqdorini kamaytirib, uning quyuqlashishiga olib keladi. Bu esa tomirlardagi qon miqdorini kamaytirib, prostoglandin moddasi ajralib chiqishini kuchaytiradi. Bu modda qon aylanish tizimi faoliyatida muhim o'rin egallaydi;
Miya – Ro'za vaqtida tana a'zolari o'z zahirasining bir kismini iste'mol qilishi natijasida xolesterin mikdorini pasaytiradi. Bu esa insul't bo'lish ehtimolini kamaytiradi;
Teri – Bu paytda ro'zada suv miqdori kamayadi va natijada ko'plab teri kasalliklariga shifo bo'ladi. Shuningdek, immunitet oshishi, teri hastaliklari paydo bo'lishi ehtimoli, allergiya kasalliklari kamayishi, husnbuzarlar yo'qolishi, hatto ayrim hollarda saraton kasalliklariga ham shifo bo'ladi;
Me'da – Oshqozon shirasi ro'za paytida kamroq ishlab chiqariladi. Natijada oshkozondagi kislota miqdori kamayib, yarali kasalliklar paydo bo'lish ehtimoli pasayadi;
Jigar – bu a'zo ro'zada o'z faoliyatini kuchaytiradi. Tana a'zosidan peshob pufagi va yo'g'on ichak orqali zaharli moddalar chiqib ketadi.
Oshqozon osti bezi – Ro'za oshqozon osti beziga dam olish imkoniyatini beradi. U qandni to'qimalarda to'planadigan quruq yoki yog'li moddaga aylantiradigan insulin ajratib chiqaradi. Inson tanasida insulin taom ko'pligi sabab me'yoridan ortsa, oshqozon osti beziga ziyon etkazadi va charchoq keltirib chiqaradi. Oqibatda u o'z faoliyatini bajarolmay, qonda qand moddasi to'planib qolishiga olib kelishi mumkin.Bu esa qandli diabetni keltirib chiqaradi.
O'rni kelganda aytish joiz, iftor vaqtida haddan tashqari ko'p taom iste'mol qilish, qorinni tuydirib yuborishdan saqlanish lozim. Bu Payg'ambarimiz alayhissalom sunnatlariga xilof bo'lish bilan birga, ochlik “ta'mi”ni tatib ko'rish to'la amalga oshmaydi.
Manbalar asosida
O'MI hamshirasi
N.Tuychiyeva tayyorladi
Ancha yillar oldin bayram arafasida kechqurun bir sinfdoshimiznikiga yig‘ildik. Nimadir olib kelish kerak bo‘lib, ikki qurdosh mototsiklga minib jo‘nab ketdi. O‘n daqiqalik yo‘lga ketgan yigitlar yarim soat o‘tsa ham, qaytib kelmadi. Fe’li torroq ayrim sinfdoshlarim tajang bo‘la boshladi. Nihoyat, chamasi bir soatlar o‘tib, ikkisi kirib keldi. Chang-tuproqqa belangan, qo‘l-oyoqlari shilingan edi.
– Nima bo‘ldi? – deb so‘rasak, ulardan biri javob berdi:
– Yaxshigina kelayotuvdik, yo‘lda oldimizdan qora mushuk o‘tib qolsa bo‘ladimi, manovi dovdir, – deya boshi bilan sherigiga ishora qilib gapida davom etdi, – “Voy, qora pishak”, deb mototsiklni burib yubordi-da, to‘g‘ri o‘qariqqa borib qadalib qoldik.
Keyin muhokama avj oldi. Biri qora mushuk yo‘lni kesib o‘tsa, falokat bo‘lishini aytsa, ikkinchisi inkor qilib: “U bir mushuk bo‘lsa, o‘tadi-ketadi-da, shunga ota go‘ri qozixonami?!” derdi.
Yana ko‘p davralarda, hatto g‘ayridinlar orasida ham yo‘lni qora mushuk kesib o‘tishi falokat belgisi, degan irimni eshitib hayron bo‘laman.
Eng qizig‘i, ba’zi odamlar bu ishni mushukning o‘zi qiladi, deb tushunsa-da, uni Alloh baxtsizlik belgisi qilib yo‘lga chiqarib qo‘yadi, deb hisoblaydi. Ular shu xato tushunchasi bois yo‘lini qora mushuk kesib o‘tib qolgudek bo‘lsa, hovliqib, dovdirab qolganidan ulovini o‘zi bir joyga burib yuborib, bir narsaga urib oladi. Keyin o‘sha hodisani qora mushukning yo‘lini kesib o‘tganiga bog‘laydi.
O‘zining taqdirini allaqanday maxluqning harakatiga bog‘liq, deb tushunish iymonining zaifligidan. Bunday odamlar barcha voqea-hodisalar faqat Alloh taoloning iznu irodasi ila yuz berishini oxirigacha tushunib yetmaydi.
Shunday ekan, qora mushukdan qo‘rqib, uni qiyinchiliklarning xabarchisi ekaniga ishonish – jaholat belgisi. Biz aslida bu dunyoda ham, u dunyoda ham baxtsizlikka sabab bo‘ladigan gunoh ishlarni qilib qo‘yishdan qo‘rqmog‘imiz kerak.
Damin JUMAQUL,
"Mo‘minalar" jurnali 2-sonidan