Oliy Majlis Senatining Halqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo'mitasi Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda «Ziyorat turizmini rivojlantirishning dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro davra suhbati o'tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Parlament yuqori palatasi ma'lum qilishicha, davra suhbatida ishtirokchilarga O'zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishning qonunchilik va institutsional asoslari, yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo'yicha ma'lumot berildi.
O'zbekistonni Islom tsivilizatsiya markazi sifatida targ'ib qilishning ahamiyati, ziyorat turizmini tashkil etishda logistika masalalari va yangi yo'nalishlar hamda COVID-19 pandemiyasi davrida turizm sohasida faoliyat yuritish shartlari kabi mavzularda taqdimotlar o'tkazildi./
2021 yilda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etadigan tadbirlar, Mir Arab madrasasi tashkil etilganligining 500 yilligiga bag'ishlangan xalqaro anjumanga tayyorgarlik, Termiziy ulamolarning islom tamadduni va jahon tsivilizatsiyasiga qo'shgan hissasiga oid anjumanga tayyorgarlik ishlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi.
Halqaro forum doirasida Frantsiya, Malayziya, Rossiya, Ozarbayjon kabi xorijiy mamlakatlar mutaxassislari ham so'zga chiqib, xorij tajribasi hamda O'zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishga oid fikrlarini bilan o'rtoqlashdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Taqvo – Allohdan qo‘rqish, Unga itoat qilish va gunohlardan saqlanish ma’nosini anglatadi. Bu tushuncha insonning qalbidagi ixlos, taqdirga bo‘lgan ishonch va Allohning hukmlariga sodiq qolish bilan bog‘liq.
Taqvoning asosiy ma’nolari:
1. Allohdan qo‘rqish va ehtirom qilish – inson gunohlardan uzoq bo‘lishi va Allohning amrlariga itoat qilishi.
2. Niyat va amal pokligi – faqat Allohning roziligini qidirish, riyo va dunyoviy manfaatlardan qochish.
3. Gunohlardan ehtiyot bo‘lish – nafaqat ochiq gunohlar, balki shubhali va zararli ishlardan ham uzoqlashish.
4. Sabr va shukr – sinovlarga sabr qilish, Alloh bergan ne’matlarga shukr aytish.
Qur’onda taqvo haqida:
Alloh taolo Qur’onda taqvo egalari haqida bunday marhamat qiladi: “Albatta, Alloh huzurida eng hurmatli kishingiz – eng taqvodoringizdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Bu oyatdan ko‘rinib turibdiki, insonlarning Alloh huzuridagi maqomi boylik, nasab yoki martaba bilan emas, balki taqvo darajasi bilan belgilanadi.
Taqvoli inson qanday bo‘ladi?
Har bir ishida Allohning roziligini qidiradi.
Halolni mahkam ushlab, haromdan uzoq bo‘ladi.
Adolatli, mehribon va muruvvatli bo‘ladi.
O‘z nafsini tarbiya qiladi va qalbini pok saqlaydi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan taqvo haqida hadis:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
“Taqvo shu yerda”, deb qo‘llari bilan qalblariga ishora qildilar (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadis taqvoning tashqi ko‘rinish emas, balki insonning qalbidagi ixlos va itoat bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi.
Taqvo – musulmonning hayotidagi eng muhim sifatlardan biri bo‘lib, insonni Allohga yaqinlashtiradi va unga ikki dunyo saodatini olib keladi. Taqvoli inson to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi va hamisha Allohning madadini his qiladi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV