frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Taraqqiyotga tahdid

03.05.2021   2533   3 min.
Taraqqiyotga tahdid

Insoniyat tamadduni taraqqiy etishida bir necha omillar sabab bo'ladi. Bular ichida tinchlik va barqarorlik asosiy o'rin egallaydi. Bugun insoniyat taqdiri va taraqqiyotiga tahdid solayotgan ekstremizm,  terrorizm barcha davlatlar bir yoqadan bosh chiqarib kurashishi zarur bo'lgan illatga aylandi. Buzg'unchi g'oyalarning har qanday ko'rinishi kishilik jamiyati boshiga og'ir kulfatlar solib kelgan. Bunday qora kuchlar tajovuzidan har yili 100 mingdan ortiq begunoh kishilar qurbon bo'lmoqda, o'rnini to'ldirib bo'lmas mudhish oqibatlarga olib kelmoqda.

Muqaddas dinimiz ta'limotlarida “g'uluv”, “tug'yon”, “haddan oshish”lar mutlaqo qoralangan va musulmon kishilar bunday amallardan qaytarilgan.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Bas, (ey, Muhammad) buyurilganingizdek to'g'ri bo'ling! Siz bilan birga tavba qilganlar ham (to'g'ri) bo'lsinlar! Haddan oshib ketmangiz, (ey, mo'minlar!) U qilayotgan ishlaringizni, albatta, ko'rib turuvchidir” (Hud surasi, 112-oyati).

Dinimizda g'uluvga ketishning bir qancha yomon oqibatlari bor. Avvalo, bu insonning aqidasi buzilishiga sabab  bo'ladi. Tarixda dinda g'uluvga ketish oqibatida rofiziylar, xorijiylar, mo''tazila singari toifalar yuzaga keldi.

Rofiziylar Payg'ambar alayhissallomdan so'ng xalifalikka munosib, deb faqat Ali roziyallohu anhudan va uning avlodlaridan boshqani tan olmadi. Keyin ular yana bir qancha toifalarga bo'lindi. Rafoviz so'zi inkor qiluvchi, rad etuvchilar degan ma'noni anglatadi. Rofiziylar g'uluv sababli ahli sunna val jamoadan chiqqanlar.

Havorijlar esa hazrati Ali roziyallohu anhuni kofirga chiqardilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu bunday deganlar: “Mening boramda ikki xil toifa halokatga uchradi: biri haddan tashqari muhabbat qo'yib, ikkinchisi haddan tashqari bug'zu adovat qilib”.

Mo''tazila toifasi Alloh taoloning zotida g'uluvga ketib, sifatlarini inkor qildilar. Havorij va mo''tazilalar amru ma'ruf va nahiy munkarda haddan oshib, musulmonlarning imomga qarshi chiqishiga yo'l ochdilar. Ular rahbarga qarshi chiqishga targ'ib qildilar. Payg'ambar alayhissalom bunday deydilar: “Kim amirining biror ishini yoqtirmasa, unga sabr qilsin. Chunki biror kishi boshlig'ining itoatidan bir qarich chiqsa va shu holida o'lsa, johiliyat o'limida o'libdi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Bugun yoshlarimizni imon-e'tiqodini mustahkam, irodasi baquvvat, o'z mustaqil fikriga ega qilib tarbiyalash asosiy vazifamiz bo'lishi kerak. Ularning tafakkuriga dinimizning sof ta'limotlari, asrlar osha sayqallanib kelayotgan muqaddas qadriyatlarimiz, o'zligini unutmaslik kabi fazilatlarni singdirib borishimiz zarur.

Muhammadyahyo EMINOV

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

21.08.2026   40680   1 min.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.

Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.

Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:

  • Rahmatulla Umarov — Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Maxtumquli Toshqulov — Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Azimxon Abdullayev — Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Abdulbosit Rahimov — Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.

Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari