Boshlovchi — Saidolim Turdiboyev: — Assalomu alaykum, aziz do'stlar! O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston Musulmonlari idorasi hamda “UzReportTV” telekanali bilan hamkorlikda tayyorlanib, jonli efirga uzatilayotgan “Muborak oy suhbatlari” ko'rsatuvining navbatdagi soni yana xonadoningiz mehmoni.
Eslatib o'tamiz, ko'rsatuvimiz bosh homiysi — “Ipak yo’li banki”. Homiylarimiz “Biolife” hamda “Plasterm” savdo belgilari.
Bugun studiyamizga Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin domla Holiqnazarovni taklif etganmiz. Assalomu alaykum. Ko'rsatuvimizga xush kelibsiz!
Nuriddin Holiqnazarov: — Bismillahir Rohmanir Rohiym! Alhamdu lillahi Robbil 'alamiyn, vassolatu vassalamu 'ala Rosulihi Muhammadin va 'ala alihi va ashabihi ajma'iyn! Amma ba'd. Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu!
Boshlovchi: — Bugungi ko'rsatuvimizni suhbat shaklida davom ettirsak. Bu esa muxlislarimiz tomonidan kelayotgan savollarga ko'proq vaqt ajratish imkonini beradi.
— Assalomu alaykum. Er va xotin bir-birlarini Alloh taolodan hidoyatga boshlashini so'rab duo qilsalar bo'ladimi?
— Albatta, bu tabiiy. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilarki, mo'min kishi o'ziga ravo ko'rganini boshqalarga ham ravo ko'rishi kerak. Kishi ibodatning lazzatini o'zida totyaptimi, buni atrofdagilarga ham ulashsa, haqiqiy mo'minlik qilgan bo'ladi.
— Men Qur'oni karimni o'qishni yaxshi bilmayman. Qorilarning ovozini qo'yib o'qiyman. Shu tarzda o'qisam ham xatm o'rniga o'tadimi?
— Avvalo, Qur'oni karimni ta'lim bilan o'qigan ma'qul. Ustoz o'qiganining ketidan o'qish ham savob keltiradi.
— Namozdagi rukuda “Subhana robbiyal aziym” so'zidagi “z” harfini arabcha ohangda o'qimasa ma'nosi o'zgaradi, deb eshitdim. Shu to'g'rimi?
— Biz har bir harflarni o'z mahrajidan, o'rnidan kelib chiqib aytishimiz lozim. Bo'lmasa ma'no chindan ham o'zgarib ketadi. Ammo biz ajammiz, arab emas. Biroq arab tili grammatikasini o'rgansak o'zimizga manfaatli bo'ladi.
— Ko'zmunchoqni asraydi, deb taqib yurish qanchalik to'g'ri?
— Bu noto'g'ri ish. Faqat Alloh taolo bizni turli balolardan asraydi va rizq beradi.
— Yaqinda jarrohlik amaliyotini boshimdan kechirdim. Hozir yaxshiman. Ro'za tutsam bo'larmikin?
— Avvalo, salomatlikka qarash kerak. Agar musulmon shifokorlar ko'rib, ro'za tutish mumkin, desa tutish kerak. Agar tutmaslik kerak, desa tutmaslik kerak.
— Dush qabul qilishlik bilan ro'za buzilish mumkinmi?
— Dush qabul qilish bilan ro'za buzilmaydi.
— Qur'oni karimning “Baqara” surasi 136-oyatida payg'ambarlarning ismlari kelgan. U ismlarning ichida “asbod” degan so'z ham uchraydi. Bu nima degani?
— “Asbod” arabcha so'z bo'lib, o'zbekchaga o'girilganda “nabira” degan ma'noni anglatadi. Oyati karimada payg'ambarlar hamda ularning avlodlari degan mazmunda kelgan.
— Yaqin kunlarda sport turidan musobaqam bor. Shu kuni ro'za tutmasam bo'ladimi?
— Ro'zani tutishlikda uzrli kishilarning ro'yxati bor. Ularga ruxsat berilgan. Hamma o'zining holatiga qarab tutadi.
— Taroveh namozini uyda o'qisa savobi bo'ladimi?
— Ibodatni hamma joyda ado etsayam savobi bor. Hozir karantin payti uyda o'qisa juda yaxshi bo'ladi.
— Ramazon oyida spirtli ichimlik sotilishiga nima deysiz?
— Ramazondan boshqa paytdayam bu ishni qilmaslik kerak. Tijoratning boshqa turlari bilan shug'ullangan ma'qul.
— Tunda ishlayman. Saharlikni ishda qilaman. Va iftorlikkacha uxlayman. Ro'zam qabul bo'ladimi?
— Ro'zaning birinchi talabi niyat qilib subhdan to shomgacha emay, ichmay nafsni tiyishdir. Yana bir qator parhezlar borki, bu ramazonning odobiga kiradi. Shu ma'noda, ro'zador kishi uzrsiz kunni uyqu bilan o'tkazishi ham yaxshimas. Agar tunda ishlab, kunduzi uxlasa zarar qilmaydi.
— Biz Navoiyda, Buxoro viloyati bilan yondosh yashaymiz. Shunda qaysi viloyatnnig taqvimiga qarab og'iz ochishimiz kerak?
— Taqvimlar bizga ko'rsatma, xolos. Aslida, g'urub, ya'ni quyosh botishiga qarab og'iz ochish kerak.
— Rasmga tushish gunohmi?
— Rasmga tushish arablardayam bor. Foto nuqtai nazaridan qaraganda mumkin. Lekin insonni chizish joiz emas.
— Namozxon, ro'zador odam sarimsoqpiyoz iste'mol qilsa bo'ladimi?
— Bu eguliklar harom emas. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sarimsoqpiyoz egan odamlarni masjidga kelmay turishni nasihat qilganlar. Sababi hidi bilan yonidagi insonga ziyon etkazib qo'yishi mumkin.
— Oshxonada ishlayman. Chuchqa go'shtidan taom tayyorlashadi. Musulmon odam shunday ovqatlarni tayyorlashi mumkinmi?
— Musulmon kishi bu narsadan qaytishi kerak.
— Masjidimizda qori aka suralarni tez o'qiyapti. Shunday qilsa bo'ladimi?
— Hatmda o'qiladigan qiroatlar bor. Tez o'qishadi. Tajvid qoidalariga amal qilsa bo'ldi, tezroq o'qishning zarari yo'q.
— To'yga atab yig'ilgan umumiy pul zakot nisobiga o'tadimi?
— Qanday pul bo'lsayam bir yil tursa zakot nisobiga o'tadi.
— Qur'on xatm qilish muddati qirq kunmi?
— Dinimizda bunday talab yo'q.
— Ramazon oyida gunoh ish qilsa, boshqa oylardagidan og'irroq bo'ladimi?
— Mo'min kishi gunoh qilishga ijozat so'rashi kerak emas. Ammo Ramazonda gunoh qilish og'ir narsa. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam agar Ramazon oyi kirsayu gunohlardan mag'firat bo'lib chiqmasa, burni erga ishqalansin, degan hadisi bor. Demak, Ramazonda gunoh qilmaslik kerak.
— Turmush o'rtog'im ko'p ichadi. Oxirgi paytlarda otasi bilan kelishmay qolyapti. Turmush o'rtog'imga namoz o'qing, desam o'qimayapti. O'ylab o'yimga etolmayapman. Turmushimizni davom ettiray desam, bu farzandlarimdan qaytmaydimi, deb qo'rqaman. Shu haqda nasihat qilsangiz?
— Singlimizga sabr, turmush o'rtog'iga insof, tavfiq bersin. Bu holat ko'p. Ayollik vazifasini bajarib, eriga mehr ko'rsatsin.
— Qo'shnimiz g'ayridin vakili. Ular tez-tez uyimizga eguliklar olib chiqib turadi. Ulardan iste'mol qilsa bo'ladimi?
— Shunday qo'shnilar bo'ladi, ularni sizda bitta haqqi bor, ba'zi birlarida ikkita, uchta haqlari bor. Bitta haqqi bor qo'shni g'ayridin qo'shni, deyiladi. Musulmonmas, lekin qo'shni. Ular bizning shariatimizda ma'n qilinmagan eguliklarni olib chiqsa, iste'mol qilsa bo'ladi.
— Men namozda “Fotiha”dan keyin faqat “Ixlos” surasini o'qiyapman. Bu noto'g'rimasmi?
— Toki boshqa suralarni yod olguncha shuni o'qib tursa bo'ladi.
— Parkentdanman. Bizda taqvim bilan masjidda aytilayotgan azonning o'rtasida etti daqiqa farq bor. Dadam taqvimga qarab og'iz ochyapti. Shu to'g'rimi?
— Aslida azon ham taqvimga munosib aytilishi kerak. Taqvim O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tavsiya etiladi. Demak, bu erda muazzin kechiktirib aytayotgan bo'ladi. Shundan kelib chiqib, taqvimga qarab og'iz ochsa bo'ladi.
— Men tutgan ro'zamning savobini ota-onamning nomlariga yozilishini Hudodan so'rasam bo'ladimi?
— Ota-ona nomidan haj badal qilish mumkin. Shuningdek, boshqa moliyaviy ibodatlarni amalga oshirsa bo'ladi. Lekin ro'za farz amali, har kim o'zi uchun tutadi.
— Oilada erkaklar va ayollar birga namoz o'qisa bo'ladimi?
— Oilada jamoat bo'lib namoz o'qisa bo'ladi. Bunda safga e'tibor berish kerak. Avvalgi safga yoshi kattalar, keyin yoshlar. Oxirida ayollar turadi.
Xotira
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Qur’oni Karim xodimi, ustoz Yahyo qori Turdiyev 1930 yil 21 dekabrda Sharqiy Turkistonning Qashqar viloyati Yangisor shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. U 1943 yil Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi.
1962-1968 yillar davomida Mir Arab madrasasida tahsil oldi.
1978-1984 yillarda O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa jome’ masjidida imom-xatiblik qildi.
1988 yildan Toshkent (hozirgi Zangiota) tumanidagi Ko‘kterak masjidiga imomlik qildi.
1995-2011 yillar shu tumandagi «Hasanboy ota» jome’ masjidida imom xatib, keyinchalik shu masjidda imom noibi bo‘lib el xizmatida faoliyat yuritdi.
Qur’ondan ilk saboqlarni ota-onasidan oldi. 13 yoshida Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. Shuningdek, ustozlari Abduhalil va Abdunodir domlalardan ham ta’lim olgan.
1954 yil Yahyo qorini olim bo‘lishini istagan otasi 1600 km uzoqlikda joylashgan Ro‘zihoji madrasasiga olib bordi. U yerda Hindistonda ta’lim olgan shayx Shohimardon ismli yetuk olimdan ilm oldi,
1960 yilda madrasani tamomlab, domla Shohimardonning yonida mudarris bo‘lib ishladi. Biroq shu yilning o‘zida ustozining maslahati bilan sobiq Ittifoqqa yo‘l olib, Andijonda qo‘nim topdi.
1962 yilda Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirdi.
1968 yil madrasani tugallagach, Toshkent viloyatidagi Bektemir qishlog‘iga ko‘chib keldi. Bu yerda o‘n yildan ortiq kombinatda ishladi. Shu orada Qashqarda ustozlik qilgan minglab qorilarni chiqargan Abdulaziz qori Mahmudov bilan yana ustoz-shogirdlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.
1976 yilda shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon bilan tanishdi. U kishining taklifi bilan 1977 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga ishga kirdi. Shu tariqa imomlik faoliyati boshlandi.
Farzandim qori bo‘lsin degan ota-onalar uchun ustoz Yahyo qoridan tavsiya:
— Ilm ahliga havas qilgan, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalarga aytadigan birinchi tavsiyam luqmasini halol qilsin. Haromga yaqinlashmasin, halol narsani ham me’yorida iste’mol qilsin. Shuningdek, farzandini ham halol luqma bilan voyaga yetkazsin, tarbiyalasin. Domlalarimiz ko‘cha-kuyda taom iste’mol qilganimizni bilib qolsalar, qattiq ranjib, bizni koyib: «Sen kecha Qur’ondan bir betni yuz marotaba o‘qib yodlagan bo‘lsang, bugun ikki yuz marotaba o‘qisang ham yodlay olmaysan. Shubhali ovqat yemagin. Zehning zaiflashib qoladi», der edilar.
Shuningdek, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalar taqvoli, o‘qimishli bo‘lsin. Ota-onalar olimlarni hurmat qilsin, ularni yaxshi ko‘rib, olimlarga muxlis bo‘lsin. Farzandini yoshligidan boshlab odob-axloqli qilib tarbiyalasin. Bolam qori bo‘lsin degan niyatda bo‘lgan ota-ona o‘zaro bir-biri bilan janjallashmasin, uyda sokinlik hukm sursin. Farzand kelajakda yetuk olim bo‘lishi uchun juda ko‘p mashaqqat, sa’y-harakat talab etiladi. Avvalo, ota-onaning, so‘ngra talabi ilmning hamda ustozning birgalikdagi intilish va harakati bo‘lishi lozim. Shularning bari birikkandagina farzand olim, qori bo‘ladi. Ota-ona mas’uliyatsizlik qilsa yoki talaba ilm olishdan boshqa narsalarga chalg‘isa oqsash kuzatiladi, maqsadga erishilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaga ham bir mone’lik bo‘ladiku, lekin ilmning mone’lari ko‘p bo‘ladi», degan mazmundagi hadislari ilm olishda sobitqadam, bardavom bo‘lishga undaydi.