O'zbekistonning Londondagi elchixonasi Britaniya muzeyi bilan hamkorlikda Madaniyat vazirligi, Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, Respublikaning qator muzeylari tadqiqotchi va xodimlari uchun madaniy va tarixiy meros buyumlarini saqlash, ularning kontrabandasi va noqonuniy savdosiga qarshi kurashish bo'yicha onlayn seminar tashkil qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Tadbirda Britaniya muzeyining Yaqin Sharq bo'yicha bo'limi katta kuratori Sent-Jon Simpson, Oksford universiteti professori Jeyms Allan, York universiteti professori Richard Makkleri va Davlat Ermitajining Markaziy Osiyo sektori katta ilmiy xodimi Andrey Omelchenko ma'ruza qildi.
Britaniya muzeyi vakili o'tgan yili Londonning Hitrou aeroportida islom epigrafikasi tushirilgan 6 ta tarixiy koshin saqlab qolingani haqida so'zlab berdi. Mutaxassis koshinlar O'zbekiston, Buyuk Britaniya, AQSh, Rossiya va boshqa mamlakatlarning olimlari tomonidan o'rganilganini bildirdi. XII-XIV asrlarga oid ushbu tarixiy ashyolar O'zbekistondagi me'moriy obidalarga, xususan, Samarqand shahridagi Shohi Zinda majmuasiga tegishli ekani taxmin qilinmoqda.
17 may kuni Britaniya muzeyi karantindan keyin ilk marta ochiladi va ushbu koshinlar O'zbekistonning roziligi bilan muzey galereyalaridan birida namoyish etiladi. Bu muzeyga tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg'otadi. Bir necha oydan so'ng O'zbekiston elchixonasi ko'magida eksponatlar o'z Vataniga qaytariladi.
Britaniya muzeyi vakili koshinlarning identifikatsiya qilish va vataniga qaytarish O'zbekiston vakillari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik samarasi ekanini ta'kidladi.
Eslatib o'tamiz, o'tgan yil noyabr' oyida Britaniya muzeyi hamda O'zbekiston madaniyati va san'atini rivojlantirish jamg'armasi o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi memorandum imzolandi. Unda nafaqat o'g'irlangan yoki noqonuniy muomalada bo'lgan buyumlarni aniqlash va konsul'tatsiya qilish bo'yicha o'zaro aloqalarni, balki hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, birgalikdagi tadbirlarni o'tkazish masalalarini ham qamrab olgan.
Onlayn-seminarda so'zga chiqqan mutaxassislar madaniy meros ob'ektlarini saqlash va hisobga olishda olimlar va muzeylar o'rtasidagi hamkorlikning alohida ahamiyatini ta'kidladi. Shuningdek, ular barcha arxitektura yodgorliklari, arxeologik qazish ishlari paytida topilgan ob'ektlar fotosuratlarining raqamli ma'lumotlar bazasini yaratish, madaniy meros ob'ektlarining al'bomlari va pochta kartalarini nashr etish, artefaktlar sotiladigan “kim oshdi” savdolari va onlayn-resurslarni monitoring qilish zarurligini ta'kidladi.
Tarixiy buyumlar haqida qanchalik ko'p ma'lumot mavjud bo'lsa, ularning kontrabandasi va noqonuniy savdosiga qarshi kurashish shunchalik oson bo'lishi qayd etildi.
O'zbekiston vakillari mamlakatimizda madaniy va tarixiy merosni saqlash va chet ellarda keng ommalashtirishga katta e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Horijiy sheriklar bilan kontrabanda va eksponatlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashishda hamkorlik qilishga qiziqish kattaligi ta'kidlandi.
Shu nuqtai nazardan, mazkur veb-seminar ushbu dolzarb mavzuga bag'ishlangan birinchi xalqaro tadbir bo'lib, unda ochiq va samarali bahslar bo'lib o'tdi.
Ma'lumot uchun, yaqin kunlarda O'zbekiston va Buyuk Britaniya huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari badiiy va madaniy meros kontrabandasiga qarshi kurashish bo'yicha hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qiladi.
Onlayn seminar nihoyasida ma'ruzachilar O'zbekistonda joriy yil sentyabr' oyida YuNESKO homiyligida o'tkaziladigan «Markaziy Osiyo dunyo tsivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro forumida ishtirok etish uchun taklif qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.