frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qadr kechasini izlang!

02.05.2021   15876   12 min.
Qadr kechasini izlang!

Ramazon barokatli va fazilatli oy. Unda dunyo va oxirat uchun yaxshiliklar bisyor. Ayniqsa “ming oydan yaxshiroq” bo'lgan “Laylatul qadr” – qadr kechasi Ramazonda kutiladi. “Qadr” deb nomlanishiga sabab unda rizqlar o'lchanadi, ajallar yozilib, o'sha yili bo'ladigan ishlar bitib qo'yiladi, taqdir qilinadi.

فِيهَا يُفْرَقُ كُلُّ أَمْرٍ حَكِيمٍ

“U (kechada) barcha hikmatli ish(lar) ajrim qilinur”, Duxon,4 oyat

“Barcha bo'ladigan ishlar Lavhul mahfuzdan ko'chiriladi. Said ibn Jubayr Ibn Abbosdan rivoyat qiladilar: “Albatta, sen bir kishini bozorda uchratasan, lekin uning ismi o'liklar safiga kiritib qo'yilgan bo'ladi”.[1]

Bundan tashqari qadri va sharafi ulag'ligi uchun ham shunday atalgan. Yana kim bu kecha toat-ibodatlarga berilsa, qadri baland bo'ladi, bu kechadagi toatlarning qadri bo'lakcha bo'ladi, degan ma'nolar ham aytib o'tilgan.

Shomiy[2] aytadilar: “Me'rojud diroya”da keltiriladi: “Bilingki, qadr kechasi – fazilatli kecha bo'lib, uni izlash, talab qilish mustahabdir. U yilning eng yaxshi tunlaridan biridir. U kechada qilingan amal yilning boshqa paytida qilingan ming amalga teng. Ibn Musayyyib aytadi: “Kim qadr huftoniga guvoh bo'lsa, undagi nasibasini olibdi”. Shofe'iy aytadilar: “Hufton va bomdodiga guvoh bo'lsa. Mo'minlardan Alloh xohlagani qadr kechasini ko'radi, ko'rganlar esa uni yashirishlari lozim bo'ladi. Allohga ixlos bilan duo qilinadi”.

Qadr kechasi qaysi kun ekanligi borasida 46 ta fikr bor.

“Maroqil falah”da[3] aytiladi: “Ibn Mas'ud aytadilar: “Qadr kechasi yilning barchasida bo'lishi mumkin. U kishining gaplarini Imom A'zam ham olib, yilning istalgan paytida aylanib yuradi. Goho ramazon, goho boshqa oy ham bo'lishi mumkin. Buni Qozi Hon ham aytgan”.

Shomiy aytadilar: “Yuqoridagi gapni oriflar sultoni, janobim – Muhyiddin ibn Arabiy o'zlarining “Futuhotul Makkiyya” asarlarida ham keltirganlar: “Laylatul qadr haqida insonlar turlicha fikrdadirlar. Ya'ni uning payti haqida. Ulardan ba'zilari yilning barchasida aylanib yuradi deyishgan. Men ham shu fikrdaman. Men uni Sha'bonda ham, Robi'ul avvalda ham, Ramazonda ham ko'rganman. Ko'proq ramazonning oxirgi 10 kunligida guvoh bo'lganman. Yana ramazonning o'rtadagi 10 kunligidagi toq bo'lmagan kechada ham, toq bo'lgan kechasida ham ko'rganman. Men shuni aniq ishonch bilan ayta olamanki, yilning barchasida toq kechasida ham, juft kechasida ham kelaveradi”.

“Mabsut”da aytiladi: “Bu borada Abu Hanifaning mazhablari qadr kechasi ramazonda bo'ladi, lekin u oldinga surilib yoki kechikib kelishi mumkin. Ikki sohiblari nazdida esa muqaddam ham bo'lmaydi, kechikib ham kelmaydi”.

Uning alomati: oydin, sof, sokin; sovuq ham emas, issiq ham emas; qadr kechasining tongida quyosh nursiz tog'orga o'xshab qoladi.

Uning aniq kuni yashirin bo'lishi: insonlar uni topishda, izlashda jiddu jahd qilsinlar, ibodatda mujtahidlar ajrini olsinlar.

Shavkoniy aytadilar: “Ulamolar uning qaysi kun ekanligi haqida ixtilof qildilar. “Fathul Boriy”da o'sha fikrlar keltirilgan (undan boshqa erda bu qavllar keltirilmagan), ularni qisqacha zikr qilib o'tamiz:

1-Qovl: Qadr kechasi odamlar orasidan ko'tarilgan, buni Mutavalliy Rofiziylardan rivoyat qilgan. Hanafiylardan ham shu gap kelgan. Men aytaman: bu asli yo'q gap, hanafiylar kitoblarida bunaqa gap uchramaydi.

2-Qovl: Qadr kechasi faqat bir yil uchun xoslangan bo'lib, Nabiy sallollohu alayhi vasallam zamonlarida yuz bergan. Fokuhoniy shu gapni aytgan.

3-Qovl: Qadr kechasi mana shu ummat uchun xoslangan. Molikiylardan bir jamoaning fikrlari.

4-Qovl: Yilning istalgan patida bo'lishi mumkin. Bu hanafiylarning mashhur gaplari va salafi solihlarning bir jamosining fikri.

5-Qovl: U ramazonga xoslangan bo'lib, uning barcha tunlarida sodir bo'lishi mumkin.

6-Qovl: U muayyan va yashiringan bir tunda. Nasafiy shu fikrni aytgan.

7-Qovl: Ramazonning birinchi kechasida. Abu Roziyn Uqayliy Sahobiy aytgan.

8-Qovl: Ramazooning o'rtasidagi bir kecha. Ibn Mulaqqin aytgan.

9-Qovl: Sha'bonning o'rtasidagi bir kecha. Qurtubiy “Mufhim”da aytgan.

10-Qovl: Ramazonning 17 kechasida.

11-Qovl: Ramazonning o'rtadagi 10 kunligida yashiringan.

12-Qovl: Ramazonning 18 kechasi.

13-Qovl: 19 kechasi.

14-Qovl: Oxirgi o'n kunlikning birinchi kechasi. Shofe'iy shunga moil bo'lganlar.

15-Qovl: Agar oy to'liq bir oy bo'lsa, 20 kuni, noqis bo'lsa, 21 kuni.

16-Qovl: 22 kechasi.

17-Qovl: 23 kechasi. Bunga ko'plab sahobiy va tobe'inlar ergashganlar.

18-Qovl: 24 kechasi.

19-Qovl: 25 kechasi. Ibn Javziy Abu Bakradan rivoyat qilgan.

20-Qovl: 26 kechasi. Men buni aniq bilmadim. Faqat Iyoz shu fikrni aytgan.

21-Qovl: 27 kechasi.

22-Qovl: 28 kechasi.

23-Qavl: 29 kechasi. Ibn Arabiy keltirgan.

24-Qovl: 30 kechasi. Iyoz aytgan.

25-Qovl: Oxirgi 10 kunlikning toq kunlarida. “Fath”da mana shu to'g'riroq deyilgan.

26-Qovl: Ramazonning oxirgi kechalarida.

27-Qovl: Oxirgi 10 kunlikda ko'chib yuradi. Abu Qaloba aytgan.

28-Qovl: Oxirgi 10 kunlikda, faqat ba'zi kechalar ba'zilaridan ko'ra qadr bo'lishi umid qilinadi.

29-Qovl: 27 kecha. Faqat 23 bo'lishi umid qilinadi.

30-Qovl: 23 kecha. Faqat 27 bo'lishi umid qilinadi.

31-Qovl: Oxirgi 7 kunlikning barchasida ko'chib yuradi. Ahli ilmlar bundan nima nazarda tutilgani haqida ixtilof qildilar: oyning oxirgi 7 kunligimi yoki oydan sanaladigan oxirgi 7 kunmi? Bundan 32 qovl kelib chiqadi.

33-Qovl: Oxirgi 15 kunlikda ko'chib yuradi. Abu Yusuf va Muhammaddan rivoyat qilingan.

34-Qovl: 16 yoki 17 kechada.

35-Qovl: 17, 19 yoki 21 kechada.

36-Qovl: Ramazoning birinchi yoki oxirgi kechasi.

37-Qovl: 19, 21 yoki 23 kechada.

38-Qovl: 1 yoki 9 yoki 17 yoki 21 yoki oxirgi kechada.

39-Qovl: 23 yoki 27 kechada

40-Qovl: 21 yoki 23 yoki 25 kechada.

41-Qovl: Oxirgi 27 kechaga cheklangan.

42-Qovl: 22 yoki 23 kechada.

43-Qovl: o'rtadagi va oxirdagi 10 kulikning juft kechalarida.

44-Qovl: oxirgi o'n kunlikning uchinchi yoki beshinchi kechasi.

45-Qovl: Oyning ikkinchi 15 kunligidagi 7 yoki 8 kecha.

46-Qovl: 1 yoki oxirgi yoki toq kechada bo'lishi mumkin.

Hofiz Hajar Asqaloniy aytadilar: “Men oxirgi uchratgan qovlim mana shu. Ularning ba'zisi ba'zisini rad qilishi mumkin. Rojihrog'i oxirgi 10 kunlikning toq kechalarida bo'lib, ular ko'chib yurishi mumkin. Shofe'iy nazdida 21 yo 23 bo'lsa, jumhur nazdida ramazonning 27 kechasi deb zikr qilingan”.

Qadr kechasiga to'g'ri kelgan odamga zohiriy alomat bo'ladimi yoki yo'q, degan masalada ham ixtilof qildilar. Ba'zilar hamma narsa sajda qilgan holda ko'rinadi, desa, ayrimlar hatto qorog'u  erda ham nur sochilib turadi, degan. Maloikalardan gap va salom eshitiladi, ham deb aytilgan. Tobariy bularning barchasi yuz beradigan ishlar emas deganlar. Biror narsani ko'rish yoki eshitish shart qilinmagan.

HulosaQadr kechasi turli kunlarda bo'lishi, turli kechalarda aylanib yurishi haqidagi fikrlarni inobatga olsak, uni faqat 27 kechada kutmay, ramazonning oxirgi toq kunlari, imkon bo'lsa ramazonning g'animat barcha kechalaridan izlagan, ko'proq ibodat, tilovat, istig'for va tavblar qilib qolgan ma'qul. Agar Abu Hanifa rohimahullohning ijtihodlariga nazar solinsa, laylatul qadr yilning barchasida bo'lishi mumkin. Balki, mana shu narsa avvalgi ulamolarimizni ko'p toat-ibodat qilishga, bugun qadr kechasi bo'lishi mumkin degan umidda sergak yurishlariga bir sabab bo'lgandir... Vallohu A'lam!

 

Ahmad Saharonfuriyning “Bazlul majhud fiy halli

Sunani Abi Davud” kitobi asosida Nilufar Saidaziz qizi tayyorladi

 

[1] “Tafsiri Samarqandiy”

[2] Ibn Obidiyn

[3] 264 b

RAMAZON-2021
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   41581   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari