Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Muborak vasiyatlar: OLTINChI VASIYaT: Qarindoshlarga, garchi ular yomonlik qilsalar ham, silai rahm qilish

2.05.2021   3444   37 min.
Muborak vasiyatlar: OLTINChI VASIYaT:  Qarindoshlarga, garchi ular yomonlik qilsalar ham, silai rahm qilish

 

OLTINChI VASIYaT

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

عَنْأَبِيذَرٍّرضياللهعنهقَالَ: أَوْصَانِيخَلِيلِيبِسَبْعٍ: «حُبِّالْمَسَاكِينِوَأَنْأَدْنُوَمِنْهُمْوَأَنْأَنْظُرَإِلَىمَنْأَسْفَلَمِنِّيوَلاَأَنْظُرَإِلَىمَنْفَوْقِيوَأَنْأَصِلَرَحِمِيوَإِنْجَفَانِيوَأَنْأُكْثِرَمِنْلاَحَوْلَوَلاَقُوَّةَإِلاَّبِاللهِوَأَنْأَتَكَلَّمَبِمُرِّالْحَقِّوأنلاَتَأْخُذُنِيفِياللهِلَوْمَةًلاَئِمٍوَأَنلاَأَسْأَلَالنَّاسَشَيْئًا» (رواه أحمد والطبراني)

Abu Zarr G'iforiy (roziyallohu anhu) aytadilar: “Yaqin do'stim (Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)) menga etti narsani vasiyat qildilar:

– kambag'allarni sevish va ularga yaqin bo'lish;

– o'zimdan yuqoridagilarga emas, o'zimdan pastdagilarga qarash;

– qarindoshlarim bilan, ular yomonlik qilsa ham, silai rahmni bog'lash;

– “La havla va la quvvata illa billah” kalimasini ko'p aytish;

– Alloh yo'lida malomatchining malomatidan qo'rqmay, achchiq bo'lsa-da haqiqatni aytish;

– odamlardan biror narsa so'ramaslik” (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyati).

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ushbu vasiyatlariga amal qilish jamiyat tinchligi va taraqqiyotiga muhim omil bo'ladi. Bu tavsiya jamiyat a'zolarining o'zaro aloqalari va bir-biriga munosabatini to'g'ri yo'lga solishga, insonlarning kamoloti va oxiratda saodat topishiga qaratilgan.

Kambag'allarni e'zozlash, ularni do'st tutish, qarindoshlarga silai rahm qilish va haqiqatni aytishda odamlardan cho'chimaslik jamiyat ravnaqi va farovonligi, insonlar o'rtasida totuvlik va barqarorlikka garov bo'ladigan omillardandir.

Allohni ko'p zikr qilish, boylik, mol-dunyoga intilishga rag'bat tug'ilgan paytda o'zidan ko'ra kambag'alroqlar ham borligini unutmaslik va o'z holiga shukr qilish har bir musulmonga zarur fazilatlardandir. Diniy jihatdan o'zidan ko'ra bilimliroq kishilarga etishga intilish, dunyoviy ehtiyojlarini odamlardan emas, Allohdan so'rash ma'naviy kamolot shartlaridandir. Siz, aziz kitobxonlar bilan biz mazkur vasiyatlarning har biri ustida batafsil to'xtalib o'tamiz.

 

Kambag'allarni sevish va ularga yaqin bo'lish

Insoniyat bor ekan, jamiyatda o'ziga to'q boylar ham, miskin hamda kambag'allar ham bo'ladi. Lekin kishining qadri boylik va kambag'allik bilan o'lchanmaydi. Boylik haqiqiy sharaf bo'lmagani kabi kambag'allik ham ayb yoki nuqson emas, balki Allohning taqdiri va sinovidir. Qur'oni karimda bunday deyiladi:

﴿فَأَمَّا ٱلۡإِنسَٰنُ إِذَا مَا ٱبۡتَلَىٰهُ رَبُّهُۥ فَأَكۡرَمَهُۥ وَنَعَّمَهُۥ فَيَقُولُ رَبِّيٓ أَكۡرَمَنِ١٥ وَأَمَّآ إِذَا مَا ٱبۡتَلَىٰهُ فَقَدَرَ عَلَيۡهِ رِزۡقَهُۥ فَيَقُولُ رَبِّيٓ أَهَٰنَنِ١٦

«Bas, endi insonni qachon, Parvardigori sinov uchun ikrom etib, unga ne'mat ato etsa, darhol: “Parvardigorim (loyiq bo'lganim uchun) meni ikrom etdi”, der. Ammo, qachon (Parvardigori) uni sinov uchun, rizqini tang qilib qo'ysa, darhol: “Parvardigorim meni xor qildi”, der» (Fajr, 15–16).

Bandaga biror ne'mat berilsa, Alloh meni hurmat qilgani uchun beryapti, deb o'ylamaslik yoki aksincha, rizqi tang bo'lgan vaqtda Parvardigorim g'azab qilgani uchun meni shu ahvolga soldi, deb gumon qilmaslik, balki har ikkala holatni ham Allohning sinovi deb qabul etish lozim.

Alloh taolo insonni sinash uchun unga boylik beradi yoki boylikdan qisadi. U berilgan ne'matdan unumli foydalanib, uni yaxshilikka sarflab, shukrini ado etadimi yoki boshqalarni nazar-pisand qilmay, berilgan ne'matni taqiqlangan joylarga sarflab, noshukrlik qiladimi? Kambag'al boriga qanoat bilan shukr qilib yashaydimi yoki o'g'rilik, talonchilik kabi gunohlarga qo'l uradimi?

Kambag'allikni ayb deb biladigan kimsalar o'zlaridan kambag'alroq kishilarga past nazar bilan qaraydi va boyligi bilan kibrlanib, boshqalardan o'zini ustun sanaydi. Aslida esa, moddiy jihatdan emas, balki ma'naviy va axloqiy jihatdan qashshoqlik haqiqiy qashshoqlikdir. Shuningdek, moddiy boylik emas, balki nafs va ko'zning to'qligi haqiqiy boylikdir. Bu haqda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Mol-dunyo ko'pligi haqiqiy boylik emas, balki nafs to'qligi haqiqiy boylikdir”, deganlar.

Boriga qanoat qilib, o'z holidan nolimay yashaydigan kambag'allarning bir qancha fazilatlari bor. Quyida ularning ba'zilarini keltirib o'tamiz:

Faqir va miskinlar jannat ahlining ko'p qismini tashkil etadi. Ya'ni, jannatga boylardan ko'ra ko'proq kambag'al kishilar kiradi.

Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Jannatga qarab, uning ko'p ahli faqirlar ekanini, do'zaxga qarab, uning ko'p ahli ayollar ekanini ko'rdim”, dedilar».

Jannatga birinchi bo'lib faqir va miskinlar kiradi.

Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Ummatimning faqirlari jannatga boylaridan qirq yil avval kiradi”, deganlarini eshitganman».

Qiyomat kunida Kavsar hovuzidan suv ichishga birinchi bo'lib kambag'allar keladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “(Kavsar) hovuzi (o'lchami) Adandan to Ammonul Balqo shahrigachadir. U sutdan ko'ra oppoq, asaldan ko'ra totliroq, kosalari osmon yulduzlari sanog'ichadir. Kim undan bir marta ichsa, hech qachon chanqamaydi. Unga sochlari to'zg'igan, (dunyo) ne'matlaridan bahramand bo'lmagan muhojir faqirlar birinchi bo'lib keladi”, deganlar.

Sirot ko'prigidan birinchi bo'lib miskin va faqirlar o'tadi.

Savbon (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, bir yahudiy Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Kimlarga birinchi bo'lib sirot ko'prigidan o'tishga ruxsat beriladi?” deb so'raganida, Payg'ambar (alayhissalom): “Muhojirlardan bo'lgan faqirlarga”, deb javob berganlar.

Payg'ambarlarga birinchi bo'lib ergashganlar miskin va faqirlardir.

Nuh (alayhissalom) qavmini imon keltirishga chaqirganida ular: “Senga razil (kambag'al) odamlar ergashganidan keyin bizlar senga imon keltirarmidik?!” (Shuaro, 111) deyishgan.

Bundan tashqari, Rum podshohi Hiraql va Abu Sufyon o'rtasida bo'lib o'tgan mashhur suhbatda Hiraql Abu Sufyondan Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) haqlarida “Unga odamlarning badavlatlari ergashyaptimi yoki zaif (faqir)larimi?” deb so'raydi. Abu Sufyon, badavlatlari emas, balki zaiflari, deb javob berganida, podshoh: “Zaiflar payg'ambarlarga birinchi bo'­lib ergashadilar”, deydi.

Ko'plab faqirlar bor, lekin nafsi to'qligi sababli boriga qanoat va shukr qilib yashaydi. Ammo ba'zi boylar bor, mol-dunyosi qancha ko'paysa-da, nafsi va ko'zi ochligi sababli “hozirgi zamonda pul topish qiyin bo'lib ketdi” qabilidagi gaplar bilan o'z holidan nolib, noshukrlik qiladi. Kambag'al va miskinlarga qanday muomala qilishni Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan o'rganishimiz lozim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) miskin va faqirlarni yaxshi ko'rganlar va boshqalarni ham shunga chaqirganlar. Buni yuqorida keltirilgan vasiyatda ham ko'rishimiz mumkin. Shuningdek, Anas (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yo Alloh, meni miskin holda yashat, miskin holda o'ldir va Qiyomat kuni ham miskinlar qatorida tiriltir”, dedilar. Oysha (roziyallohu anho): “Nima uchun, yo Rasululloh?” deb so'radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Chunki ular jannatga boylardan qirq yil ilgari kiradi. Ey Oysha, miskinni quruq qaytarma, hech bo'lmasa yarimta xurmo bo'lsa ham bergin. Miskinlarga muhabbatli va yaqin bo'l. Shunda qiyomat kuni Alloh seni O'ziga yaqin qiladi”, dedilar».

Bu hadis Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning miskinlarga bo'lgan hurmatlarini namoyon qiladi.

Sahobalar ham miskinlarni yaxshi ko'rib, hurmat qilgan. Hatto Ja'far ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) miskinlarni yaxshi ko'rgani va ko'pincha ular bilan suhbatlashib o'tirgani uchun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni “Abul masakin”, ya'ni, “Miskinlar otasi” deb chaqirganlar. Yana Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ayollaridan biri Zaynab binti Huzayma (roziyallohu anho) onamiz ham miskin va faqirlarga ko'p ehson qilgani uchun sahoba ayollar orasida “Ummul masakin”, ya'ni, “Miskinlar onasi” deya nom chiqargan.

Ziror ibn Murra Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu)ning xalifalik davri haqida gapirar ekan, “Boshqa dindagilarni hurmat qilar va miskinlarni yaxshi ko'rar edi”, deydi.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) ham kambag'allar bilan ovqatlanar va “Shoyad ularning ba'zilari qiyomat kuni podshohlar maqomida bo'lsa”, der edi.

Fuzayl ibn Iyoz: “Kim oxirat saodatini istasa, miskinlar bilan o'tirsin”, degan.

Payg'ambar (alayhissalom) va sahobalar hayotida bu kabi ko'plab misollarni ko'rishimiz mumkin. Shuningdek, ularning aksariyati faqirona hayot kechirishni tanlagan.

Miskin va faqirlarni yaxshi ko'rish ularga qo'pollik qilmaslik, xushmuomalali bo'lish, holidan xabar olib turish, kasal bo'lsa, borib ko'rish va ularga ehson qilish bilan bo'ladi. Alloh taolo bunday marhamat qildi:

﴿وَيُطۡعِمُونَ ٱلطَّعَامَ عَلَىٰ حُبِّهِۦ مِسۡكِينٗا وَيَتِيمٗا وَأَسِيرًا٨ إِنَّمَا نُطۡعِمُكُمۡ لِوَجۡهِ ٱللَّهِ لَا نُرِيدُ مِنكُمۡ جَزَآءٗ وَلَا شُكُورًا٩

«Taomni esa suyib tursalar-da, (o'zlari emasdan) miskin, etim va asirlarga edirurlar. (Ular ayturlar): “Bizlar sizlarni faqat Alloh “yuzi” uchun taomlantirurmiz. Sizlardan (bu ish uchun) biror mukofot va minnatdorlik kutmasmiz» (Inson, 8–9).

Ushbu oyatda miskin va etimlarni taomlantirib, buning evaziga biror narsa tama qilmaydigan kishilardagi bu xislat jannat ahlining xislatlaridan ekani aytilmoqda. Demak, miskin va etimlarga ehson qilish va chiroyli muomalada bo'lish jannatiy kishilar xislatidandir. Oyati karimada faqirlarni ovqatlantirish evaziga biror narsa so'ramaslik kerakligi aytilmoqda. Afsus, hozirgi vaqtda birovga yaxshilik qilib, so'ng ham­maga bu bilan maqtanib yuradigan, vaqti kelganda qilgan yaxshiliklarini odamlar oldida yuziga soladigan va minnat qiladiganlar ham yo'q emas.

Miskinlarga yaxshilik qilish va ularga chiroyli muomalada bo'lishning bir qancha foydalari bor. Ularning ba'zilarini keltirib o'tamiz:

  1. Ularga yaxshilik qilganning ixlosi va samimiyati ortadi. Chunki kambag'allarda kishilarni o'ziga jalb qiladigan yoki umid qilinadigan manfaat yoki mol-dunyo bo'lmaydi. Shu sababli ularga muhabbatli bo'lish va ularni hurmat qilish boylarni yaxshi ko'rishdan ko'ra samimiyroq va ixlosga yaqinroqdir.
  2. Ularga yaxshilik qilgan kishidan takabburlik va manmanlik ketadi. Chunki kibrli odamlar kambag'al va miskinlar bilan bir joyda o'tirish yoki suhbatlashishni yoqtirmaydi.
  3. Ularga yaxshilik qilgan kishining qalbi to'g'rilanadi va yumshaydi. Qalbi qattiqligidan Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga shikoyat qilib kelgan bir kishiga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Agar qalbing yumshashini istasang, miskinni ovqatlantir va etimning boshini silagin”, deganlar.
  4. Ularga yaqin bo'lgan va holidan xabar olib turadigan kishi o'ziga berilgan ne'matlarning qadriga etadi. Chunki u faqirlar nimaga ega ekanini ko'radi va o'ziga berilgan ne'matlar ko'p bo'lgani uchun shukr aytadi.
  5. Jamiyatning boy va kambag'al tabaqalari o'rtasida o'zaro mehr-muhabbat va tenglik paydo bo'ladi.

Mulohaza qiladigan bo'lsak, faqir va miskinlarga va'da qilinayotgan martabalar ularning aynan faqir va miskin bo'lganlari uchun emas, balki faqir va miskinlikka sabr, boriga qanoat qilganlari uchundir. Albatta, bu fikrdan qasddan faqir bo'lishga urinish kerak, degan ma'no kelib chiqmaydi. Mazkur hadisi shariflardagi g'oyalar odamlarni faqirlikka undamaydi. Balki ularni sabr, qanoatga va halol mehnat qilib, mollarini orttirish va ibodatga chorlaydi. Zero, halol yo'lda boyish kambag'allikdan ortiqdir.

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning mazkur vasiyatlari kishilik jamiyatining tinch va baxtli bo'lishida katta ahamiyatga ega. Chunki odamlar orasidagi ko'plab janjal va kelishmovchiliklar ba'zi boylarning o'zidan moddiy jihatdan nochor odamlarni mensimasligi va ularga yomon muomalada bo'lishi oqibatida yoki aksincha, ba'zi kambag'allarning boylarni ko'rolmasligi va ularga hasad qilishi natijasida kelib chiqadi. Hatto, buni hozirgi vaqtda ba'zi aka-ukalar, yaqin qarindoshlar o'rtasida bo'layotgan kelishmovchiliklar misolida ham ko'rishimiz mumkin.

 

O'zidan yuqoridagilarga emas, o'zidan pastdagilarga qarash

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning bu vasiyatlariga amal qilgan kishi hargiz bu dunyo qiyinchiliklari va hayotning ba'zi og'ir damlarida o'zini yo'qotib qo'ymaydi. Hamisha ko'ngli to'q va xotirjam yashaydi. Chunki bu vasiyatda moddiy jihatdan o'zidan pastroq, din va axloq jihatdan esa o'zidan ustun va balandroq bo'lgan kishilardan ibratlanish kerakligi ta'kidlanmoqda. Kishi o'zidan ko'ra boyroq odamni ko'rganida, o'z holidan achinishi va berilgan ne'matlarga noshukrlik hissini tuyishi mumkin. Bunday tuyg'ularni davolash uchun o'zidan ko'ra faqir va muhtojlarning ham borligi, ularga nisbatan o'zining moddiy ahvoli ancha yaxshiligini eslashi kifoya qiladi. Har bir odam Alloh taolo o'ziga taqsimlab bergan ne'matlarga shukr qilishi va norozi bo'lishdan saqlanishi lozim. Ilohiy taqdirga norozilik halokat va faqirlikka sabab bo'ladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek: “Oz bo'lib kifoya qilgani, ko'p bo'lib band qilganidan yaxshiroqdir”. Alloh taolo boylikni bandalaridan xohlaganiga beradi. Bu borada ularning itoatli yoki fosiqligiga qaramaydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh dunyoni O'zi yaxshi ko'rganiga ham, yaxshi ko'rmaganiga ham beraveradi. Ammo dinni esa faqat yaxshi ko'rganiga beradi”, deganlar.

Har bir kishi diniy jihati o'zidan, ya'ni, taqvosiga ko'ra quyida bo'lganlardan yaxshi hisoblanadi. Ya'ni, hatto namoz o'qimasa-da, Alloh taologa imoni bor kishi Alloh taoloni inkor qiladigan kofirdan yaxshiroqdir. Lekin din borasida o'zidan quyi bo'lganlarga ergashmaslik kerak. Din ishlarida o'zidan yuqorida bo'lganlardan ibrat olish va ularga etishga intilish juda muhim. Bu esa ibodatlarimiz yanada ko'payishiga sabab bo'ladi.

 

Qarindoshlarga, garchi ular yomonlik qilsalar ham,
silai rahm qilish

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ushbu vasiyatlarida silai rahmning eng oliy namunasi haqida bayon qilyaptilar. Zero, bir inson o'ziga biror yomonlik qilgan odamga yaxshilik qilishi, u bilan qarindoshlik aloqalarini o'rnatishi qiyin. Qa­rindoshlarga yaxshilik qilishda ushbu maqomga erishgan odamgina Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) vasiyatlariga to'la amal qilgan bo'ladi. Chunki yaxshilikka yarasha yaxshilik qaytarish yoki qarindosh bo'lgani uchun birovga mehr-muruvvat ko'rsatish ko'pchilikning qo'lidan keladi. Biroq yomonlik qilib turgan kimsaga yaxshilik qilish faqat oxiratni, Alloh taoloning roziligini umid qilgan insonninggina qo'lidan keladi.

“Silai rahm” xalqimiz orasida keng tarqalgan ibora bo'lib, aslida arabchadan kirib kelgan. Halq ichida u qarindoshlik rishtalarini o'rnatish ma'nosida tushuniladi. Imom Navaviy buni quyidagicha ta'riflaydi: “Silai rahm, insonning imkoniyatlaridan va muhtojning holatidan kelib chiqib, biri ikkinchisiga ehson-yordam qilishidir. Bunday yordam xizmat qilish, ziyorat etish kabi moddiy va ma'naviy ko'rinishlarda bo'lishi mumkin”.

Ibn Abu Jamra aytadi: “Silai rahm mol-dunyo bilan yordamlashish, hojatni ado etish, zararni aritish, ochiq yuz bilan qarash va yaxshi duo qilish bilan bo'ladi”.

Ushbu ta'riflardan tushunilishicha, bir kishining o'z yaqinlariga xoh moddiy, xoh ma'naviy yo'l bilan foydasi tegadigan, ko'nglini ko'taradigan ishni qilishi silai rahmdir.

Ibn Munzir esa silai rahmni bunday tushuntiradi: “Silai rahm nasab va quda-andachilik jihatidan bog'liq kishiga yaxshilik qilish, mehribonchilik ko'rsatish, ularga muloyim bo'lish va ahvollarini so'rab turishdir”.

Silai rahmga bunday ma'no berish ko'proq uning lug'aviy va istilohiy jihatlarini jamlash-muvofiqlashtirish tufayli kelib chiqqan. Chunki “rahm” so'zi arab lug'atida bachadon, qarindoshlik ma'nolarida ishlatiladi. “Sila” so'zi esa bog'lash ma'nosida. Demak, “qarindoshlikni bog'lash”ning ma'nosi qarindoshlik taqozo qilgan ishlarni amalga oshirishdir.

Silai rahmning hukmi borasida Qozi Iyoz bunday deydi: “Silai rahmning vojibligi, uni uzish katta gunoh ekani borasida ixtilof yo'q. Hadisi shariflar shunga dalolat qiladi. Biroq silai rahmning darajalari turlicha bo'lib, ba'zilari boshqalaridan ustun turadi. Ularning eng quyisi salom berishning o'zi bilan bo'lsa-da, qarindoshlar bilan aloqa bog'lash. Silai rahm shaxslarning holati va amalning turiga ko'ra, vojib yoki mustahab bo'ladi”.

 Masalan, xastalangan qarindoshni ziyorat qilish vojib bo'lsa, hursandchilik kunida hursandchiligiga sherik bo'lish uchun ziyoratiga borish mustahabdir.

Ulamolar silai rahm vojib bo'lishiga quyidagi oyatlarni dalil qilib keltirgan:

﴿۞إِنَّ ٱللَّهَ يَأۡمُرُ بِٱلۡعَدۡلِ وَٱلۡإِحۡسَٰنِ وَإِيتَآيِٕ ذِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَيَنۡهَىٰ عَنِ ٱلۡفَحۡشَآءِ وَٱلۡمُنكَرِ وَٱلۡبَغۡيِۚ يَعِظُكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَذَكَّرُونَ٩٠

«Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur» (Nahl, 90).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo insonlarni umumiy ma'noda adolat va ezgu ishlarga, shu jumladan, qarindoshlarga yaxshilik qilishga buyurib, buzg'unchilik va yovuz ishlardan qaytarayotgan bo'lsa, quyidagi oyatlarda xayr-ehson va yaxshiliklarni avvalo kimlarga qilish kerakligini bayon etmoqda.

﴿يَسۡ‍َٔلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَۖ قُلۡ مَآ أَنفَقۡتُم مِّنۡ خَيۡرٖ فَلِلۡوَٰلِدَيۡنِ وَٱلۡأَقۡرَبِينَ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينِ وَٱبۡنِ ٱلسَّبِيلِۗ وَمَا تَفۡعَلُواْ مِنۡ خَيۡرٖ فَإِنَّ ٱللَّهَ بِهِۦ عَلِيمٞ٢١٥

«Sizdan (ey Muhammad!) qanday ehson qilishni so'raydilar. Ayting: “Nimani xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, etimlar, miskinlar va musofirlarga qiling! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni biluvchidir» (Baqara, 215).

﴿۞وَٱعۡبُدُواْ ٱللَّهَ وَلَا تُشۡرِكُواْ بِهِۦ شَيۡ‍ٔٗاۖ وَبِٱلۡوَٰلِدَيۡنِ إِحۡسَٰنٗا وَبِذِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينِ وَٱلۡجَارِ ذِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡجَارِ ٱلۡجُنُبِ وَٱلصَّاحِبِ بِٱلۡجَنۢبِ وَٱبۡنِ ٱلسَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتۡ أَيۡمَٰنُكُمۡۗ إِنَّ ٱللَّهَ لَا يُحِبُّ مَن كَانَ مُخۡتَالٗا فَخُورًا٣٦

«Allohga ibodat qiling va Unga hech narsani sherik qilmang! Ota-onalarga esa yaxshilik qiling! Shuningdek, qarindoshlar, etimlar, miskinlar, qarindosh qo'shniyu begona qo'shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo'lovchi (musofir)ga va qo'l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi» (Niso, 36).

Alloh taolo ushbu oyati karimada yaqinlarga yaxshilik qilishni O'ziga ibodatda bo'lish va O'ziga hech bir narsani sherik qilmaslik borasidagi buyruqlari qatorida zikr etmoqda. Ma'lumki, Alloh taoloni qo'yib, boshqa narsalarga ibodat qilish Islomda eng og'ir gunoh hisoblanib, umr davomida qilingan barcha solih amallarni chilparchin qiladi va chin tavbasiz aslo kechirilmaydi. Demak, oyati karimada zikr etilgan shaxslarga yaxshilik qilish ham shariatning eng muhim talablaridandir. Kim muhtoj holdagi yaqiniga, xoh otasi bo'lsin, xoh boshqa qarindoshi bo'lsin, imkoni boricha yordam qo'lini cho'zmasa, gunohkor bo'ladi. Bu qilmishiga qiyomatda javob berishiga to'g'ri keladi. Ushbu oyati karima “namoz, ro'zalarimni ado qilib yuribman-ku, hamma o'zi uchun harakat qilsin, ularning ham qo'l-oyog'i bor, axir, mening topganim o'zim uchun halol, o'z hojatlarimga qancha sarflasam ham bo'laveradi, birovlarga yordam berish savobli ish, qilsa, katta savob bo'ladi, qilmasa, gunohi yo'q”, deydigan kishilarning xato aqidalariga qarshi ochiq-oydin raddiyadir.

Shuningdek, qarindoshlarning gunoh bo'lmagan, sizga nisbatan qilgan mayda ozor va aziyatlarini kechirib yuborish va xatolaridan ko'z yumish ham silai rahm qatoriga kiradi. Silai rahmning ayni shu turini Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) biz sharhlayotgan vasiyatlarida bayon qildilar.

Silai rahm qilishga bir necha sabablar borligi kitoblarda zikr etilgan. Ularni birma-bir dalillari bilan eslab o'tsak:

  1. Imon. Insonni insonga bog'lovchi eng kuchli sabab uning qalbidagi imon-e'tiqodidir. Chunki bir inson siz ishongan narsaga ishonsa, nazdingizdagi ulug' narsalarni – qadriyatlaringizni qadrlasa, siz yomon ko'rgan narsani yomon ko'rsa, qisqa qilib aytsak, qalb istaklari sizniki bilan bir bo'lsa, shubhasiz, bunday odamni siz ham hurmat qilasiz, unga do'st bo'lishga intilasiz, yordam qo'lini cho'zishga tayyor turasiz. Ushbu oyati karimani barchamiz yaxshi bilamiz:

﴿إِنَّمَا ٱلۡمُؤۡمِنُونَ إِخۡوَةٞ فَأَصۡلِحُواْ بَيۡنَ أَخَوَيۡكُمۡۚ وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ لَعَلَّكُمۡ تُرۡحَمُونَ١٠

«Albatta, mo'minlar dinda o'zaro birodardir. Bas, sizlar ikki birodaringiz o'rtasini tuzatib qo'yingiz va Allohdan qo'rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz» (Hujurot, 10).

﴿فَهَلۡ عَسَيۡتُمۡ إِن تَوَلَّيۡتُمۡ أَن تُفۡسِدُواْ فِي ٱلۡأَرۡضِ وَتُقَطِّعُوٓاْ أَرۡحَامَكُمۡ٢٢

«Agar (imondan) bosh tortsangiz, aniq, sizlar erda buzg'unchilik qilasiz va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzasiz» (Muhammad, 22).

Demak, silai rahmni uzish imonsizlik alomatlaridan bo'lib, fasod hamda buzg'unchilikning boshlanishidir.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham bir qancha hadisi shariflarida musulmonlar bir-birlarida haq-huquqlari borligini va ularga rioya qilish kerakligini bayon qilganlar:

Zayd ibn Aslam (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Mo'min uchun mo'minning qoni, moli va obro'si haromdir. Mo'min mo'minning birodaridir, uni befarq tashlab qo'ymaydi, unga zulm ham qilmaydi. Taqvo bu erda”, dedilar va ko'kraklariga ishora qildilar» (Imom Ahmad va Imom Muslim). Ushbu hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mo'min o'z hayotida mo'minlarga nisbatan munosabatlarida doimiy ravishda e'tibor berishi kerak bo'lgan shariat hukmlarini bayon qilganlar.

Uqba ibn Omir (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Mo'min mo'minning birodaridir, o'z birodari savdosidan voz kechib ketmagunicha savdosining ustiga savdo qilishi, sovchiligi ustiga sovchi qo'­yishi mo'min uchun halol emas”» (Imom Muslim). Ushbu hadisda Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) mo'minlik sababidan vujudga keladigan silai rahmni kesuvchi sabablarning ikkitasidan qaytarganlar.

  1. Qarindoshlik. Nasab bir bo'lishi kishilarni bir-birlariga bog'lovchi sabablardandir. Shubhasiz, inson dunyo hayotida ma'lum makonda, ma'lum muddatda turmush kechiradi. U hayoti mobaynida birovlarning yordamiga muhtoj bo'ladi va u ham kimlargadir yordam qilishi lozim bo'ladi. Bunday o'zaro yordamlarning, avvalo, nasab jihatidan qarindoshlar o'rtasida bo'lishi barcha insonlar nazdida odat tusiga kirgan. Qarindoshlik rishtalarini bog'lash, qarindoshlar haqlariga rioya qilish borasida ko'plab oyat va hadislar mavjud. Silai rahm borasida kelgan oyat va hadislarning aksariyati nasab jihatidan qarindoshlik aloqalarini bog'lash borasidadir.

Ota-ona, bobo-buvi, aka-uka, opa-singil, amaki, amma, tog'a, xola, jiyan va boshqalar nasab jihatidan qarindoshlardir. Islom shariatining meros taqsimoti, nafaqa vojibligi kabi masalalari nasab jihatidan qarindoshlikka bog'liqdir. Bunday yaqinlik qarindoshlarga o'zaro mehr-muruvvatli bo'lishni vojib qilishidan tashqari, ba'zi mas'uliyatlarni ham yuklaydi.

Qarindoshlik aloqalarini o'rnatishning vojibligiga dalolat qiluvchi ba'zi oyatlarni zikr qilamiz:

﴿وَٱلَّذِينَ يَنقُضُونَ عَهۡدَ ٱللَّهِ مِنۢ بَعۡدِ مِيثَٰقِهِۦ وَيَقۡطَعُونَ مَآ أَمَرَ ٱللَّهُ بِهِۦٓ أَن يُوصَلَ وَيُفۡسِدُونَ فِي ٱلۡأَرۡضِ أُوْلَٰٓئِكَ لَهُمُ ٱللَّعۡنَةُ وَلَهُمۡ سُوٓءُ ٱلدَّارِ٢٥

«Alloh bilan ahd bog'laganlaridan keyin uni buzadigan, Alloh bog'lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va Yer yuzida buzg'unchilik qilib yuradigan kimsalar ham bor, ular uchun (Allohdan) la'nat bo'lur va ular uchun noxush diyor (jahannam) bordir» (Ra'd, 25). Ushbu oyati karimada qarindosh-urug'chilikni uzish Alloh taolo bilan tuzilgan ahdni buzish va er yuzida buzg'unchilik qilish gunohlari bilan bir qatorda zikr qilingan.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qarindosh-urug'chilik rishtalarini bog'lashingiz uchun nasablaringizni o'rganinglar. Chunki silai rahm ahli oilaga muhabbat, mol-dunyoning ko'payishi va umrning ziyoda bo'lishiga sabab bo'ladi”, deganlar. Ushbu hadisi sharifda bevosita har bir mo'minga o'z nasabini bilishi kerakligi uqtirilmoqda. Nasl-nasabni bilishdan ko'zlangan maqsad qarindoshlar bilan aloqalar o'rnatish, ularga yordam berishdir, ular bilan faxrlanish va shuhrat qozonish emas.

O'zbek xalqi azaldan qarindosh-urug'chilik, mahalla-ko'ychilik munosabatlarini mahkam tutadi. “Bir bolaga etti mahalla ham ota, ham ona” degan maqol xalqimiz orasida bejiz tarqalmagan. Ushbu rishtalarning namunalarini xalqimizning hashar, to'y, hayit va ta'ziya kabi marosimlarida yaqqol ko'rishimiz mumkin. Bir inson yolg'iz o'zi qilolmaydigan ko'plab ishlarni mahalla-ko'y yordamida hashar yo'li bilan amalga oshiradi. To'y-hashamlar qarindosh-urug' va mahalla-ko'yning ishtirokisiz o'tmaydi. Ta'ziya marosimlariga bormaslik esa xalq orasida kechirib bo'lmaydigan ayb hisoblanadi.

  1. Emikdoshlik. Chaqaloq o'z onasidan boshqa ayolni emishi bilan o'sha ayol unga ona, ayolning eri ota, farzandlari esa aka-uka va opa-singillarga aylanadi. “Razoat”ning lug'aviy ma'nosi emish bo'lsa-da, shariat kitoblarida ushbu so'z kelsa, odatda begona ayolni emish nazarda tutiladi. Begona ayolni emish ortidan juda ko'p shar'iy hukmlar kelib chiqadi. Biroq emikdoshlik hukmlarining sobit bo'lishi uchun emishning holati va emayotgan paytda go'dakning yoshi e'tiborlidir. Imomi A'zam (rahmatullohi alayh) mazhabida ikki yarim yoshgacha bo'lgan go'dak emsa va go'dakning qorniga ayolning suti kirsa, emikdoshlik hukmlari sobit bo'ladi. Oysha (roziyallohu anho) onamizdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Tug'ish-tug'ilish orqali kimlar mahram bo'lsa, emish-emizish orqali ham o'shalar mahramga aylanadi”, dedilar». Sodda qilib aytadigan bo'lsak, bir go'dak onasidan boshqa bir ayolni emishi, sutidan oziqlanishi bilan o'sha ayolning farzandiga, oila a'zosiga aylanadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tug'ilgan davrlarida arablarda chaqaloqlarni onasidan boshqa ayollarga emizishga berish odat tusiga kirgan edi. Shu jumladan, Sarvari olam ham o'z onalaridan boshqa yana uch ayolni emganlar. Ular Halima Sa'diyya, Ummu Ayman va Suvayba. U zot (sollallohu alayhi va sallam)ning sut onalariga qanchalik hurmat-ehtirom ko'rsatganlari haqidagi rivoyat siyrat kitoblarida ko'p keltirilgan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning emikdosh singillariga ko'rsatgan muruvvatlari haqidagi kichik bir voqeani eslab o'tsak:

Hunayn g'azotida asirga tushganlar soni olti ming edi. Ular ichida bir ayol musulmonlarga: “Men sohibingizning opasi bo'laman”, dedi. Uni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga olib kelishdi. U: “Ey Muhammad, men sening opangman”, deb o'zini tanishtirdi. Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) ayolni tanidilar va o'rnilaridan turib, ridolarini erga to'shadilar hamda quvonch ko'zyoshlarini tiya olmay, ancha yig'ladilar. Ancha suhbatdan so'ng u imon keltirdi, Rasululloh (sol­lallohu alayhi va sallam) o'zlarida yo'q xursand bo'ldilar. Diydorlashuv nihoyasida ayolni juda ko'p sovg'a-salomlar bilan uyiga kuzatib qo'ydilar. U ayol Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga go'dakliklarida mehr ko'rsatib, enagalik qilgan Halima Sa'diyyaning qizi Shaymo edi. Ba'zi rivoyatlarda ushbu voqeada Shaymo bilan birga uning onasi Halima ham kelgan, deyilsa, ba'zilarida har qaysi alohida kelgan, deyiladi. Nima bo'lganda ham, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni emizgan onalari va emikdosh opalari abadiy saodatdan nasibador bo'ldi. Shu o'rinda eslab o'tish zarur, Sarvari olam (sollallohu alayhi va sallam) sahobalar bilan kengash qilib, Hunaynda qo'lga tushgan barcha asirlarni ozod qildilar.

Emikdoshlik ortidan insonlar o'rtasida mehr-oqibatlarga sabab bo'ladigan aloqalarning vujudga kelishi dinimiz talabi ekan, xalqimiz bu borada ham har sohada kuzatilganidek, boshqa xalqlarga namuna bo'la oladi.

Silai rahm nafaqat Islom dini, balki Alloh taolo oldin nozil qilgan boshqa kitoblarning ham eng muhim talablaridan bo'lgan. Bunga Qur'oni karimning ushbu oyati guvohlik beradi:

﴿وَإِذۡ أَخَذۡنَا مِيثَٰقَ بَنِيٓ إِسۡرَٰٓءِيلَ لَا تَعۡبُدُونَ إِلَّا ٱللَّهَ وَبِٱلۡوَٰلِدَيۡنِ إِحۡسَانٗا وَذِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينِ وَقُولُواْ لِلنَّاسِ حُسۡنٗا وَأَقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتُواْ ٱلزَّكَوٰةَ ثُمَّ تَوَلَّيۡتُمۡ إِلَّا قَلِيلٗا مِّنكُمۡ وَأَنتُم مُّعۡرِضُونَ٨٣

«Eslang, (Biz) Isroil avlodidan: “Faqat Allohgagina sig'inasiz, ota-ona, qarindosh, etim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso'z so'zlang, namozni barkamol o'qing, zakot bering”, deb ahd olgan edik. Keyin (siz, ey Isroil avlodi,) ozchilik qismingizdan boshqangiz (ushbu ahddan) yuz o'girdingiz» (Baqara, 83).

Ushbu oyati karima ma'nosidan boshqa qavmlarda ham silai rahm shar'iy talab bo'lgani ko'rinadi.

Silai rahm mavzuida xulosa qiladigan bo'lsak, oson va engil amallar bilan bo'lsa-da, silai rahmni o'rnatgan kishi oyatlarda qoralangan kimsalar qatoriga kirmaydi. Biroq zimmasiga vojib bo'lgan, o'zi qodir bo'lgan silai rahmni to'liq amalga oshirmasa, u dinimiz talab qilgan amalni ado etgan bo'lmaydi, balki oyat-hadislarda ogohlantirilgan kishilar toifasiga kirib qoladi.

 

KYeYINGI MAVZU:

“La havla va la quvvata illa billah” kalimasini ko'p aytish;

Achchiq bo'lsa-da, haqiqatni aytish;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Qur’onni tilovat qilishda qanday niyat qilasiz?

25.12.2024   863   3 min.
Qur’onni tilovat qilishda qanday niyat qilasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ko‘pchilik musulmonlar Qur’onni faqatgina savob va ajr olish maqsadida o‘qishadi, ayni paytda Qur’onda ko‘plab manfaatlar borligini unutishadi.
Aslida, Qur’onni har gal aniq bir niyat bilan o‘qilsa, Alloh taoloning fazli ila o‘sha niyati amalga oshadi.
Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: "Amallar niyatlarga bog‘liqdir va har kimga niyatiga yarashasi beriladi", deganlar.

Qur’on — hayot dasturi. Niyat olimlarning sarmoyasi. Shunga binoan musulmon kishi Qur’on o‘qiganida quyidagicha niyatlarni qilishi kerak:

1. Men Qur’onni ilm olish va unga amal qilish maqsadida o‘qiyman.
2. Men Qur’onni Allohdan o‘zimga, farzandlarimga va oilamga hidoyat berishi uchun o‘qiyman.
3. Men Qur’onni Allohga munojot qilish uchun o‘qiyman.
4. Men Qur’onni dardlarimga shifo bo‘lishi uchun o‘qiyman.
5. Men Qur’onni jaholat zulmatidan hidoyat nuriga chiqish uchun o‘qiyman.
6. Men Qur’onni qalbimning qattiqligini yo‘qotish, unga xotirjamlik solish va shaytonning vasvasasini ketkazish uchun o‘qiyman.
7. Men Qur’onni hasaddan, nazar nafasdan o‘zimni va oila ahlimni asrash uchun o‘qiyman.
8. Men Qur’onni g‘ofillardan bo‘lib qolmaslik va Allohni mudom zikr qiluvchilar qatorida bo‘lish uchun o‘qiyman.
9. Men Qur’onni iymonim mustahkam bo‘lishi, ishonchim ortishi uchun o‘qiyman.
10. Men Qur’onni Allohning amriga itoat etish uchun o‘qiyman.
11. Men Qur’onni har bir harfi uchun o‘ntadan savob olish uchun o‘qiyman.
12. Men Qur’onni qiyomat kuni Qur’onning shafoatiga noil bo‘lish uchun o‘qiyman.
13. Men Qur’onni jannatda yuqori daraja topish uchun o‘qiyman.
14. Men Qur’onni Allohning huzurida darajam yuksak bo‘lishi uchun o‘qiyman.
15. Men Qur’onni qiyomat kuni ota-onamga toj kiydirish uchun o‘qiyman.
16. Men Qur’onni Allohning xos ahllaridan bo‘lish uchun o‘qiyman.
17. Men Qur’onni do‘zaxdan najot topish uchun o‘qiyman.
18. Men Qur’onni o‘zimga yoki oilamga yetgan sehr-jodu amalidan xalos bo‘lish uchun o‘qiyman.
19. Men Qur’onni Alloh mushkulimni oson, hojatimni ravo qilish uchun o‘qiyman.
20. Men Qur’onni Alloh qarzimga najot berishi uchun o‘qiyman.
21. Men Qur’onni qabrimda menga hamroh bo‘lishi, sirot ko‘prigida nur bo‘lishi uchun o‘qiyman.
22. Men Qur’onni Payg‘ambar alayhissalomning axloqlari bilan xulqlanish uchun o‘qiyman.
23. Men Qur’onni o‘zimni botil ishlardan tiyilib, savobli ishlar bilan mashg‘ul qilish uchun o‘qiyman.
24. Men Qur’onni g‘am-tashvishlardan forig‘ bo‘lish uchun o‘qiyman.
25. Men Qur’onni nafsim va shaytonga qarshi kurashish uchun o‘qiyman.

Qur’on tilovati bu - zikr. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar: "Alloh taolo shunday degan: "Kim mening zikrim bilan mashg‘ul bo‘lib, mendan hojatlarini so‘ray olmasa, Men unga so‘raganlaridan ham afzalini ato etaman". 

Alloh taolo barchamizning qilgan amallarimizni qabul aylasin.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV