Indoneziyaning «Detik» yangiliklar saytida «Karantinni joriy etishning asosiy g'oyasi Abu Ali ibn Sino tomonidan ishlab chiqilgan» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Maqolada karantin qadim zamonlardan beri ma'lum bo'lib, uni Ibn Sino ishlab chiqqani ta'kidlangan.
«Abu Ali ibn Sino (980-1037) zamonaviy tibbiyotning otasi, deb e'tirof etiladi. U zamonaviy O'zbekiston hududida tug'ilib, voyaga etgan, turli ilm-fan manbalari, jumladan, Aflotun asarlarini chuqur o'rgangan taniqli olimlardan biridir», deyiladi maqolada.
Materialda ta'kidlanishicha, Ibn Sinodan qolgan ilmiy meros juda boy. Uning eng yirik asari - 1025 yilda birinchi marta nashr etilgan «Tib qonunlari» deb nomlangan 5 jildli tibbiyot entsiklopediyadir. U muhim tibbiyot fanlarini o'z ichiga oladi va zamonaviy tibbiyot, shu jumladan, karantin asosini tashkil etadi.
Maqolada Ibn Sino o'z amaliyotida vabo kasalligiga duch kelgani haqida ma'lumot berilgan. U infektsiyalarni kamaytirish uchun bemorni 40 kunlik o'zini-o'zi yakkalab qo'yish kontseptsiyasini ishlab chiqqan. Arab tilida bu usul «al-Arbainiya» deb nomlanadi va “40 kun” degan ma'noni anglatadi.
Keyinchalik «al-Arbainiya» termini Yevropa olimlari tomonidan boshqacha shaklda talaffuz qilina boshlangan.
Tarixchilarning taxmin qilishicha, «al-Arbainiya» “karantin” so'ziga asos bo'lib xizmat qilgan.
XIV va XV asrlarda «qora o'lim» vabosi tarqalgan vaziyatda Venetsiya shifokorlari ushbu kasallik bilan kurashish jarayonida «Quarantena» deb ataladigan uslubni qo'llashgan. Bu so'z ital'yan tilida “40 kun” ma'nosini anglatadi.
COVID-19 pademiyasi davrida SARS-CoV-2 virusi tarqalishining oldini olish uchun karantin uslubidan keng foydalanilmoqda. Olimlar bu uslub pandemiya tarqalishining oldini olishda isbotlangan yo'l ekanini yana bir bor isbotladi, deya xulosa qiladi «Detik» nashri.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.