Boshlovchi — Saidolim Turdiboyev: — Assalomu alaykum, aziz do'stlar! Muhtaram teletomoshabinlar, e'tiboringiz markazida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston Musulmonlari idorasi hamda “UzReportTV” telekanali bilan hamkorlikda tayyorlanib, jonli efirda uzatilayotgan “Muborak oy suhbatlari” ko'rsatuvining navbatdagi soni xonadoningiz mehmoni.
Eslatib o'tamiz, ko'rsatuvimiz bosh homiysi — “Ipak yo’li banki”. Homiylarimiz “Biolife” hamda “Plasterm” savdo belgilari.
Bugungi ko'rsatuvimiz mehmoni O'zbekiston Musulmonlari idorasi Fatvo bo'limi mutaxassisi Hikmatilla domla Toshtemirov. Assalomu alaykum. Ko'rsatuvimizga xush kelibsiz!
— Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu!
Boshlovchi: — Bugun Ramazon oyining o'ninchi kuni. Rahmat dahasiyam nihoyasiga etmoqda. Endi mag'firat dahasi boshlanadi.
Darvoqe, siz bilan kechgan o'tgan galgi ko'rsatuvimiz ham mazmunli o'tdi. Bugun ham imkon qadar muxlislarimizning talab va istaklari asosida ulardan kelayotgan savollarga ko'proq e'tibor qaratsak.
Shu o'rinda aytib o'tishimiz kerakki, bizni telegram kanalidagi botimiz ham muntazam ravishda ishlab turibdi. Savollaringizni yo'llang va biz imkon qadar to'liqroq javob berishga harakat qilamiz. Bizni oynai jahon hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali ham kuzatishda davom eting.
— Assalomu alaykum. Ta'ziya bo'lgan xonadonda iftorlik qilish shart, deb eshitganman. Shu to'g'rida ma'lumot bersangiz?
— Bismillah alhamdulillah. Dinimizda ta'ziya bo'lgan xonadonda, albatta, mehmon chaqirib iftorlik qilish shart, deyilmagan. Biroq iftorlik qilish, odamlarni taomlantirish katta savob ekani aytiladi. Masalan, ro'zadorga bir qultum suv yoki luqma bersangiz ham katta savob bo'ladi. Bu degani ro'zadorning savobi kamayib qoladi, degani emas. Ba'zi odamlar iftorlikni qarz olib qilishadi. Bu yaxshimas. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadiki, sadaqaning afzali o'z molidan ortiqchasidan bo'lgani.
— Mashina olgandim. Tom qismida yoriq bor ekan. Ko'rmaganman. Endi sotmoqchiman. Mashinaning aybini aytib sotish kerakmi yo so'rasa aytaymi?
— Albatta, molning aybini aytib sotish kerak. Va yana aytish mumkinki, mana shu erida yoriq bor. Keyin chiqqan ayblariga men javobgar bo'lmayman, deyishi ham mumkin. Ammo o'zi bilgan aybini aytib sotishi lozim. Bo'lmasa olayotgan odamga xiyonat qilib qo'yadi.
— Bir do'stim bor. U xristian. O'zga din vakillari bilan do'stlikning ziyoni yo'qmi? Do'stlikni davom ettirsam bo'ladimi? Shu haqda ma'lumot bersangiz?
— Qur'oni karimda boshqa din vakillari bilan yaxshi muomalada bo'lishimizga doir ko'rsatmalar bor. Ular bilan oldi-berdi qilish mumkin. Hadisi sharifda shunday deyiladi, kim bilan do'st bo'layotganingga qaragin inson do'stining dinu diyonatiga moslashib ketadi, deyiladi. Bu tomondan qaraydigan bo'lsak, o'sha do'stining dinini qabul qiladigan darajada do'st bo'linmaydi. Va yana bir tomoni borki, bir musulmonning zarariga ish qilinadigan darajada do'stlashilmaydi. Hamkorlik qilinmaydi.
— Tariqat nima?
— Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrida islomiy ilmlar bitta bo'lgan. Keyinchalik tafsir, hadis, fiqh va tasavvuf ilmi kabilarga bo'linib ketgan. Tasavvuf ilmi g'oyasining iymon, islom va ehson degan martabalari bor. Iymon — g'aybga iymon keltirish, ishoniladigan narsalarga ishonish, islom — amal qilinadigan narsalarga amal qilish, buyruqlar, qaytariqlar kabilarga. Ehson esa — ixlos qilish, Alloh taoloni ko'rib turganday ibodat qilish. Tasavvuf shunga urg'u berib, rivojlantirib, odamlarning qalbiga iymon, ixlos, sadoqat urug'ini sochishga harakat qilishgan.
Shuning bilan tariqatlar ajralib chiqqan. Ustozlar etishib chiqqan. Uning g'oyasi — xolis musulmonni tarbiyalash.
Hozirgacha bizda Yassaviya, Kubroviya, Naqshbandiya tariqatlari davom etmoqda.
— Qanday uyga farishtalar kirmaydi?
— Qaysi uyda gunoh ishlar qilinsa, o'sha uyga farishtalar kirmaydi.
Qaysiki uyda ibodat, taqvo, ahillik, do'stlik bo'lsa o'sha uyga farishtalar kiradi. Farishtalar nurdan yaratilgan. Ularda jins yo'q. Nafs yo'q. Ular ko'proq masjidlarda bo'ladi. Kunduzi va kechasi almashib turadigan farishtalar bor. Ular bor joy sakinat kechadi.
— Men bitta qo'y zakot bermoqchiman. Shuning pulini berganim yaxshimi yoki qo'yning o'zini olib bergan ma'qulmi?
— O'zi asli qoida ko'ra, qaysi moli yoki mahsuloti zakotdagi miqdorga etsa, shuning o'zidan zakot beriladi.
— Kovid bilan og'rigan, kislorod apparida yotgan, qimirlashi qiyin bo'lgan bemor qanday poklansa bo'ladi. Ya'ni namoz o'qish uchun tahorat o'rniga qanday amalni bajaradi?
— Agar suv ishlatish kasalligi chuzilib ketishiga sabab bo'lsa, tayammum qilinadi. Ya'ni tuproq bilan poklanish. Qum, yassi tosh ham bo'laveradi. Bemor qo'llarini ana shu jismlarga urib yuzlariga surtadi, ikkinchi marta qo'llarini toshga urib chap qo'l bilan o'ng qo'lini, o'ng qo'l bilan chap qo'lini tirsakkacha siypalaydi. Keyin yotgan joyida imo-ishora bilan ibodat qilsa bo'ladi. Toki tuzalgunicha shunday bo'ladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugungi kunda ko‘plab musulmon yurtlarida jamiyat ichida tafriqa va fitnalar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan jiddiy muammolardan biri – takfir, ya’ni musulmonlarni “kofir” deb fatvo chiqarishning ko‘payganligidir. Bu masala keyin paydo bo‘lgan masalalardan hisoblanadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilgani hech kimga ma’lum emas. Bu mavzu juda nozik va o‘ta xatarli masala bo‘lib, mavzuni yaxshi anglash uchun avvalo kufrning ma’nosi va ta’rifini tushunib olish lozim.
Kufr tushunchasi va uning ta’rifi
“Kufr” imonning ziddi bo‘lib, u lug‘atda “berkitish” va “yopish” ma’nosini anglatadi. Ibn Foris shunday deydi: “Kufr – iymonning ziddidir. U haqiqatni yopish va berkitish ma’nosida ishlatiladi”. (Maqoyis al-lug‘a, 5/191). Ulamolar kufrni ta’riflashda turli iboralarni aytib o‘tganlar, jumladan Ibn Hazm rahimahulloh shunday deydi: “Kufr – Allohning Rob ekanligini inkor qilish, Qur’onda nubuvvati tasdiqlangan biror payg‘ambarning payg‘ambarligini inkor qilish yoki Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan, butun ummatning ittifoqi bilan sahih ekani ma’lum bo‘lgan narsani inkor qilishdir. Shuningdek, biror amalni bajarish kufr ekani dalillar bilan tasdiqlangan bo‘lsa, shu amalni bajarish ham kufr hisoblanadi” (Al-Fasl fil-milal val-ahvo van-nihal, 3/118).
“Al-Mavsuatul-Fiqhiya”da shunday deyilgan: "Shariatda kufr – Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dinidan ekani aniq va zaruriy ravishda ma’lum bo‘lgan narsani inkor etishdir. Masalan, Allohning borligini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarligini yoki zinoning haromligini inkor qilish shu jumladandir" (Al-Mavsuatul-Fiqhiya. 15/34)
Takfirning tarixiy ildizlari
Endi bu masalaning tarixiga nazar tashlasak, musulmonlarni kofirga chiqarishga birinchi bo‘lib jur’at qilganlar “xavorijlar” firqasi hisoblanadi. Ular “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofirga aylanadi”, “Yomon amal qilgan musulmon Islomdan chiqadi”, deb hisoblaganlar. Xo‘sh, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan “jahannam itlari” deb nomlangan, musulmonlarni kofirga chiqarib, ularning qonini halol sanaydigan bu toifa qayerdan kelib chiqqan? Bu borada Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh o‘zlarining “Talxis al-Xobir” asarlarida qisqacha to‘xatalib, shunday deganlar: Aslida xavorij so‘zi “xuruj”, ya’ni “qarshi chiqish” so‘zidan olingan bo‘lib, ular Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular avvaliga Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafida edilar va Hazrati Ali roziyallohu anhu bilan birga Jamal va Siffin janglarida ishtirok etishgan edi. Siffin jangining nihoyasida shom ahli mag‘lubiyat yaqinligini sezgach mus'haflarni nayzalarga ilib, qarshi tomonni Allohning kitobini orada hakam qilishga chaqirishni maslahat berishdi. Hazrati Ali roziyallohu anhu avvaliga bu fikrni unchalik ma’qul ko‘rmadilar. Lekin U zotning safdoshlari orasida Allohning kitobini hakam qilishga rozi bo‘lganlar ko‘pchilik edi. Natijada, Hazrati Ali roziyallohu anhuning musulmonlar qonini to‘kmaslik haqidagi istaklari ustun kelib, hakamlikka rozi bo‘ldilar. Ammo xavorijlar keyinroq bu qarorni inkor qildilar va: “Hakamlikni qabul qilib, xato qilibmiz! Endi xatoni tuzatishimiz kerak! Allohning hukmidan boshqa hukm yo‘q! deb baqira boshladilar”. Ular Hazrati Ali roziyallohu anhu va hakamlikka rozi bo‘lganlarning barchasini kofir deb “fatvo” chiqardilar va faqat tavba qilib, ularga qo‘shilganlarni imonda qolgan deb hisobladilar. Hattoki bu gumrohlar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan jannat bashoratini eshitgan Hazrati Alidek zotga: “Sen o‘zingni kofir deb tan ol, so‘ngra tavba qil, ana shunda biz senga itoat qilamiz”, deyishgacha bordilar. Albatta, Ali roziyallohu anhu bunga rozi bo‘lmadilar. Shundan so‘ng xavorijlar U zotga qarshi chiqib, urush ochdilar (Talxis al-Xobir, 6/2709).
Bora-bora xavorijarning qiladigan ishi musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa bo‘lmay qoldi. Ularning bu ashaddiy mavqiflari qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning behisob qonlari to‘kilishiga olib keldi. Eng yomoni, aqida bobida keraksiz ixtiloflar avj oldi. Natijada aqida poydevori darz ketdi. Faqat Ahli sunna val jamoa mazhabi ulamolari jasorati va ulkan mehnati evaziga bu darz qaytadan to‘g‘rilandi.
Takfirning xatarlari
Birovni kofir deyish oson ish emas. Chunki bu ishning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar ham o‘ta xatarlidir. Bu ishning juda nozik va o‘ta xatarli ekanini tushunish uchun quyida Qur’on va Sunnat hamda ulamolarimizning so‘zlaridan bir qancha dalillarni keltirib o‘tamiz. Alloh taolo aytadi:
يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا إِذَا ضَرَبْتُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَتَبَيَّنُوا وَلَا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلَامَ لَسْتَ مُؤْمِنًا
“Ey iymon keltirganlar! Alloh yo‘lida jihodga chiqsangiz, aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lish sababi haqida Imom Ahmad rahimahulloh, hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: “Banu Salim qabilasidan bir odam bir guruh sahobaning oldidan qo‘ylarini boqib o‘tib qoldi va ularga salom berdi. Sahobalar: “Bizdan qo‘rqqanidan salom berdi, bo‘lmasa, bermas edi”, dedilar-da, uni o‘ldirib, qo‘ylarini Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga haydab bordilar. Shunda Alloh taolo: “Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar”, oyatini nozil qildi. (Tafsir Ibn Kasir, 2/337). Alloh taolo ushbu oyatda musulmonlarni shoshqaloqlik bilan birovni imonsiz deb hukm qilishdan qaytarmoqda, Zero birovning qalbida imon bor yo‘qligini faqat Alloh taologina biladi. Shuning uchun har qanday shubha yoki taxmin asosida insonni mo‘minlikdan chiqarish, unga dushmanlarcha munosabatda bo‘lish mutlaqo noto‘g‘ri va haromdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham musulmonni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ، أَنَّ النَّبِيَّ ﷺ قَالَ: «إِذَا كَفَّرَ الرَّجُلُ أَخَاهُ فَقَدْ بَاءَ بِها أَحَدُهُمَا.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi birodarini kofirga chiqarsa, albatta, ikkisidan biri kufrga duchor bo‘ladi”, dedilar (Sahihi Muslim, 123-hadis).
Ya’ni, kim, mo‘min birodarini kofir deyish mumkin, degan e’tiqodda kofir desa, o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki halolni harom deb bilish kufr bo‘ladi. Bu holatda kimningdir iymoniga, shahodatiga hamla qilib, uni kofirga chiqarmoqda. Natijada uning o‘zi kofir bo‘ladi. Ikkinchi fikr shuki: Birovni “Ey kofir”, deyish kishini kufrga olib boradi. Ya’ni bunday deyishda kofir bo‘lib qolish xavfi bor. Bu inson bugun kofir bo‘lmasa-da, bora-bora bir kun dindan chiqib qoladi (Sharhi Navaviy 2/50).
Shunday ekan, birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini yaxshilab o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganar:
عَنْ أَنَسِ، عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «ثَلَاثٌ مِنْ أَصْل الْإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا الله ، وَلَا نُكَفِّرُهُ بذَنْبٍ، َلَا تُخْرِجُهُ مِنَ الْإِسْلَامِ بِعَمَل
Uch narsa iymonning aslidir: “Laa ilaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz” (Abu Dovud rivoyati 2532-hadis). Ya’ni kalimai shahodatni aytib, o‘zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar yetkazmaslik zarur. “Laa ilaha illallohu”ni aytib, zohirida musulmon bo‘lib ko‘ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, nari borsa osiy mo‘min bo‘ladi. Kalimai tavhidni aytib, Islomni zohiridan ko‘rsatib turgan odamni amali tufayli Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar’iy jazo beriladi. E’tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida mana shu!
Takfirga shoshilmaslik borasida ulamolarning so‘zlari
Ahli sunna val-jamoa ulamolari musulmonni kufrda ayblash masalasida nihoyatda ehtiyot bo‘lishga buyurganlar. Buyuk muhaddis va faqih Abu Ja’far Tahoviy rahimahulloh o‘zining Al-Aqida at-Tahoviya asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz” (Al-Aqida at-Tahoviya). Bu esa shuni anglatadiki, agar bir musulmon gunohga qo‘l urgani bilan uni halol deb bilmasa, u hanuz Islom doirasida qoladi. Zero, gunoh boshqa, kufr boshqa.
Mulla Ali Qoriy rahimahulloh ham bu borada mashhur hanafiy olimi Ibn Nujaym rahimahullohning so‘zlarini keltiradilar: “Agar musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (Sharh ash-Shifa).
Bu so‘zlar musulmonni osonlikcha takfir qilish naqadar katta xatarlarga olib borishini ochiq-oydin ko‘rsatmoqda. Islom shariatida kishining imonidan chiqishi faqat aniq va qat’iy dalillarga tayanishi lozim. Gumon yoki noto‘g‘ri talqin asosida birovni kofirga chiqarish jamiyatni ulkan fitna sari yetaklaydi. Shu bois, mo‘min kishi doimo o‘z birodari haqida yaxshi gumonda bo‘lishi lozimdir.
Bugungi kunda takfir muammosi
Yuqoridagi dalillar va tarixiy misollar takfir masalasining naqadar nozik va xatarli ekanini ta’kidlaydi. Afsusuki, bugungi kunda takfir masalasi yana dolzarb muammolardan biriga aylanib, ba’zi guruhlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ayrim ekstremistik harakatlar va radikal oqimlar musulmonlarni osongina kofirlikda ayblab, jamiyatda bo‘linish va fitnaga sabab bo‘lyapti. Ularning targ‘iboti natijasida yoshlar orasida mutaassiblik kuchayib, o‘zini haq, boshqalarni esa botil deb biladigan kayfiyat shakllanmoqda. Bu holatning asosiy sabablaridan biri – ilmsizlik, Qur’on va Sunnatni noto‘g‘ri tushunishdir. Ko‘pchilik mutaassib kishilar islomiy ilmlarni mustahkam o‘rganmasdan, ayrim shubhali manbalar yoki noto‘g‘ri targ‘ibotlar ta’sirida qolib, noto‘g‘ri qarashlar girdobiga tushib qolishmoqda.
Xulosa
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Islom aqida bobida ham, ibodat bobida ham, o‘zini tutish bobida ham va boshqa boblarda ham mo‘tadillikka asoslangan. Bunday mo‘tadillikning chegarasini bilish uchun esa asosli ilmiy mezon kerak. Ana shu asosli mezonga ega bo‘lish uchun esa islomiy ilmlarning barchasini asl masdarlardan, yetuk va taqvodor ulamolardan to‘liq o‘rganish kerak. Bu narsalarga odob-axloq, hilm va bosiqlik hamda har bir narsani o‘z o‘rnida to‘g‘ri baholay bilish omillari qo‘shilgandagina, o‘ng yoki so‘lga burilib, halokat jari yoqasiga kelib qolish xavfining oldi olingan bo‘ladi.
So‘zimiz so‘ngida Robbimizdan so‘raymizki: Ey Robbimiz, bizni dunyo va oxiratda hidoyat topgan bandalaring qatoriga qo‘shgin! Bizni fitnalardan uzoq, haq yo‘lda sobit qilingan va Sening rizoyinga erishgan zotlardan qilgin. Amin!
Azimjon RIXSIBOYEV,
Toshkent Islom instituti talabasi.