Daraxtzorlar – yurtga chiroy beradigan, hayot sifatini oshiradigan manbalardan. Shu maqsadda shahar va tumanlarimizda yangi bog' va sayilgohlar tashkil etilmoqda. Bunday “yashil hududlar” so'nggi yillarda ko'plab qurilishlar bo'lib, tobora rivojlanib borayotgan Toshkent shahri uchun, ayniqsa, muhim.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimiz yaqinida ulkan manzarali bog' barpo etilmoqda. 25 fevral' kuni ushbu bog' loyihasi muhokama qilingan edi. Bugun unga ilk ko'chatlar ekildi.
Shu munosabat bilan bu erga parlament va hukumat a'zolari, Toshkent shahri jamoatchiligi, nuroniylar, ilm-fan va san'at vakillari, sportchilar, yoshlar yig'ildi.
– Bugungi muborak Ramazon kunlarida sizlar bilan ko'rishib turganimdan xursandman. Halqimiz uchun munosib sharoitlar yaratish bo'yicha ko'p ishlarni boshlaganmiz. Hudo xohlasa, mana shu bahavo joyda 104 gektarlik bog' barpo etmoqchimiz. Bu xayrli ishning boshlanishi hozirgi ulug' ayyom kunlariga to'g'ri kelgani ham xosiyatli, deb o'ylayman, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Yangi bog' nafaqat manzarasi, landshafti, balki mazmuni bilan ham alohida e'tiborga molik. Bog'ning umumiy ko'rinishi xuddi ulkan daraxtning beshta shoxi shaklida bo'ladi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo'nalishini ifodalaydi.
Bog'ni oddiy park emas, eng avvalo, yuksak madaniyat va ma'naviyat maskaniga aylantirish maqsad qilingan. Bu erda odamlar tabiat qo'ynida osuda dam oladigan so'lim hududlar yaratiladi. Kashtan, eman, chinor, lola, lipa bog'lari barpo etilib, noyob manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekiladi. Sun'iy ko'l, sport maydonlari, bolalar o'yingohlari, favvoralar quriladi.
Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag'ishlangan Istiqlol majmuasi ham shu erda barpo etiladi.
Prezidentimiz bu majmuaning tarixiy-g'oyaviy ahamiyatini ta'kidladi.
- Bu yil mustaqilligimizning 30 yilligini nishonlaymiz. Lekin davlatchiligimiz 3 ming yillik. Bu ana shu buyuk tarixni ko'rsatadigan majmua bo'ladi. Bu erga kelgan yoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ham shuni anglaydigan dalillar aks ettiriladi, - dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoev bu bog' O'zbekistonning yangi qiyofasini, ulkan salohiyatini, ko'pmillatli xalqimizning jipsligi va ahilligini namoyon etadigan majmua bo'lishi kerakligini ta'kidladi. Shuni hisobga olib, bu muhtasham boqqa “Yangi O'zbekiston” deb nom berishni taklif etdi. Yig'ilganlar bu taklifni qo'llab-quvvatladi.
Davlatimiz rahbari jamoatchilik bilan birga yangi boqqa ko'chatlar o'tqazdi.
Avval xabar qilinganidek, mazkur bog'ning yonida Olimpiya shaharchasi ham bunyod etiladi.
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati