Yurtimizda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu diniy sohani ham chetlab o'tmayapti. Bu borada O'zbekiston musulmonlari idorasi mo''min-musulmon xalqimiz ibodatlarini bekami-ko'st ado etishi uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish bo'yicha ko'lamli ishlar qilmoqda. Bunda markaziy joylardagi masjidlar bilan birga chekka hududlardagi jomelarni ham obod etishga e'tibor berilmoqda.
Ana shunday masjidlardan biri Baliqchi tumanidagi “Mirzaqosim hoji” jome masjidi katta qurilish-ta'mirlash ishlari ostonasida turibdi. Uni obod qilish ishlari bevosita O'zbekiston musulmonlari idorasi homiyligida amalga oshiriladi.
Ayni maqsadda joriy yil 30 aprel' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi mas'ul xodimi Iskandar domla Halilov ushbu masjid qurilish rejasi va loyihasi bilan tanishish maqsadida “Mirzaqosim hoji” jomesida bo'ldi.
Tashrif jarayonida Iskandar domla masjid imom-xatibiga O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qurilish ishlariga ajratilgan mablag'larning maxsus sertifikatini topshirdi. Shuningdek, Diniy idora homiylarni jalb qilgan holda, umumiy kiymati 70 million so'mga yakin bo'lgan 500 kvadrat metr tunika, 3 ming kvadrat gipsakarton, shpaklovka mahsulotlari beriladi.
Shunday qilib Baliqchi tumanidagi “Mirzaqosim hoji” jome masjidi qayta qurilmoqda. Loyihaga ko'ra, masjid xonaqohi 70x40 metr, ayvoni 20x70 metr qilib qurilib, uch yarim ming mo'min-musulmon namoz o'qishiga mo'ljallanmoqda.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston musulmonlari idorasi yaqin vaqt ichida viloyatdagi Izboskan tumanidagi “Qorovul ota” va Ho'jaobod tumanidagi “Erkaboy devona” jome masjidlarining tom qismlari homiylarni jalb qilgan holda yopib berildi. Umumiy hisobda viloyatdagi uch masjidga 140 million so'mlik ko'mak berildi.
Ushbu xursandchilikdan barcha, masjid namozxonlari va mehmonlar birdek quvondi. So'ng tadbir qatnashchilari jamoat namozini ado etib, duoi xayrlar qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati