frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

“Mehr-5”: Suriyadan 93 nafar ayol va bola olib kelindi

01.05.2021   7394   11 min.
“Mehr-5”: Suriyadan 93 nafar ayol va bola olib kelindi

Muborak Ramazon oyida amalga oshirilgan “Mehr-5” operatsiyasi O'zbekiston rahbariyatining navbatdagi xayrli ishi bo'ldi.

Samolyotda parvoz qilish oldidan juda ko'pchilik ijtimoiy tarmoqlarda o'z suratlari bilan  bo'lishadi. Bu ko'pincha parvoz zavqi, sayohat ishtiyoqi bilan bog'liq bo'ladi.  

Lekin uzoq yillar vatangadolikda yurgan odamlarning parvozi samolyot u intiq bo'lgan zaminga qo'nguncha ko'zyoshlarga chulg'anishi haqida eshitganmisiz?    

“Prezidentimiz bizni jahannamdan olib chiqdi. Suriyadan samolyotga o'tirganimdan Vatanimizga kelib qo'ngunimizgacha ko'z yoshlarim tinmadi. Bizga o'zimiz hatto tasavvur qila olmaydigan yaxshilikni ravo ko'rganlarni tinmay duo qilyapman”, deb ta'kidlaydi Nodira Oloviddinova.  

U o'zi tug'ilib o'sgan Namangan viloyati Kosonsoy tumanidan chiqib ketganiga 24 yil bo'lgan ekan. Turmush o'rtog'i xorijda ishlashga jazm qilganida u ham birga yo'lga chiqqan. Bu yo'llar turli sarhadlarni bosib o'tib, oxirida ularni Suriya davlatiga olib bordi.  

– Avval Qozog'iston, Eron, Turkiya davlatlarida yashab, ishlaganmiz. Keyin Suriyada yaxshi maosh to'lashi haqida eshitib, u erga borganmiz. Biroq borishimiz bilan jahannam oloviga tushib qolganimizni tushundik, lekin ortga yo'l yo'q edi, – deydi N.Oloviddinova. –  Atrofimizda o'q ovozlari tinmas, bombalar yog'ilib turgan bir sharoitda yurak hovuchlab yashardik. Kunlardan birida qizimni olib, ish bilan uydan chiqdim. Qaytib kelganimizda yashayotgan joyimizga bomba tushib, uy ham, shu vaqtda o'sha erda bo'lgan turmush o'rtog'im, besh o'g'lim kunpayakun bo'lgan ekan...  

Hammasidan bir kunda ayrilib, faryod ko'targanicha qolgan ayol bir qizi va o'sha vaqtda uydan chiqib ketgani uchun tirik qolgan yana bir o'g'li bilan uch-to'rt yildan buyon og'ir sharoitda yashab kelgan. Qo'rquv to'la uyqusiz tunlarida yurtga qaytishga ko'zi etmasa ham Yartgandan doim najot so'ragan.  

Hayot so'qmoqlarida bu ayol kabi adashganlarni ko'pchilik qoralaydi, albatta. Biroq inson borki, xato qiladi. Ayniqsa, eri, aka-ukasining qistovi bilan yurtdan chiqib ketgan ayollar, ularning bolalari aslida aybsiz aybdorlardir.  

Shuning uchun ham davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev topshirig'iga ko'ra va bevosita nazorati ostida xorijiy yurtlarda qiyin sharoitga tushib qolgan shunday vatandoshlarimizga ko'mak berish, ularni mamlakatimizga qaytarish bo'yicha “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirib kelinmoqda.  

Shu kungacha o'tkazilgan “Mehr-1, -2, -3, -4” operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg'onistondan og'ir ahvolga tushib qolgan 438 nafar ayol va bola mamlakatimizga olib kelindi.  

Zero, har bir O'zbekiston fuqarosi davlat himoyasida ekani Bosh qomusimizda kafolatlangan.  

Kuni kecha Muborak Ramazon oyida AQSh va boshqa hamkor davlatlar ko'magi bilan amalga oshirilgan “Mehr-5” operatsiyasi natijasida Suriya hududidagi urush ketayotgan “qaynoq nuqtalar”ga borib qolib, “Al-Hol” lagerida 3 yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 nafar ayol va 69 nafar bola O'zbekistonga qaytarildi.  

Ular mutaassiblik, terrorchilik yo'liga kirgan turmush o'rtoqlarining undovi bilan Suriyaga borgan va erlarini janglarda yo'qotib, o'zlari beva, farzandlari esa etim qolgan.  

Vatanga olib kelingan bolalar orasida ham otasini, ham onasini yo'qotgan 7 nafar chin etim ham bor.

Achinarlisi, taqdirning achchiq qismatiga duchor kelgan bu vatandoshlarimiz hayot kechirish uchun zarur bo'ladigan oddiy sharoitlardan mahrum holatda yashab kelgan.  

– Yurtimizda kechirimlilik, afv etish, adashgan kishilarning to'g'ri yo'lga tushib ketishiga imkon berishdek azgu amallar muntazamlik kasb etgan, – deydi O'zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov. – Ushbu muborak kunlarda shunday yana bir bag'rikenglikning guvohi bo'lib turibmiz. Prezidentimiz topshirig'i bilan urush ketayotgan joydan og'ir ahvolda qolgan ayollar va bolalar olib kelindi.  Halqimizdan, davlatimiz rahbaridan kechirim so'rab, yordam so'rab yolvorgan bu ayollar noto'g'ri da'vatlarga uchib, xorijga chiqib ketgan turmush o'rtoqlarining xatosi qurboni bo'lgan. Bu holatdan boshqalar, ayniqsa, yoshlar saboq olishi kerak. Chunki shu kunlarda ham soxta da'volarga aldanib, go'yoki xijrat qilish uchun Suriyaga ketmoqchi bo'layotganlar topiladi. Aynan shular bunday qilmishning oqibati nima bo'lishini mana bu tirik etimlar misolida anglashi zarur.    

Suriyadan olib kelingan ayollar va bolalar Toshkent viloyatidagi “Bo'ston” sanatoriyasiga joylashtirildi. Ularga tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko'rsatiladi. Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo'yicha zarur ishlar amalga oshiriladi.  

Avval yangi tong otishiga ishonmay uyquga yotgan bu 93 nafar insonning bugungi tonggi xotirjamlikda, ertangi kunga ishonch bilan otdi.  

Halqaro ekspertlar fikriga ko'ra, O'zbekiston o'z fuqarolarini harbiy mojaroli zonalardan olib chiqish bilan faol shug'ullanayotgan kam sonli davlatlardan biri sanaladi.  

Hulosa o'rnida ta'kidlash lozimki, aynan “Mehr”operatsiyasi orqali avval olib kelingan shaxslar bunday bag'rikenglikka javoban hozir tinch hayot kechirib, halol mehnat bilan shug'ullanmoqda. Bolalar esa ta'lim olmoqda. Chin etim bo'lib qolgan farzandlar Mehribonlik uylariga  joylashtirilgan. Ularning yangi hayoti, dunyoqarashi yaxshi tomonga o'zgargan.  

Turli sabablar bilan adashgan, bugun to'g'ri yo'lga tushayotgan bunday shaxslarga nafaqat davlat, jamoatchilik g'amxo'rlik ko'rsatishi, balki ularning atrofidagi odamlar ham befarq bo'lmasligi kerak. Zero, bir zaminda tug'ilib, yonma-yon yashar ekanmiz, har birimiz bir-birimiz uchun ham mas'ulmiz.  Zotan, qayerda adashganlar bo'lsa, bu uning atrofidagilarning loqaydligi mahsulidir.    

Hech qachon befarq bo'lmang, yaqinlaringiz, atrofingizdagilar adashishiga yo'l qo'ymang.  

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

    Norgul Abduraimova,  

O'zA

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

21.08.2026   53202   1 min.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.

Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.

Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:

  • Rahmatulla Umarov — Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Maxtumquli Toshqulov — Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Azimxon Abdullayev — Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Abdulbosit Rahimov — Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.

Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari