Sayt test holatida ishlamoqda!
17 May, 2025   |   19 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:03
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:40
Xufton
21:10
Bismillah
17 May, 2025, 19 Zulqa`da, 1446

Oylar sultoni — Ramazon: Ro'zador kishi ro'za tutmaganlarga ovqat sotsa bo'ladimi? Ro'zador holimda og'riyotgan tomog'imga spirt surishim mumkinmi?

01.05.2021   3207   2 min.
Oylar sultoni — Ramazon: Ro'zador kishi ro'za tutmaganlarga ovqat sotsa bo'ladimi? Ro'zador holimda og'riyotgan tomog'imga spirt surishim mumkinmi?

Navbatdagi suhbat O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo'limi mutaxassisi Zikriyo Boborahimov bilan uyushtirildi.

Ro'zador odam ro'za tutmagan odamlarga ovqat pishirib bersa bo'ladimi?

Ramazon oyida kunduz kuni shar'iy uzrsiz ro'za tutmagan kishilarga ovqat pishirib berish yoki pishirib sotish umuman mumkin emas. Bu Ramazon oyiga nisbatan va Allohning farz qilgan ro'zasiga nisbatan hurmatsizlik bo'ladi. Ro'za Islomning katta shiorlaridan hisoblanib, uni ulug'lash taqvodan bo'ladi. Alloh taolo: «Ana shunday. Kim Allohning shiorlarini ulug'lasa, bas, albatta, bu qalblarning taqvosidandir» (Haj surasi, 32-oyat). Vallohu a'lam.

Ro'zador holimda shamollagan bo'lsam, burnimga sprey-dori sepsam va tomog'imga spirt surtsam bo'ladimi?

Spreyning gazli (havoli)sidan yoki surtma (maz)ga o'xshash, burunning ustiga surtsa hididan dimog' ochilib ketadigan vositalardan foydalangan ma'qul. Spreyning suyuqlik purkaydigani ro'zani ochishi mumkin. Ro'zador kishi tomog'iga spirt surtsa bo'ladi, uning ro'zaga ta'siri yo'q. Ammo spirt ichga o'tib ketmasligi shart. Vallohu a'lam.

Ro'za tutganman, ammo ro'za tutganim yodimdan ko'tarilib, «qornim ochib ketdi» deb yubordim. Gunoh bo'lmaydimi, ro'zaga ta'siri yo'qmi?

Ro'za tutgan kishi «qornim ochib ketdi» deyishi bilan ro'zasi ochilmaydi va ro'zadorligi yoddan chiqqanligi sabab bu bilan gunohkor bo'lmaydi. Agar shu gapni ro'zadan malollanib, Alloh taoloning farz qilgan ro'zasidan siqilib aytsa, gunohkor bo'ladi. Vallohu a'lam.

Ro'zador odam qon tahlili topshirsa bo'ladimi?

Ha, ro'zador odam turli maqsadlarda qon topshirishi mumkin, bu ish bilan uning ro'zasi ochilmaydi. Chunki ro'za ichga kiruvchi narsalar sababli buziladi. Lekin ro'zador qon topshirsa, zaiflashib qoladigan bo'lsa, makruh bo'ladi. Bu holatda qon topshirishni iftordan keyinga qoldirish maqsadga muvofiq. Vallohu a'lam.

Ma'lumot uchun: Sizda shar'iy masalalarda savollar bo'lsa, O'zbekiston musulmonlari idorasining Telegram’dagi @diniysavollar kanaliga, «savollar.muslim.uz» saytiga yoki fatvo bo'limining 78-150-33-44 raqamli koll-markaziga murojaat qilishingiz mumkin.

Boshqa maqolalar

“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

14.05.2025   3556   3 min.
“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

Tartil bilan Qur’oni karimni qiroat qilish muhim amallardan biri bo‘lib, harflarni maxrajlaridan chiqarib, Allohning kalomini tushunib, tajvid qoidalari bilan to‘g‘ri o‘qishni anglatadi. “Tartil”ning lug‘aviy ma’nosi “biror narsani dona-dona qilib terish”ni anglatadi.

Qur’oni karim Alloh taoloning kalomi bo‘lib, uni tartil bilan o‘qish U zotning buyrug‘idir. Muzzammil surasi 4-oyatda shunday deyiladi: “Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil”.

Ali roziyallohu anhudan oyatning ma’nosini so‘rashganda, “tartil – harflarni yaxshilash, vaqf o‘rinlarni bilish”, deb javob qilganlar. Jabroil alayhissalomga Muhammad alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar.

Tartil bilan Qur’on qiroat qilish uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish lozim. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. Tajvid qoidalariga rioya qilish: “Tajvid”ning lug‘aviy ma’nosi “sifatini oshirish, ziynatlash, chiroyli qilish”ni bildiradi, istilohda Qur’ondagi so‘zlarning har birini o‘z miqdori va sifatida talaffuz qilish, iste’lo va istifola harflarini bir-biridan farqlab, tafxim, tarqiq, idg‘om, izhor kabi qoidalarga amal qilib o‘qishni anglatadi.
  2. Dona-dona, bir maromda va aniq o‘qish: Tartil bilan o‘qishda shoshilmaslik, har bir kalimani aniq tarzda o‘qish muhimdir. Bu oyatlarning ma’nosini tushunishga yordam beradi. Imom Shofeiy tartilning eng ozi tilovatda shoshilishni tark etishdir deganlar.
  3. Ma’nolarini tadabbur qilish: Qur’on ma’nolarini anglash tartilning muhim qismidir. Oyatlarning ma’nosini bilish ularni qalbga singdirishga yordam beradi.
  4. Ixlos va taqvo: Qur’onni faqat Allohning roziligi uchun o‘qish kerak. Ixlos bilan o‘qilgan Qur’onning barakasi va savobi ulug‘ bo‘ladi.
  5. Poklik va ehtirom: Qur’onni tahorat bilan o‘qish, tinch joyda va e’tibor bilan o‘qish tartilning sifatini oshiradi.

Tartil bilan Qur’on o‘qishning foydalari juda ko‘p. Ulardan ba’zilari:

  • Ruhiy oziq: Qur’on qalb uchun nurdir. Uni tartil bilan o‘qish insonning ruhini yanada sayqallaydi va Allohga yaqinlashtiradi.
  • Savob: Har bir harf uchun ko‘plab savob beriladi. Tartil bilan o‘qish bu savobni yanada oshiradi.
  • Qalb xotirjamligi: Qur’on qiroatining ovozi va ma’nosi qalbga taskin beradi, stress va tashvishlarni kamaytiradi.
  • Ilm: Qur’on ma’nolarini anglash va tajvidni o‘rganish orqali insonning bilimi rivojlanadi.
  • Shafoat: Qur’on qiyomat kuni o‘quvchilariga shafoatchi bo‘ladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on sohibiga: qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shundoq tartil qil. Albatta, sening manziling oxiri qiroat qilgan oyating makonidan bo‘ladir, deyiladi”, dedilar”, (Imom Termiziy rivoyati).

Zafar qori Mahmudov,
Toshkent Islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi.