Shafoat tushunchasi bayoni
28- وَمَرْجُوٌّ شَفَاعَةُ أَهْلِ خَيْرٍ لِأَصْحَابِ الْكَبَائِرِ كَالْجِبَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Solih bandalarning shafoati tog'lardek gunohi kabiralarni qilganlarga (ham) umid qilingandir.
Nazmiy bayoni:
Solihlar shafoatidan, albat, umid bor,
Umidvorlar bo'lsa ham tog'dek gunohkor.
Lug'atlar izohi:
مَرْجُوٌّ – mubtadosidan oldin keltirilgan xabar. Rajo kalimasi lug'atda “umidvorlik” ma'nosida ishlatiladi.
شَفَاعَةُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Lug'atda “juft qilmoq”, “tarafini olmoq” ma'nolarini anglatadi.
خَيْرٍأَهْلِ – muzofun ilayh. Lug'atda “yaxshilik egalari” ma'nosini anglatadi.
لِ – jor harfi اِلَى ma'nosida kelgan.
الْكَبَائِرِ أَصْحَابِ – gunohi kabiralarni sodir etgan va tavba qilmasdan vafot etgan kishilar ko'zda tutilgan.
كَ – “tashbeh” (o'xshatish) uchun kelgan jor harfi.
الْجِبَالِ – tog'lar erdan baland ko'tarilgan va uzun cho'zilib ketgan bahaybat do'ngliklardir. Musulmon kishi har qancha bahaybat gunohlarni sodir etgan bo'lsa ham shafoatdan umid uzilmasligini bildirib qo'yish uchun aynan shu kalima ishlatilgan.
Matn sharhi:
Hayr ahli hisoblangan solih insonlarning gunohkorlarni shafoat qilishlari, agar o'sha gunohkorlar tog'lardek katta gunohlarni sodir etgan bo'lsalar ham, Alloh taolodan gunohlarini afv etishini so'rashlari umid qilinadigan ish sanaladi. Solih insonlarning kimlar ekanligi quyidagi hadisi sharifda bayon qilingan:
عَنْ عُثْمَانَ بْنِ عَفَّانَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَشْفَعُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ ثَلاَثَةٌ الأَنْبِيَاءُ ثُمَّ الْعُلَمَاءُ ثُمَّ الشُّهَدَاءُ. رَوَاهُ اِبْنُ مَاجَّةَ
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida shafoat qiladiganlar uchtadir: payg'ambarlar, so'ngra ulamolar, so'ngra shahidlardir”, – dedilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan.
Ya'ni qiyomat kunida eng avvalo payg'ambarlar shafoat qiladilar, so'ngra ilmiga amal qilgan olimlar shafoat qiladilar, so'ngra Alloh yo'lida jonlarini fido qilgan muxlis shahidlar shafoat qiladilar. Hadisi sharifda shahidlarning olimlarga ثُمَّbilan atf qilinishida olimlarning shahidlardan yuqori martabada bo'lishlariga ishora bor.
Shafoatga lug'aviy jihatdan ikki xil ma'no berilgan. Ba'zilar shafoatni شَفْعٌ ya'ni “juft qilmoq” ma'nosida deyishsa, ba'zilar esa شَفَاعَةٌ ya'ni “himoya qilmoq”, “tarafini olmoq” kabi ma'nolarni bildiradi, deyishgan. Shunga ko'ra shafoatga ikki xil ta'rif berilgan:
a) yaxshilikni jalb qilish;
b) zararni daf qilish[1]”.
Shafoatning shartlari
Qur'oni karimda shafoatning qachon naf berishi shunday bayon qilingan:
﴿۞وَكَم مِّن مَّلَكٖ فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ لَا تُغۡنِي شَفَٰعَتُهُمۡ شَيًۡٔا إِلَّا مِنۢ بَعۡدِ أَن يَأۡذَنَ ٱللَّهُ لِمَن يَشَآءُ وَيَرۡضَىٰٓ٢٦﴾
“Osmonlarda qanchadan-qancha farishtalar bo'lib, o'shalarning shafoatlari ham – Alloh O'zi xohlagan va rozi bo'lgan kishilarga (shafoatga) izn bermagunicha – foyda bermas”[2].
Ushbu oyati karimada shafoat faqat ikki shart bilan naf berishi aytilgan:
﴿قُل لِّلَّهِ ٱلشَّفَٰعَةُ جَمِيعٗاۖ لَّهُۥ مُلۡكُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۖ ثُمَّ إِلَيۡهِ تُرۡجَعُونَ٤٤﴾
“Ayting: “Barcha shafoat (oqlov) faqat Allohnikidir”[3].
﴿فَمَا تَنفَعُهُمۡ شَفَٰعَةُ ٱلشَّٰفِعِينَ٤٨﴾
“Endi shafoatchilarning shafoati ularga foyda bermas”[4].
Ya'ni Allohdan ularni azoblamaslikni so'raydigan shafoatchi bo'lmaydi. Agar butun Yer ahli ularni shafoat qilmoqchi bo'lsalar ham, ularning shafoatlari qabul qilinmaydi. Shafoat haqida ko'plab hadisi shariflar kelgan:
عَنْ عَوْفِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ قَالْ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَى اللهُ عَلَيهِ وَ سَلَّمَ أَتَانِي آتٍ مِنْ عِنْدِ رَبِّي فَخَيَّرَنِى بَيْنَ أَنْ يَدْخُلَ نِصْفُ أُمَّتِي الْجَنَّةَ وَ بَيْنَ الشَّفَاعَةِ فَاخْتَرْتُ الشَّفَاعَةَ وَ هِىَ لِمَنْ مَاتَ لاَ يُشْرِكُ بِاللهِ شَيْئًا. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Avf ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga Robbimning huzuridan bir kelguvchi keldi va ummatimning yarmi jannatga kirmoqligini yoki shafoatni tanlashimni so'radi. Bas, men shafoatni tanladim. U Allohga hech narsani shirk keltirmay vafot etgan kishi uchundir”, – dedilar”. ImomTermiziy rivoyat qilgan.
Shafoatning turlari
Shafoatni ikki turga ajratish mumkin:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xos shafoatlar
﴿وَمِنَ ٱلَّيۡلِ فَتَهَجَّدۡ بِهِۦ نَافِلَةٗ لَّكَ عَسَىٰٓ أَن يَبۡعَثَكَ رَبُّكَ مَقَامٗا مَّحۡمُودٗا٧٩﴾
“Shoyadki, Robbing seni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa”[5].
Oyati karimada zikr qilingan “maqtovli maqom”ni jumhur ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga beriladigan qiyomat kunidagi ulkan shafoat, – deyishgan.
﴿وَبَيۡنَهُمَا حِجَابٞۚ وَعَلَى ٱلۡأَعۡرَافِ رِجَالٞ يَعۡرِفُونَ كُلَّۢا بِسِيمَىٰهُمۡۚ وَنَادَوۡاْ أَصۡحَٰبَ ٱلۡجَنَّةِ أَن سَلَٰمٌ عَلَيۡكُمۡۚ لَمۡ يَدۡخُلُوهَا وَهُمۡ يَطۡمَعُونَ٤٦﴾
“A'rof (arasot) uzra (jannat va do'zaxdagilarning) har birini siymolari (alomatlari)dan tanib oladigan kishilar (bo'lur)”[6].
Yaxshiliklari va yomonliklari teng kelib qolgan kishilar bir tafsirga ko'ra ushbu oyati karimaning umumiy ma'nosiga kiradilar. Ya'ni yaxshiliklari va yomonliklari teng kelib, o'rtada turib qolgan kishilar Rasulullohning shafoatlari bilan jannatga kiradilar, – deyishgan.
عَنْ جَابِرِ بنِ عَبْدِ اللهِ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ شَفَاعَتِي لِأَهْلِ الكَبَائِرِ مِنْ أُمّتِي. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan ahli kaboirlarga shafoatim bordir”, – dedilar”. ImomTermiziy rivoyat qilgan.
Shuningdek, do'zaxga kirgan ba'zi kimsalarning u zotning shafoatlari sababli undan chiqarilishi haqida ham rivoyatlar kelgan:
حَدَّثَنَا عِمْرَانُ بْنُ حُصَيْنٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَخْرُجُ قَوْمٌ مِنْ النَّارِ بِشَفَاعَةِ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ يُسَمَّوْنَ الْجَهَنَّمِيِّينَ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Bizlarga Imron ibn Husayn roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitganini gapirib berdi: “Bir qavm Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari sababli do'zaxdan chiqib, jannatga kiradilar, “jahannamiylar” deb nomlanadilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
عَنْ أُمّ سَلَمَةَ قَالَتْ: دَخَلَ رَسُولُ اللّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَىَ أَبِي سَلَمَةَ وَقَدْ شَقّ بَصَرُهُ فَأَغْمَضَهُ ثُمّ قَالَ إِنّ الرّوحَ إِذَا قُبِضَ تَبِعَهُ الْبَصَرُ فَضَجّ نَاسٌ مِنْ أَهْلِهِ فَقَالَ لَا تَدْعُوا عَلَيَّ أَنْفُسِكُمْ إِلاّ بِخَيْرٍ فَإِنّ الْمَلاَئِكَةَ يُؤَمِّنُونَ عَلَىَ مَا تَقُولُونَ ثُمّ قَالَ اللّهُمّ اغْفِرْ لأَبِي سَلَمَةَ وَارْفَعْ دَرَجَتَهُ فِي الْمَهْدِيّينَ وَاخْلُفْهُ فِي عَقِبِهِ فِي الْغَابِرِينَ وَاغْفِرْ لَنَا وَلَهُ يَا رَبّ الْعَالَمِينَ وَافْسَحْ لَهُ فِي قَبْرِهِ وَنَوّرْ لَهُ فِيهِ. رَوَاهُ مُسْلمٌ
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Salamaning yoniga kirdilar, uning ko'zi bir tomonga qarab qolgan edi, uni yopib qo'ydilar. So'ngra: “Qachon ruh qabz qilinsa, ko'z unga ergashadi”, – dedilar. Uning yaqinlari yig'lab yuborishdi. U zot: “O'zlaringizga faqat yaxshi narsani tilanglar, albatta farishtalar aytayotgan narsalaringizga omiyn deb turadilar”, – dedilar. So'ngra: “Ey Allohim, Abu Salamani mag'firat qilgin, uning darajasini hidoyat qilinganlar holatida ko'targin, unga ahlidan o'rinbosarlar qilgin, ey olamlar Robbisi, bizni ham, uni ham kechirgin. Unga qabrini keng va nurli qilib bergin”, – dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.
عَنْ الزُّهْرِيِّ قَالَ حَدَّثَنِي سَعِيدُ بْنُ الْمُسَيَّبِ أَنَّ أَبَا هُرَيْرَةَ حَدَّثَهُ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مِنْ أُمَّتِي زُمْرَةٌ هُمْ سَبْعُونَ أَلْفًا تُضِيءُ وُجُوهُهُمْ إِضَاءَةَ الْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ وَقَالَ أَبُو هُرَيْرَةَ فَقَامَ عُكَّاشَةُ بْنُ مِحْصَنٍ الْأَسَدِيُّ يَرْفَعُ نَمِرَةً عَلَيْهِ فَقَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ ادْعُ اللَّهَ أَنْ يَجْعَلَنِي مِنْهُمْ قَالَ اللَّهُمَّ اجْعَلْهُ مِنْهُمْ ثُمَّ قَامَ رَجُلٌ مِنْ الْأَنْصَارِ فَقَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ ادْعُ اللَّهَ أَنْ يَجْعَلَنِي مِنْهُمْ فَقَالَ سَبَقَكَ بِهَا عُكَّاشَةُ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Zuhriydan rivoyat qilinadi: “Menga Sa'id ibn Musayyab gapirib berdi, unga Abu Hurayra gapirib bergan ekan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Jannatga mening ummatimdan yuzlaridan nur balqib turgan bir guruh kiradi. Ular etmish mingtadir. Ularning yuzlari to'lin oy kechasidagi oyning ziyosidek nur taratib turadi”, – deyayotganlarini eshitdim. Abu Hurayra: “Shunda Ukkosha ibn Mihson Asadiy ustidagi chakmonini ko'tarib sakrab o'rnidan turib ketdi va: “Ey Allohning Rasuli, meni o'shalardan qilishini so'rab Allohga duo qiling”, – dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ey Allohim, uni o'shalardan qilgin”, – dedilar. So'ngra ansorlardan bo'lgan bir kishi o'rnidan turib: “Ey Allohning Rasuli, meni o'shalardan qilishini so'rab Allohga duo qiling, – dedi. U zot: “Uni Ukkosha sendan oldin qo'lga kiritib bo'ldi”, – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَذُكِرَ عِنْدَهُ عَمُّهُ أَبُو طَالِبٍ فَقَالَ لَعَلَّهُ تَنْفَعُهُ شَفَاعَتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَيُجْعَلُ فِي ضَحْضَاحٍ مِنْ النَّارِ يَبْلُغُ كَعْبَيْهِ يَغْلِي مِنْهُ أُمُّ دِمَاغِهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida amakilari Abu Tolib zikr qilinganida u zotning: “Shoyadki qiyomat kunida unga mening shafoatim naf bersa, u olovning chuqur bo'lmagan, ikki to'pig'igagina etib turadigan sayoz joyiga qo'yiladi. O'sha joy sababli bosh miyasining pardasi qaynab turadi”, – deganlarini eshitgan”. ImomBuxoriy rivoyat qilgan.
عَنْ أَنَسٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَا أَوَّلُ شَافِعٍ فِى الْجَنَّةِ. رَوَاهُ الدَّارِمِىُّ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men jannatga erishish uchun avvalgi shafoatchiman”, – dedilar”. ImomDorimiy rivoyat qilgan.
Ya'ni u zot insonlarning jannatga kirishlari uchun avvalgi shafoatchidirlar.
عَنْ جَابِرِ بنِ عَبْدِ الله قال قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ شَفَاعَتِي لِأَهْلِ الكَبَائِرِ مِنْ أُمّتِي. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan ahli kaboirlarga shafoatim bordir”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Umumiy shafoatgo'ylarning shafoatlari
عَنْ عُثْمَانَ بْنِ عَفَّانَ قَالَ قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَشْفَعُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ ثَلاَثَةٌ الأَنْبِيَاءُ ثُمَّ الْعُلَمَاءُ ثُمَّ الشُّهَدَاءُ. رَوَاهُ اِبْنُ مَاجَّةَ
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida shafoat qiladiganlar uchtadir, payg'ambarlar, so'ngra ulamolar, so'ngra shahidlar”, – dedilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan.
﴿۞وَكَم مِّن مَّلَكٖ فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ لَا تُغۡنِي شَفَٰعَتُهُمۡ شَيًۡٔا إِلَّا مِنۢ بَعۡدِ أَن يَأۡذَنَ ٱللَّهُ لِمَن يَشَآءُ وَيَرۡضَىٰٓ٢٦﴾
“Osmonlarda qanchadan-qancha farishtalar bo'lib, o'shalarning shafoatlari ham – Alloh O'zi xohlagan va rozi bo'lgan kishilarga (shafoatga) izn bermagunicha – foyda bermas”[7].
عَنْ عَلِيٍّ قَالَ قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إنَّ السقْطَ لَيُرَاغِمُ رَبَّهُ إذا دَخَلَ أبَواهُ النَّارَ فَيُقالُ أيُّها السِّقْط المُرَاغِمُ رَبَّهُ أدْخِلْ أبَوَيْكَ الجَنَّةَ فَيَجُرُّهُما بِسَرَرِهِ حَتّى يُدْخِلَهُما الجنّة. رَوَاهُ اِبْنُ مَاجَّةَ
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Go'dak ota-onasi do'zaxga kirganda, albatta, Robbisiga (ota-onasining do'zaxga kiritilishiga) norozilik bildiradi. Unga: “Ey Robbisiga (ota-onasining do'zaxga kiritilishiga) norozilik bildirayotgan go'dak, ota-onangni jannatga olib kir”, – deyiladi. U ikkalasini uzun kindigi bilan jannatga kirgizgunicha tortib boradi”, – dedilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan.
عَنْ الْمِقْدَامِ بْنِ مَعْدِيكَرِبَ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ لِلشَّهِيدِ عِنْدَ اللَّهِ سِتُّ خِصَالٍ يُغْفَرُ لَهُ فِي أَوَّلِ دُفْعَةٍ مِنْ دَمِهِ وَيُرَى مَقْعَدَهُ مِنْ الْجَنَّةِ وَيُجَارُ مِنْ عَذَابِ الْقَبْرِ وَيَأْمَنُ مِنْ الْفَزَعِ الْأَكْبَرِ وَيُحَلَّى حُلَّةَ الْإِيمَانِ وَيُزَوَّجُ مِنْ الْحُورِ الْعِينِ وَيُشَفَّعُ فِي سَبْعِينَ إِنْسَانًا مِنْ أَقَارِبِهِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Miqdam ibn Ma'diykariba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shahid uchun Alloh taoloning huzurida olti xislat bo'ladi:
عَنْ عَلِيّ بنِ أَبي طَالِبٍ قالَ قالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ قَرَأَ القُرْآنَ وَاسْتَظْهَرَهُ فَأَحَلّ حَلاَلَهُ وَحَرّمَ حَرَامَهُ أَدْخَلَهُ الله بِهِ الْجَنّةَ وَشَفّعَهُ فِي عَشْرَةٍ مِنْ أَهْلِ بَيْتِهِ كُلّهُمْ وَجَبَتْ لَهُ النّارُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qur'on o'qigan va uni yod olgan bo'lsa, halolini halol, haromini harom deb bilgan bo'lsa, shu sababli Alloh uni jannatga kirgizadi va har biriga do'zax vojib bo'lgan o'nta yaqinlari uchun uning shafoatini qabul qiladi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اَللَّهُ عَنْهُمَا سَمِعْتُ اَلنَّبِيّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ مَا مِنْ رَجُلٍ مُسْلِمٍ يَمُوتُ فَيَقُومُ عَلَى جَنَازَتِهِ أَرْبَعُونَ رَجُلاً لاَ يُشْرِكُونَ بِاَللَّهِ شَيْئًا إِلاَّ شَفَّعَهُمْ اَللَّهُ فِيهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Biror bir musulmon vafot etganda uning janozasiga Allohga hech narsani shirk keltirmaydigan qirq kishi qatnashsa, albatta Alloh ularning u haqidagi shafoatlarini qabul qiladi”, – deyayotganlarini eshitdim”. Muslim rivoyat qilgan.
عَنْ زَيْدٍ أَنّهُ سَمِعَ أَبَا سَلاّمٍ يَقُولُ حَدّثَنِي أَبُو أُمَامَةَ الْبَاهِلِيّ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ اقْرَأُوا الْقُرْآنَ فَإِنّهُ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ شَفِيعاً لأَصْحَابِهِ اقْرَأُوا الزّهْرَاوَيْنِ الْبَقَرَةَ وَسُورَةَ آلِ عِمْرَانَ فَإِنّهُمَا تَأْتِيَانِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَأَنّهُمَا غَمَامَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا غَيَايَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا فِرْقَانِ مِنْ طَيْرٍ صَوَافٍّ تُحَاجّانِ عَنْ أَصْحَابِهِمَا، اقْرَأُوا سُورَةَ الْبَقَرَةِ فَإِنّ أَخْذَهَا بَرَكَةٌ وَتَرْكَهَا حَسْرَةٌ وَلاَ يَسْتَطِيعُهَا الْبَطَلَةُ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ
Zayddan rivoyat qilinadi, u Abu Sallomning menga Abu Umoma Bohiliy gapirib berdi deyayotganini eshitgan. U aytganki: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qur'on o'qinglar, chunki u qiyomat kunida o'z sohiblariga shafoatchi bo'lib keladi. Ikki nur sochuvchini, Baqara va Oli Imron suralarini o'qinglar, chunki bu ikkalasi qiyomat kunida go'yo ikki bulut kabi, yoki go'yo ikki baland soyabon kabi, yoki go'yo saf tortgan ikki qush to'dasi kabi keladilar. Ikkalalari o'z sohiblari tarafidan (Zaboniya bilan) tortishadilar. Baqara surasini o'qinglar, albatta, uni olish barakadir, uni tark qilish hasratdir. Soxtakorlarning unga toqatlari etmaydi”, – deganlarini eshitganman”. Muslim rivoyat qilgan.
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ الصِّيَامُ وَالْقُرْآنُ يَشْفَعَانِ لِلْعَبْدِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ يَقُولُ الصِّيَامُ: أَىْ رَبِّ مَنَعْتُهُ الطَّعَامَ وَالشَّهَوَاتِ بِالنَّهَارِ فَشَفِّعْنِى فِيهِ وَيَقُولُ الْقُرْآنُ مَنَعْتُهُ النَّوْمَ بِاللَّيْلِ فَشَفِّعْنِى فِيهِ قَالَ: فَيُشَفَّعَانِ. رَوَاهُ أَحْمَدُ
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro'za va Qur'on qiyomat kunida bandani shafoat qiladilar. Ro'za: “Ey Robbim, men uni kunduzlari taomdan va xohish-istaklardan qaytardim, uning uchun mening shafoatimni qabul qilgin”, – deydi. Qur'on: “Uni kechalari uyqudan qaytardim, uning uchun mening shafoatimni qabul qilgin”, – deydi. Bas, ikkalalari shafoatchi qilinadilar”, – dedilar”. Ahmad rivoyat qilgan.
Shafoat haqida So'fi Ollohyor bobomiz quyidagi ajoyib so'zlarni yozgan:
Hudo izn aylasa ro'zi qiyomat
Suyukluk bandasi aylar shafoat.
* * *
Ilohi, lutf qil hasratli soat
Habibingdin nasib etgil shafoat.
* * *
Ayurma yaxshilarni(ng) orasidin
Yirog' etma habibing qorasidin[8].
Ya'ni Alloh taolo xohlagan suyukli bandalarning qiyomat kunidagi shafoatlari haqdir. Shuning uchun ey Robbimiz, o'sha qiyin vaqtlarda bizlarni ham shafoatdan bahramand etgin, yaxshi zotlar bilan birga qilgin, deya duo qilamiz.
KYeYINGI MAVZULAR:
PAYG'AMBARLARNING MA_''SUMLIKLARI BAYoNI:
Payg'ambarlarning xususiyatlari;
Payg'ambarlardan sodir bo'lgan ishlar haqidagi qarashlar;
[1] Muvaffiq ibn Qudoma. Sharhu Lam'atul e'tiqod, o'n to'rtinchi juz. “Maktabatush shomila”. – B. 3.
[2] Najm surasi, 26-oyat.
[3] Zumar surasi, 44-oyat.
[4] Muddassir surasi, 48-oyat.
[5] Isro surasi, 79-oyat.
[6] A'rof surasi, 46-oyat.
[7] Najm surasi, 26-oyat.
[8] So'fi Ollohyor. Sabotul ojizin. – Toshkent: “Cho'lpon nashriyoti”, 1991. – B. 34.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugungi kunda ko‘plab musulmon yurtlarida jamiyat ichida tafriqa va fitnalar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan jiddiy muammolardan biri – takfir, ya’ni musulmonlarni “kofir” deb fatvo chiqarishning ko‘payganligidir. Bu masala keyin paydo bo‘lgan masalalardan hisoblanadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilgani hech kimga ma’lum emas. Bu mavzu juda nozik va o‘ta xatarli masala bo‘lib, mavzuni yaxshi anglash uchun avvalo kufrning ma’nosi va ta’rifini tushunib olish lozim.
Kufr tushunchasi va uning ta’rifi
“Kufr” imonning ziddi bo‘lib, u lug‘atda “berkitish” va “yopish” ma’nosini anglatadi. Ibn Foris shunday deydi: “Kufr – iymonning ziddidir. U haqiqatni yopish va berkitish ma’nosida ishlatiladi”. (Maqoyis al-lug‘a, 5/191). Ulamolar kufrni ta’riflashda turli iboralarni aytib o‘tganlar, jumladan Ibn Hazm rahimahulloh shunday deydi: “Kufr – Allohning Rob ekanligini inkor qilish, Qur’onda nubuvvati tasdiqlangan biror payg‘ambarning payg‘ambarligini inkor qilish yoki Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan, butun ummatning ittifoqi bilan sahih ekani ma’lum bo‘lgan narsani inkor qilishdir. Shuningdek, biror amalni bajarish kufr ekani dalillar bilan tasdiqlangan bo‘lsa, shu amalni bajarish ham kufr hisoblanadi” (Al-Fasl fil-milal val-ahvo van-nihal, 3/118).
“Al-Mavsuatul-Fiqhiya”da shunday deyilgan: "Shariatda kufr – Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dinidan ekani aniq va zaruriy ravishda ma’lum bo‘lgan narsani inkor etishdir. Masalan, Allohning borligini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarligini yoki zinoning haromligini inkor qilish shu jumladandir" (Al-Mavsuatul-Fiqhiya. 15/34)
Takfirning tarixiy ildizlari
Endi bu masalaning tarixiga nazar tashlasak, musulmonlarni kofirga chiqarishga birinchi bo‘lib jur’at qilganlar “xavorijlar” firqasi hisoblanadi. Ular “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofirga aylanadi”, “Yomon amal qilgan musulmon Islomdan chiqadi”, deb hisoblaganlar. Xo‘sh, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan “jahannam itlari” deb nomlangan, musulmonlarni kofirga chiqarib, ularning qonini halol sanaydigan bu toifa qayerdan kelib chiqqan? Bu borada Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh o‘zlarining “Talxis al-Xobir” asarlarida qisqacha to‘xatalib, shunday deganlar: Aslida xavorij so‘zi “xuruj”, ya’ni “qarshi chiqish” so‘zidan olingan bo‘lib, ular Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular avvaliga Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafida edilar va Hazrati Ali roziyallohu anhu bilan birga Jamal va Siffin janglarida ishtirok etishgan edi. Siffin jangining nihoyasida shom ahli mag‘lubiyat yaqinligini sezgach mus'haflarni nayzalarga ilib, qarshi tomonni Allohning kitobini orada hakam qilishga chaqirishni maslahat berishdi. Hazrati Ali roziyallohu anhu avvaliga bu fikrni unchalik ma’qul ko‘rmadilar. Lekin U zotning safdoshlari orasida Allohning kitobini hakam qilishga rozi bo‘lganlar ko‘pchilik edi. Natijada, Hazrati Ali roziyallohu anhuning musulmonlar qonini to‘kmaslik haqidagi istaklari ustun kelib, hakamlikka rozi bo‘ldilar. Ammo xavorijlar keyinroq bu qarorni inkor qildilar va: “Hakamlikni qabul qilib, xato qilibmiz! Endi xatoni tuzatishimiz kerak! Allohning hukmidan boshqa hukm yo‘q! deb baqira boshladilar”. Ular Hazrati Ali roziyallohu anhu va hakamlikka rozi bo‘lganlarning barchasini kofir deb “fatvo” chiqardilar va faqat tavba qilib, ularga qo‘shilganlarni imonda qolgan deb hisobladilar. Hattoki bu gumrohlar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan jannat bashoratini eshitgan Hazrati Alidek zotga: “Sen o‘zingni kofir deb tan ol, so‘ngra tavba qil, ana shunda biz senga itoat qilamiz”, deyishgacha bordilar. Albatta, Ali roziyallohu anhu bunga rozi bo‘lmadilar. Shundan so‘ng xavorijlar U zotga qarshi chiqib, urush ochdilar (Talxis al-Xobir, 6/2709).
Bora-bora xavorijarning qiladigan ishi musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa bo‘lmay qoldi. Ularning bu ashaddiy mavqiflari qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning behisob qonlari to‘kilishiga olib keldi. Eng yomoni, aqida bobida keraksiz ixtiloflar avj oldi. Natijada aqida poydevori darz ketdi. Faqat Ahli sunna val jamoa mazhabi ulamolari jasorati va ulkan mehnati evaziga bu darz qaytadan to‘g‘rilandi.
Takfirning xatarlari
Birovni kofir deyish oson ish emas. Chunki bu ishning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar ham o‘ta xatarlidir. Bu ishning juda nozik va o‘ta xatarli ekanini tushunish uchun quyida Qur’on va Sunnat hamda ulamolarimizning so‘zlaridan bir qancha dalillarni keltirib o‘tamiz. Alloh taolo aytadi:
يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا إِذَا ضَرَبْتُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَتَبَيَّنُوا وَلَا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلَامَ لَسْتَ مُؤْمِنًا
“Ey iymon keltirganlar! Alloh yo‘lida jihodga chiqsangiz, aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lish sababi haqida Imom Ahmad rahimahulloh, hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: “Banu Salim qabilasidan bir odam bir guruh sahobaning oldidan qo‘ylarini boqib o‘tib qoldi va ularga salom berdi. Sahobalar: “Bizdan qo‘rqqanidan salom berdi, bo‘lmasa, bermas edi”, dedilar-da, uni o‘ldirib, qo‘ylarini Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga haydab bordilar. Shunda Alloh taolo: “Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar”, oyatini nozil qildi. (Tafsir Ibn Kasir, 2/337). Alloh taolo ushbu oyatda musulmonlarni shoshqaloqlik bilan birovni imonsiz deb hukm qilishdan qaytarmoqda, Zero birovning qalbida imon bor yo‘qligini faqat Alloh taologina biladi. Shuning uchun har qanday shubha yoki taxmin asosida insonni mo‘minlikdan chiqarish, unga dushmanlarcha munosabatda bo‘lish mutlaqo noto‘g‘ri va haromdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham musulmonni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ، أَنَّ النَّبِيَّ ﷺ قَالَ: «إِذَا كَفَّرَ الرَّجُلُ أَخَاهُ فَقَدْ بَاءَ بِها أَحَدُهُمَا.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi birodarini kofirga chiqarsa, albatta, ikkisidan biri kufrga duchor bo‘ladi”, dedilar (Sahihi Muslim, 123-hadis).
Ya’ni, kim, mo‘min birodarini kofir deyish mumkin, degan e’tiqodda kofir desa, o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki halolni harom deb bilish kufr bo‘ladi. Bu holatda kimningdir iymoniga, shahodatiga hamla qilib, uni kofirga chiqarmoqda. Natijada uning o‘zi kofir bo‘ladi. Ikkinchi fikr shuki: Birovni “Ey kofir”, deyish kishini kufrga olib boradi. Ya’ni bunday deyishda kofir bo‘lib qolish xavfi bor. Bu inson bugun kofir bo‘lmasa-da, bora-bora bir kun dindan chiqib qoladi (Sharhi Navaviy 2/50).
Shunday ekan, birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini yaxshilab o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganar:
عَنْ أَنَسِ، عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «ثَلَاثٌ مِنْ أَصْل الْإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا الله ، وَلَا نُكَفِّرُهُ بذَنْبٍ، َلَا تُخْرِجُهُ مِنَ الْإِسْلَامِ بِعَمَل
Uch narsa iymonning aslidir: “Laa ilaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz” (Abu Dovud rivoyati 2532-hadis). Ya’ni kalimai shahodatni aytib, o‘zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar yetkazmaslik zarur. “Laa ilaha illallohu”ni aytib, zohirida musulmon bo‘lib ko‘ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, nari borsa osiy mo‘min bo‘ladi. Kalimai tavhidni aytib, Islomni zohiridan ko‘rsatib turgan odamni amali tufayli Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar’iy jazo beriladi. E’tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida mana shu!
Takfirga shoshilmaslik borasida ulamolarning so‘zlari
Ahli sunna val-jamoa ulamolari musulmonni kufrda ayblash masalasida nihoyatda ehtiyot bo‘lishga buyurganlar. Buyuk muhaddis va faqih Abu Ja’far Tahoviy rahimahulloh o‘zining Al-Aqida at-Tahoviya asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz” (Al-Aqida at-Tahoviya). Bu esa shuni anglatadiki, agar bir musulmon gunohga qo‘l urgani bilan uni halol deb bilmasa, u hanuz Islom doirasida qoladi. Zero, gunoh boshqa, kufr boshqa.
Mulla Ali Qoriy rahimahulloh ham bu borada mashhur hanafiy olimi Ibn Nujaym rahimahullohning so‘zlarini keltiradilar: “Agar musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (Sharh ash-Shifa).
Bu so‘zlar musulmonni osonlikcha takfir qilish naqadar katta xatarlarga olib borishini ochiq-oydin ko‘rsatmoqda. Islom shariatida kishining imonidan chiqishi faqat aniq va qat’iy dalillarga tayanishi lozim. Gumon yoki noto‘g‘ri talqin asosida birovni kofirga chiqarish jamiyatni ulkan fitna sari yetaklaydi. Shu bois, mo‘min kishi doimo o‘z birodari haqida yaxshi gumonda bo‘lishi lozimdir.
Bugungi kunda takfir muammosi
Yuqoridagi dalillar va tarixiy misollar takfir masalasining naqadar nozik va xatarli ekanini ta’kidlaydi. Afsusuki, bugungi kunda takfir masalasi yana dolzarb muammolardan biriga aylanib, ba’zi guruhlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ayrim ekstremistik harakatlar va radikal oqimlar musulmonlarni osongina kofirlikda ayblab, jamiyatda bo‘linish va fitnaga sabab bo‘lyapti. Ularning targ‘iboti natijasida yoshlar orasida mutaassiblik kuchayib, o‘zini haq, boshqalarni esa botil deb biladigan kayfiyat shakllanmoqda. Bu holatning asosiy sabablaridan biri – ilmsizlik, Qur’on va Sunnatni noto‘g‘ri tushunishdir. Ko‘pchilik mutaassib kishilar islomiy ilmlarni mustahkam o‘rganmasdan, ayrim shubhali manbalar yoki noto‘g‘ri targ‘ibotlar ta’sirida qolib, noto‘g‘ri qarashlar girdobiga tushib qolishmoqda.
Xulosa
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Islom aqida bobida ham, ibodat bobida ham, o‘zini tutish bobida ham va boshqa boblarda ham mo‘tadillikka asoslangan. Bunday mo‘tadillikning chegarasini bilish uchun esa asosli ilmiy mezon kerak. Ana shu asosli mezonga ega bo‘lish uchun esa islomiy ilmlarning barchasini asl masdarlardan, yetuk va taqvodor ulamolardan to‘liq o‘rganish kerak. Bu narsalarga odob-axloq, hilm va bosiqlik hamda har bir narsani o‘z o‘rnida to‘g‘ri baholay bilish omillari qo‘shilgandagina, o‘ng yoki so‘lga burilib, halokat jari yoqasiga kelib qolish xavfining oldi olingan bo‘ladi.
So‘zimiz so‘ngida Robbimizdan so‘raymizki: Ey Robbimiz, bizni dunyo va oxiratda hidoyat topgan bandalaring qatoriga qo‘shgin! Bizni fitnalardan uzoq, haq yo‘lda sobit qilingan va Sening rizoyinga erishgan zotlardan qilgin. Amin!
Azimjon RIXSIBOYEV,
Toshkent Islom instituti talabasi.