Navbatdagi suhbat O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo'limi mutaxassisi Muhammadjon Ibragimov bilan uyushtirildi.
Islom dinida iftorlikni tezlashtirishga targ'ib qilingan, og'iz ochishni qasddan shom namozidan keyinga surish sunnatga xilofdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odatda avval og'iz ochib, keyin shom namozini ado etar edilar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o'qishdan oldin og'zilarini ho'l xurmolar bilan ochardilar...» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Demak, ro'zador shom namozining vaqti kirishi bilan og'zini ochib, chanqog'ini qondirib olgandan keyin shom namozini ado etishga kirishishi maqsadga muvofiq ekan.
Iftorni tezlatish afzalligi borasida Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Insonlar og'iz ochishni tezlashtirsalar, yaxshilikda bardavom bo'ladilar», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisida Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh azza va jalla shunday dedi: Bandalarimning menga eng suyuklisi, ularning tezroq og'iz ochganlaridir», dedilar (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Ushbu hadislardan kelib chiqib, fuqaholarimiz quyosh botishi bilan namozdan oldin og'iz ochish mustahabdir, deganlar («Raddul muhtor»). Ushbu hukm barcha farz va nafl ro'zalarning barchasiga tegishli. Chunki bu borada vorid bo'lgan hadislar farz ro'zalarga xoslangan emas.
Odamlar orasida ro'zador kishi kunduzi yuvinishi haqida bir biriga mutlaqo zid ikki xil qarash bor. Biri ro'zador kishi kunduz kuni mutlaqo yuvinishi mumkin emas, deydi. Boshqasi kunduz kuni ro'zador ham bemalol yuvinish mumkinligini ta'kidlaydi.
Bu mavzuda so'z boshlashdan avval, kunduz kuni ehtilom bo'lib qolgan ro'zador g'usl qilishi vojibligi, albatta, yuvinishi shart ekanini ta'kidlaymiz va bu borada hech qanday ixtilof yo'q. Bizning mavzumiz g'usl qilishi vojib bo'lmagan ro'zadorning yuvinishi haqida bo'ladi.
Bu mavzuda «Al-Fatovol Hindiya» kitobida shunday deyiladi: «Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinishicha, ro'zador tahoratdan boshqa paytlarda og'iz va burun chayishi makruhdir. Shuningdek g'usl qilish (cho'milish), boshiga suv qo'yish, suvga sho'ng'ish, namlangan kiyimga o'ranish ham makruhdir. Abu Yusuf rahmatullohi alayh aytadilar: ‘Yuqorida sanalgan ishlar makruh emas’. Mana shu gap ustunroq, ‘Muhiti Saraxsiy’ kitobida shunday kelgan».
Demak, jiddiy zarurat bo'lmaganda, tahoratdan boshqa paytlarda og'iz va burun chayish, g'usl qilish (cho'milish), boshiga suv qo'yish, suvga sho'ng'ish, namlangan kiyimga o'ranish kabi ishlarni qilinmasa, bu ishlarni iftordan keyinga qoldirilsa, imom Abu Hanifa rahimahullohning so'zlariga amal qilingan bo'ladi.
Lekin, masalan, kun juda isib ketganida va boshqa shu kabi holatlarda yuqoridagi ishlarni qilish zarurati tug'ilsa va ibodatdan bezor bo'lish ma'nosida emas, balki ibodatga yordam olish ma'nosida bu ishlarni qilinsa, imom Abu Yusuf rahimahullohning so'zlariga, keyingi ulamolar ustun ko'rgan so'zga amal qilingan bo'ladi, makruh bo'lmaydi.
Zarurat bo'lsa, ro'zador odam og'izini ohista chayishi mumkin. Lekin g'arg'ara qilib, og'iz chayish makruh bo'ladi. Chunki bunda suv yutilib ketib, ro'zani ochib yuborish xavfi bor. Agar qattiq chayish oqibatida ichga suv ketib qolsa, ro'zasi buziladi va Ramazondan keyin qazosini tutishi shart bo'lib qoladi. Vallohu a'lam.
Ma'lumot uchun: Sizda shar'iy masalalarda savollar bo'lsa, O'zbekiston musulmonlari idorasining Telegram’dagi @diniysavollar kanaliga, «savollar.muslim.uz» saytiga yoki fatvo bo'limining 78-150-33-44 raqamli koll-markaziga murojaat qilishingiz mumkin.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.