Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Oylar sultoni — Ramazon: Avval namozmi yo iftor? Ro'zador kunduzi cho'milishi mumkinmi?

29.04.2021   4144   4 min.
Oylar sultoni — Ramazon: Avval namozmi yo iftor? Ro'zador kunduzi cho'milishi mumkinmi?

Navbatdagi suhbat O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo'limi mutaxassisi Muhammadjon Ibragimov bilan uyushtirildi.

 

Avval iftor qilinadimi yoki shom namozi o'qiladimi?

Islom dinida iftorlikni tezlashtirishga targ'ib qilingan, og'iz ochishni qasddan shom namozidan keyinga surish sunnatga xilofdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odatda avval og'iz ochib, keyin shom namozini ado etar edilar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o'qishdan oldin og'zilarini ho'l xurmolar bilan ochardilar...» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Demak, ro'zador shom namozining vaqti kirishi bilan og'zini ochib, chanqog'ini qondirib olgandan keyin shom namozini ado etishga kirishishi maqsadga muvofiq ekan.

Iftorni tezlatish afzalligi borasida Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Insonlar og'iz ochishni tezlashtirsalar, yaxshilikda bardavom bo'ladilar», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisida Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh azza va jalla shunday dedi: Bandalarimning menga eng suyuklisi, ularning tezroq og'iz ochganlaridir», dedilar (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Ushbu hadislardan kelib chiqib, fuqaholarimiz quyosh botishi bilan namozdan oldin og'iz ochish mustahabdir, deganlar («Raddul muhtor»). Ushbu hukm barcha farz va nafl ro'zalarning barchasiga tegishli. Chunki bu borada vorid bo'lgan hadislar farz ro'zalarga xoslangan emas.

Ro'zador kunduzi yuvinishi mumkinmi?

Odamlar orasida ro'zador kishi kunduzi yuvinishi haqida bir biriga mutlaqo zid ikki xil qarash bor. Biri ro'zador kishi kunduz kuni mutlaqo yuvinishi mumkin emas, deydi. Boshqasi kunduz kuni ro'zador ham bemalol yuvinish mumkinligini ta'kidlaydi.

Bu mavzuda so'z boshlashdan avval, kunduz kuni ehtilom bo'lib qolgan ro'zador g'usl qilishi vojibligi, albatta, yuvinishi shart ekanini ta'kidlaymiz va bu borada hech qanday ixtilof yo'q. Bizning mavzumiz g'usl qilishi vojib bo'lmagan ro'zadorning yuvinishi haqida bo'ladi.

Bu mavzuda «Al-Fatovol Hindiya» kitobida shunday deyiladi: «Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinishicha, ro'zador tahoratdan boshqa paytlarda og'iz va burun chayishi makruhdir. Shuningdek g'usl qilish (cho'milish), boshiga suv qo'yish, suvga sho'ng'ish, namlangan kiyimga o'ranish ham makruhdir. Abu Yusuf rahmatullohi alayh aytadilar: ‘Yuqorida sanalgan ishlar makruh emas’. Mana shu gap ustunroq, ‘Muhiti Saraxsiy’ kitobida shunday kelgan».

Demak, jiddiy zarurat bo'lmaganda, tahoratdan boshqa paytlarda og'iz va burun chayish, g'usl qilish (cho'milish), boshiga suv qo'yish, suvga sho'ng'ish, namlangan kiyimga o'ranish kabi ishlarni qilinmasa, bu ishlarni iftordan keyinga qoldirilsa, imom Abu Hanifa rahimahullohning so'zlariga amal qilingan bo'ladi.

Lekin, masalan, kun juda isib ketganida va boshqa shu kabi holatlarda yuqoridagi ishlarni qilish zarurati tug'ilsa va ibodatdan bezor bo'lish ma'nosida emas, balki ibodatga yordam olish ma'nosida bu ishlarni qilinsa, imom Abu Yusuf rahimahullohning so'zlariga, keyingi ulamolar ustun ko'rgan so'zga amal qilingan bo'ladi, makruh bo'lmaydi.

Ro'zador odam chanqagan vaqti og'ziga suv olib, yutmasdan g'arg'ara qilsa bo'ladimi?

Zarurat bo'lsa, ro'zador odam og'izini ohista chayishi mumkin. Lekin g'arg'ara qilib, og'iz chayish makruh bo'ladi. Chunki bunda suv yutilib ketib, ro'zani ochib yuborish xavfi bor. Agar qattiq chayish oqibatida ichga suv ketib qolsa, ro'zasi buziladi va Ramazondan keyin qazosini tutishi shart bo'lib qoladi. Vallohu a'lam.

Ma'lumot uchun: Sizda shar'iy masalalarda savollar bo'lsa, O'zbekiston musulmonlari idorasining Telegram’dagi @diniysavollar kanaliga, «savollar.muslim.uz» saytiga yoki fatvo bo'limining 78-150-33-44 raqamli koll-markaziga murojaat qilishingiz mumkin.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Li iylafi quraysh" surasi

8.01.2025   4367   2 min.

"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi. 

Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.

Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi. 
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.

Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.

Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV