Tobein olimlardan Abul Asvad ad-Dualiy hikoya qiladi: Hazrati Umarning xalifalik yillarining birida Madinaga borgandim. O'sha kunlarda Madinada bir kasallik paydo bo'lgandi, insonlar bir-birining ortidan o'layotgan edilar. Hazrati Umarning yonida o'tirgandim. Shu vaqt u erdan bir tobut ko'tardilar. Shu erda hozir bo'lganlar o'lgan odam haqida chiroyli so'zlarni so'zladilar. Shu chokda hazrati Umar: "Qabul bo'ldi”, dedi. So'ngra yana bir tobut ko'tarildi. Bu tobutdagi odam haqida ham chiroyli gaplarni aytdilar. Hazrati Umar yana: “Qabul bo'ldi”, dedi. Undan keyin uchinchi tobut ko'tarildi. Bu safar musulmonlar o'lgan odam haqida yomon gaplarni gapirdilar. Hazrati Umar yana: "Qabul bo'ldi”, dedi. Men undan ajablanib:
- Nima qabul bo'ldi, ey mo'minlarning amiri? - deb so'radim. Hazrati Umar bunday javob berdi:
- Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'rgatganlari kabi so'zladim. U zot bunday marhamat qilgan edilar: "Har qanday musulmon haqida to'rt kishi "yaxshi odam edi", desa Alloh uni jannatiga kiritadi". Shu gapni aytganlaridan keyin u zotga bir necha savollar bergan edik.
– Uch kishi uning yaxshi odam ekanini so'zlasa nima bo'ladi, yo Rasululloh?
– Uch kishining yaxshi deyishi hukmi ham shunday bo'ladi, - dedilar.
- Ikki kishi yaxshi desa-chi? - deb so'rashda davom etdik.
– Ikki kishining yaxshi deyishi ham shu hukmdadir, - dedilar. Keyin Payg'ambar alayhissalomdan bir kishining yaxshi deyishi-chi? deb so'rashdan hayo qildik.
«Sahobadan 101 xotira» kitobidan.
Namozxon tik turganida ko‘zini sajda qiladigan joyiga, rukusida oyoq barmoqlariga, sajdasida burnining uchiga, o‘tirganida bag‘riga, birinchi salomida o‘ng yelkasiga, ikkinchi salomida chap yelkasiga qaratib o‘tirishi mustahab hisoblanadi.
Namozda ko‘zlar yumilmaydi, osmonga qaralmaydi va har tomonga alanglab ko‘z tashlanmaydi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Namoz ichida har tarafga qarashdan saqlaninglar, chunki kishi modomiki namoz ichida bo‘lar ekan, Robbiga munojot qiladi” (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD