Shaytondan panohlanish
Alloh taolo bandalariga shaytondan panohlanib yurish uchun ikkita alohida sura nozil qildi. Tafsir kitoblarida bu ikkisiga “mu'avvizatayn”, ya'ni, “panoh tilanadigan ikki sura” nomi berilgan.
﴿قُلۡ أَعُوذُ بِرَبِّ ٱلۡفَلَقِ١ مِن شَرِّ مَا خَلَقَ٢ وَمِن شَرِّ غَاسِقٍ إِذَا وَقَبَ٣ وَمِن شَرِّ ٱلنَّفَّٰثَٰتِ فِي ٱلۡعُقَدِ٤ وَمِن شَرِّ حَاسِدٍ إِذَا حَسَدَ٥﴾
«(Ey Muhammad!) Ayting: “Panoh tilab iltijo qilurman tong Parvardigoriga, yaratgan narsalari yovuzligidan, zulmatga cho'mgan tun yovuzligidan, tugunchalarga dam soluvchi ayollar yovuzligidan hamda hasadchining hasadi yovuzligidan”» (Falaq, 1–5).
Falaq so'zi “yorish, bo'lish va parchalash” ma'nolarini anglatadi. Bu har bir yorib chiquvchi narsani: u xoh urug' yoki don yoki erni yorib o'suvchi nabotot, xoh tog'dan otilib chiquvchi buloq, xoh ona qornini yorib chiquvchi bola bo'lsin – barchasini o'z ichiga oladi. Bu erda zulmatni yorib chiquvchi tong tushuniladi.
Bu sura maxluqotlarning yomonligidan, xususan, kechaning zulmatidan, sehrgarlardan, chaqimchilardan va hasadchilardan panoh tilashni qamragan. Mana shu narsa insonlarda nafsiy kasalliklar mavjudligi sababli ba'zilari ba'zilaridan himoyalanishi yo'lidagi ulkan foyda va etuk darsdir. Bundan tashqari, maxluqotlar yomonliklaridan va kechasi zulmat bo'lgandagi yomonliklardan, xususan, g'or va kovaklardagi qo'rqinchli maxluqotlardan himoyalanishni o'zida mujassam qilgan.
﴿قُلۡ أَعُوذُ بِرَبِّ ٱلنَّاسِ١ مَلِكِ ٱلنَّاسِ٢ إِلَٰهِ ٱلنَّاسِ٣ مِن شَرِّ ٱلۡوَسۡوَاسِ ٱلۡخَنَّاسِ٤ ٱلَّذِي يُوَسۡوِسُ فِي صُدُورِ ٱلنَّاسِ٥ مِنَ ٱلۡجِنَّةِ وَٱلنَّاسِ٦﴾
«(Ey Muhammad!) Ayting: “Panoh tilab iltijo qilurman odamlar Parvardigoriga,odamlar Podshohiga, odamlar Ilohiga (inson Allohni eslaganda) chekinib, (eslamaganda) vasvasa qiluvchi (shayton) yovuzligidanki, (u) odamlarning dillariga vasvasa solur. (O'zi) jinlar va odamlar jinsidandir”» (Nos, 1–6).
Rivoyat qilinishicha, yahudiylardan Labid ibn A'som ismli munofiq o'zini musulmon ko'rsatib, Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib-ketib yurar va ba'zi hojatlarini ado etishda xizmat qilib turar ekan. Bir guruh yahudiylar uni qo'lga olib, Rasululloh (alayhissalom)ning to'kilgan sochlari va tarog'idan sinib tushgan tishlarini qo'lga tushiradi va shu narsalarga sehr-jodu qilib eski bir quduqqa tashlaydi. Shundan keyin Rasululloh (alayhissalom) olti oy kasal bo'ladilar. Bir kuni ikki farishta kelib, biri tizzalari ro'parasiga, ikkinchisi bosh tomonlariga o'tirib bir-biri bilan savol-javob qiladi. Biri:
– Unga nima bo'libdi? – desa, ikkinchisi:
– Sehrlanibdi, – der edi.
– Kim sehrlabdi?
– Labid ibn A'som ismli bir yahudiy.
– Sehrni nimaga o'qibdi?
– To'kilgan sochlari va taroq tishlariga.
– Sehr o'qilgan narsalar qayerda?
– Zarvon nomli quduqda.
Shundan keyin odam yuborib ko'rsalar, haqiqatan, o'sha quduqda soch tolalari, taroq tishlari va nina suqilgan yana o'n ikkita tugun bor ekan. Shu payt Alloh taolo mazkur ikki surani nozil qildi. Jabroil (alayhissalom) suralarni har safar o'qiganida, bittadan tugun echilar edi. Shunday qilib, o'n ikki marta o'qiganida, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) darddan butunlay tuzalib ketganlar (“Madorikuttanzil va haqoiqutta'vil”).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Nos, Falaq hamda Ixlos suralarini o'qib, yahudiylar sehridan asrashini Allohdan so'raganlar.
Termiziy Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo menga misli ko'rilmagan oyatlarni nozil qildi”, dedilar va “mu'avvizatayn” suralarini o'qidilar».
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) Nos surasining to'rtinchi oyati tafsirida bunday degan: “Shayton odam bolasi qalbiga yopishib olgan, agar inson Allohni unutib zikridan g'ofil bo'lsa, uni vasvasa qiladi. Allohni zikr etsa, shayton o'zini chetga oladi”.
Imom Buxoriy va imom Muslim Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: “Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) e'tikof o'tirganlarida Sofiya binti Huyay (roziyallohu anho) onamiz u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning ziyoratlariga keldi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) tun bo'lganidan Sofiya onamizni uylariga kuzatish uchun chiqqanlarida ikki ansoriyga duch keldilar. Ular Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni ko'rgach, tez yurib ketishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Shoshmang, bu Sofiya binti Huyay”, dedilar. Ular: “Subhonalloh, yo Rasululloh” (Alloh bizni yomon o'yga solishdan pokdir), deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Shayton odam bolasining qon yo'llarida yuradi. Men uning qalbingizga biror yomonlik solishidan qo'rqdim”, dedilar.
Imom Ahmad Abu Tamimadan rivoyat qiladi: «Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) bilan bir eshakka mingashib olgan edim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning eshaklari qoqilib ketdi. Men: “Badbaxt shayton”, dedim. “Badbaxt shayton”, dema. Agar “Badbaxt shayton” desang, u kibrlanib: “Buni o'z quvvatim bilan qildim”, deb semiradi. “Bismillah” desang, xorlanib, pashshaday bo'lib qoladi”, dedilar».
Bu hadis shunga dalolat qiladi, qalb qachon Allohni yod etsa, shayton xor va mag'lub bo'ladi. Agar banda Alloh zikrini unutsa, shayton kuchayadi.
Alloh taolo bizlarga rahmati bilan insu jin va shaytonlar yomonligidan saqlanish yo'llarini ushbu surada bildirgan. Shayton yomonligidan saqlanishni so'ragan kishini Alloh O'zining rububiyat, podshohlik va uluhiyat sifatlari bilan dunyo hamda oxiratda himoya qilishini bayon etgan.
Alloh taolo butun maxluqlarning Rabbidir. Ammo Nos surasida faqat “Robbinnas” ya'ni, odamlar Parvardigori, deyilgan. Buning boisi ikkita: birinchisi, ko'p insonlar o'zlarini ulug' sanaydi. Qancha ulug' bo'lishmasin, ularning Rabbi borligini eslatib qo'yishdir. Ikkinchisi, insonlar yomonligidan asrashni so'rashni buyurib, insonni odamlar yomonligidan Uning O'zigina asrashini bildirishdir.
Podshohlik va Uluhiyat sifatlarini eslatish bilan esa, insonlarning podshohlari bo'lsa-da, ularning haqiqiy podshohi Alloh taolo Uning O'zi ekanini, U Zot odamlarning yolg'iz ilohi va ma'budi ekanini bildirib, insonlar faqat Uning O'ziga sig'inib, Uning O'zidan panoh so'rashlari lozimligi bayon etilmoqda.
Ushbu surada insonni vasvasa qiluvchi jinlarning shaytoni bo'lishi aytilgan. Hasan aytadi: “Vasvasa qiluvchi ikki shaytondir. Jinlar shaytoni insonlar qalbida vasvasa qiladi. Insonlar shaytoni ochiqchasiga keladi”.
Qatoda aytadi: “Jinlardan ham, insonlardan ham shaytonlar bor. Allohdan ins va jin shaytonlari yomonligidan panoh so'rang”.
Falaq surasida Alloh taoloning bir sifati – “Robbil falaq” (“Tong Parvardigori”)ni yod etib, uch ofatdan: “zulumot kecha”, “jodugar ayollar” va “hasadchilar” yomonligidan asrashni so'rash buyurilgan. Nos surasida esa, Alloh taoloning uch sifati: “rububiyat”, “podshohlik” va “uluhiyat”ni yod etib, qalbga solinadigan vasvasasidan asrashni so'rash buyurilgan. Buning sababi, nafs va badan himoyasidan ko'ra, din himoyasi muhimroqdir. Dinga etgan ozgina ziyon dunyoga etgan ko'p ziyonlardan og'irroqdir.
Bu ikki suraning fazilati juda ulug' ekani muhaddislar tomonidan aytib o'tilgan.
Imom Muslim, Ahmad, Termiziy va Nasoiylar Uqba ibn Omirdan qilgan rivoyatlarida, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu kechada nozil bo'lgan oyatlarga qaramaysizlarmi? Bu kabi (fazilatli) oyatlar hali ko'rilmagan. U “Qul a'uzu birobbil falaq” va “Qul a'uzu birobbin nas” suralari”, deb aytdilar, deyilgan.
Imom Ahmad, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylar Uqba ibn Omirdan qilgan rivoyatlarida esa: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) har bir namoz so'ngida panoh so'raluvchi suralarni o'qishni buyurdilar”, deyiladi.
Imom Ahmad, Abu Dovud va Nasoiylar Uqba ibn Omirdan qilgan yana bir rivoyatda aytiladi: «Men Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bilan birga tog' yo'llarida ketayotgan edim, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Ey Uqba, minib olmaysanmi?” deganlarida, men: “Gunoh bo'lib qolmasin, deb shafqat qildim”, dedim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ulovlaridan tushdilar, men uni biroz mindim. Keyin u zot (sollallohu alayhi va sallam) yana ulovlariga minib: “Ey Uqba! Men senga odamlar o'qib yuradigan ikkita yaxshi surani o'rgataymi?” dedilar. Men: “O'rgating, ey Allohning rasuli!” dedim. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam) menga: “Qul a'uzu birobbil falaq” va “Qul a'uzu birobbin nas”ni o'qib berdilar. Keyin namozga iqomat aytildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) imomlikka o'tib, namozda ham bu ikki surani o'qidilar. Bir kuni mening oldimdan o'tayotib: “Ey Uqba, har uxlash oldidan va har uyg'onganimda bu ikkita surani o'qishimga qanday qaraysan?” dedilar».
Imom Nasoiy Ibn Obis Juhaniydan qilgan rivoyatda bunday keladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey ibn Obis, senga panoh tilovchilar panoh tilaydigan narsaning eng afzali haqida xabar beraymi?” deganlarida, men: “O'rgating, ey Allohning rasuli!” dedim. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Qul a'uzu birobbil falaq” va “Qul a'uzu birobbin nas” suralari”, dedilar».
Suday ibn Ajlondan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Senga uchta sura o'rgataymi? U kabi suralar Tavrotda ham, Injilda ham, Zaburda ham yo'q. O'sha uch sura “Qul huvallohu ahad”, “Qul a'uzu birobbil falaq” va “Qul a'uzu birobbin nas” suralaridir”, dedilar.
Imom Buxoriy va “Sunan” kitobi egalari “Shifo talab qilish bobi”da bu uch sura haqida Oysha (roziyallohu anho) onamizdan qilgan rivoyatlarida aytilishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) har kecha uxlashlaridan oldin “Qul huvallohu ahad”, “Qul a'uzu birobbil falaq” va “Qul a'uzu birobbin nas” suralarini o'qib, kaftlariga dam urar, qodir bo'lganlaricha uni badanlariga surardilar. Boshlari, yuzlari va gavdalarining oldi tomonidan boshlardilar. Bu ishni uch marta qilardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Jabroil (alayhissalom) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, quyidagi kalimalar bilan dam soldi: “Bismillahi arqiyka, min kulli shay'in yu'ziyka min sharri kulli hasidin va 'aynin vallohu yashfiyka”. Ya'ni: “Allohning ismi ila dam solaman. Har bir aziyat beruvchi narsadan, har bir hasadchi va ko'zning yomonligidan Alloh sizga shifo bersin”.
Imom Termiziy Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu)dan qilgan rivoyatda aytilishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) (ikki “Qul a'uzu…” surasi tushishidan oldin) jin va insonlarning ko'zi tegishidan panoh so'rab yurardilar. Shu ikki panoh so'raluvchi Falaq va Nos suralari nozil bo'lganidan keyin bu ikkovidan boshqa (panoh so'raluvchi duo)larni tark qildilar.
Imom Molik Oysha (roziyallohu anho)dan qilgan rivoyatda esa bunday deyiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) agar biror kasallikka chalinsalar, ikki “Qul a'uzu…” surasini o'qib, o'zlariga dam solardilar. Kasallari og'irroq bo'lganida men bu ikki surani o'qib, barakali bo'lgani uchun qo'llarini ushlab o'zlariga surar edim”.
Falaq surasining ilk oyatida jami maxluqotlar yomonligidan panoh so'rash umumiy qilib aytilgan bo'lsa, keyingilarida esa xoslab, yomonliklari ulkan bo'lgani uchun ulardan ogohlantirilgan uch toifa zikr etilmoqda. Bular zulmatga cho'mgan kechaning yomonligi, tugunlarga dam soluvchi (jodugar)lar va hasad qiluvchi hasadgo'ylardir.
Bu suradan juda ko'p narsalarni o'rganishimiz kerak, jumladan:
Birinchisi, zulmatga cho'mgan kechaning yomonligi. Chunki Imom Roziy zikr qilganidek, qorong'ilik tushishi bilan yirtqichlar inidan, hasharotlar makonidan chiqadi va o'g'ri-muttahamlar ham kechasi hujum qiladi. Yong'in ko'proq tunda sodir bo'ladi. Yordam beruvchilar esa kam bo'ladi. Yomonlik va fasod kishilari ham kechasi qo'zg'aladi.
Ikkinchisi, tugunlarga dam soluvchi (jodugar)larning yomonligi. Tugun kabi turli vositalar bilan odamlarga zarar etkazuvchi folbin, kohin, sehrgarlar barcha zamonlarda bo'lgan.
Uchinchisi, hasad qiluvchi hasadgo'ylarning yomonligi. Boshqalarga hasad qiluvchi hasad qilinayotgan kishidagi ne'matlar yo'q bo'lishini orzu qiladi. Bu turdagi hasad yomon sanaladi. Ammo havas qilish joiz. Chunki bunda egasidan ne'mati yo'q bo'lishini orzu qilmayapti.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mo'min havas qiladi, munofiq esa hasad qiladi”, deganlar.
Ulamolar: “Hasad amalda yoki so'zda zohir bo'lgandagina zarar qiladi. Masalan, hasad qilinayotgan kishining yomon yo'lga kirishiga sababchi bo'lish, uning yomon tomonlarini axtarish, qoqiltirish kabilardir. Birinchi gunoh Iblisning Odamga (alayhissalom) hasad qilishi oqibatida sodir bo'lgan. Shuning uchun ham hasad eng razolatli, g'azab qilingan va la'natlangan narsadir”, deb aytgan.
Ulamolar yana shunday deydi: «Sehr, ko'z tegishi, hasad va shunga o'xshash narsalarning o'zi zarar etkaza olmaydi. Balki Allohning qudrati va izni bilan bo'ladi. Bu narsalarga o'sha toifadagi kishilar zohirdagina ta'sir o'tkazadi, xolos. Alloh taolo Baqara surasi 102-oyatda: “Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar etkaza olmaslar”, degan. Bu narsalar haqiqatda ta'sir o'tkaza olmasa ham, dinimiz vabo, sil kabi zohiri yuqumli bo'lgan kasalliklardan imkon boricha ehtiyot bo'lishni talab qiladi. Huddi Umar ibn Hattob va sahobalar vabo, ko'z tegishi hamda moxovdan ehtiyot bo'lgani kabi».
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) barcha og'riqlarda va isitma chiqqanida “Bismillahil kariym, a'uzu billahil aziym, min sharri kulli 'irqin nar va min sharri harrin nar” duosini o'qishni o'rgatdilar». Duoning ma'nosi: “Buyuk Allohning nomi ila tomirdan shovullab oquvchi qonning yomonidan va do'zax o'tining yomonidan panoh tilayman”.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Kim kasal ko'rgani borsa, agar ajali etmagan bo'lsa, uning huzurida “As'alullohal 'aziym Robbal 'arshil 'aziym an yashfiyaka” duosini etti marta o'qisa, Alloh taolo uni kasalidan xalos qilib, shifo beradi», dedilar. Ma'nosi: “Ulug' Allohdan, buyuk arsh Rabbisidan senga shifo berishini so'rayman”.
Ali (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) agar kasal ko'rgani kirsalar, “Allohumma Rabbannas, azhibil ba'sa ishfi antash Shafiy, la shifa illa shifouk shifaan la yug'odiru saqoma”, deb duo o'qirdilar. Ma'nosi: “Yo Alloh, insonlarning Rabbisi, qiyinchiliklarni ketkaz, O'zing yagona shifo beruvchisan, shifo ber, shifongdan boshqa shifo yo'q, shunday shifo ber, u hech qanday kasallikni qoldirmasin”.
Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Hasan va Husaynlarga “U'iyzukuma bikalimatillahit tammati min kulli shaytonin va hammah va min kulli 'aynin lammah” duosini o'qib panoh tilardilar. Ma'nosi: “Allohning mukammal kalimalari bilan har bir shaytondan, zararli hasharotlardan va yomon ko'zlardan siz ikkingizga panoh tilayman”.
Usmon ibn Abul Os (roziyallohu anhu) bunday deydi: «Men quvvatimni ketkazib holsiz qilib qo'ygan og'riq sababli Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga borsam, u zot (sollallohu alayhi va sallam): “O'ng qo'lingni o'sha og'riyotgan joyingga qo'yib etti marta “Bismillah, a'uzu bi'izzatillahi va qudratihi min sharri ma ajidu va uhaziru”, deb aytgin”, dedilar». (Ma'nosi: “Allohning izzati va qudrati ila o'zimdagi xavfsirayotganim bu narsa yomonligidan panoh tilayman”.) Aytganlarini bajargan edim, Alloh menga shifo berdi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) safar qilib, biror manzilga tushadigan bo'lsalar, “Ya arzu Rabbiy va Rabbukillahu, a'uzu billahi min sharriki va sharri ma fiyki va sharri ma yaxruju minki va sharri ma yadibbu 'alayki, a'uzu billahi min asad va asvad va hayya va 'aqroba va min sharri sokinil balad va volidin vama valad”, deb aytardilar. Ma'nosi: “Ey er, mening va sening Rabbing Allohdir, Allohning nomi bilan sening yomonligingdan, sendagi yomonlikdan, sening ichingdan chiqarilgan yomonlikdan, senda sudralib yuradiganlar yomonligidan panoh tilayman. Va yana sherdan, shaxslardan, ilondan, chayondan, erda yashovchi jinlardan, Iblis hamda shaytondan panoh tilayman”.
Yuqorida Oysha (roziyallohu anho)dan qilingan rivoyatda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) jasadlarini biror bemorlik bezovta qilsa, “Qul huvallohu ahad…” va ikki “Qul a'uzu…” suralarini o'qib, o'ng kaftlariga dam urib, o'sha joylariga surishlari aytib o'tildi.
Endi dam urish paytida “suf”, deyish Oysha (roziyallohu anho)dan qilingan quyidagi hadisga binoan joiz, deyildi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dam solayotganlarida “suf”lardilar”.
Imom Boqir esa, yosh bolalarga panoh tilanuvchi (ma'sur) duolarni yozib osib qo'yishni joiz, degan. Ammo ma'nosi tushunilmaydigan, noaniq yozilgan duolarni osib qo'yish man etiladi. Vallohu a'lam.
Alloh taolo barchamizni yomonliklardan O'zi asrasin, omin!
Noumid – shayton
Mo'min banda, agar gunohkor bo'lsa ham Allohning rahmatidan aslo umidsiz bo'lmasligi kerak. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyilgan:
﴿۞قُلۡ يَٰعِبَادِيَ ٱلَّذِينَ أَسۡرَفُواْ عَلَىٰٓ أَنفُسِهِمۡ لَا تَقۡنَطُواْ مِن رَّحۡمَةِ ٱللَّهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ يَغۡفِرُ ٱلذُّنُوبَ جَمِيعًاۚ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلۡغَفُورُ ٱلرَّحِيمُ٥٣﴾
«(Ey Muhammad!) O'z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmatidan noumid bo'lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag'firat qilur. Albatta, Uning O'zi mag'firatli va rahmlidir”» (Zumar, 53).
Bu oyat, Ibn Kasir ta'biri bilan aytganda, kofirlar uchun ham, mo'minlar uchun ham barobar da'vatdir. Zero, kufr va shirkdan shu dunyoda tavba qilib imon keltirgan kishining tavbasi va imoni qabul qilinishi aniq. Shuningdek, mo'min bo'laturib, dengiz ko'pigidek ko'p gunoh qilgan kimsaning ham gunohlarini Alloh taolo fazli bilan kechib yuborishi mumkin ekani oyat va hadislardan ma'lumdir (Imom Ahmad rivoyati).
Shuningdek, yomonlik ortidan darhol yaxshilik qilish gunohni yuvib yuborishi ham hadislarda aytilgan (Imom Termiziy rivoyati).
Oyati karimada esa:
﴿وَأَقِمِ ٱلصَّلَوٰةَ طَرَفَيِ ٱلنَّهَارِ وَزُلَفٗا مِّنَ ٱلَّيۡلِۚ إِنَّ ٱلۡحَسَنَٰتِ يُذۡهِبۡنَ ٱلسَّئَِّاتِۚ ذَٰلِكَ ذِكۡرَىٰ لِلذَّٰكِرِينَ١١٤﴾
«Kunning har ikki tarafida (ya'ni ertayu kech) va tunning bir bo'lagida namoz o'qing! Albatta, savobli ishlar gunohlarni ketkazadi. Bu yod etuvchilar uchun yodnomadir» (Hud, 114), deyilgan.
Oyat mazmunidan besh mahal namoz vaqtlari chiqarilgan. Zero, kunning ikki tarafini bomdod bilan peshin, asr namozlari vaqti, tunning bir bo'lagini esa, shom va xufton namozlari vaqti, deb ta'vil qilish mumkin (“Madorikut tanzil va haqoiqut ta'vil”).
Abu Nu'aym “Hilya”da Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Agar bir jarchi nido qilib: “Ey odamlar! Albatta, faqat bir kishidan tashqari barchangiz jannatga kirasiz!” desa, men o'sha kishi emasmikanman, deb qo'rqaman. Agar jarchi nido qilib: “Ey odamlar! Albatta, faqat bir kishidan boshqa barchangiz do'zaxga kirasiz!”, desa, o'sha bir kishi men bo'lsam, deb umid qilaman”, dedi».
Tabaroniydan rivoyat qilinadi: “Abu Farva ismli bir odam kelib Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan:
– Boshdan-oyoq gunohga botgan, qilmagan noma'qulchiligi qolmagan bir kimsa tavba qilsa bo'ladimi? – deb so'radi.
Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) unga:
– Sen musulmon bo'lganmisan? – dedilar.
– Ha.
– Unday bo'lsa, bundan keyin yomonliklarni tashlaginda, hamisha yaxshilik qil. Alloh taolo sening avval qilgan gunohlaringni yaxshiliklarga aylantiradi.
– Barcha xiyonatu soxtakorliklarimni hammi?
– Ha.
U odam takbir ayta boshladi va chiqib ketdi. Keta-ketgunicha (bizga ko'rinmay qolgunicha) takbir aytdi”.
Inson hech qachon noumid bo'lmasligi kerak. Donolar: “Umidini yo'qotgan insonning boshqa yo'qotadigan narsasi yo'q”, deb bejiz aytishmagan.
KYeYINGI MAVZU:
Insonlardan behojat bo'lish;
Omonatga xiyonat qilmaslik
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.
Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.
Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.
Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.
Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...
Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan