Millatlar, irqlar, dinlararo munosabatlarda barcha dinlarning ezgulik manbai ekanligini anglata bilish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan, joriy yil 27 aprel' kuni O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita tomonidan “Markaziy Osiyo mamlakatlarida diniy erkinliklar” mavzusida mintaqaviy video-konferentsiya tashkil etildi.
Muloqotda Adliya vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zbekiston musulmonlari idorasi va turli diniy konfessiya vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston vakillaridan iborat ekspertlar qatnashdilar.
Anjumanda O'zbekistonda diniy bag'rikenglik va konfessiyalararo hamjihatlikni qaror toptirish, fuqarolarning e'tiqod erkinligini ta'minlashning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasidagi ijobiy ishlar alohida e'tirof etildi. Shuningdek, diniy konfessiya vakillariga bo'lgan e'tibor yildan-yilga oshib, bu, ayni paytda, O'zbekistonning barcha sohadagi islohotlarida o'z aksini topayotgani, xususan, “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yo'nalishi, aynan, diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlikni ta'minlash masalasiga bag'ishlangani ham buning yorqin namunasi ekani qayd etildi.
Horijiy va mahalliy olimlar, professor-o'qituvchilar, soha vakillari ishtirokida qizg'in muhokamalarga boy bo'lgan konferentsiyada O'zbekistonda diniy bag'rikenglikni qaror toptirishning siyosiy-huquqiy aspektlari, fuqarolar e'tiqod erkinligi va huquqini ta'minlashning asoslari ham muhokama etildi.
Ta'kidlash kerakki, yurtimizdagi insonparvarlik siyosati natijasida jamiyatda dinlar, millatlararo totuvlik va barqarorlikni ta'minlash, konfessiyalararo muloqot madaniyatini rivojlantirishda diniy tashkilotlar bilan o'zaro uzviy munosabat shakllangan. O'zbekistonning diniy bag'rikenglik va konfessiyalararo hamjihatlikni qaror toptirish, fuqarolarning e'tiqod erkinligi va huquqini himoya qilish borasidagi tajribasi yildan-yilga ijobiy ahamiyat kasb etib bormoqda.
Bu kabi konferentsiyalar esa ushbu yo'nalishdagi ishlarni mintaqaga tarannum etishda katta ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.
Din ishlari bo'yicha qo'mita
Axborot xizmati
Bir hamsuhbatimiz aytadi: “Masjidda peshin o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng nuroniy kishi yonimga kelib, “Qachondan beri namoz o‘qiysiz?” deb so‘radi. “Gapiravering-chi...” dedim. Namozni juda tez o‘qidingiz, bunday qilish mumkin emas. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: "Odamlarning ichida eng yomonlari namozidan o‘g‘irlaydiganidir”, deganlar. Abu Qatoda roziyallohu anhu: "Ey Allohning Rasuli, namozidan qanday qilib o‘g‘rilik qiladi?" deb so‘raganlarida u zot: "(O‘sha o‘g‘ri) rukusini ham, sajdasini ham, xuzu va xushusini ham to‘liq qilmaydi", deb javob berganlar (Imom Ahmad rivoyati)”, deb menga tanbeh bergan bo‘ldi.
Keyin o‘tirib o‘yladim: biz, yig‘ilishib turadigan do‘stu yoronlar jamoa bo‘lib namoz o‘qiganimizda men hamisha hammadan ortda qolib ketaman. Hatto vitr vojibning uchinchi rakatiga turganimda ular salom aytib bo‘lishadi. Modomiki, men namozni shoshqaloqlik bilan o‘qiyotgan bo‘lsam, ularning namozi nima bo‘layotgan ekan?..”
Darhaqiqat, namozni tez o‘qish bor, shoshqaloqlik bilan o‘qish bor. Tez o‘qish mahbub amallar sirasiga kiradi. Inchunun, Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga o‘xshash yengil va tugal namoz o‘qiydigan imomning ortidan hech namoz o‘qiganim yo‘q. U zot buvakning yig‘isini eshitar va uning onasi fitnaga uchramasin, deb namozini yengillatar edilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Bundan namozni vaqtini cho‘zib ham yubormasdan, shoshqaloqlikka ham yo‘l qo‘ymasdan puxta va yengil o‘qish lozimligi ayon bo‘ladi. Ushbu mavzuga misollar ko‘p ulardan biri quyidagi voqelik:
Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir odam: “Allohga qasamki, ey Allohning Rasuli, men falonchining bizga (namozni) cho‘zib yuborganidan bomdod namozidan orqada qolaman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘sha kunidek shiddatli g‘azablanganlarini ko‘rmadim. U zot: “Albatta, sizlarda nafrat qildiruvchilar bor. Qay biringiz odamlarga namoz o‘qib bersa, yengil o‘tkazsin. Albatta, ularning ichida zaifi, kattasi va hojatlisi bor. Qachon o‘zi namoz o‘qisa, xohlaganicha cho‘zsin”, dedilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Shoshqaloqlik bilan namoz o‘qish esa nomaqbul amal sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo bandaning ruku va sajdasi komil bo‘lmagan namoziga boqmaydi” (Imom Ahmad rivoyati), deganlar. Yana bir hadisda esa “Ruku’ va sajdada beliga orom bermagan kishining namozi qabul bo‘lmaydi” (Abu Dovud rivoyati), deb ta’lim berganlar.
Ya’ni ruku va sajdani komil qilib, sajda chog‘ida beliga orom bermagan namozda xushu ham, xuzu ham bo‘lmaydi. Namozini bu tartibda o‘qigan kishining tashvishi ibodatdan imkon qadar tezroq forig‘ bo‘lishdir. Buni folklor namoz desa ham bo‘ladi: ota-onasi, yon-atrofdagilar namoz o‘qigani uchun ularga ergashib o‘qib yuraveradi. O‘zini ibodat vaqtida Rabbimizning qarshisida turgandek his qilmaydi, shunchaki vaqti kirgan vazifani naridan beri bajarib qo‘ya qoladi, xolos.
Shunday ekan, namozga diqqatli bo‘laylik, axir Dargohi Oliyga borganimizda birinchi bo‘lib namozdan so‘ralamiz. Shuningdek, bizning eng katta sarmoyamiz namoz ekan, uni muhofaza qilaylik, azizlar.
Damin JUMAQUL