Saudiya Arabistonining ko'chmas mulk ob'ektlariga investitsiya kirituvchi yirik kompaniyalari vakillari bilan onlayn muloqot o'tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda O'zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Saudiya Arabistoni milliy kompaniyalarni qo'llab-quvvatlash agentligi, ikki mamlakat kompaniyalari vakillari, mamlakatimiz elchixonasi xodimlari qatnashdi.
Onlayn tadbirda mamlakatimiz, jumladan, Toshkent shahri ko'chmas mulk bozorida so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan o'zgarishlar, mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga yaratilayotgan qulay sharoitlar haqida ma'lumot berildi, saudiyalik investorlarga ushbu sohada hamkorlik qilish bo'yicha loyihalar taqdim qilindi.
O'z navbatida, saudiyalik investorlar joriy yil yanvar' oyida O'zbekistonga qilgan safarini mamnuniyat bilan eslab, mamlakatimizda guvohi bo'lgan yangilanishlar jarayoni va yaratilayotgan biznes imkoniyatlarlan ruhlanganini ta'kidladi.
Ularning fikricha, O'zbekiston Markaziy Osiyoda eng ko'p biznes imkoniyatlarga ega davlatga aylanmoqda. Tadbirkorlar tijorat, mehmonxona, turizm va boshqa ko'p maqsadli investitsion ko'chmas mulk ob'ektlarini qurishni rejalashtirayotganini aytdi.
Muloqotda turizm sohasiga oid ob'ektlar qurilishiga alohida e'tibor berish zarurligi qayd etildi. Bugun Saudiya Arabistonida O'zbekistonga bo'lgan qiziqish ortib bormoqda va bu keyingi yillarda ushbu mamlakatdan turistlar oqimi o'sishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Tomonlar o'zaro aviaqatnovlar ko'lamini kengaytirish istiqbollarini ham muhokama qildi.
O'z navbatida, Saudiya Arabistoni tomoni xorijiy investorlarga ajratilgan er uchastkalarining joylashishiga katta ahamiyat berishini, O'zbekiston hukumati esa ko'proq sayyohlik ob'ektlarining qurilishiga imkon berishini ta'kidladi.
Bunga sabab suhbatdoshlarning fikricha, yaqin yillarda Saudiya Arabistoni O'zbekistonga yiliga 100 ming, hozirgi kunda esa – yiliga 1-2 ming sayyoh yuborish imkoniga ega.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.