Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: “Ro'za va Qur'on bandani Qiyomat kuni shafoat qiladi. Ro'za: “Yo Rab, uni kunduzlari taom va shahvatdan man etdim. Meni unga shafoatchi qilgin”, deydi. Qur'on: “Men uni kechalari uyqudan qoldirdim. Meni unga shafoatchi qilgin”, deydi. Keyin ikkalasi shafoat qiladi» (Imom Ahmad rivoyati).
Tiybiy rahimahulloh bunday deydi: «Hadisdagi Qur'ondan murod tahajjud namozida o'qiladigan qiroatdir. Sababi, Isro surasining: “Va Qur'anal fajri” (78-) oyatidan “tonggi o'qish”, ya'ni bomdod namozidagi qiroat nazarda tutilgan. Hadisdagi: “Men uni kechalari uyqudan qoldirdim” jumlasi ham shunga dalolat qiladi».
Ro'za va Qur'onning shafoati haqida ulamolar ixtilof qilishgan. Ibn Hajar rahimahulloh: “Ro'za va Qur'on jism shakliga kirib, bandani shafoat qiladi”, degan. Ali Qori rahimahulloh: “Jism shakliga kirmasdan, balki holat taqozosi bilan ham shafoat qilishi mumkin”, deydi.
Ulamolar yana hadisdagi nozik bir nuqtaga e'tibor qaratishdi. Ahli sunna val jamoa e'tiqodiga ko'ra, Qur'oni karim Alloh taoloning azaliy, abadiy kalomi bo'lib, maxluq – yaratilgan emasdir. Shu bois hadisi sharifda: “Yo Rab”, deb murojaat qilmayapti. Zero: “Yo Rab”, degan xitob murojaat qiluvchining maxluq ekaniga dalolatdir. Bu fikrni Ali Qori rahimahulloh “Mishkatul masobih”ga yozgan sharhi “Mirqotul mafotih”da bayon qilgan.
Hadisdagi xabar g'ayb olamiga tegishli bo'lgani bois uning ta'viliga kirishgan yoki qanday bo'lsa shundayligicha qabul qilgan olimlar ham bor. Hususan, bu haqda Tiybiy rahimahulloh bunday deydi: “Ro'za va Qur'onning shafoat qilishini izohlash mumkin. Lekin uni shundayligicha qabul etib, ta'viliga kirishmagan ma'qul. Mana shu to'g'ri yo'ldir. Sababi, inson aqli ilohiy olamni idrok etishdan ojiz”.
Ulamolar ushbu hadisning sharhida: “Ro'za shafoati bandaning gunohlari kechirilishi, Qur'on shafoati esa darajasining ko'tarilishidir”, deyishgan. Ba'zi olimlar esa: “Ikki shafoat va ularning qabul etilishi Parvardigorning g'azabi so'nishi, bandani rahmatiga olib, darajasini ko'tarishi va O'zining huzurida muqarrablardan qilishidan bashoratdir”, deyishadi. Ushbu rivoyatni Imom Bayhaqiy rahimahulloh “Shu'abul imon” kitobida keltirgan.
“Mirqot” asosida Zangiota tumani
“Mo'min hoji ota” jome masjidi
imom noibi Abdulloh G'OFUROV
tayyorladi.
«Bir kishi o‘zidan xabardor bo‘lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O‘z aybini bilub, iqror qilub tuzatmakg‘a sa’y va ko‘shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Mezon tarozusiga qo‘yiladurgan amallarning ichida yaxshi xulqdan og‘irrog‘i yo‘qdur. Mo‘min banda yaxshi xulqi sababli kechasi uxlamasdan, kunduzlari ro‘za tutib ibodat qilgan kishilar darajasiga yetar”, demishlar».
Abdulla AVLONIY
Farzand tarbiyasi bugun har bir ota-ona uchun, o‘qituvchilar uchun juda og‘riqli masala. Chunki ularning odob-axloqi, darslarni o‘zlashtirishi qoniqarli emas. Yunusobod tumanidagi 117-o‘rta maktab o‘qituvchisi Sumbula ALMANOVA buning sabablari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Bugun yurtimizdagi har bir maktabning o‘ziga xos muhiti bor. Ta’lim jarayonlari ham, bolalarning yurish-turishi, o‘zlashtirishlari ham turlicha. O‘quvchilarning xulqida ko‘zga tashlanayotgan umumiy illatlar jamiyatimiz oldida turgan katta muammodir. Zero, birgina beadab o‘quvchi butun sinf muhitiga ta’sir qiladi.
Ertalab yaxshi kayfiyatda darsga kelasiz. Birinchi soatdan odobsiz o‘quvchi sizni behurmat qilsa, qolgan darslarni qanday o‘tish mumkin?! Sinfda shunaqa bolalardan bir nechasi bo‘lsa-chi? Dars tarbiyaviy soatga aylanib ketmaydimi? Afsus, bugun ko‘plab o‘qituvchilar ish kunini shu tarzda boshlamoqda.
Ba’zi o‘quvchilar darslarga mutlaqo e’tiborsiz. Maktabga faqat davomat uchun keladi. Darslarni o‘zlashtirmasligi oddiy holga aylangan. Ayrim yuqori sinf o‘quvchilari hijjalab o‘qib tursa, bu menga fojia bo‘lib ko‘rinadi. Aksar o‘quvchilarning fikru zikri qo‘l telefonida. Kamsonli o‘quvchilargina qanoatli. Qolganlarida doimiy norozilik kayfiyati ustun bo‘ladi.
Yana bir juda og‘riqli nuqta – bu o‘quvchilarning ibo-hayo masalasi. Shunday muammoga yo‘liqqan o‘quvchiga axloqdan so‘z ochsangiz, sizga “aql” o‘rgatadi.
Afsuski, keyingi paytda ota-onalarning maktab ishiga aralashishi ko‘p uchraydi. Farzandi yaxshi o‘qimasa, darslarga qiziqmasa ham, o‘qituvchilarni aybdor qilishadi. Bolasi nojo‘ya ish qilsa-da, yonini oladi. Shunday qilib, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida jarlik paydo bo‘lmoqda. Aslida ustoz va ota-onaning maqsadi bir bo‘lishi lozim!
Bu muammolarning yechimi, dardning davosi tarbiya ishidir. Bola ota-ona, bobo-buvilar qo‘lida ulg‘ayadi. Hozir-chi? Tan olish kerak, ko‘pchilikning farzandlari televizoru telefon bilan kun o‘tkazmoqda. Ota-onalar esa bunga befarq. Holbuki, bolalar, avvalo, oilada to‘g‘ri tarbiyalanishi lozim, Ta’lim maskanlari ota-onaga yordamchi bo‘ladi, xolos. Ta’lim darsliklarida tarbiyaga oid o‘quv dasturlarimiz bor. Lekin uning poydevori oilada bo‘lishi kerak. O‘qituvchiga ortiqcha mas’uliyatni yuklamaslik kerak. Chunki farzand uchun birinchi galda ota-ona mas’ul. Shuning uchun ota-onalar farzandini o‘qishga qiziqtirishi, uni tinglashi, darslarni o‘zlashtirishiga yordam berishi zarur. Shundagina undan biror yaxshilik kutish mumkin. O‘quvchi darsni o‘z vaqtida o‘zlashtira olmasa, orqada qolib ketadi. Bora-bora darsga umuman qiziqmay qoladi.
Demak, ota-onalar farzandlarining tarbiyasini yaxshilashi, darslarni qanday o‘zlashtirayotgani bilan har kuni qiziqishi, hech bo‘lmaganda smartfonlarda nimalar ko‘rayotgani, qancha vaqtini unga sarflayotganini nazorat qilishi lozim. O‘quvchilarning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish oldimizda turgan birdek muhim vazifadir.
Bobur MUHAMMAD yozib oldi.