Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Fevral, 2025   |   12 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:04
Quyosh
07:23
Peshin
12:42
Asr
16:10
Shom
17:55
Xufton
19:09
Bismillah
11 Fevral, 2025, 12 Sha`bon, 1446

Davriy nashrlarda: Ikki nur shafoati 

27.04.2021   1663   4 min.
Davriy nashrlarda: Ikki nur shafoati 

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: Ro'za va Qur'on bandani Qiyomat kuni shafoat qiladi. Ro'za: “Yo Rab, uni kunduzlari taom va shahvatdan man etdim. Meni unga shafoatchi qilgin”, deydi. Qur'on: “Men uni kechalari uyqudan qoldirdim. Meni unga shafoatchi qilgin”, deydi. Keyin ikkalasi shafoat qiladi» (Imom Ahmad rivoyati).  

Tiybiy rahimahulloh bunday deydi: «Hadisdagi Qur'ondan murod tahajjud namozida o'qiladigan qiroatdir. Sababi, Isro surasining: “Va Qur'anal fajri” (78-) oyatidan “tonggi o'qish”, ya'ni bomdod namozidagi qiroat nazarda tutilgan. Hadisdagi: “Men uni kechalari uyqudan qoldirdim” jumlasi ham shunga dalolat qiladi».

Ro'za va Qur'onning shafoati haqida ulamolar ixtilof qilishgan. Ibn Hajar rahimahulloh: “Ro'za va Qur'on jism shakliga kirib, bandani shafoat qiladi”, degan. Ali Qori rahimahulloh: “Jism shakliga kirmasdan, balki holat taqozosi bilan ham shafoat qilishi mumkin”, deydi.

Ulamolar yana hadisdagi nozik bir nuqtaga e'tibor qaratishdi. Ahli sunna val jamoa e'tiqodiga ko'ra, Qur'oni karim Alloh taoloning azaliy, abadiy kalomi bo'lib, maxluq – yaratilgan emasdir. Shu bois hadisi sharifda: “Yo Rab”, deb murojaat qilmayapti. Zero: “Yo Rab”, degan xitob murojaat qiluvchining maxluq ekaniga dalolatdir. Bu fikrni Ali Qori rahimahulloh “Mishkatul masobih”ga yozgan sharhi “Mirqotul mafotih”da bayon qilgan.

Hadisdagi xabar g'ayb olamiga tegishli bo'lgani bois uning ta'viliga kirishgan yoki qanday bo'lsa shundayligicha qabul qilgan olimlar ham bor. Hususan, bu haqda Tiybiy rahimahulloh bunday deydi: “Ro'za va Qur'onning shafoat qilishini izohlash mumkin. Lekin uni shundayligicha qabul etib, ta'viliga kirishmagan ma'qul. Mana shu to'g'ri yo'ldir. Sababi, inson aqli ilohiy olamni idrok etishdan ojiz”.

Ulamolar ushbu hadisning sharhida: “Ro'za shafoati bandaning gunohlari kechirilishi, Qur'on shafoati esa darajasining ko'tarilishidir”, deyishgan. Ba'zi olimlar esa: “Ikki shafoat va ularning qabul etilishi Parvardigorning g'azabi so'nishi, bandani rahmatiga olib, darajasini ko'tarishi va O'zining huzurida muqarrablardan qilishidan bashoratdir”, deyishadi. Ushbu rivoyatni Imom Bayhaqiy rahimahulloh “Shu'abul imon” kitobida keltirgan. 

“Mirqot” asosida Zangiota tumani

Mo'min hoji ota” jome masjidi

imom noibi Abdulloh G'OFUROV

tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Eng katta sarmoyamiz

11.02.2025   1024   3 min.
Eng katta sarmoyamiz

Bir hamsuhbatimiz aytadi: “Masjidda peshin o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng nuroniy kishi yonimga kelib, “Qachondan beri namoz o‘qiysiz?” deb so‘radi. “Gapiravering-chi...” dedim. Namozni juda tez o‘qidingiz, bunday  qilish mumkin emas. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: "Odamlarning ichida eng yomonlari namozidan o‘g‘irlaydiganidir”, deganlar. Abu Qatoda roziyallohu anhu: "Ey Allohning Rasuli, namozidan qanday qilib o‘g‘rilik qiladi?" deb so‘raganlarida u zot: "(O‘sha o‘g‘ri) rukusini ham, sajdasini ham, xuzu va xushusini ham to‘liq qilmaydi", deb javob berganlar (Imom Ahmad rivoyati)”, deb menga tanbeh bergan bo‘ldi.


Keyin o‘tirib o‘yladim: biz, yig‘ilishib turadigan do‘stu yoronlar jamoa bo‘lib namoz o‘qiganimizda men hamisha hammadan ortda qolib ketaman. Hatto vitr vojibning uchinchi rakatiga turganimda ular salom aytib bo‘lishadi. Modomiki, men namozni shoshqaloqlik bilan o‘qiyotgan bo‘lsam, ularning namozi nima bo‘layotgan ekan?..”


Darhaqiqat, namozni tez o‘qish bor, shoshqaloqlik bilan o‘qish bor. Tez o‘qish mahbub amallar sirasiga kiradi. Inchunun, Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga o‘xshash yengil va tugal namoz o‘qiydigan imomning ortidan hech namoz o‘qiganim yo‘q. U zot buvakning yig‘isini eshitar va uning onasi fitnaga uchramasin, deb namozini yengillatar edilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).


Bundan namozni vaqtini cho‘zib ham yubormasdan, shoshqaloqlikka ham yo‘l qo‘ymasdan puxta va yengil o‘qish lozimligi ayon bo‘ladi. Ushbu mavzuga misollar ko‘p ulardan biri quyidagi voqelik:


Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir odam: “Allohga qasamki, ey Allohning Rasuli, men falonchining bizga (namozni) cho‘zib yuborganidan bomdod namozidan orqada qolaman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘sha kunidek shiddatli g‘azablanganlarini ko‘rmadim. U zot: “Albatta, sizlarda nafrat qildiruvchilar bor. Qay biringiz odamlarga namoz o‘qib bersa, yengil o‘tkazsin. Albatta, ularning ichida zaifi, kattasi va hojatlisi bor. Qachon o‘zi namoz o‘qisa, xohlaganicha cho‘zsin”, dedilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).


Shoshqaloqlik bilan namoz o‘qish esa nomaqbul amal sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo bandaning ruku va sajdasi komil bo‘lmagan namoziga boqmaydi” (Imom Ahmad rivoyati), deganlar. Yana bir hadisda esa “Ruku’ va sajdada beliga orom bermagan kishining namozi qabul bo‘lmaydi” (Abu Dovud rivoyati), deb ta’lim berganlar. 


Ya’ni ruku va sajdani komil qilib, sajda chog‘ida beliga orom bermagan namozda xushu ham, xuzu ham bo‘lmaydi. Namozini bu tartibda o‘qigan kishining tashvishi ibodatdan imkon qadar tezroq forig‘ bo‘lishdir. Buni folklor namoz desa ham bo‘ladi: ota-onasi, yon-atrofdagilar namoz o‘qigani uchun ularga ergashib o‘qib yuraveradi. O‘zini ibodat vaqtida Rabbimizning qarshisida turgandek his qilmaydi, shunchaki vaqti kirgan vazifani naridan beri bajarib qo‘ya qoladi, xolos.


Shunday ekan, namozga diqqatli bo‘laylik, axir Dargohi Oliyga borganimizda birinchi bo‘lib namozdan so‘ralamiz. Shuningdek, bizning eng katta sarmoyamiz namoz ekan, uni muhofaza qilaylik, azizlar. 

Damin JUMAQUL

 

 

Maqolalar