Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Fevral, 2025   |   11 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:05
Quyosh
07:24
Peshin
12:42
Asr
16:08
Shom
17:54
Xufton
19:08
Bismillah
10 Fevral, 2025, 11 Sha`bon, 1446

Pol' Pogba: «Ro'za tutish futbol o'ynashimga salbiy ta'sir qilmaydi»

27.04.2021   1315   1 min.
Pol' Pogba: «Ro'za tutish futbol o'ynashimga salbiy ta'sir qilmaydi»

«Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Pol' Pogba musulmonlar uchun Ramazon oyida farz amal hisoblangan ro'za tutish haqida gapirib, bu uning o'yinlariga hech qanday salbiy ta'sir qilmasligi haqida aytib o'tdi. Bu haqda tribuna.uz manbasi xabar berdi.

Uning ta'kidlashicha: «Uzoq yillardan buyon ro'za tutib kelayotganim bois, mashg'ulot va o'yinlar paytida ham bu menga salbiy ta'sir qilmaydi. Qolaversa, bizda professional diyetolog ham bor, u Ramazon oyi davomida ko'proq nimalar iste'mol qilish zarurligini tavsiya qilib keladi. Aytaylik, mashg'ulot va maydonda etarlicha kuchga ega bo'lish uchun ko'proq oqsillar yoki yana qandaydir mahsulotlar iste'mol qilishimni nazorat qiladi. Yana bir jihati Manchesterda ekanligim ham omadim. Ramazon oyida bu erda boshqa mamlakatlardek issiq emas, yomg'ir ko'p yog'adi. Shu bois ro'za tutish menga og'irliq qilayotgani yo'q», deydi frantsiyalik yarimhimoyachi klub rasmiy saytiga.

Angliya Prem'er-ligasi 33-turi doirasida «Lids»ga qarshi uchrashuv Pogbaning «MYu»dagi 200-o'yiniga aylanadi.

«Lids»ga qarshi bahs mening «Yunayted»dagi 200-o'yinim bo'ladi? Qoyil, buni bilmasdim. Bu jamoada 200 o'yinlik marrani zabt etish katta faxr. «MYu» va «Lids» o'rtasidagi tarixiy qarama-qarshilik haqida juda yaxshi xabardorman. Ularga qarshi o'yinda maydonga tushishni intizorlik bilan kutayapmiz», - deydi Pogba klub rasmiy saytiga bergan interv'yusida.

Ma'lumot uchun, APL 33-turi doirasidagi «Lids» - «MYu» uchrashuvi bugun, yakshanba kuni soat 18:00da boshlandi.

islom.uz

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Alisher Navoiy fenomeni – jahon ahli nigohida

9.02.2025   2125   3 min.
Alisher Navoiy fenomeni – jahon ahli nigohida

Buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi, Sharq Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi Mir Alisher Navoiyning porloq nomi va bebaho merosi xalqimiz tarixida, milliy ma’naviyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Ulug‘ ajdodimiz o‘zining o‘lmas asarlarida ona tilimizning so‘z boyligi va ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, o‘zbek adabiy tiliga asos soldi. Ayni paytda o‘zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va takomilida hech kim Navoiydek beqiyos xizmat qilgan emas, desak, ayni haqiqatdir.

Alisher Navoiy umumbashariy madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Gomer va Dante, Servantes va Shekspir, Gyote va Tolstoy, Nizomiy Ganjaviy va Hofiz Sheroziy kabi jahon adabiyotining daholari safida turadi. G‘arb olamida Tristan va Izolda, Romeo va Juletta singari qahramonlar qanchalik mashhur va jozibali bo‘lsa, Sharq dunyosida hazrat Navoiy yaratgan Farhod va Shirin, Layli va Majnun kabi adabiy personajlar ham shu qadar sevimli va qadrlidir.
 

Alisher Navoiyning asosiy fenomeni – u buyuk insonparvar va yuksak ideal sohibidir. Shoir hayot va adabiyotdagi asosiy orzusi – komil inson g‘oyasini tarannum etish va uni butun dunyoga targ‘ib qilish borasida ulkan ma’naviy jasorat ko‘rsatgani alohida e’tiborga loyiqdir.


Asrlar davomida shoir asarlaridan bahramand bo‘lib kelayotgan minglab insonlar, ular qaysi millat va elat vakili bo‘lmasin, jahonning qaysi mamlakatida yashamasin, o‘z zamonasining barcha ijtimoiy-ma’naviy muammolariga, o‘zlarini qiynayotgan savollarga javob topa oladilar. Chunki biron-bir hayotiy masala, qadriyat va tuyg‘ular, fazilat va illatlar yo‘qki, Navoiy qalamga olmagan bo‘lsa!


Buyuk ajdodimizning o‘lmas merosi biz uchun, ayniqsa, bugungi murakkab globallashuv davrida har qachongidan ham dolzarb va zarurdir. Bu bebaho xazina tinch va barqaror, erkin va obod hayot barpo etish yo‘lida bashariyatga katta ma’naviy kuch baxsh etadi.


Ulug‘ gumanist Alisher Navoiy hamisha xalqning dard-u tashvishi bilan yashagani, umr bo‘yi yordam va ko‘makka muhtoj insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatib, ilm-fan, san’at va adabiyot ahliga homiylik qilgani bu mumtoz siymoning yana bir ibratli fazilatidir. Uning mamlakat poytaxti Hirot shahrining o‘zida o‘z mablag‘lari hisobiga uch yuz saksondan ortiq ijtimoiy muassasa – madrasa va masjidlar, shifoxona va kutubxonalar, hovuz va ariqlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo ettirgani, adib va olimlar, rassom va me’morlar, sozanda va xonandalar, mohir hunarmandlarni doimo moddiy va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlab kelgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.


O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinovning o‘quvchilarga taqdim etilayotgan yangi asari – "Alisher Navoiy fenomeni" nomli kitobi buyuk shoir ijodi namunalari hamda ilmiy asoslangan tarixiy ma’lumotlar bilan jahon afkor ommasi, xususan, xalqaro ilmiy, madaniy-ma’rifiy markazlarini yaqindan tanishtirish maqsadida tayyorlangan. Ushbu muhtasham kitob dunyo ahli tomonidan Navoiy dahosiga qiziqish o‘z davridan to bugungi kunga qadar so‘nmay kelayotgani va tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Shoirlar sarvari, mutafakkirlar peshvosi, buyuk qalb sohibi Mir Alisher Navoiyning barhayot merosi, umrboqiy asarlari yer yuzidagi yangi-yangi avlodlarni tarbiyalab, olam ahlini doimo yaxshilik va ezgulikka, mehr-oqibat, do‘stlik va hamjihatlikka chorlab turadi.

Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

"Jadid" gazetasining 2025 yil 7 fevraldagi 6-sonida

Maqolalar