Sayt test holatida ishlamoqda!
19 May, 2026   |   1 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:01
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:42
Xufton
21:12
Bismillah
19 May, 2026, 1 Zulhijja, 1447

“Muborak oy suhbatlari” (1-son)

26.04.2021   3905   14 min.
“Muborak oy suhbatlari” (1-son)

 

Boshlovchi – Saidolim Turdiboyev: Assalomu alaykum. Bu yilgi “Muborak oy suhbatlari” ko'rsatuvi ham avvalgilari kabi davom etadi, insha Alloh.

Bugungi ko'rsatuvimiz mehmoni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov. Assalomu alaykum, domla, ko'rsatuvimizga xush kelibsiz. Ramazon oyi muborak bo'lsin!

O'tgan yili mana ushbu loyihani boshlagan edik. Loyihaning bu yilgi birinchi sonida siz bilan diydorlashib turibmiz. Ma'lumki, o'tgan yili koronavirus pandemiyasi sabab aksariyat musulmonlar Ramazondagi ibodatlari, xususan, taroveh namozlarini ham oila a'zolarini bilan uyda o'qishga majbur bo'lishgandi. Bu yil esa imkoniyatlar boshqacha, xushxabarlar bor. Shunday emasmi?

 

Homidjon Ishmatbekov, O'zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari:

Bismillohir Rahmonir Rohiym. Bu yil karantin talablari bekor qilinmagan bo'lsa-da, masjidlarimiz ochiq, taroveh namozlari va xatmi Qur'onlar boshlangan. Haqiqatan ham o'tgan yili masjidlarimiz yopiq edi. Mo'min-musulmonlar taroveh namozlarini uylarida ado etishlariga to'g'ri keldi. Bu yil esa ikki mingdan ortiq masjidda taroveh namozlari o'qilyapti, 1380 dan ortiq masjidda esa xatmi Qur'on boshlandi. Albatta, masjidlarimizda imom-xatiblarimiz mo'min-musulmonlarga karantin talablarini doimo eslatib turishibdi. Toshkent shahridagi Qur'on xatmlari ro'zaning yigirma ettinchi kuni, ya'ni Qadr kechasida o'qiladigan ibodatlar bilan bir vaqtda tugaydi. Bu borada bir xil reja belgilab olganmiz. Ya'ni qorilarga Qur'onni xatm qilishlik bir xil taqsimlab berilgan.

Saidolim Turdiboyev: Ko'pchilik mo'min-musulmonlar ushbu oyning fazilatlari, barokatlaridan foydalanib qolishga harakat qiladi. Ibodatlarga zo'r beradi. Mazkur oyning fazli haqida gapirib bersangiz?

Homidjon Ishmatbekov:Ramazoni sharif Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, ummati Muhammadiyaning mo'min-musulmonlarga xos, Alloh taoloning rahmati va mag'firati bisyor bo'ladigan oy. Shu boisdan ham Payg'ambarimiz alayhissalom muborak oy, deb marhamat qilganlar. Ya'ni, barokatlik oy. Ramazonda qilingan har bir ezgu amalga ko'plab savoblar beriladi. Alloh taolo ushbu oyda mo'min-musulmonlarga o'z karamini keng qilgan oydir. Shu qatori gunohlar kechiriladigan, mag'firat qilinadigan muqaddas oydir. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon kirishidan oldin sahobalariga bu muborak oyning fazilati haqida bayon qilib berardilar. Toki odamlar bu oyning fazilatini bilib, shunga yarasha tayyorgarlik ko'rishsin, Ramazonni muhabbat, zavqu shavq bilan o'tkazsin, deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla sizga uning ro'zasini tutmoqni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochilur. Unda jahannamning eshiklari yopilur. Unda o'zboshimcha shaytonlar kishanlanur. Unda Allohning bir kechasi bo'lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo'lsa, batahqiq, mahrum bo'libdi”, dedilar” (Imom Nasaiy va Imom Bayhaqiy rivoyat qilishgan).

Demak, mo'min kishi Qadr kechasi yaxshi niyat qilsa, ezgu amalni bajarsa, unga Alloh taolo bitta farz amalni bajarganlik barobarida savob beradi, deya hadislarda keltiriladi. Shuningdek, kimki bu oyda bitta farzni bajarsa, boshqa oyda bajargan farzning etmishta savobiga ega bo'ladi.

Ramazon — sabr oyidir. Sabrning mukofoti esa jannatdir. Bu oyda mo'min-musulmonlar bir-birlariga qayishadi, mehr-muruvvat ulashadi. Kimki bir ro'zadorga iftorlik qilib bersa, Alloh taolo bu bandaning gunohlarini mag'firat qiladi, do'zaxdan ozod etadi. Kimdir ro'zadorga bir qultum suv bersa, yo bir dona xurmo berib iftor qilishiga yordam bersa, mana bunga ham savob beriladi. Bir odamning qornini to'yg'izishlik esa qiyomatda Payg'ambar alayhissalomga ato etilgan havzi Kavsardan qonib ichishga imtiyoz beriladi. Va toki jannatga kirmagunicha hech bir chanqoqni bilmaydi, deyiladi manbalarda.

Shuningdek, Ramazon mag'firat oyidir. Uning o'rtasdagi o'n kuni nafaqat oyning, balki yilning “mag'firat kunlari” hisoblanadi. Ramazon fazilati haqida Salmon roziyallohu anhu qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “U avvali rahmat, o'rtasi mag'firat va oxiri do'zaxdan ozod bo'lish fursati bo'lgan oydir”, deganlar.

Ramazon Qur'on oyidir. Muborak Ramazon oyida Islom ta'limotining asosiy manbai — Qur'oni karim nozil bo'lgan. Alloh taolo O'z Kalomining “Baqara” surasi, 185-oyatida shunday marhamat qiladi: “Ramazon oyi — odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir”.

Oyati karima bayonida Imom Hozin o'z tafsirida quyidagi rivoyatni Abdulloh Ibn Abbosdan naql qiladi: “Qur'oni karim to'laligicha Ramazon oyida, Qadr kechasida Lavhul-Maxfuzdan nozil qilinib, dunyo osmonidagi Baytul-izzaga qo'yildi. So'ngra Jabroil alayhissalom Muhammad alayhissalom oyatlarini muqtazoi hol taqozosiga muvofiq bo'lak-bo'lak qilib olib keldi”, dedilar.

Demak, Qur'oni karimning Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo'lishi Ramazon oyida boshlagan. Yana bu kunlarning ulug'ligiga sabab shuki, uning ichida Qur'on oyatlari nozil qilingan kecha – Qadr kechasi yashiringan.

Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har yili Ramazonda Qur'oni karimni Jabroil alayhissalomga o'qib berarkanlar. Vafotlaridan avvalgi Ramazonda Payg'ambar alayhissalom Qur'onni ikki marta xatm qilganlar.

Shundan buyon Ramazon oyida Qur'on xatm qilish ummatlarga sunnat bo'lib qolgan.

Manbalarda aytilishicha, Qur'oni karimning har bir harfini o'qigan odamga 10 tadan savob yoziladi. Hatmlarda jamoat bo'lib tinglaganga ham alohida ajr-savob bordir.

Ramazonda duolar ijobat bo'ladi. Ramazon kirgandan toki chiqqunicha Alloh taolodan bir nido bo'ladiki, mendan nimani so'rasang, ijobat qilaman, gunohlaringni kechiraman, deyiladi. Bu ham Ramazon oyining fazilatiga fazilat qo'shadi.

Ramazon – yaxshilik qilanadigan oy. Mo'min-musulmonlarning emin-erkin ibolat qilishi, yaxshi niyatlarini amalga oshirishi, dillariga yomon niyat kelmasligiga imkon beradigan oy. Bu kechada duo, ibodat qilish, bedor bo'lish ming oydan ham afzaldir.

Ilgari odamlar yuz, ikki yuz yillab yashagan ekan. Shuncha umri davomida yaxshiliklar qilib, Allohga ibodat qilib gunohlarini kafforat qilganlar. Lekin ularda Ramazon, Qadr kechasidek mukofot berilmagan. Islom ummatinnig aksariyati esa oltmish, etmish yil umr ko'radi. Ular barokatli oylardan bahramand bo'laganlar. Ya'ni musulmonlar bir kechada ming oydagi savobni topishlari mumkin ekan. Bu esa Qadr kechasining fazli va barokatidir.

Alloh taolo hadisi qudsiyda aytarkan, bandam ro'zani men uchun tutadi, qolgan amallarida o'zlari uchun manfaat bordir. Ro'zasi qabul bo'lgan bandalarni qiyomatda Allohning taoloning o'zi chaqirarkan. Ular Rayyon eshigi orqali jannatga kirarkanlar.

Ro'zador kishi saharlik taomini egandan ibodatga kirishgan bo'ladi toki kun botguncha shu holatda bo'larkan. Ular kun bo'yi ibodatda ekan. Shunday ekan mo'min kishi Ramazon oyida imon va ixlos bilan ro'za tutishi, ezgu amallarni ko'proq qilishi lozim.

 

 — Saidolim Turdiboyev: Shu o'rinda teletamoshabinlar tomonidan kelayotgan savollarga ham e'tibor qaratsak. Bu yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori haqida ham ma'lumot berib o'tsangiz?

 

Homidjon Ishmatbekov: Darhaqiqat, yaqinda O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'atining 2021 yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo'yicha qarori qabul qilindi.

Fitr sadaqasi quyidagi to'rt narsaning qiymati barobarida chiqariladi. Ular: bug'doydan yarim so' (2 kg.), arpadan bir so' (4 kg.), mayizdan yarim so' (2 kg.) va xurmodan bir so' (4 kg.)dir.

Bugungi kunda bozorlarimizda 1 kg. bug'doy o'rtacha 5 ming so'm, 1 kg. arpa o'rtacha 3,5 ming so'm, 1 kg. mayiz o'rtacha 40 ming so'm va 1 kg. xurmo o'rtacha 35 ming so'm ekani ma'lum bo'ldi.

Shunga ko'ra, 2021 yil uchun fitr sadaqasining miqdori:

2 kilogramm bug'doy 10 000 (o'n ming) so'm;

4 kilogramm arpa 14 000 (o'n to'rt ming) so'm;

2 kilogramm mayiz 80 000 (sakson ming) so'm;

4 kilogramm xurmo 140 000 (bir yuz qirq ming) so'm deb belgilandi.

Har kim o'z imkoniyatiga qarab ushbu to'rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa bo'ladi.

Bu yilgi fidya miqdori esa bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo'lib, uning o'rtacha qiymati 25 ming so'm, deb belgilandi. Bu yilgi fidya miqdori bir kun uchun 25 000 (yigirma besh ming) so'm, bir oyga 750 000 (etti yuz ellik ming) so'm deb belgilandi.

Fitr sadaqasi qiymatlari Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilangan bo'lib, har bir viloyat o'z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.

Zakotning tillodan nisobi 85 gramm bo'lib, bugungi kunda 1 gramm tilloning o'rtacha narxi 320.000 (uch yuz yigirma ming) so'm ekani e'tiboridan, bu yilgi Zakot nisobi 27 200 000 (yigirma etti million ikki yuz ming) so'm deb belgilandi.

Shunga ko'ra, zarur ehtiyojdan tashqari bir yil davomida 27 200 000 (yigirma etti million ikki yuz ming) so'm va undan ortiq mablag'ga ega bo'lgan musulmon kishi jami mablag'ining qirqdan biri (1/40)ni hisoblab, uni zakot niyatida kambag'al va faqirlarga beradi.

 

— Assalomu alaykum. Qo'shnimning do'koni bor. Muddati o'tgan mahsulotlarni ham o'tmagan, deya sotadi. Agar savdagor ishiga yolg'on aralashtirsa, undan kelgan pul halolmi?

 

— Savdagor odam mijozini aldashi yaxshi ish emas. Molining sifati, umuman, aybi bo'lsa, aybini aytib sotishi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni bozorda bug'doy sotib turgan kishining bug'doyiga muborak qo'llarini tiqib ko'rsalar, bug'doyning tagi sal nam ekan. Shunda U zot: “Bu qanday bo'ldi?”, deb sotuvchiga e'tiroz bildirdilar. Sotuvchi esa: “Hozir yomg'ir yog'ib o'tgan edi, shuning uchun nam tekkanini tagiga qo'ygan edim” — deb uzr aytdi. On hazrat: “Nam tekkani ustida turaversa bo'lmaydimi? Kimki aldasa bizdan emas”, — dedilar. Shuning uchun sotuvchi har doim molining holini aytib sotishi kerak. Yo'qsa, u Islom zid ish qilgan bo'ladi.

 

— Assalom alaykum. Ko'chadan pul topib oldim. Buning egasini topolmadim. Bunga bir oydan ko'p bo'ldi. Pulni kimga berishni bilolmayapman?

 

— Ko'chadan topib olgan, lekin egasi chiqmagan bo'lsa, u holda bu pul o'ziga kerakmas bo'lsa biror muhtoj odamga sadaqa qilishi lozim. Sadaqa qilganda ham pulning egasining nomidan sadaqa qilinadi. Bordiyu sadaqa qilib bo'lganidan so'ng, pulning egasi chiqib qolsa va u pulini so'rasa, pulni xoh o'zi ishlatgan bo'lsin, xoh birovga sadaqa qilgan bo'lsin, o'sha pulni uning o'zi beradi.

 

— Oshpazman. Ro'za tutmoqdaman. Lekin ovqatning ta'mini totib ko'rishimga to'g'ri keladi. Ta'tib ko'rsam bo'ladimi?

 

— Tatib ko'rsa bo'ladi. Faqat tuplab tashlashi kerak.

 

— Ayni paytda Qirg'izistondaman. Musofir ro'zasini tutsam bo'ladimi?

 

— Musofir ro'zasini tutsa bo'ladi. Agar mashaqqatlik vaziyatda bo'lsa, tutmaydi.

 

Dilmurod Sodiqov oqqa ko'chirdi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ayollar qabristonga borishi mumkinmi?

19.05.2026   29   4 min.
Ayollar qabristonga borishi mumkinmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Dinimizda qabr ziyoratiga ruxsat berilgan, balki targ‘ib ham qilingan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarni qabr ziyoratidan qaytargan edim. Endi ziyorat qilaveringlar. Chunki, u dunyodan qaytaradi va oxiratni eslatadi”, deganlar (Ibn Moja rivoyati).

Ulamolar ushbu hadisni qabr ziyoratiga ruxsat berish uchun asos qilib keltiradilar. Biroq ayollarning his-hayajonlari erkaklarnikidan farq qiladi. Shu bois kitoblarimizda ayollarning qabristonga borishi borasida bir necha xil fikrlarni uchratishimiz mumkin. Ibn Obidiyn rahmatullohi alayhi “Raddul muhtor” kitoblarida ushbu masaladagi turli qarashlarni keltirgach, ularning ortidan Xayruddin Ramliyning quyidagi so‘zlarini keltiradi:

 “Agar ayollarning qabristonga borishi odatdagidek, yig‘lash, qayg‘ularni yangilash va o‘liklarni maqtab jar solish uchun bo‘lsa  bu joiz emas. “Qabr ziyorat qiluvchi ayollarni Alloh la’natlasin”, ma’nosidagi hadis ham mana shunday ayollarga qarata aytilgan. Agar yoshi katta ayollar ibratlanish, yig‘i-sig‘i qilmay, o‘tganlarga rahmat so‘rash va solih insonlarning ziyoratidan tabarruk hosil qilish uchun borsalar, buning zarari yo‘q. Agar yosh ayollar bo‘lsa, ularning qabristonga borishlari xuddi masjidga borishlari kabi makruhdir”.

Alloma Ibn Obidiyn ushbu iboralarni keltirgandan so‘ng masalaga quyidagicha xulosa yasaganlar: “Xayruddin Ramliyning ushbu xulosalari mazkur masaladagi har-xil so‘zlarni go‘zal shaklda muvofiqlashtirish hisoblanadi” (“Raddul muhtor”).

Oisha raziyallohu anho bunday deganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dafn etilgan uyimga odatiy uy kiyimimni kiyib, nomahramlar oldida kiyadiganlarimni kiymay, kiraverar edim va «Birlari erim, birlari otam (Abu Bakr)ku!», der edim. Vaqtiki, u joyga Umar ham dafn etilgach, Allohga qasamki, qachon kirgan bo‘lsam, Umardan hayo qilib, albatta, kiyimboshimni bog‘lab kirganman» (Imom Ahmad rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Oisha roziyallohu anhoga qabr ziyoratiga borishga izn berganlari va u yerga borganida qaysi duoni aytishi kerakligini o‘rgatganlari sahih hadisda kelgan.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabr oldida yig‘lab o‘tirgan ayolning yonidan o‘tdilar. Shunda u zot unga: "Allohdan qo‘rq va (boshingga tushgan musibatga) sabr qil", dedilar. Ayol: "Nari tur! Mening boshimga tushgan musibatni qayerdan ham bilarding. Zero, seni boshingga tushmaganda", dedi. So‘ng odamlar ayolga bu zot Nabiy sollallohu alayhi vasallam ekanini aytishdi. Shunda haligi ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylariga bordi va eshik oldida qo‘riqchilarni ko‘rmadi. Ayol: "Sizni tanimabman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Chinakam sabr musibatning dastlabki onlarida sabr qilishdir", deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu ayolning qabr ziyoratiga borgani hamda qabr boshida turishiga e’tiroz bildirmadilar. Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biron ishga e’tiroz bildirmasalar bu o‘sha ishning joizligiga dalolat qiladi.

Ibn Hajar rahimahulloh aytadi: "Mazkur hadisdagi dalolat o‘rni shuki, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ayolning qabr oldida o‘tirishiga tanbeh ber-masdan unga iqror bo‘lishlari bu ishning joizligiga hujjat bo‘ladi" ("Fathul Boriy").

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolning qabr oldida shariatimizda ta’qiqlangan dod-voy solib yig‘lashiga tanbeh berdilar, xolos.

Demak, ulamolarimizning yuqoridagi so‘zlaridan yoshi katta ayollar erkaklarga aralashmagan holatda, satri avratga rioya qilib, yig‘i-sig‘i qilmay, ibratlanish maqsadida qabristonga borib o‘tganlarini ziyorat qilib, ularning haqlariga duo qilib kelishlari joiz ekani kelib chiqadi.


Muhammad Ayyub Faxriddinov,  
Namangan shahri "Yusufxon o‘g‘li Qosimxon" jome masjidi imom noibi

MAQOLA