Dubay hukumati muqaddas ro'za oyi munosabati bilan mahalliy kafe va restoranlar faoliyatiga cheklov qo'ydi.
Munitsipalitet qaroriga ko'ra, butun Ramazon oyida umumiy ovqatlanish shoxobchalari egalari peshayvonlarda ovqatni tortish va uni ko'chada hammaga ko'rsatib qo'yish ta'qiqlandi. Mynamaz.ru xabariga ko'ra, ushbu cheklov mehmonxonalardagi restoranlarga taalluqli emas.
Avvalroq, Ramazon oyi davomida Dubayga tashrif buyurgan rossiyalik sayyoh bu davrni dam olish uchun ideal vaqt deb atagan edi. Qolaversa, u milliy taomlar bilan iftorlik, madaniy tadbir va savdo-sotiqdagi chegirmalarni ijobiy holat sifatida aytib o'tgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yolg‘on to‘qish qanday gunoh?
U zot aytmagan gapni "aytdilar" deyish-chi?!
Keling ushbu mavzuni birgalikda ko‘rib chiqamiz. Haqiqatda dinimizda hadis yod olish, o‘rganish va uni qolganlarga yetkazish juda katta savobli ish, buni hammamiz bilamiz. Bu haqida Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda quyidagicha marhamat qiladilar:
"Bizdan hadis eshitgan so‘ng uni eshitganidek (boshqalarga) yetkazgan kishining yuzini Alloh nurli qilsin", dedilar (Imom Dorimiy rivoyati).
Bu hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarini boshqalarga yetkazgan kishini duo qilyaptilar. Demak, Rasulimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini boshqalarga yetkazish saodat manbai ekan. Xo‘sh, mazkur duo ichiga kimlar kirishi mumkin, deb o‘ylaysiz. Buni bilish uchun, mazkur hadisi sharifda kelgan ba’zi kalimalarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Hadisi sharifda "Bizdan hadis eshitgan" iborasi zikr qilindi. Avvalo hadis o‘zi nima ekanligini bilib olsak. Hadis ulamolar nazdida "Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan (u zotga tegishli) so‘z, fe’l, taqrir (bir narsa yoki holatni tasdiqlash) va sifat".
Demak, bunda u zotdan boshqalardan rivoyat qilingan so‘z, hikoya va boshqa narsalar chiqib ketar ekan. Yana hadisning davomida "eshitganidek" deyildi. Bundan hadisi sharifni aytishlikda juda hushyor bo‘lish, ya’ni beparvolarcha hadisga ziyoda yoki nuqson kirgizmaslik, imkon qadar yod olishga harakat qilish ma’nolari kelib chiqadi. Hadisning ba’zi rivoyatlarida "va yod olsa" iborasi ham kelgan. Ha, kim hadisi sharifni eshitsa va uni eshitganidek o‘zgalarga yetkazsa yuzi nurli, qalbi porloq va hayoti sof bo‘lar ekan. Chunki yuz qalbning aksidir, agar qalb poklansa uning asorati yuzida ko‘rinadi.
Imom Buxoriy Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar...", deganlar. Ha Rasulimizning hadislaridan ozgina bo‘lsa ham, hatto ikki kalima bo‘lsa ham yetkazishimiz kerak. Lekin, shu amalga targ‘ib qilish muqobilida, suiste’mol qilib, haddidan oshganlarga qanday va’idlar kelganini ham ko‘rib chiqaylik.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " مَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ " رواه مسلم.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim mening nomimdan qasddan yolg‘on gapirsa o‘rnini do‘zaxdan tayyorlayversin", dedilar.
Bu hadisni saksondan ortiq sahobalar rivoyat qilishgan. Sahih naqlga ko‘ra bu mutavotir hadisdir.
Ibn Hajar rohimahulloh aytadi: "Yolg‘on qasddan yoki xato qilib bir narsani uning aksiga ko‘ra xabar berishdir". Qasddan yolg‘on to‘qish harom, gunohi kabira, agar bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan bo‘lsa, gunohi boshqalarga nisbatan haromligi juda katta bo‘ladi. Yolg‘on asli ham shar’an, ham aqlan mumkin bo‘lmagan ishlardan hisoblanadi. Nafaqat musulmonlar balki boshqa din vakillari, hatto dinga e’tiqod qilmaydiganlar nazdida ham yolg‘on katta ayb hisoblanadi.
Endi bu ikki olam sarvari, Alloh taoloning Rasuliga nisbatan bo‘lsa qanday bo‘lishi mumkin? Mazkur yolg‘on umumiydir, xoh u yaxshilikka targ‘ib qilish, yomonlikdan qaytarish uchun bo‘lsin, xoh shaxsiy manfaat uchun, xoh boshqa ma’noda barchasi mumkin emas.
Sanusiy rahimahulloh aytadi: "Shak yo‘qki, ba’zi holatdan tashqari qasddan yolg‘on to‘qishning hammasi haromdir. Va bu Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nisbatan xabar berishda haromligi yanada qattiq bo‘ladi. Chunki u aslida Alloh taologa nisbatan yolg‘on to‘qigan bo‘ladi. Sababi Nabiy sallollohu alayhi vasallam "U havodan nutq qilmas. U vahiydan boshqa narsa emas" (Najm surasi 3-4 oyatlar).
Kim yolg‘ondan: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam falon narsa dedilar" desa, go‘yoki Alloh taolo u zotga shuni vahiy qilgan deb da’vo qilgan bo‘ladi. Shundan keyin ham, kimki Alloh haqida yolg‘on to‘qisa, bas, ana o‘shalar zolimlardir (Oli Imron surasi 94-oyat). Jumhur ulamolar, u zot sollallohu alayhi vasallamga yolg‘on nisbat berish eng katta gunohlardan deganlar".
Hadisi sharifda "qasddan" qaydi ishlatildi: bundan xato qilib, yanglishib, tili toyilib yolg‘on nisbatini berib yuborganlar istisno qilinadi.
Ulamolar: "Agar olim yoki tolibi ilm xatoligini bilib turib yolg‘onni xabar bersa, mazkur hadisga doxil bo‘ladi", deganlar. Lekin shunda ham ehtiyot yo‘lini tutib juda puxta bilmagan hadisni aytmaslik avlo bo‘ladi. Sahobalar ham ushbu hadisni eshitib u zotga yolg‘on nisbat berib qo‘yishdan qo‘rqib juda hushyor holatda, yodida mustahkam o‘rnashgan hadislarinigina rivoyat qilishgan.
Bu borada quyidagi rivoyat misol bo‘la oladi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim mening nomimdan qasddan yolg‘on gapirsa o‘rnini do‘zaxdan tayyorlayversin – meni sizlarga ko‘p hadis aytishimdan to‘sib turibdi", dedilar.
Ular qasddan yolg‘on gapirmasalar-da, lekin ehtiyot yo‘lini tutib yuqorida aytganimizdek kam rivoyat qilganlar. Sahobalardan bunga o‘xshash rivoyatlar juda ko‘p. Hatto hazrati Umar roziyallohu anhu ba’zi o‘rinlarda sahobalardan aytgan hadisiga guvoh keltirishni ham talab qilganlar. Imom Zahabiy Umar roziyallohu anhuning tarjimayi hollarida quyidagilarni keltiradi: "U muhaddislarga naqlda puxta bo‘lishlikni joriy etgan zotdir".
Lekin keyingi davrga kelib o‘z manfaatlari uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nomlaridan yolg‘on xabar tarqatadiganlar chiqa boshladi. Ko‘plari hadis tolibi ilmlarini o‘ziga jalb qilishlik uchun, ba’zilari dunyoviy g‘arazda omma – xalqni o‘ziga qaratish uchun va qolganlari rahbarlarga yoqish ilinjida hadis to‘qiy boshladilar. Lekin har davrda shariat, sunnat himoyachilari bo‘lganidek, o‘z o‘rnida muhaddis, ulamolar buni fosh qilib keldilar va kelmoqdalar. Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam mo‘jizalaridan bo‘lib yuqorida keltirilgan hadisi sharifni aytib mo‘min-musulmonlarni bundan ogoh etdilar.
Ha, bugungi kunimizga ham nazar tashlasak Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytmagan xabarlarni u zot aytganlar deb xabar tarqatadiganlar oz emas. Ba’zilar yaxshilikka targ‘ib qilyapman degan da’vo bilan yolg‘on tarqatadilar. Lekin yaxshilikning har bir jabhasini Alloh va uning rasuli batafsil bayon qilib ketganlar. U zotga nisbatan yolg‘on tarqatishga hojat yo‘q. Agar bu eshik ochilsa har kim xohlagan narsasini xohlagancha aytaveradi. Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam aytgan hadislar bilan aytmaganlarini ajratish mashaqqatli bo‘lib qoladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqab ketadi. "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: "Kim ramazon kirganining xushxabarini bersa, falon-falon ajr bo‘ladi, falon-falon gunohlari kechiriladi"; "kim falon kuni falon rakat namoz o‘qisa faloncha gunohi kechiriladi"; "falonchini tushiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kiribdilar va ummatlariga quyidagilarni yetkazishni aytib ogohlantiribdilar"; "bu xabarni tarqatinglar, tarqatmaganlar falon bo‘ladi...", degan xabarlar tarqalyapti. Ushbu hadis ayni mana shunday yolg‘on tarqatadiganlarga do‘zax vojib bo‘lishligini aytib ogohlantiryapti. Yana har kim har qanday xabarni hadis ekan desa tekshirmasdan ergashib ketavermaslik kerak. Alloh taolo: "Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...", degan (Hujurot surasi 6-oyat).
Endi hadisi sharifda kelgan ba’zi so‘zlarni ko‘rib chiqsak. Hadisda "o‘rnini do‘zaxdan tayyorlayversin" deyildi. Ba’zilar, “bu buyruq lafzi bilan bo‘lgan duo” dedilar.
Boshqalar: “buyruq lafzi bilan bo‘lgan xabar ya’ni ana shunga haqli bo‘ladi, o‘zini shunga tayyor qilsin”, degan ma’noda talqin qilishadi. Hofiz ibn Hajar rahimahulloh aytadi: "U zotga yoki u zotdan boshqasiga nisbatan yolg‘on to‘qigan kimsaning haqqidagi jazo teng ekanligidan, ikkising ham qaror topgan joylari bir ekanligi yoki (do‘zaxda) uzoq turishligi teng ekanligi kelib chiqmaydi (ya’ni ikkisining o‘rtasida katta tafovut bor). Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning "tayyorlayversin" degan so‘zlari u yerda uzoq turishligiga dalil bo‘ladi...".
O‘rni kelganda shuni ham aytish lozimki, yuqorida aytganimizdek avvalari qissaxonlik urf bo‘lgan. Va natijada har xil – mavzu, to‘qima hadislarni ham qo‘shib yuborish kuzatilgan. Bugungi kunda ham va’z irshod davralarda bunday xabarlarni tarqatishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Odatda odamlar nodir, g‘aroyib xabarlarga qiziqadi, ergashadi. Shu sababli bu xabarlar to‘qib ommaga taqdim etilgan. Hadislarni ommaga yetkazishda naqli sahih bo‘lgan kitoblardan foydalanish kerak. Qancha-qancha sahih hadis kitoblarda va’z va irshodga doir hadislar bor. Bu hadislarni qayta-qayta odamlarga yetkazish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Odatda to‘qima hadislar g‘aroyib bo‘lganligi uchun, undagi va’dalar katta bo‘lganligidan ergashib ketiladi. Yana shunga ham e’tibor berish kerakki, hadisi sharifni yaxshi tushunmasdan boshqa ma’noni ifodalovchi fikrlar bilan uni sharhlab ham bo‘lmaydi. Bu ma’noni Alloh taoloning kitobi, Qur’onga nisbatan ham aytish mumkin. Alloh taolo Yunus surasida aytadi: "Allohga yolg‘on to‘qigan yoki Uning oyatlarini yolg‘onga chiqargan kimsadan ham zolimroq odam bormi?! Albatta, jinoyatchilar najot topmaslar’’.
عَنْ جُنْدُبٍ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " مَنْ قَالَ فِي كِتَابِ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ بِرَأْيِهِ فَأَصَابَ فَقَدْ أَخْطَأَ ".
Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Alloh azza va jallaning Kitobi borasida o‘z fikri bilan gapirsa va to‘g‘ri topsa ham xato qilibdi", dedilar.
Bundan kelib chiqadiki, gap Alloh va uning Rasuli haqida ketar ekan o‘z fikri bilan uni tushunish va tushuntirish xatodir. Balki avvalo salaflarning fahmlari ila va ulamolarning so‘zlari bilan uni tushunish va tushuntirish lozim. Shuning uchun har kim din-diyonat, halol-harom, oxirat mas’alasi haqida gap ketganda xushyor bo‘lishligi lozim. Inson bir og‘iz gap bilan jannatiy bo‘lganidek, bir og‘iz gap bilan do‘zaxiy bo‘lib ketishligi hech gap emas. Alloh taolo hammamizni yuqorida zikr qilingan hadisi sharifga amal qilishligimizni nasib etsin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yolg‘on to‘qishdan o‘zi saqlasin!
Muhammad Ali Ibrohimzoda,
Hadis ilmi maktabi talabasi.