Islom dini har qanday sharoitda ham ekstremistik va terrorchilik kabi keskin harakatlarni amalga oshirishga ruxsat bermaydi. Uning ta'limotiga ko'ra, nohaq qon to'kilishi kimning qoni bo'lishidan qat'i nazar, eng og'ir gunoh hisoblanib, uning jazosi ham og'ir ekani ma'lum. Bugungi kunda o'zini fuqaro sifatida anglayotgan barcha yurtdoshlarimizdan turli kuchlar tomonidan qilinayotgan fitnalar, turli tajovuzlar mohiyatini to'g'ri va teran anglash talab etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga fitnalar to'g'risida juda ko'p bora aytib, undan ehtiyot bo'lish lozimligini ta'kidlaganlar.
Solim (ibn Abdulloh ibn Umar) rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbar yonida turib: “Fitna ana u tarafdan, shayton shohi (yoki quyosh toji) chiqadigan tomondan sodir bo'ladi”, — dedilar”. Vaholanki, hozirgi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshilik, jumladan, Yaqin Sharqda, Iroq va Suriya mamlakatlarida bo'layotgan qonli to'qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o'rtasida kuchayib borayotgan o'zaro nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo'layotgani barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qo'ymaydi. Shu o'rinda quyidagi hadisi sharifga diqqat qiling. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar boshiga bir zamon kelurki, unda qotil nima uchun qatl qilganini va maqtul nima uchun qatl qilinganini anglamaydi», – dedilar». Muslim rivoyat qilgan.
Alloh taolo barchalarimizni turli fitnalardan va unday fitnalarni tashkillashtiruvchi fitnachilardan ehtiyot bo'lishimizga chorlab, Anfol surasining 25-oyatida shunday deydi: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo'yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir”.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam ham bu kabi fitnalardan ehtiyot bo'lish lozimligini ta'kidlab: “Fitnalar sodir bo'lganda tik turgandan ko'ra o'tirgan afzaldir, tik turgan esa yurib ketayotgandan, yurib ketayotgan esa yugurub ketayotgandan afzaldir, kimki fitnaga aralashib qolsa, halokatga uchraydi va kimki undan panoh topsa, darhol yashirinsin!” – dedilar.
Bugun insoniyat g'oyaviy urushlar, ma'naviy ziddiyatlar, bir hovuch zo'ravon g'oyalarning dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan o'yinlari avj olgan bir vaziyatda yashayapti. Hozir zulm va istibdod, terror va buzg'unchiliklar, axloqsizlik va ma'naviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Musulmonlar bunday sharoitlarda har qachongidan hushyor va ogoh bo'lishlari, do'st kimu, dushman kimligini yaxshi ajrata olishlari, g'animlar fitnasiga uchmasliklari, yovuz kuchlar qo'lidan qo'g'irchoq bo'lib qolib, dindoshlari va millatdoshlari qotiliga aylanmasliklari zarur. Chunki har bir fitna va fasod ish ortida g'arazli maqsadlar, manfaatdor kuchlar turganini bir lahza ham unutishga haqqimiz yo'q.
Darhaqiqat, inson ogoh bo'lsagina o'zining kelajagiga aql bilan teran nazar tashlaydi, kelishi yoki sodir bo'lishi mumkin bo'lgan fitna-fasod, xavf-xatarni oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo'ladi. Aksincha, g'ofil, beparvo va loqayd bo'lgan kimsa esa atrofida nimalar bo'layotganiga ham e'tibor bermay, oxir oqibat turli balo va musibatlarga duchor bo'ladi. Payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam hayot vaqtlarida aslo vujudga kelmagan, ammo kelajak asrlarda vujudga kelishi mumkin bo'lgan, xalq va millatlar birligi va osoyishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzg'unchiliklar haqida xabar berib: “Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshi va yomonini farqiga bormasa, mo'miniga ziyon tegishidan o'zini tiymasa, bergan va'dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!”-deya ogoh etgan edilar.
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizga qarata: “Men vafot qilganimdan keyin asara (Mol-dunyo to'plab manmanlik qilmoq)ning hamda o'zlaringiz nafratlanadigan boshqa ishlarning guvohi bo'lasizlar,” – dedilar. Sahobalar: Yo Rasululloh, bizga nima deb amr qilasiz? U zot: “Amirlaringizning farmoishlariga itoat etinglar va Alloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiringlar!” – dedilar”. Mazkur hadisi sharifdan ma'lum bo'ladiki, jamiyat orasida turli fitnalar boshlanganda xalq uchun eng to'g'ri yo'l – yurt rahbariga, hokimlarga itoat etish, farmonlarini bajarishdir. Chunki, odatda yurt rahbarigina xalq tinchligini ta'minlab berish va fuqarolarning farovon hayot kechirishi uchun jon kuydirar ekan.
Hulosa shuki, jonajon yurtimizni turli xil fitna, g'arazli xuruj va yot g'oyalardan, himoya qilish hamda ularning asl maqsadlarini birinchi navbatda o'sib kelayotgan yosh avlodga shuningdek, barcha fuqarolarimizga tushuntirish muhim ekanligini har birimiz chuqur his etishimiz kerak.
Din niqobi ostidagi har xil oqim va firqalarning diniy-ekstremistik ruhdagi aqidalari barqaror hayotimizga tahdid solayotgaligini bot-bot takrorlab, vatandoshlarimizni loqaydlik, befarqlikdan yiroq bo'lgan holda mavjud vaziyatdan ogohlikka chaqirishga har birimiz burchlimiz. Zero, donishmandlar “beparvo – pushaymonda, ehtiyotkor – omonda” deya bejiz aytishmagan.
H.Matyakubov
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati