O'zbekistonga Indoneziyaning qator OAV vakillaridan iborat delegatsiya keldi. Ular 166 mln auditoriyaga ega bo'lgan ANTV, CNN, TVRI, RRI, TransTV, Trans7 va ASWA Muslim TV kabi telekanal muxbirlaridan iborat.
Tashrifdan ko'zlangan maqsad indoneziyalik sayyohlarning O'zbekiston haqida xabardorligini oshirib, ziyorat turizmini keng targ'ib qilish orqali sayyohlar oqimini oshirish.
Ikki hafta mobaynida delegatsiya vakillari respublikamizning Toshkent, Termez, Samarqand, Buxoro, Hiva va Qo'qon shaharlari bo'ylab sayohat qiladi, deb xabar bermoqda uzbektourism.uz.
Mazkur tashrif O'zbekiston Turizm va sport vazirligi va O'zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo'lib, bunda O'zbekistonning sayyohlik salohiyati, ziyoratgoh va tarixiy obidalari bilan tanishtirish rej qilingan. Buning uchun barcha hozirliklar ko'rilgan.
Hozirda Indoneziya milliy televideniyesining bir necha kanallarida "O'zbekistonda ramazon" teledasturi tayyorlanib, unda Ramazon oyida saharlik va iftorlik vaqtlarida indoneziyalik tomoshabinlar uchun O'zbekistonning muqaddas ziyoratgoh va buyuk ulamolari haqida ma'lumot beriladi.
Shuningdek, delegatsiya sayyohlik manzillari bilan tanishib, turizm sohasidagi turoperator, aviakompaniya, mehmonxona, muzey kabi tashkilotlarning o'zaro hamkorligi o'rganiladi.
Bu ikki davlat o'rtasida turizmni rivojlantirish, indoneziyaliklarni yurtimizning qadim tarixi, mavjud ziyoratgohlari, buyuk ulamolar merosi bilan tanishtirish orqali islom diniga oid yangi ma'lumotlarga ega bo'lishiga xizmat qiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ilmning qadr-qimmati barchamizga ma’lum. Ilm sababli Alloh taolo Odamni farishtalardan afzal qildi. Ilm sababidan farishtalarga Odamga sajda qilishni buyurdi. Alloh taolo olimlar va ilm talabidagilarning martabalarini yuqoriga ko‘tardi. U Zot bunday deya marhamat qiladi: «...Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur...»[1].
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Alloh uchun ta’lim olish – Allohdan qo‘rqishdir. Ilmni dars qilish – tasbehdir. Uni o‘rganish – ibodat, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, amal qilish esa Allohga yaqinlashishdir”.
Ilm sizning qadringizni ko‘taradi va ilm orqali Alloh taologa yaqinlashib borasiz. Abu Bakr Varroq bu borada bunday deydi:
Ilm o‘z sohibin ko‘targay yuksak,
Xoja aylagaydir qulni-da shaksiz.
Rizolik yo‘li ham shul erur demak,
Ilmdan boshqasi abas, keraksiz.
Ilm oluvchi go‘zal odob-axloq ila bezanmog‘i lozim. Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Ilm olar ekansiz, sakinat va halimlikni ham o‘rganing. Sizdan ilm o‘rganuvchilar ham sizga nisbatan kamtarin munosabatda bo‘lsinlar, siz ham ilm olayotgan kishingizga tavozeli bo‘ling. Zulmkor olimlardan bo‘lmang. Sizlarning ilmingiz jaholat birla turmas”.
“Men bilmayman” deyish hech qachon ayb sanalmaydi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Qalbga rohat beradigan eng go‘zal narsa haqida savol so‘rashganida, “Men bilmayman”, deb javob berishdir”, deganlar.
O‘rgangan ilmingizni odamlardan berkitmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar”[2], deganlar.
O‘rganayotgan narsalaringizga bee’tibor bo‘lib odamlarga yetkazmay yurish yaxshi emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilmni berkitsa, Alloh taolo qiyomat kunida unga olovdan bo‘lgan yuganni soladi”, [3] deganlar.
Amal qilinmaydigan ilmda xayr yo‘q. Unday odamning ustiga jild-jild kitoblar ortilgan eshakdan farqi yo‘q.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu bunday deydilar: “Ilm o‘rganib, unga amal qilinglar. Ilm ila chiroyli ko‘rinish uchun ilm o‘rganmang. Umringiz uzoq bo‘lsa, hali shunaqalarni ko‘rasiz, odamlar kiyim kiyib bezanganidek, odamlar ilm olib o‘zlariga oro beradilar”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Imlni olimlarga maqtanish, u orqali esi past, johillar bilan talashib-tortishish yoki odamlarning e’tiborini o‘zingizga qaratish uchun o‘rganmang. Kim shunday qilsa, u jahannamdadir”[4], deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Mujodala surasi, 11-oyat.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.
[3] Ibn Hibbon, Imom Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyati.
[4] Ibn Moja rivoyati.