YuNYeSKOning Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Turkiyaning Bechin shahridagi 600 yillik qadimiy va noyob masjid qayta tiklanmoqda.
Islam.ru ma'lumotlariga ko'ra, arxeologlar jamoasi rahbari professor Qodir Pektasning aytishicha, ular madrasa va hammom bilan qurilgan majmuadagi eng yirik bino Yelli masjidini qayta ochishni rejalashtirishgan.
Pektasning so'zlariga ko'ra, masjid nafaqat qadimiy shaharning, balki o'sha davrdagi butun Anatoliyaning eng ajoyib inshootlaridan biri bo'lgan.
Masjid ham tabiat hodisalar, ham odamlar sabab yuzaga kelgan ayrim omillar tufayli vaqt o'tishi bilan yaroqsiz holga kelganini ta'kidlab, Pektas bunday dedi: "Madaniyat va turizm vazirligidan olgan mablag' bilan restavratsiya ishlari muttasil davom etmoqda".
"Asliga mos ravishda mahalliy materiallardan foydalangan holda olib borgan restavratsiya ishlari doirasida masjiddagi yoriqlar "arxitektura choklari" usulida ta'mirlandi", - deydi u.
Pektasning aytishicha, binoning mintaqadagi kuchli zilzilalarga qaramay omon qolishi o'sha davrning mashhur me'moriy muvaffaqiyati bilan bog'liq.
Bechinda 1972 yildan boshlab muntazam ravishda arxeologik qazishmalar amalga oshirilib kelingan va 2000 yilda tangalar xazinasi topilgan, ulardan 60 000 tasi Usmonlilar davriga tegishli.
"Bu arxeologik qazishmalar paytida Turkiyada topilgan nafaqat eng katta xazina, balki Usmonli tangalari bilan topilgan eng katta xazina hamdir", - ta'kidlashdi YuNYeSKO vakillari.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bir hamsuhbatimiz aytadi: “Masjidda peshin o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng nuroniy kishi yonimga kelib, “Qachondan beri namoz o‘qiysiz?” deb so‘radi. “Gapiravering-chi...” dedim. Namozni juda tez o‘qidingiz, bunday qilish mumkin emas. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: "Odamlarning ichida eng yomonlari namozidan o‘g‘irlaydiganidir”, deganlar. Abu Qatoda roziyallohu anhu: "Ey Allohning Rasuli, namozidan qanday qilib o‘g‘rilik qiladi?" deb so‘raganlarida u zot: "(O‘sha o‘g‘ri) rukusini ham, sajdasini ham, xuzu va xushusini ham to‘liq qilmaydi", deb javob berganlar (Imom Ahmad rivoyati)”, deb menga tanbeh bergan bo‘ldi.
Keyin o‘tirib o‘yladim: biz, yig‘ilishib turadigan do‘stu yoronlar jamoa bo‘lib namoz o‘qiganimizda men hamisha hammadan ortda qolib ketaman. Hatto vitr vojibning uchinchi rakatiga turganimda ular salom aytib bo‘lishadi. Modomiki, men namozni shoshqaloqlik bilan o‘qiyotgan bo‘lsam, ularning namozi nima bo‘layotgan ekan?..”
Darhaqiqat, namozni tez o‘qish bor, shoshqaloqlik bilan o‘qish bor. Tez o‘qish mahbub amallar sirasiga kiradi. Inchunun, Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga o‘xshash yengil va tugal namoz o‘qiydigan imomning ortidan hech namoz o‘qiganim yo‘q. U zot buvakning yig‘isini eshitar va uning onasi fitnaga uchramasin, deb namozini yengillatar edilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Bundan namozni vaqtini cho‘zib ham yubormasdan, shoshqaloqlikka ham yo‘l qo‘ymasdan puxta va yengil o‘qish lozimligi ayon bo‘ladi. Ushbu mavzuga misollar ko‘p ulardan biri quyidagi voqelik:
Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir odam: “Allohga qasamki, ey Allohning Rasuli, men falonchining bizga (namozni) cho‘zib yuborganidan bomdod namozidan orqada qolaman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘sha kunidek shiddatli g‘azablanganlarini ko‘rmadim. U zot: “Albatta, sizlarda nafrat qildiruvchilar bor. Qay biringiz odamlarga namoz o‘qib bersa, yengil o‘tkazsin. Albatta, ularning ichida zaifi, kattasi va hojatlisi bor. Qachon o‘zi namoz o‘qisa, xohlaganicha cho‘zsin”, dedilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Shoshqaloqlik bilan namoz o‘qish esa nomaqbul amal sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo bandaning ruku va sajdasi komil bo‘lmagan namoziga boqmaydi” (Imom Ahmad rivoyati), deganlar. Yana bir hadisda esa “Ruku’ va sajdada beliga orom bermagan kishining namozi qabul bo‘lmaydi” (Abu Dovud rivoyati), deb ta’lim berganlar.
Ya’ni ruku va sajdani komil qilib, sajda chog‘ida beliga orom bermagan namozda xushu ham, xuzu ham bo‘lmaydi. Namozini bu tartibda o‘qigan kishining tashvishi ibodatdan imkon qadar tezroq forig‘ bo‘lishdir. Buni folklor namoz desa ham bo‘ladi: ota-onasi, yon-atrofdagilar namoz o‘qigani uchun ularga ergashib o‘qib yuraveradi. O‘zini ibodat vaqtida Rabbimizning qarshisida turgandek his qilmaydi, shunchaki vaqti kirgan vazifani naridan beri bajarib qo‘ya qoladi, xolos.
Shunday ekan, namozga diqqatli bo‘laylik, axir Dargohi Oliyga borganimizda birinchi bo‘lib namozdan so‘ralamiz. Shuningdek, bizning eng katta sarmoyamiz namoz ekan, uni muhofaza qilaylik, azizlar.
Damin JUMAQUL