So'nGgi mukammal shariat
26- وَبَاقٍ شَرْعُهُ فِي كُلِّ وَقْتٍ إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ وَارْتِحَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
U zotning shariati to qiyomat kunigacha va (dunyodan oxiratga) ko'chishgacha barcha vaqtda boqiy qoluvchidir.
Nazmiy bayoni:
Uning shariati boqiydir har vaqt,
Kelgunicha ko'chish kun, ro'zi qiyomat.
Lug'atlar izohi:
بَاقٍ – mubtadosidan oldin keltirilgan xabar. Lug'atda “sobit qoluvchi” ma'nosini anglatadi.
شَرْعُهُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Shariat so'zi lug'aviy jihatdan “bayon qilingan qonun” ma'nosini anglatadi. Istilohda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bayon qilgan shar'iy hukmlar, shariat deb ataladi.
فِي –“zarfiyat” ma'nosida kelgan jor harfi.
كُلِّ – jor majrur بَاقٍ ga mutaalliqdir.
وَقْتٍ – muzofun ilayh. Vaqt kalimasi o'tayotgan davrning bir bo'lagiga nisbatan ishlatiladi.
اِلَى – “zamoniy g'oya”ning intihosi uchun kelgan jor harfi.
الْقِيَامَةِ يَوْمِ – lug'atda “o'rnidan turish kuni” ma'nosini anglatadi. Istilohda qabrlardan turiladigan kun, qiyomat kuni deyiladi.
ارْتِحَال – bu masdar bir joydan boshqasiga ko'chishga nisbatan ishlatiladi. Bu erda barcha xaloyiqning dunyodan oxiratga ko'chadigan Kuni nazarda tutilgan.
Matn sharhi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning olib kelgan shariatlari oldingi barcha shariatlarni nasx[1] qiluvchi oxirgi mukammal shariat hisoblanadi. Zero, u zotdan so'ng shariatlarini nasx qiladigan biror payg'ambar kelmaydi. Aslida, ushbu bayt “Jahmiya”[2] firqasining buzuq e'tiqodlariga raddiya sifatida keltirilgan.
Ushbu baytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shariatlari qiyomat kunigacha mansux bo'lmasligiga, ya'ni u zotning shariatini nasx qiluvchi boshqa payg'ambar kelmasligiga ishora bor. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so'ng kimdir u zot keltirgan shariatdan boshqa biror shariatni xohlagan taqdirda ham qilayotgan ishlari undan qabul qilinmaydi. Bu haqida Qur'oni karimda shunday xabar berilgan:
﴿وَمَن يَبۡتَغِ غَيۡرَ ٱلۡإِسۡلَٰمِ دِينٗا فَلَن يُقۡبَلَ مِنۡهُ وَهُوَ فِي ٱلۡأٓخِرَةِ مِنَ ٱلۡخَٰسِرِينَ٨٥﴾
“Kimki Islomdan o'zga dinni istasa (ixtiyor etsa), undan (u din) sira qabul qilinmagay va u oxiratda ziyon ko'ruvchilardandir”[3].
Biroq Iso alayhissalomning qiyomatga yaqin tushishlari va jizyani[4] bekor qilishlari haqida ham hadislar kelgan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shariatlarida qo'llangan jizyani bekor qilish nasx hisoblanmaydimi? Zohiran nasxga o'xshab ko'ringan bu ish aslida nasx emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko'rsatmalariga amal qilish hisoblanadi. Ushbu haqiqat Iso alayhissalomning jizyaning hukmini ko'tarishlari haqidagi xabarda o'z ifodasini topgan:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِىَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ لَيْسَ بَيْنِى وَبَيْنَهُ نَبِىٌّ يَعْنِى عِيسَى وَإِنَّهُ نَازِلٌ فَإِذَا رَأَيْتُمُوهُ فَاعْرِفُوهُ رَجُلٌ مَرْبُوعٌ إِلَى الْحُمْرَةِ وَالْبَيَاضِ بَيْنَ مُمَصَّرَتَيْنِ كَأَنَّ رَأْسَهُ يَقْطُرُ وَإِنْ لَمْ يُصِبْهُ بَلَلٌ فَيُقَاتِلُ النَّاسَ عَلَى الإِسْلاَمِ فَيَدُقُّ الصَّلِيبَ وَيَقْتُلُ الْخِنْزِيرَ وَيَضَعُ الْجِزْيَةَ وَيُهْلِكُ اللَّهُ فِى زَمَانِهِ الْمِلَلَ كُلَّهَا إِلاَّ الإِسْلاَمَ وَيُهْلِكُ الْمَسِيحَ الدَّجَّالَ فَيَمْكُثُ فِى الأَرْضِ أَرْبَعِينَ سَنَةً ثُمَّ يُتَوَفَّى فَيُصَلِّى عَلَيْهِ الْمُسْلِمُونَ. رَوَاهُ اَبُو دَاوُدَ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men bilan uning orasida nabiy yo'qdir, ya'ni Iso alayhissalomning. U tushguvchidir. Qachon uni ko'rsalaringiz, bilib olinglarki, u qizil yuzli va oq yuzli o'rtasidagi kishidir. Uning ustida ikkita bo'yalgan kiyim bor. Go'yo boshidan tomchi tomib turgandek bo'ladi, garchi namlik etmagan bo'lsa ham. U Islom yo'lida odamlar bilan jang qiladi. U butni parchalaydi, cho'chqani o'ldiradi va jizyani ko'taradi. Alloh taolo uning zamonida Islomdan boshqa barcha millatlarni ham, masiyh dajjolni ham halok qiladi. U (Iso alayhissalom) erda qirq yil yashab turadi. So'ngra vafot etadi. Unga musulmonlar namoz (janoza) o'qiydilar”, – dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.
Demak, Iso alayhissalom jizyani boshqa bir yangi shariat bilan emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keltirgan shariat bilan bekor qiladilar. Bu esa nasx qilish emas, balki unga amal qilish hisoblanadi.
Iso alayhissalom tushganlaridan
so'ng vahiy tushadimi?
Iso alayhissalom erga tushganlaridan so'ng u zotga vahiy nozil bo'lishi haqida xabarlar kelgan. “Sahihi Muslim” kitobining oxirida “Ya'juj va Ma'juj” haqidagi uzun hadisda Iso alayhissalomga vahiy tushishi haqida, jumladan, shunday deyilgan:
فَبَيْنَمَا هُوَ كَذَلِكَ إِذْ أَوْحَى اللَّهُ إِلَى عِيسَى إِنِّى قَدْ أَخْرَجْتُ عِبَادًا لِى لاَ يَدَانِ لأَحَدٍ بِقِتَالِهِمْ فَحَرِّزْ عِبَادِي إِلَى الطُّورِ وَيَبْعَثُ اللَّهُ يَأْجُوجَ وَمَأْجُوجَ. صَحِيحُ مُسْلِمٍ
“...U ana shunday bo'lib turganida Alloh taolo Isoga “Men ular bilan urishishga biror kimsaning toqati etmaydigan bandalarni chiqardim, bas, bandalarimni Turga istehkom qilib saqla”, – deb vahiy qiladi, so'ngra Alloh Ya'juj va Ma'jujni yuboradi...”. “Sahihi Muslim”da kelgan.
Ushbu hadisda Iso alayhissalomga tushganlaridan so'ng vahiy yuborilishi bayon qilingan. Biroq bu biror shar'iy hukmni joriy qiladigan vahiy emas, balki xabar berish ma'nosidagi vahiy bo'ladi. Shunga ko'ra, Iso alayhissalom erga tushganlaridan so'ng qirq yil Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xalifasi maqomida u zotning ummatlari bilan birga bo'ladilar. Shundan keyin vafot etadilar va musulmonlar u zotning janozalarini o'qib dafn qiladilar.
Isro va Me'roj bayoni
27- وَحَقٌّ أَمْرُ مِعْرَاجٍ وَصِدْقٌ فَفِيهِ نَصُّ أَخْبَارٍ عَوَالِي
Ma'nolar tarjimasi:
Me'roj ishi haq va rostdir, u haqida oliy (isnodli) xabarlarning bayoni bordir.
Nazmiy bayoni:
Me'roj voqeasin haq va rost deb bil,
Oliy xabarlarda kelgandir dalil.
Lug'atlar izohi:
حَقٌّ – mubtadosidan oldin keltirilgan xabar. Voqelikning berilgan hukmga muvoq bo'lishi haq (haqiqat) deyiladi.
اَمْرُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado, muzof.
مِعْرَاجٍ – muzofun ilayh. Lug'atda “yuqoriga ko'taruvchi asbob” ma'nosini anglatadi. Ammo bu erda “ko'tarilish” so'zini ifodalovchi masdariy ma'nosi iroda qilingan.
صِدْقٌ –“sidq” (rost) berilgan hukmning voqelikka muvofiq bo'lishidir. Shunga ko'ra bu kalimadan “aslo yolg'on emasdir” ma'nosi tushuniladi.
فَ – “ta'liliya” (izohlamoq) ma'nosida kelgan.
فِيهِ – jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
نَصُّ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Faqat bitta ma'noga dolalat qiladigan yoki ta'viyl qilib bo'lmaydigan dalil "nass" deyiladi.
عَوَالِي أَخْبَارٍ – muzofun ilayh. Oliy xabarlar ma'nosini anglatuvchi bu so'zdan oliy isnodli hadislar iroda qilingan. Oliy isnodli hadislar deganda hadis roviysi bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oralaridagi kishilar oz bo'lgan hadislar tushuniladi. Oradagi vosita qancha kam bo'lsa, xato ehtimoli shuncha kamaygan bo'ladi. Shuning uchun bunday hadislarni muhaddislar “oliy isnodli hadislar” deyishgan.
Matn sharhi:
Ushbu baytda “Me'roj” voqeasining sahih xabarlarda bayon qilinganidek sodir bo'lgani to'g'risida so'z yuritilgan.
Isro lug'atda “tungi sayr” ma'nosini bildirsa, shar'iy istilohda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Makka shahridan Quddus shahriga qilgan tungi sayrlari “Isro” deyiladi.
“Me'roj – Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Isrodan so'ng o'sha kechaning o'zida “Masjidul Aqso”dan oliy samolarga, keyin “Sidratul muntaho”ga ko'tarilishlari, so'ngra o'sha kechaning bir qismining o'zidayoq “Baytul Maqdis”ga qaytishlaridir.
Me'roj lug'at jihatidan narvonga o'xshash “ko'tarilish asbobi” ma'nosini anglatadi. Lekin uning qanday narsa ekani noma'lumdir. Uning hukmi ham boshqa g'aybiy narsalarning hukmi kabi bo'lib, shakl va holati qandayligini bilishga urinib aqlni qiynash durust emas[5]”.
Ammo istilohda “ko'tarilish” ma'nosidagi masdariy ma'nosi iroda qilingan bo'ladi.
Isro va Me'roj haqida ikkalasi bir kechada bo'lganmi yoki boshqa-boshqa kechada bo'lganmi, qaysi biri avval bo'lgan, uyg'oqlikda bo'lganmi yoki uyquda bo'lganmi yoki ba'zisi uyg'oqlikda va ba'zisi uyquda bo'lganmi bir marta bo'lganmi yo ikki marta bo'lganmi yo ko'p marta bo'lganmi kabi turli fikr-mulohazalar bildirilgan. Bunday turli qarashlar “Isro va Me'roj” kechasi haqidagi rivoyatlarda bayon qilingan voqelar sababli kelib chiqqan. Ana shunday voqealardan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg'ambarlarni ko'rganlari haqidagi xabardir. Bu haqida quyidagicha mulohazalar bildirilgan:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Isro va Me'roj” kechasida payg'ambarlarni ko'zlari bilan ko'rganlari rivoyat qilingan. Yana u zotning barcha payg'ambarlarni samoda ham ko'rganlari zikr qilingan. Shunga ko'ra ba'zilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tunda sayr ettirilishlari uyquda bo'lgan” deyishib, sahih xabarlarni rad etishgan. Chunki ular vazmin narsaning yuqoriga harakatlanishini va o'likning tirilishini odatga xilof deb bilishgan. Ulamolar esa mazkur sahih xabarni qabul qilish lozimligini ta'kidlaganlar. Zero, vazmin narsaning yuqoriga harakatlanishi xuddi tushishi kabi bir jarayondir. Jabroil alayhissalom engil bo'lishlari bilan birga erga tushganlar, xuddi shunday Muhammad alayhissalom ham vazmin bo'lishlari bilan birga yuqoriga ko'tarilganlar. Osmonlaru erni ustunlarsiz tutib turgan zotning hikmati shuni taqozo qilishining hech qanday ajablanarli joyi yo'q. Alloh taoloning qudratiga vazmin narsani o'sha darajalarga ko'tarishi qiyinlik tug'dirmaydi. Shuningdek, payg'ambarlarni tiriltirib, ularni xilma-xil o'rinlarda va turli vaqtlarda u zotga ko'rsatishi ham joiz ishlardan hisoblanadi”[6].
Imom Jaloliddin Suyutiy “Isro va Me'roj” haqida quyidagilarni yozgan: “Mufassirlar, muhaddislar, fuqaholar va mutakallimlarning barchalari “Isro va Me'roj”ning uyg'oqlikda bir kechada bo'lganiga ittifoq qilganlar. Bu haqida ochiq-oydin sahih xabarlar kelgan. Qur'oni karimda shunday xabar berilgan:
﴿سُبۡحَٰنَ ٱلَّذِيٓ أَسۡرَىٰ بِعَبۡدِهِۦ لَيۡلٗا مِّنَ ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡحَرَامِ إِلَى ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡأَقۡصَا ٱلَّذِي بَٰرَكۡنَا حَوۡلَهُۥ لِنُرِيَهُۥ مِنۡ ءَايَٰتِنَآۚ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلسَّمِيعُ ٱلۡبَصِيرُ١﴾
“(O'z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo''jizalarimizdan ko'rsatish uchun (Makkadagi) Masjidi Haromdan (Quddusdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidi Aqsoga tunda sayr qildirgan zotga tasbeh aytilur”[7].
Tasbeh ulug' ishlar qarshisida aytiladi (oyatda “Subhana” deya tasbeh aytilmoqda) agar mazkur voqea Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uxlayotgan paytlarida sodir bo'lganida, bu ishda alohida bir ulug'lik bo'lmasdi. Quraysh ham buni birdan inkor qilishga oshiqmas edi. Zero, banda ruh va jasaddan iborat. Agar mazkur voqea u zotning uxlagan paytlarida faqat ruhlariga bog'liq holda sodir bo'lganida edi, oyatda “Bandasini” deb emas, balki “Bandasining ruhini” deb aytilgan bo'lardi. Qolaversa, bu aqlan ham to'g'ri emas, chunki u zot Buroqqa mindirilganlar, Buroqqa esa ruh mindirilmaydi, balki badan mindiriladi”[8].
Baytul Maqdisga olib borilish hikmati
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Isro va Me'roj” kechasida avvalo Baytul Maqdisga olib borilib, so'ngra samoga ko'tarilishlarining hikmati haqida quyidagilar bayon qilingan:
“Baytul Maqdisga olib borilishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Me'roj haqidagi so'zlarining rost ekanini izhor etish hikmati bor. Quraysh Baytul Maqdisning vasfi haqida so'rashganida, u zot vasfini keltirib, ularning yo'lda kelayotgan karvonlari haqida ham xabar berganlar. Agar u zotning samoga ko'tarilishlari to'g'ri Makka orqali bo'lganida edi, o'sha narsa hosil bo'lmay qolardi. Chunki agar samoda yuz bergan voqeaning o'zinigina xabar berganlarida samodagi narsani ularga ko'rsatish iloji bo'lmasdi. Ammo ular Baytul Maqdisni ko'rgan edilar, shu sababli o'rtada Baytul Maqdis haqida savol-javob bo'lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uyg'oq holatlarida jismonan samoga ko'tarilganlariga ushbu oyat ham dalil bo'ladi:
﴿وَلَقَدۡ رَءَاهُ نَزۡلَةً أُخۡرَىٰ١٣ عِندَ سِدۡرَةِ ٱلۡمُنتَهَىٰ١٤ عِندَهَا جَنَّةُ ٱلۡمَأۡوَىٰٓ١٥﴾
“Va, darhaqiqat, uni boshqa safar ko'rdi. “Sidratul-muntaho” (tugash daraxti) oldida. Uning huzurida ma'vo jannati bor”[9].
Ya'ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Jabroil alayhissalomni Sidratul-muntahoda ko'rishlari uchun u zot o'sha joyga va jannatul ma'voga borgan bo'lishlari kerak”[10].
Mashhur vatandoshimiz Najmiddin Nasafiy “Isro va Me'roj” haqida shunday yozgan:
وَالْمِعْرَاجُ لِرَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ فِي الْيَقْظَةِ بِشَخْصِهِ اِلَى السَّمَاءِ ثُمَّ اِلَى مَا شَاءَ اللَّهُ تَعَالَى مِنَ الْعُلَى حَقٌ.
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uyg'oqlikda jismonan samoga ko'tarilishlari so'ngra Alloh xohlagan oliyliklarga yuksalishlari haqdir”.
Alloma Taftazoniy mazkur matnlarni quyidagicha sharhlagan: “Masjidul Haromdan Baytul Maqdisga qilingan isro Qur'on bilan sobit bo'lgan xabardir. Yerdan samoga ko'tarilishlari “mashhur” xabardir[11]. Samodan jannatga yo Arshga yo undan boshqa joyga ko'tarilishlari “ohod”dir[12]. So'ngra to'g'risi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Robbilarini qalblari bilan ko'rganlaridir, ko'zlari bilan ko'rganlari emas”[13].
Sofiyurrahmon Muborakfuriy “Rohiqul Maxtum” kitobida “Isro va Me'roj” voqeasi qachon sodir bo'lgani to'g'risida aytilgan quyidagi olti xil qarashni keltirgan:
Keyin so'zida davom etib, Isro surasida Isro qissasi bitta oyatda zikr qilingani, so'ngra Bani Isroil va ularning buzg'unchiliklari haqida so'z yuritilgani keyin Qur'onning eng to'g'ri yo'lga hidoyat qilishi haqidagi xabar berilgani hamda bu oyatlarning oralaridagi bog'liqliklar va ularning hikmatlari haqida atroflicha so'z yuritib, oxirida “Ushbu hikmatlarga ko'ra Isro birinchi “Aqaba bay'ati”dan salgina oldin yoki ikki “Aqaba bay'at”larining orasida bo'lgan”[14], – degan.
Ushbularga ko'ra “Isro va Me'roj” ning qachon sodir bo'lgani to'g'risida qat'i bir fikr aytilmaydi. Ammo aytiladiki, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Masjidul Haromdan Masjidul Aqsoga tunda sayr qildirilganlarini Alloh taoloning O'zi xabar bergan. Isrodan so'ng o'sha kechaning o'zida Masjidul Aqsodan oliy samolarga, keyin “Sidratul muntaho”ga ko'tarilganlarini, so'ng o'sha kechaning bir qismidayoq Masjidul Aqsoga qaytganlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'zlari xabar berganlar. Shunga ko'ra Isro Qur'on oyati bilan sobit bo'lgani uchun uni inkor qilgan kishi kofir bo'ladi. Me'roj esa hadislar bilan sobit bo'lgani uchun uni inkor qilgan kofir bo'lmasa ham, bid'atchi va adashuvchi sanaladi. So'fi Ollohyor bobomiz me'roj to'g'risidagi e'tiqodni qisqa va lo'nda tarzda shunday bayon qilgan:
Yaqin bilgil ani me'rojin, ey yor,
Tani birla edi, ham erdi bedor.
* * *
Habibin har nechuk qilsa sarafroz,
Hudoni rahmati ko'pdur, emas oz[15].
Ya'ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning me'roj kechasida uyg'oq holatda tanalari bilan samoga ko'tarilganlarni haq deb bilgin. Zero, Alloh taolo O'zining suyukli bandasini xohlaganicha izzat-ikrom qilishi mumkin. Buning hech qanday ajablanarli joyi yo'q.
KYeYINGI MAVZULAR:
ShAFOAT TUShUNChASI BAYoNI:
Shafoatning shartlari;
Shafoatning turlari;
Payg'ambar alayhisslomga xos shafoatlar;
Umumiy shafoatgo'ylarning shafoatlari.
[1] Nasx lug'atda: “bekor qilmoq”, “yo'q qilmoq” kabi ma'nolarni anglatadi. Istilohda esa: Shori' o'zining oldingi hukmini keyingi hukmi bilan bekor qilishi nasx deb ataladi. Qarang: Doktor Mahmud Tohhon. Taysiru mustalahil hadis. – Riyoz: “Maktabatul ma'orif linnashri vat tavziy'”, 2004. – B 74.
[2] Jahmiya firqasining nomi Jahm ibn Safvonga nisbat berilgan bo'lib, ular insonga ixtiyor berilganini va Alloh taoloning sifatlarini inkor qilib chiqishgan. Mazkur buzuq qarashlarini hijriy 118-yilda murtad sifatida qatl etilgan Ja'd ibn Dirhamdan o'zlashtirganlar. Jahm ibn Safvon Umaviylarga qarshi Horis ibn Surayj bilan birga bosh ko'tarib chiqqani uchun 128-hijriy sanada qatl etilgan. Qarang: Munjid fil-lug'ati a'lom. – Bayrut: “Dorul mashriq”, o'ttiz sakkizinchi nashr. – B. 205.
[3] Oli Imron surasi, 85-oyat.
[4] Jizya lug'atda “to'lamoq” ma'nosini anglatadi. Istilohda esa “musulmon bo'lmaganlardan Islom hukmiga taslim bo'lganliklariga va uning hukmi ostida yashashga rozi bo'lganlariga moddiy dalil kabi olinadigan ma'lum miqdordagi mol jizya deyiladi”. Qarang: Abdulhamid Mahmud Tohmoz. Fiqhul Hanafiy fi savbihil jadid. – Damashq: “Dorul qalam”, 2009. – B. 79.
[5] Imom Ibn Kasir “Isro va Me'roj” 7-bet.
[6] Abu Bakr ibn Muhammad ibn Arabiy Molikiy. Avasim minal qovasim. Bayrut: “Maktabatul Ansor”, 2006. – B. 235.
[7] Isro surasi, 1-oyat.
[8] Imom Jaloliddin Suyutiy. Isro va Me'roj, birinchi nashr. – Misr: “Doru g'oddil jadid”, 2005. – B. 75.
[9] Najm surasi, 13, 15-oyatlar.
[10] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxiysu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415 h. – B. 96.
[11] Mashhur lug'atda: “taniqli”, “dong taratgan” kabi ma'nolarni anglatadi. Hadis ilmi istilohida esa: Har bir tabaqada uch va undan ortiq kishilar rivoyat qilgan, lekin mutavotir darajasiga etmagan xabar – mashhur deyiladi. Qarang: Doktor Mahmud Tohhon. Taysiru mustalahil hadis. – Riyoz: “Maktabatul ma'orif linnashri vat tavziy'”, 2004. – B. 22.
[12] Ohod lug'atda: “Birlar” ma'nosini anglatadi. Shu ma'noda “Hobarul vohid” deyilganda bir kishi rivoyat qilgan xabar tushuniladi. Istilohda esa: Mutavotirning shartlarini o'zida jamlay olmagan xabar ohod deyiladi. Qarang: Ibn Hajar Asqaloniy. Nuzhatun-nazor fi tavziyhi nuxbatil fikar fi mustalahi ahlil asar. – Madinai munavvara: “Jami'tut Toyyiba”, 2008. – B. 55.
[13] Sa'duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 130.
[14] Sofiyurrahmon Muborakfuriy. Rohiqul maxtum, to'rtinchi nashri. “Maktabatur Rushd”, 2008. – B.164.
[15] So'fi Ollohyor. Sabotul ojizin. – Toshkent: “Cho'lpon nashriyoti”, 1991. – B. 18.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Qatoda roziyallohu anhuning haqqiga bunday duo qilganlar: “Allohim, uning yuzini yanada go‘zal qilgin, sochlari va tanasini quvvatli qilgin”. Qatoda roziyallohu anhu 75 yoshida vafot etganida go‘yo o‘n besh yoshli yigitga o‘xshardi.
Shifo oyatlariga quyidagilar kiradi:
وَيَشْفِ صُدُورَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ
“(Alloh) mo‘minlar qavmi qalblariga shifo beradi” (Tavba surasi, 14-oyat).
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“Ey, odamlar! Sizlarga Robbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).
يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
“Ularning (asalarilarning) qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 69-oyat).
وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآَنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” (Isro surasi, 82-oyat).
وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ
“Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur” (Shuaro surasi, 80-oyat).
قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ
Ayting: “(Ushbu Qur’on) iymon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir” (Fussilat surasi, 44-oyat).
Davron NURMUHAMMAD