Imom Buxoriyning zamondoshlaridan biri Yahyo ibn Ja'far: “Agar qudratim etsa, Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning umrini ziyoda qilar edim. Mening o'limim bir kishining o'limi bo'ladi. Muhammad ibn Ismoilning o'limi ilmning ketishidir”, degan edi. Muso ibn Horun Hammol esa: “Menimcha, Islom ahli barchasi jamlanib, Muhammad ibn Ismoilga o'xshash yana bir kishini etishtirmoqchi bo'lishsa, eplay olishmaydi”, degan edilar.
Darhaqiqat, bobomiz Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi butun Islom olami “Amirul mo'minin fil hadis” – “hadis ilmida mo''minlarning amiri”, “Shayxul-islom” – “musulmonlarning ustozi” kabi unvonlar bilan nomlaydi. Bularning barchasi bejizga emas. Ajdodimizning bu darajaga etishishiga u zotning taqvosi, parhezkorligi va omonatdorligi kabi ko'plab fazilati va hadis ilmiga qo'shgan ulkan va beqiyos hissasi sabab, desak yanglishmagan bo'lamiz.
Alloh taolo O'zining kalomida marhamat qiladi: "Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba) larga ko'tarur" (Mujodala surasi 11-oyat).
Haq taolo ilm, zuhd va taqvoda zamonasining peshqadami bo'lgan Imom Buxoriyni bu dunyoda nomlarini ulug' qildi. Imom Buxoriy to'plagan hadislar insonga to'g'ri yo'l tanlash, ota-onani hurmat qilish, halol, oqibatli, bag'rikeng bo'lish, Allohning buyruqlariga bo'ysunish kabi xislatlarga ega bo'lish imkonini beradi.
Ana shularni hisobga olib yurtboshimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda Imom Buxoriyning ilmiy merosini o'rganish bo'yicha ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Hadis ilmi maktabi, Halqaro Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi va O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi yaratildi. Mana endi, bir tomondan Imom Buxoriyning xizmatlari va o'zlariga mos yodgorlik majmuasi, ikkinchi tomonidan ziyoratchilar uchun barcha sharoitlarga ega bo'lgan maskan yaratilmoqda.
Prezidentimiz Samarqand viloyatiga tashrifi chog'ida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida bo'ldi. Davlatimiz rahbari Islom dini rivojiga beqiyos hissa qo'shgan ulug' bobokalonimizning olamshumul dovruqlariga mos va arzigulik qadamjoning yangi loyihasi bilan tanishdi. Tadbirda hozir bo'lgan oqsoqollar, ulamolar, tuman va shahar deputatlari, jamoatchilik vakillarining fikrlarini eshitdi va yangi majmua qurilishi boshlanganini e'lon qildi.
Yangi yodgorlik majmuasida soni tobora oshib borayotgan milliy va xorijiy ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Majmua tarkibiga kiruvchi masjidning ichki sahnining o'zi ikki ming kvadrat metrdan oshadi. Atrofidagi sahnlar bilan masjidda bir necha o'n ming musulmon bir vaqtning o'zida namoz o'qishi mumkin bo'ladi. Hazrat Imom Buxoriy qabrlarini ziyorat qilish sharoitlari ham yaxshilanadi.
Ushbu buyuk inson xotirasiga xalqimizning va jahon hamjamiyatining ehtiromi belgisi sifatida Allohning izni va xalqimizning xohish-irodasi bilan amalga oshiriladigan majmuaga muborak Ramazon oyi kunlarida tamal toshining qo'yilishi Yaratgan Parvardigorning ushbu ezgu ishlarni qo'llab-quvvatlashiga umid bog'lashga imkon beradi.
Tadbir avvalida Shavkat Mirziyoev mo'min-musulmonlar, butun O'zbekiston xalqini muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etar ekan: “Ramazon oyi – ezgu niyatlar ijobat bo'ladigan muqaddas oy. Bu qurilishni shu oyda boshlayotganimiz ham xayrli, xosiyatli bo'ladi, qalbimizga taskin beradi. Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad – islomga e'tiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib bo'lish biz uchun juda katta burch”, – dedi.
2020 yilda pandemiya tufayli Ramazon oyida diniy amallarni uyda bajarishga to'g'ri kelgani yodga olindi. Bu yil esa masjidlar ochiq, mo'min-musulmonlar karantin qoidalariga qat'iy amal qilib, ibodatlarini ado etayotgani qayd etildi.
“To'rt yillik izlanish, yangilanish va sinovlardan o'tib, katta tajriba orttirdik. Halqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan ishlarimiz bundan keyin ham izchil davom ettiriladi. Ramazon oyining olijanob g'oyalari, muqaddas amallari ham ana shunday ezgu maqsadlarimizni ro'yobga chiqarishda mustahkam zamin bo'ladi”, – dedi yurtboshimiz.
Markaziy Osiyo davlatlari – O'zbekiston, Tojikiston hamda Afg'oniston o'rtasida diniy-ma'rifiy hamkorlikni yo'lga qo'yish va mustahkamlash maqsadida 2021 yil 15 martda Samarqand shahrida Imom Buxoriy merosining o'ziga xos xususiyatlari mavzusida xalqaro konferentsiya tashkil etilgan edi.
Ushbu xalqaro anjumanda so'zga chiqqan Afg'oniston Islom Respublikasi irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy: “O'zbekiston shunday diyorki, Yer yuzidagi har bir musulmon bu tabarruk yurtning ziyoratiga oshiqadi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning maqbarasini ziyorat qildik. Bu tabarruk joyda juda katta obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, qadamjolar yanada obod etilayotgani bizni g'oyat xushnud etdi. Bularning barchasi Prezident janob Shavkat Mirziyoevning mamlakatni yanada obod, xalqni yanada farovon qilish, yuksak bilim va salohiyatli, vatanparvar, milliy qadriyat hamda an'analarga, ajdodlarning bebaho merosiga sadoqatli avlodni kamolga etkazishdek ezgu orzu-umidlari ro'yobiga xizmat qilayotir. O'zbekiston yana ilm-fan markaziga aylanmoqda”, degan edi.
Shavkat Mirziyoev majmuada amalga oshirilayotgan ishlarni ko'zdan kechirdi. Bu erda katta masjid, to'rtta simmetrik minora, baland ayvonlar, yo'ldan kirib kelishda xiyobon bo'ladi. Ko'p sonli ziyoratchilarga zamonaviy qulayliklar yaratish uchun 7 ta mehmonxona, 3 ta avtoturargoh va avtobekat, supermarket, bozorcha barpo etiladi. Shuningdek, oshxonalar, hunarmandchilik buyumlari rastasi, hammom, tahoratxona, qushxona qurilishi belgilangan.
Zayniddin Eshonqulov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.
– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.
Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:
– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga tayyormiz.
Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi.