21 aprel' kuni O'zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi «The Malaysia International Halal Showcase – MIHAS» 17-Halqaro halol mahsulotlar ko'rgazmasida ishtirok etish uchun onlayn ro'yxatdan o'tish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Har yili ushbu tadbirda dunyoning 40 mamlakatidan mingga yaqin kompaniya ishtirok etadi va 80 davlatdan 25 mingdan ziyod odam tashrif buyuradi.
Bu yilgi ko'rgazma 9-12 sentyabr' kunlari Malayziya Halqaro savdo va ko'rgazma markazida (MITEC) o'tkazilishi rejalashtirilgan. Malayziya MIHAS-2021 ko'rgazmasining ishtirokchisi sifatida ro'yxatdan o'tish va o'z mahsulotlarini namoyish qilish uchun tegishli onlayn va oflayn platformalar bilan ta'minlash maqsadida O'zbekiston korxonalari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma'lum qildi.
Ma'lumot uchun, MIHAS dunyodagi eng yirik halol mahsulotlarga bag'ishlangan tadbir bo'lib, u 2004 yildan beri o'tkazib kelinmoqda. Ko'rgazma tashkilotchilari - Malayziya xalqaro savdo va sanoat vazirligi, tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi hamda yirik xalqaro ko'rgazmalar va boshqa tadbirlarni tashkil qilish bo'yicha qariyb 30 yillik tajribaga ega bo'lgan «HW Lima Sdn Bhd» kompaniyasidir.
Ushbu tadbirda o'zbek kompaniyalarining faol ishtirok etishi mamlakatimizda tayyorlangan mahsulotlarning xorijiy davlatlar bozorlariga eksportini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu kunlarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Diniy idoralari huzuridagi Fatvo kengashining navbatdagi seminari Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlaridan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati tashabbusi va Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan yig‘ilish olti kunlik maxsus seminar shaklida o‘tkazilmoqda.
Mazkur yig‘ilishda yangi oyni kuzatish, namoz vaqtlari, taqvim tuzish, ozuqa mahsulotlariga qo‘shiladigan jelatin moddasining hukmi, safar masofasi, zakot nisobini aniqlashga oid masalalar bo‘yicha har bir yurt vakili o‘z tajribalarini bayon qilib, fikr-mulohaza almashmoqda. Shuningdek, tadbir qatnashchilari Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishmoqda.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad Turkiy davlatlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, fatvolar chiqarishda o‘zaro yakdillik va birxillikni ta’minlashdir.
Ushbu xalqaro seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari G‘ulomiddin domla Xolboyev, Hikmatulloh domla Toshtemirov, Abdulatif domla Tursunov qatnashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati