Horazm imom-xatiblari 15 yil ijarada yashagan, ko'rishida nuqsoni bor oilaga 5 xonali uy hadya qildi.
Muborak ramazon oyida Horazm viloyati Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla Kenjayev tashabbusi bilan homiylar jalb etilgan holda shaharning “Temiryo'lchi” mahallasida yashovchi ko'rishida nuqsoni bor oila vakillariga 5 xonali uy hadya qildilar. Yangi xonadon egasi 15 yil davomida onasi va bolalari bilan uyma-uy ijarada qiynalib yashab yurgan edi.
Ushbu uyni topshirish marosimida O'zbekiston musulmonlari idorasi Horazm viloyati vakili Hayrulla domla Abdullayev va Urganch shahar hokimligi vakillari qatnashdi.
Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Ehsonning mukofoti faqatgina ehsondir” (Ar-Rohman surasi, 60-oyat). Ya'ni, yaxshilikning mukofoti faqatgina yaxshilikdir. Oyati karimadagi birinchi yaxshilikni bandalar qiladi. Uning ichiga barcha ezgu ishlar kiradi. Ikkinchi yaxshilik esa Alloh taolo yaxshilik qiluvchilarga beradigan jannatdir.
Abu Hurayra roziyalloxu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo'min birodarining dunyodagi qiyinchiligini engillatsa, Alloh u bandaning qiyomat kunidagi qiyinchiligini oson qilib qo'yadi” (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu xayrli ishga hissa qo'shgan insonlardan rozi bo'lsin, ularning ehsonini dargohida qabul qilib, ikki dunyo saodatidan bahramand qilsin, ana shundan xayrli ishlarni qiladigan sahovatpesha hamyurtlarimiz ko'payaversin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Botirxon domla Ro‘ziyevning padari buzrukvorlari Joniqul otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Botirxon domla Ro‘ziyevga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz