— Oshqozon kasalligi bilan bemor bo'lgan kishiga maxsus moslama – zont yuttirish orqali tashxis qo'yiladi. Bunda zont yutayotgan bemor ro'zador bo'lsa uning ro'zasi buziladimi?
— Bismillahir Rohmanir Rohim. Oshqozon tekshiruv moslamasi (zont) deganda – og'iz orqali yutilib, bir uchi tashqarida qolib, ikkinchi uchi oshqozonga etib boradigan tibbiy qurilma tushuniladi. Ushbu moslamadan asosan oshqozonni tasvirga olish va undagi kasallikka tashxis qo'yish uchun foydalaniladi. Tashxis amaliyoti tugaganidan so'ng mazkur moslama og'iz orqali qayta chiqarib olinadi.
Bemor ro'zador holida oshqozon tekshiruv moslamasi (zont)ni quruq holida yutsa, unga yog' yoki biror dori vositasi surtilmagan bo'lsa – bu uning ro'zasini buzmaydi. Chunki hanafiy mazhabining umumiy qoidasiga ko'ra qorin qismi(javf)ga kirgan narsa u erda o'rnashib qolsagina ro'zani buzadi. Bu haqda Imom Kosoniy bunday deydilar: “Ichkariga kirgan narsaning o'sha erda o'rnashib qolishi ro'za buzilishining shartidir” (“Badoyi'us Sanoyi'”).
Fiqhiy manbalarimizda ushbu qoidaga quyidagi holatni misol qilib keltirilgan: “Agar biror taomga ip bog'lab halqumidan o'tkazsa (ya'ni yutsa), ipning boshqa tarafi qo'lida qolsa, ro'za ochilmaydi. Ip uzilib ketsa ro'za ochiladi” (“Bahrur-roiq”).
Demak, oshqozon tekshiruv moslamasining bir uchi tashqarida qolib, to'liq ichkariga kirmagani hamda oshqozonda o'rnashmagani sababli ro'zani ochmaydi.
Shu o'rinda ta'kidlab o'tish lozimki, yuqorida aytib o'tilganidek zont yutish jarayonida unga yog' yoki dori surtilmagan, quruq holatda bo'lishi lozim. Aks holda ro'za ochiladi. Voqelikda esa yog' surtilmagan holda zont yutish bemor uchun katta mashaqqat tug'diradi. Ba'zan moslama uchidagi tasvirga olish qurilmasini oshqozonga suv yuborish orqali tozalab turish zarurati paydo bo'ladi. Suvning ichkariga kirishi bilan shubhasiz ro'za buziladi.
Zont orqali oshqozonni tekshirish asnosida yuqoridagi kabi noqulayliklar kelib chiqadigan bo'lsa, bemor shariatning umumiy ruxsatidan foydalanib, o'sha kungi ro'zani Ramazondan keyin bir kun tutib berishi mumkin.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Shu yil 12-13 avgust kunlari Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida "Sun’iy intellekt asrida diniy ulamolarning o‘rni" mavzusida konferensiya o‘tkazilmoqda.
Anjuman Misrning Darul-Ifto tashkiloti, Butun dunyo fatvo idoralari va institutlari Bosh kotibiyati tomonidan Prezident Abdul Fattoh as-Sisiy homiyligida tashkil etilgan.
Xalqaro anjumanda dunyoning 70 dan ortiq davlatidan muftiylar, vazirlar, ulamolar va axborot texnologiya mutaxassislari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdullatif domla Tursunov ishtirok etmoqda.
Joriy yilgi 10-xalqaro fatvo konferensiyasini ochib bergan Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod hazratlari yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirish barobarida mavzu bo‘yicha nutq so‘zladi.
Anjuman davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham mavzu yuzasidan chiqish qilish asnosida mamlakatimiz aholisining diniy ehtiyojlarini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar, xususan, Fatvo markazi faoliyati haqida ma’lumot berdilar.
Shuningdek, mamlakat vaqflar vaziri doktor Usama Al-Azhariy, Jazoir Din ishlari va vaqflar vaziri doktor Yusuf Belmahdiy, Abu-Dabidagi Islom ishlari va vaqflar umumiy boshqarmasi raisi, doktor Umar Al-Deray, Islom hamkorlik tashkilotining Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Sano, Falastin Bosh sudyasi va Falastin Prezidentining Din ishlari bo‘yicha maslahatchisi doktor Mahmud Sidqiy Al-Habbash va boshqalar so‘zga chiqdi.
Anjumanda notiqlar raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt davrida fatvo berishdagi muammolar, shariat va zamon talablari o‘rtasidagi muvozanatga erishish yo‘llari to‘g‘risida ma’ruza qilish barobarida mavzu yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati