Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Karantin vaqtida oraliq masofa saqlab namoz o'qishning hukmi

21.04.2021   2225   16 min.
Karantin vaqtida oraliq masofa saqlab namoz o'qishning hukmi

Dinimizda ibodatlar ichida namozning alohida o'rni bor. Chunki u har kuni besh vaqt takrorlanib turadi. Odamlar uni har kuni bajarib turgani sababli unga tegishli masalalar ham eng ko'p o'rganiladi va takrorlanadi.

Namoz islom ummatiga Qur'oni karim, hadisi sharif va ummatning ijmosi bilan farz qilingandir.

Alloh taolo Qur'oni karimda namoz haqida shunday deydi:

وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ

 “(Ey, mo'minlar!) Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz va Payg'ambarga itoat etingiz, zora (shunda) rahm qilinsangiz” (Nur surasi, 56-oyat).

Boshqa oyati karimada namozning vaqti ta'yin qilinganini ta'kidlaydi:

وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ إِنَّ الصَّلَاةَ كَانَتْ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ كِتَابًا مَوْقُوتًا

Namozni to'kis ado etinglar. Albatta, namoz mo'minlarga vaqtida farz qilingandir”, degan (Niso surasi, 103-oyat).

Payg'ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qiladilar:

عَنِ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم "بُنِيَ الإِسْلَامُ عَلَى خَمْسٍ: شَهَادَةِ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَأَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللَّهِ، وَإِقَامِ الصَّلَاةِ، وَإِيتَاءِ الزَّكَاةِ، وَالحَجِّ، وَصَوْمِ رَمَضَانَ"

(رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ)

Ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Islom besh narsa ustiga qurilgandir: “Laa ilaha illalloh va anna Muhammadan Rasululloh” kalimasi, namozni ado etish, zakot berish, Baytullohni haj qilish, Ramazon ro'zasini tutish”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Besh vaqt namozlarni risoladagidek o'qigan odamning gunohlari kechiriladi, dilidagi g'uborlar yuviladi, ruhiy holati yaxshilanadi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: أَرَأَيْتُمْ لَوْ أَنَّ نَهَرًا بِبَابِ أَحَدِكُمْ يَغْتَسِلُ فِيهِ كُلَّ يَوْمٍ خَمْسًا مَا تَقُولُ ذَلِكَ يُبْقِي مِنْ دَرَنِهِ قَالُوا: لاَ يُبْقِي مِنْ دَرَنِهِ شَيْئًا قَالَ: فَذَلِكَ مِثْلُ الصَّلَوَاتِ الْخَمْسِ يَمْحُو اللهُ بِهِ الْخَطَايَا.

رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Birontangiz eshigi oldidan ariq oqib o'tsa, u o'sha ariqda bir kunda besh mahal cho'milsa, un(ing tanasi)da kir qoladimi?” deb so'radilar. Shunda sahobalar: “Yo'q, hech qanday kiri qolmaydi”, deyishdi. U zot: “Besh vaqt namoz ham shunga o'xshaydi. Alloh u bilan gunohlarni ketkazadi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyatlari).

Namoz ulug' ibodat bo'lganidan safarda ham, odatiy bemorlikda ham soqit bo'lmaydi, balki har kimning holatiga qarab engillik beriladi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom Imron ibn Husoynga shunday deganlar:

 صلِّ قائمًا، فإن لم تستطع فقاعدًا، فإن لم تستطع فعلى جنبٍ

(رواه الامام البخاري عن عمران بن حُصين رضي الله عنهما)

Tik turib namoz o'qing, bunga qodir bo'lmasangiz o'tirib o'qing, bunga ham qodir bo'lmasangiz, yonboshlab o'qing” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Hatto Qur'oni karimda og'ir holatlarda ham namoz ado etilishi va unda namoz qoidalariga ba'zi bir noodatiy engilliklar berilishi zikr qilingan. Dushman xavfi o'ta qattiq bo'lganda qanday namoz o'qish haqida shunday deyiladi:

فَإِنْ خِفْتُمْ فَرِجَالًا أَوْ رُكْبَانًا فَإِذَا أَمِنْتُمْ فَاذْكُرُوا اللَّهَ كَمَا عَلَّمَكُمْ مَا لَمْ تَكُونُوا َعْلَمُونَ

ya'ni: “Agar (dushman hujumidan) xavfda bo'lsangiz, bas, piyoda yoki ulovda (namoz o'qiyveringiz). (Havfdan) xotirjam bo'lganingizda esa, bilmaganlaringizni sizga ta'lim berganidek Allohni zikr eting (namoz o'qing)” (Baqara surasi 239-oyat).

Boshqa oyati karimada xavf yuqoridagidan kamroq bo'lganda namoz o'qish tartibi bayon qilinadi:

وَإِذَا كُنْتَ فِيهِمْ فَأَقَمْتَ لَهُمُ الصَّلَاةَ فَلْتَقُمْ طَائِفَةٌ مِنْهُمْ مَعَكَ وَلْيَأْخُذُوا أَسْلِحَتَهُمْ فَإِذَا سَجَدُوا فَلْيَكُونُوا مِنْ وَرَائِكُمْ وَلْتَأْتِ طَائِفَةٌ أُخْرَىٰ لَمْ يُصَلُّوا فَلْيُصَلُّوا مَعَكَ وَلْيَأْخُذُوا حِذْرَهُمْ وَأَسْلِحَتَهُمْ ۗ وَدَّ الَّذِينَ كَفَرُوا لَوْ تَغْفُلُونَ عَنْ أَسْلِحَتِكُمْ وَأَمْتِعَتِكُمْ فَيَمِيلُونَ عَلَيْكُمْ مَيْلَةً وَاحِدَةً ۚ وَلَا جُنَاحَ عَلَيْكُمْ إِنْ كَانَ بِكُمْ أَذًى مِنْ مَطَرٍ أَوْ كُنْتُمْ مَرْضَىٰ أَنْ تَضَعُوا أَسْلِحَتَكُمْ ۖ وَخُذُوا حِذْرَكُمْ ۗ إِنَّ اللَّهَ أَعَدَّ لِلْكَافِرِينَ عَذَابًا مُهِينًا

النساء:102

ya'ni: “Har qachon Siz (ey, Muhammad!) ular (sahobalaringiz) orasida bo'lib, namozlariga imomlik qilsangiz, (ularni ikki qismga bo'ling!) ulardan bir qismi Siz bilan birga (namozga) tursin! (Ikkinchi qismi) qurollarini olsin (va yovdan mudofaa qilib tursin). Sajda qilishgach (ya'ni, bir rak'at o'qishgach), ortingizga (qo'riqlash uchun) borib tursinlar. O'qimagan qism kelib, Siz bilan (namozni) o'qisin! Yana, ehtiyot choralarini ko'rib, qurollarini (qo'lga) olsinlar. Kofirlar sizlar qurol va anjomlaringizdan g'aflatda bo'lgan paytingizda birdaniga hamla qilishni xohlaydilar. Agar yomg'irdan aziyat cheksangiz yoki bemor bo'lsangiz, qurollaringizni (echib) qo'ysangiz, sizlarga gunoh bo'lmas. (Ammo) ehtiyot choralaringizni ko'rib qo'ying! Albatta, Alloh kofirlar uchun xorlovchi azobni tayyorlab qo'ygandir” (Niso surasi 102-oyat).

Yuqoridagi ikki oyatdan ma'lum bo'lmoqdaki, qiyin holatlarda ham namozni tark qilinmaydi, lekin bunday holatda namoz o'qilganda odatdagidan ko'ra bir qancha engilliklar bo'ladi. Jumladan, jamoat ikkiga bo'linib, bir qismi imom bilan namoz o'qisa, yana bir qismi ularni qo'riqlaydi, namozni yarmi o'qilganda odamlar o'rin almashadilar, namozning ikkinchi yarmi ham tugaganda yana o'rin almashadilar. Ya'ni, imomga iqtido qilganlarning ma'lum bir joyga borib kelishi bilan namoz buzilmaydi. Lekin namoz o'qib turgan holda jang qilinsa, namoz buziladi. Chunki Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Handaq g'azoti kuni to'rt vaqt namozni o'qiy olmadilar. Agar urushib turib ham namozni o'qish kerak bo'lganda, hargiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam uni tark qilmagan bo'lar edilar.

Agar xavf yanada kuchayib ketsa, otga mingan holda yoki piyoda qay tomonga yuzlanib bo'lsa ham, ruku' va sajdalarni imo-ishora qilib namoz o'qiladi. Urush boshlanib ketsa, yuqorida aytilgani kabi namoz buziladi. Havf namozi o'qilayotganda qurol-aslahalarni taqib olish mustahab amaldir. Havf namozini har ikki guruh alohida imom bilan navbat-navbat o'qib olishi ham afzaldir. Yuqoridagi xavflar bartaraf bo'lsa, yana odatdagidek namoz o'qiladi.

Demak, namozxonlar hayotiga xavf soladigan holatlarda dinimiz bir qancha engilliklar beradi. Ma'lumki, dunyo bo'ylab 2019 yildan beri tarqalgan Koronavirus insoniyat hayotiga jiddiy xavf soldi. Dunyo bo'ylab millionlab aholining o'limiga va ijtimoiy hayotda ko'p o'zgarishlarga sabab bo'ldi. Jumladan, ibodat masalalarida ham bir qancha mushkulotlar paydo bo'lgani sababli turli xalqaro fatvo uyushmalari bu masalalarning echimi haqida kerakli fatvolarni chiqardilar. Shunday masalalarning biri jamoat namozlarini oraliq masofa saqlab ado qilishdir. 

Yurtimizda ham masjidlar ochilib yana jamoat namozlari joriy bo'lgandan beri, safda turgan namozxonlar bir-biridan ma'lum miqdor masofa saqlab namoz o'qiyaptilar. Bu holat namozning buzilishiga yoki savobi kamayishiga ta'sir qilish yoki qilmasligi haqida savollarni keltirib chiqardi.

Dinimizda saflarni to'g'rilash va jipslashtirish haqida kelgan buyruqlar to'rt mazhab ulamolari tomonidan ham sunnat deb qabul qilingan, uni vojib deb hukm qilmaganlar. Payg'ambarimiz alayhissalom safni to'g'rilash haqida shunday deydilar:

أقيموا الصف في الصلاة فإن إقامة الصف من حسن الصلاة

متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه

Namozda safni to'g'ri qilinglar, chunki safni to'g'ri qilish namozning go'zalligidandir” (Muttafaqun alayh)

Boshqa hadisi sharifda saflarni jipslashtirish haqida shunday deyiladi:

عَنْ جَابِرِ بْنِ سَمُرَةَ رضي الله عنه قَالَ : خَرَجَ عَلَيْنَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ : (أَلَا تَصُفُّونَ كَمَا تَصُفُّ الْمَلَائِكَةُ عِنْدَ رَبِّهَا ؟) فَقُلْنَا : يَا رَسُولَ اللَّهِ وَكَيْفَ تَصُفُّ الْمَلَائِكَةُ عِنْدَ رَبِّهَا ؟ قَالَ : (يُتِمُّونَ الصُّفُوفَ الْأُوَلَ وَيَتَرَاصُّونَ فِي الصَّفِّ)

رواه مسلم

Jobir ibn Samura raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sallallohu alayhi vasallam (hujrai saodatdan) oldimizga chiqib kelib : “Farishtalar robbisi huzurida saf tortgandek saf tortmaysizlarmi”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli ular robbisi huzurida qanday saf tortadilar”, dedik. Avvalgi saflarni to'ldiradilar va jips turadilar, dedilar". (Imom Muslim rivoyatlari).

Shariatimiz qiblani bilishni imkoni bo'lmaganda bir tomonni qasd qilib namoz o'qish yoki kiyim topolmagan kishiga kiyimsiz ibodat qilishga ruxsat beradi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

فَاتَّقُوا اللَّهَ مَا اسْتَطَعْتُمْ

ya'ni: “Bas, toqatingiz etganicha Allohga taqvoda bo'lingiz...” (Tag'obun surasi 16-oyat).

Hadisi sharifda shunday deyiladi:

مَا نَهَيْتُكُمْ عَنْهُ، فَاجْتَنِبُوهُ وَمَا أَمَرْتُكُمْ بِهِ فَافْعَلُوا مِنْهُ مَا اسْتَطَعْتُمْ،

Sizni nimadan qaytargan bo'lsam, undan chetlaninglar, nimaga buyurgan bo'lsam, qo'lingizdan kelganicha qilinglar...” (Imom Muslim Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).

Masofa saqlab o'qish namozning durustligiga ta'sir qilmasligiga yana bir dalil, safni orqasida uzrsiz, bir kishining o'zi namoz o'qiganda ham, namozi karohiyat bilan durust bo'ladi. Agar shu holatiga uzr topilsa, karohiyat ketadi. Bu jumhur ulamoning so'zidir.

Safni zich qilishning foydasidan kasallik tarqalishining yomonligi kattaroqdir. Imom bilan unga iqtido qilganlar bir masjidda turar ekanlar safni zich qilish namozning mukammal bo'lishi uchundir, u namozning arkoni, farzi yoki sharti emas. Imom Kosoniy rahimahulloh aytadilar: “Mehrobdagi imomga masjidning bir burchagidan iqtido qilsa ham joizdir. Chunki masjidning tomonlari uzoq bo'lsada, bitta joy hukmidadir” (“Badoi'us sanoi'” kitobi).

Boshqa shar'iy qoidalar ham masofa saqlab o'qishning durustligiga dalolat qiladi. Jumladan:

  1. Mashaqqat engillikni jalb qiladi
  2. Aslni bajarib bo'lmasa, uning o'rinbosariga o'tiladi
  3. Ojizlik bilan vojib bo'lmaydi, zarurat sababli harom bo'lmaydi.
  4. Bir amalni hammasini tark qilgandan ko'ra, uni ba'zisini saqlab qolgan yaxshiroq.
  5. Zaruratlar man qilingan ishlarni muboh qiladi

Odatdagi sharoitda bu sunnatga amal qilishga kuchli targ'ib qilinadi. Uni tark qilish makruhdir. Lekin karantin sharoitida ijtimoiy masofani saqlamaslik kasallik tarqalishining asosiy omili bo'lgani uchun masofa saqlash, xoh jamoat joyida bo'lsin, xoh masjidda bo'lsin vojib darajasiga ko'tarildi. Chunki bu ishda jonni halokatdan saqlash bor va bu qoida butun dunyoda amalga tatbiq qilinmoqda. Vojib bilan sunnat bir-biriga qarama-qarshi kelib qolsa, albatta, vojibni bajarish kerak bo'ladi.

Demak, kasallik tarqalishidan saqlanish uchun soha mutaxassislari ko'rsatmasiga ko'ra saf tortilsa ham, namoz buzilmaydi, makruh ham bo'lmaydi. Chunki uzrli holat bo'lganda bu sunnat soqit bo'ladi. Hozirgi kunda kasallik keng tarqalib ketishidan qo'rqish ham uzrlardan biridir. Kasallik tarqamasligi uchun saflarni orasini ochishga ehtiyoj bor.

Boshqa tomondan namoz o'qish Alloh taoloning buyrug'i bo'lgani kabi, inson o'z jonini omon saqlashi ham U Zotning buyrug'idir. Zero Alloh taolo Qur'oni karimda bandalariga imkoniyatdan tashqari ishni buyurmasligini bayon qiladi:

لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا

ya'ni: “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi...” (Baqara surasi 286-oyat)

Demak, jonimizni tahlikaga qo'ymasdan  namozni ado qilsak, ham jonni saqlagan, ham ibodatni bajargan bo'lamiz. Buni o'zaro masofa saqlash bilan amalga oshiramiz, shunda kasallik tarqalishi sekinlashadi va xavf kamayadi.

Ma'lumot sifatida aytishimiz mumkinki, karantin holatida masofa saqlab namoz o'qish durustligi haqida Misr “Dorul ifto” fatvo uyushmasi, Misr Islom tadqiqot akademiyasi, “Azhar”ning xalqaro elektron fatvo markazi, Jazoir fatvo qo'mitasi, Butunjahon musulmon ulamolar uyushmasi bosh kotibi Shayx Ali Muhyiddin Qoradog'iylar rasmiy fatvolarini e'lon qilishgan.

Banda doim imkoni darajasida harakat qilib, ibodatlarini bajargandan keyin Alloh taolo haqida yaxshi gumon qilib, uning fazlidan umid qilish kerak. Zero yaxshilikka mukofot, yomonlikka jazo beruvchi Alloh taoloning o'zidir. Hamma narsani ko'rib, bilib turuvchi zot, xohlasa imkonimiz darajasida qilgan ibodatimiz uchun o'zi va'da qilgan to'liq savobni beradi.

Bandasining ixlosi, jiddi jahdiga qarab, savoblar 700 barobargacha ko'payishi hadislarda bayon qilinadi. Huddi mening duoim ijobat bo'lmadi, degan kishining duosi qabul bo'lmagani kabi, Alloh taoloning rahmatiga egalik qilib, namozimiz durust bo'lmadi, savobi kamaydi demaslik kerak. Aksincha rahmatidan umid qilish va azobidan qo'rquvni mo''tadil tutish talab qilinadi. Imkonimiz boricha amal qilib, qolganiga Alloh taoloning rahmati va fazlini so'raylik. Shoyad tez kunlarda ofiyat va xotirjamlikka erishsak. Vallohu a'lam.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo bo'limi bosh mutaxassisi

Toshtemirov Hikmatulloh

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Alloh naqadar buyuk Zot!

25.12.2024   7380   1 min.
Alloh naqadar buyuk Zot!

Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:

وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا  إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)


"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).

 وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا  إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)


"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).

Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!

Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV