Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Alloh bir qulni sevmasa, unga hidoyat baxsh etmaydi

21.04.2021   1968   11 min.
Alloh bir qulni sevmasa, unga hidoyat baxsh etmaydi

Iymonning har bir musulmonda darajasi bordir. Kitoblarda imonning darajasi, quvvati va nurining ortib borishi bahs mavzusi bo'lib kelgan.

Iymonning ilk bosqichi insonning kalimai shahodat keltirib, musulmon bo'lishidir. Bu faqat musulmon bo'lishiga kifoyadir, ya'ni ishning boshi, oxiri emas... Oyati karimada aytiladiki, Bismillahir rohmanir rohiym:

 

قَالَتِ الْأَعْرَابُ آمَنَّا قُل لَّمْ تُؤْمِنُوا وَلَكِن قُولُوا أَسْلَمْنَا وَلَمَّا يَدْخُلِ الْإِيمَانُ فِي قُلُوبِكُمْ... (سورة الحجرات:14)

Qolatil a'robu omanno. qul lam tu'mino' va lokin qo'luv aslamno valammo yadxulul imonu fi qulubikum («Al-hujurot»,14.) A'robiylar: «Iymon keltirdik», dedilar. /Ey Muhammad, ularga/ ayting: «Sizlar iymon keltirganlaringiz yo'q lekin sizlar «Bo'yinso'ndik», denglar, /chunki hali-hanuz/ iymon dillaringizga kirgan emasdir».

Ma'lum bo'ladiki, Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzuriga kelib, «musulmonmiz» degan insonlarning ba'zisi noqis iymonli, ba'zisi hanuz shubhayu gumonda, ba'zisi munofiqlar toifasidan ekan.

Uning uchun mo''minlar «Allazina yo''minuna bilg'aybi» deya iymon bilan madh etilgandirlar.

Faqat bu iymon turli vositalar bilan asta-sekin quvvatlanadi. Bu nuqtadan so'ngra insonlarning Allohga bo'lgan bog'liqligi, turli sabablar bilan – bu sabablarga biroz keyinroq to'xtalaman – «ilmal yaqin»dan «aynal yaqin»ga, «aynal yaqin»dan «haqqal yaqin»ga tomon boradi va kishi oqibatda «ehson» maqomiga erishadi. «Ehson» maqomi bilasizki, oyati karimalarda va hadisi shariflarda bildiriladi. Hadisi sharifda:

 

الاحسان ان تعبد الله کأنک تراه فان لم تکن تراه فانه يراک (خ. عن ابی هريرة)

Al ehsonu an ta'budalloha kaannaka tarohu fain lam takun tarohu fainnahu yaroka – «Ehson Allohni ko'rgan kabi unga ibodat qilmoqlikdir, garchi sen Allohni ko'rmasang ham u har erda hoziru nozirdir, Alloh seni ko'rib turadi», – deb Jabroil alayhissalom Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xabar beradi. Insonning oqibatda bu «ehson» maqomiga etishishi asos qilib olinadi.

Bir musulmon uchun Allohni bilishda bu jihatlar juda unumli, ahamiyatlidir. Bularga urg'u bermoq istayman. Ahamiyatiga e'tibor berishingizni xohlayman. Bir musulmonning Alloh haqidagi quruq bilimi kifoya emas. Faqat «asmoi husno»sini bilishi, Qur'on o'qishi, bu bilimlarni miyasiga joylashtirishi kifoya emas. Bu bilimni sharqshunoslar ham, Shayton ham juda yaxshi biladi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga zamondosh bo'lgan yahudiylar va nasroniylar u zoti sharifning dunyoga kelishlarini kutayotgan edilar. Haq payg'ambar bo'lganini /kamo ya'rifuna abnoahum /o'z avlodlarini bilgan kabi bilar edilar. Biroq, faqat bilganlari ularni mushriklikdan qutqargan emas. Bilishning o'zi kifoya qilmaydi... Nima qilishi kerak?... Alloh ma'rifatining inson botinida haqiqiy bir bilim holiga aylanishi uchun banda, Allohning sevgi va rizoligini qozonadigan bir holatga kelishi kerak. Alloh bir qulni sevmasa, unga hidoyat baxsh etmaydi. Masalan:

 

وَاللّهُ لاَ يُحِبُّ الظَّالِمِينَ... (سورة آل عمران: 57)

Vallohu lo yuhibbuz-zolimin / «Oli imron» /57./ – «Alloh zolimlarni sevmaydi», – deb buyuriladi. Shuning uchun:

 

...وَاللّهُ لاَ يَهْدِي الْقَوْمَ الظَّالِمِينَ (سورة التوبة: 109)

Vallohu lo yahdil qavmaz zolimina «At-tavba»,109./ – «Alloh zolim qavmlarni hidoyat etmas», – deb buyuriladi.

Qul Allohga itoat etmasa, osiy bo'lsa, u paytda ham hidoyat bermaydi.

 

...وَاللّهُ لاَ يَهْدِي الْقَوْمَ الْفَاسِقِينَ (سورة التوبة: 80)

Vallohu lo yahdal qavmal fosiqina «At-tavba»,80./ – «Alloh fosiq qavmga hidoyat bermaydi». Shunga binoan zulm, isyon, gunohlarni tark etadi, obid va Allohga itoatkor bir qul bo'ladi va bunga chuqur ixlos bilan harakat etadi.

Allohu taolo qullariga taqvo bilan harakat qilishlarini, taqvoga amal qilishni amr qiladi:

 

...وَاتَّقُواْاللّهَ وَيُعَلِّمُكُمُ اللّهُ... (سورة البقرة:282)

Vattaqulloha va yuallimukumulloh/ «Al-baqara»,282./ – «Allohdan qo'rqingiz! Alloh sizlarga /haq-hidoyat yo'lini/ bildiradi».

 

...وَاتَّقُواْ اللّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ (سورة: 200)

Vattaqulloha la'allakum tuflihun / «Oli imron»200./ – «Va Allohdan qo'rqingizkim, /shunda/ shoyad najot topgaysizlar!» Ya'ni, Alloh ma'rifati bir insonga etishi, muyassar bo'lishi uchun bu insonning o'zi taqvo ahlidan bo'lishi lozim!... Bilimni insonga Alloh beradi. Shu berishi uchun taqvo lozim!.. Shuning uchun taqvoga juda katta ahamiyat beriladi.

Keyin nafsni isloh etishi va go'zal axloqqa ega bo'lish kerakdir. Qur'oni Karimda buyuriladiki:

 

قَدْ أَفْلَحَ مَن زَكَّاهَا 9 وَقَدْ خَابَ مَن دَسَّاهَا 10 (سورة الشمس:90-10)

Qad aflaha man zakkoha va qad xoba man dassoho /»Ash-shams»9-10./ - «Darhaqiqat uni /ya'ni o'z nafsini-jonini iymon va taqvo bilan/ poklagan kishi najot topdi. Va u /jonni fisq-fujur bilan/ ko'mib xorlagan kimsa nomurod bo'ladi». Shunga binoan nafsini ham isloh qilishi kerak.

Inson qalbini poklashi kerak. Allohu Taolo insonning suratiga, shakliga, mavqe-maqomiga, moddiy tuzilishiga e'tibor bermaydi. Qalbiga, amallariga, niyatlariga qarab baho beradi. Shuning uchun insonning qalbini poklashi muhimdir.

Albatta, bu erda juda katta bir masala bor... Suhbatimiz oxirlab qoldi, vaqtimiz ham tugadi. Lekin masalaning asosiy, jon tomir nuqtasi budir: Ajabo, bir inson taqvoga, ixlosga qanday ega bo'ladi, nafsini qanday isloh qiladi, qalbini qanday poklaydi, axloqini qanday go'zallashtiradi? Eng muhim bo'lgan nuqta – ana shu!

 

"Islom va axloq" kitobidan olindi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Salla va do‘ppi

9.01.2025   3775   6 min.
Salla va do‘ppi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Musulmonlar doimo ust-boshlariga pokiza va viqor beradigan kiyimlar kiyib keladi. Islom dini, ham tashqi, ham ichki poklikni shari’at talablariga muvofiq joriy qilgan. Alloh taolo go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi. Salla ana shu tashqi ko‘rinishdagi go‘zallikning bir qismi bo‘lib, boshqa kiyimlarga qaraganda o‘ziga xos madaniyatni anglatadi. Salla musulmonlarning uzoq tarixga ega bosh kiyimi hisoblanadi. U boshga o‘raladigan mato bo‘lib, kishilar uni vaziyatga va jamiyatdagi urfga ko‘ra o‘rab yurishgan. Garchi uni o‘rashning bir necha usullari mavjud bo‘lsa ham, ma’lum shakli va rangi talab qilinmaydi.

Salla issiqdan, sovuqdan va chang to‘zondan himoyalanadigan bosh kiyimi bo‘lib, bu haqda mashhur tobe’iyn, «Nahv» fani asoschilaridan biri Abulasvad Duvaliy aytgan: “Salla jangda qalqon, issiqda soyabon, sovuqdan himoya, voizga viqor, turli tasodiflardan saqlovchi, inson qomatiga ziynatdur”. Qadimdan salla erkaklarning muruvvatini va qavm orasidagi obro‘-e’tiborini bildirgan.

Hatto hazrati Umar roziyallohu anhu, salla arablarning tojidur, deganlar. Salla kiyish borasida kelgan hadislar shari’at talab darajasida joriy qilishga yetadigan quvvatli emas, lekin Rasululloh alayhissalomning qavmlari odatiga ko‘ra salla o‘raganliklari siyratlari va kundalik holatlari borasida kelgan rivoyatlarda aytilgan bo‘lib, ulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz:

عن إبن عمر رضي الله عنهما مرفوعا” عليكم بالعمائم فإنها سيما الملائكة وأرخوها خلف ظهوركم”

Ibn Umar roziyallohu anhudan Nabiy alahissalomgacha yetib borgan sanad bilan rivoyat qilingan hadisda: “Sallalarni lozim tutinglar, zero bu farishtalarning siymosidur va uning peshini ortingizga tashlab olinglar”, deganlar.
 

عن ابن عباس رضي الله عنهما مرفوعااعتموا تزدادوا حلما

.Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alahissalom: “Salla kiyinglar, halimligingiz ziyoda bo‘ladi”, dedilar


عن ركانة قال رسول الله صلى الله عليه وسلمفرق بيننا وبين المشركين العمائم على القلانس

Salla o‘rash borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 833-cavolga javob bergan. Javobda shunday deyilgan:

“O‘tmishda ahli ilm va fazilatli kishilar va ko‘pchilik ma’rifatparvar ajdodlarimiz sallada yurishni odat qilganlar. Lekin shuni ham ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, Rasuli akram alayhissalomning ushbu kiyinish odatlari shari’at buyrug‘i sifatida qabul qilinmagan. Biror bir olim salla kiymagan kishi gunohkor bo‘lishini aytmagan. Balki, Islom kelganida erkaklar sallada yurishlari urf-odatlardan biri bo‘lib, bu borada kofir ham musulmon ham barobar bo‘lgan. Bu haqda Iordaniya fatvo hay’ati ulamolari shunday deyishadi:


وأما لبس النبي صلى الله عليه وسلم العمامة وحمله العصا فهو فعل عادي وقع على عادة العرب ذلك الزمن، وليس فعلا تشريعيا يدل على الاستحباب ولا يتأسى به الناس.

“Payg‘ambarimiz alayhissalomning salla kiyishlari va hassa tutishlari odatiy fe’llaridan bo‘lib, o‘sha zamon arablarining urflariga binoan qilinar edi. Bu ishlar mustahablikka dalolat qiladigan va odamlar o‘rnak oladigan shar’iy hukmlardan emas”.

Bosh kiyimlaridan yana biri bu do‘ppidir. Har bir millatning o‘ziga xosligini bildirib turuvchi libosi bo‘lib, millatning madaniyati va ba’zi o‘rinlarda diniga ham dalolat qiladi. Shuning uchun ham har bir millat o‘zligini saqlab qolish uchun milliy kiyimlar, milliy urf-an’analar, bayramlarini saqlab qolishga harakat qiladi. Ayniqsa bosh kiyim boshqa liboslardan ko‘ra o‘ziga xos o‘rin tutadi, chunki inson tanasidagi a’zolar ichida bosh eng aziz a’zo hisoblanadi. Shu e’tibordan bosh kiyimni oyoq ostida qolib ketmasligiga alohida e’tibor qaratiladi.

Shar’iy kitoblarimizga ham do‘ppi masalasi kiritilgan bo‘lib, ulamolarimiz ba’zi oyatlar va hadislardagi ma’nolarning dalolatidan sababsiz bosh kiyim kiymay namoz o‘qish makruh deb aytganlar.

Alloh taolo A’rof surasi 26-oyatida: “Ey, Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o‘sha yaxshidir. Ana o‘shalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki eslasalar”.

Shayx Polonpuriy hazratlari oyatdagi taqvo libosi taqvodor kishi kiyadigan libosi deb tafsir qilgan.

A’rof surasining 31-oyatida: “Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringizni (kiyib) olingiz!”.

Mufassirlar ushbu oyatdagi ziynatdan murod – kishi uchun viqor bag‘ishlaydigan kiyimlar ekaniga ittifoq qilishgan.

Bosh kiyimsiz namoz o‘qish borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 109-cavolga javob bergan:

“Ko‘plab mo‘tabar ulamolar bundan bir necha asr muqaddam o‘z kitoblarida ushbu masalaga to‘xtalib, uning hukmini ochiq-oydin yozib ketganlar. Jumladan: Alloma Haskafiy o‘zining “Durrul muxtor” kitobida namozdagi makruh amallarni sanab, shunday degan:

وَصَلَاتُهُ حَاسِرًا  رَأْسَهُ لِلتَّكَاسُلِ, وَلَا بَأْسَ بِهِ لِلتَّذَلُّلِ ، وَلَوْ سَقَطَتْ قَلَنْسُوَتُهُ فَإِعَادَتُهَا أَفْضَلُ إلَّا إذَا احْتَاجَتْ لِتَكْوِيرٍ أَوْ عَمَلٍ كَثِيرٍ

“Namozxon (bosh kiyim kiyishga) erinchoqlik qilib, yalangbosh holda namoz o‘qishi namozning makruhlaridandir. Agar o‘zini xokisor tutish uchun shunday qilsa, zarari yo‘q. Agar bosh kiyimi (namoz asnosida boshidan) tushib ketsa uni qaytarib olishi afzaldir. Lekin, uni o‘rashga yoki ko‘p harakat qilishga ehtiyoj bo‘lsa, bunday qilmaydi”.

Qolaversa, bosh kiyim bilan namoz o‘qish odob, namozga hurmat hisoblanadi. Shuning uchun namozni bosh kiyim bilan o‘qish afzal”.

Murtazoyev Arabxon,
Toshkent Islom instituti talabasi.