UChINChI FASL
USMON IBN AFFON ROZIYaLLOHU ANHU
(xalifalik davri: hijriy 23 yil zulhijja oyining oxirgi kunidan 35 yil 18 zulhijjagacha; milodiy 644 yil 6 noyabrdan 656 yil 16 iyungacha)
Nasablari va hayotlarining dastlabki bosqichi
Nasab ilmi ulamolari hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning nasablari haqida quyidagi silsilani keltiradilar:
U kishi – Usmon ibn Affon ibn Abul Os ibn Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumanof ibn Qusay.
U kishining onalari – Arvo bint Kariyz ibn Rabiy'a ibn Habib ibn Abdushshams ibn Abdumanof ibn Qusay.
U kishining onalarining onasi Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning ammalari Bayzo bint Abdulmuttalibdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning nasablari Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning nasablari bilan ham ota tarafdan, ham ona tarafdan birlashadi.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu mashhur «Fil hodisasi»dan olti yil keyin, sahih qavlga ko'ra, Makkada tavallud topganlar. Demak, u kishi Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamdan olti yosh kichik bo'ladilar.
U kishining otalari Makkaning eng boy tijoratchilaridan edi. Katta tijoratchining o'g'li Usmon ham katta tijoratchi bo'ldilar.
Ibn Asokirning rivoyat qilishicha, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu o'rta bo'yli, ya'ni novcha ham, pakana ham emas, chiroyli, oppoq yuzli, yanoqlari qizg'ish, yuzida chechakdan qolgan izlar bor, sersoqol, ikki elkasi keng, boldirlari kichkina, bilaklari uzun, bilaklarini tuk qoplagan, jingalaksoch, boshining tepasida sochi yo'q, old tishlari eng go'zal odam edilar. Sochlari quloqlaridan pastga tushib turardi. Ularni sarg'ish rang bilan xinalab olardilar. Tilla tish qo'ydirgan edilar.
Ibn Asokir Abdulloh ibn Hazm Moziniydan quyidagilarni rivoyat qiladi:
«Usmon ibn Affon roziyallohu anhuni ko'rganman. Hech qachon undan ko'ra chiroyliroq erkak yoki ayolni ko'rganim yo'q».
U kishi yoshliklaridan go'zal axloq, oliy insoniy fazilatlarga odatlanib bordilar. Hazrati Usmon roziyallohu anhu nihoyatda hayoli va iffatli zot edilar. Mazkur sifatlar bilan bir qatorda, u kishi juda ham saxiy bo'lib, o'z qavmlariga xayr-ehsonni ko'p qilar edilar. Shunday qilib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu yoshlik davrlaridayoq o'z qavmlari bo'lmish Banu Umayya ichida katta obro'ga ega bo'lgan edilar.
U kishining Islomga kirishlari va fazllari
Hazrati Usmon roziyallohu anhu 34 yoshlarida Abu Bakr roziyallohu anhuning qo'llarida Islomga kirganlar. U kishi dastlab musulmon bo'lgan to'qqiz kishidan biri hisoblanadilar.
Ibn Ishoq rahmatullohi alayhning ta'kidlashicha, Hadiyja, Abu Bakr, Aliy va Zayd ibn Horisadan keyin Islomga kirgan kishi Usmon ibn Affon roziyallohu anhu bo'lganlar.
Albatta, boshqalar qatori, hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ham musulmon bo'lishlari bilan kofirlarning ozorlariga duchor bo'ldilar. U kishini birinchilardan bo'lib amakilari Hakam ibn Abul Os Islomdan qaytarishga harakat qildi. U hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuga: «Ota-bobolaringning dinidan yuz o'girib, yangi paydo bo'lgan dinga kirasanmi?!» dedi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu uning gapiga kirmadilar. Shunda Hakam u kishini arqon bilan bog'lab, qamab qo'ydi va: «Ushbu dinni tark qilmaguningcha arqonni echmayman», dedi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu esa «Allohga qasamki, bu dinni tark qilmayman, undan ajralmayman» deb turib oldilar.
Oxiri amakilari noumid bo'lib, qo'yib yubordi.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamdan qizlari Ruqayya roziyallohu anhoni jufti halollikka so'radilar. U zot sollallohu alayhi vasallam rozi bo'ldilar. Shunday qilib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu keyinchalik o'zlariga asosiy sifat bo'lib qoladigan ikki nurdan biriga noil bo'ldilar.
Musulmonlar birin-ketin kelib, u zot sollallohu alayhi vasallamga kofirlarning ozorlari haddan oshib, er yuzi o'zlari uchun tor ko'rinib ketayotgani haqida arz qila boshladilar.
Mazkur arzchilarga Usmon ibn Affon roziyallohu anhu va u kishining jufti halollari Ruqayya roziyallohu anho ham qo'shildilar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ularga Habashiston eri tomon hijrat qilishni maslahat berdilar. Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning oilalari ham dinu diyonat uchun ona yurtni tark etib, hijratga chiqdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham hijrat qilib kelganlaridan so'ng Madinada Islom jamiyati qurilib, musulmonlar u zotning rahbarliklarida Alloh taoloning hukmlarini ado etib yashay boshladilar. Er-xotin juda ham ahil-inoq yashar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulardan har doim xabar olib turar edilar.
Ibn Asokir Usoma ibn Zayddan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Usmonning uyiga ichida go'shti bor lagan bilan yubordilar. Kirsam, Ruqayya roziyallohu anho o'tirgan ekanlar. Men bir Ruqayya ning yuziga, bir Usmonning yuziga qaray boshladim. Qaytib borganimda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan: «Ularning oldilariga kirdingmi?» deb so'radilar.
«Ha», dedim.
«Ulardan ko'ra go'zalroq er-xotinni ko'rganmisan?» dedilar.
«Yo'q, ey Allohning Rasuli», dedim».
Hijriy ikkinchi yilning Ramazon oyida Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan Badr urushiga safarbarlik e'lon qilindi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu urushga chiqishga birinchilardan bo'lib tayyorgarlik ko'ra boshladilar. Ammo u kishiga Rasululloh sollallohu alayxi vasallamdan alohida istisno tariqasidagi amr keldi. Bu farmonga binoan, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu urushga bormay, badaniga toshma toshib, qizamiq kasalligi sababli to'shagiga bog'lanib qolgan umr yo'ldoshlari Ruqayya roziyallohu anhoga qarashlari lozim edi. Itoatkor inson hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu bu amrni ham sidqidildan bajardilar.
«Usudul g'oba», «Muxtasari tarixi Damashq» va boshqa kitoblarning sohiblari ulkan sahobiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Usmon o'z ayoli – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqayya vafot etganida yig'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Nega yig'layapsan, ey Usmon», dedilar.
«Sizdan qudachilik aloqam uzilib qolganiga yig'lamoqdaman», dedi Usmon.
«Mana, Jabroil alayhissalom menga Alloh azza va jalladan (Ruqayyaning) singlisini nikoxlashim haqidagi amrini etkazmoqda», dedilar u zot.
Boshqa bir rivoyatda: «Senga uning singlisini – Ummu Kulsumni uning mahriga o'xshash mahr va muomalasiga o'xshash muomala sharti ila nikohlab berishim haqidagi...» deyilgan.
Usmon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ikki qizlariga – oldin Ruqayyaga, u kishi roziyallohu anhoning o'limlaridan olti oy keyin Ummu Kulsum roziyallohu anhoga uylanganlar. Shuning uchun u kishi «Zunnurayn» Ikki nur sohibi degan nomni olganlar.
Hazrati Usmonning ikki ajoyib sifatlari bor edi:
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan barcha g'azotlarda ishtirok etganlar. Hijriy 6 yil zulqa'da oyida (milodiy 628 yilda) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini Makkaga umra maqsadida kelganlarining xabarini berish uchun Qurayshga elchi qilib yuborganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'shanda Madinadagi musulmonlar bilan birga Makkai mukarrama yaqinidagi Hudaybiya degan joyga kelib tush-gan edilar. Usmon roziyallohu anhu bu vazifani yaxshilab ado etdilar. Quraysh u kishini o'zlariga moyil qilib olish maqsadida ko'p narsalarni va'da qilishdi. Lekin hazrati Usmon: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavof qilmagunlaricha men qilmayman», deb hatto tavof ham qilmadilar. U kishi haqparida «Usmon o'ldirildi» degan mish-mish tarqaldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana shu qavm bilan urushmagunimizcha ortga qaytmasdan, shu erda turamiz», dedilar. Musulmonlar jangdan qochmaslik, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga itoatsizlik qilmaslik haqida bay'at qildilar va bu bay'at «Rizvon bay'ati» deb nomlandi. Ushbu bay'at hazrati Usmon roziyallohu anhuning sharaflariga amalga oshirilgan edi.
Tabuk g'azotida odamlar qiyinchilikda qolishganida, Usmon roziyallohu anhu Shomga yuborishga tayyorlab qo'ygan ikki yuz tuyalik karvonini ustidagi anjomlari bilan, yana sakkiz ming dirhamni (kumush tanga) ham qo'shib, Alloh yo'lida ehson qildilar. So'ng yana yuzta tuyani egar-jabduqlari bilan keltirib berdilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ming dinor (oltin tanga) olib kelib berdilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bugundan keyin Usmon nima qilsa ham zarar qilmaydi», dedilar[1]. Usmon roziyallohu anhu keyin ham qayta-qayta ehson qildilar, hatto ular pullardan tashqari to'qqiz yuz tuya va yuzta otga etgan edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazrati Usmon roziyallohu anhudan rozi holda vafot etdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir nabiyning hamrohi bordir. Mening jannatdagi hamrohim Usmondir», deganlar[2].
Abu Bakr roziyallohu anhuning davrlarida u kishi Umar roziyallohu anhudan keyingi shaxs sifatida davlat ishlarini yuritishda doim birga bo'lar edilar. Hazrati Umar roziyallohu anhuning davrlarida hazrati Usmon roziyallohu anhu davlatning ikkinchi shaxsi bo'lganlar.
U kishidagi yumshoqlik bilan hazrati Umar roziyallohu anhudagi shiddat qo'shilib o'rtacha, mo''tadil holat yuzaga kelar, bu Esa davlat ishlarini yuritishda juda ham muhim edi.
Hazrati Usmon roziyallohu anhuning xalifaliklari
Hazrati Umar roziyallohu anhu o'zlari jarohatlanganlaridan keyin olti kishidan iborat sahobalar maslahat kengashini tuzdilar. U kishining dafnlaridan keyin mazkur olti kishi jamlanib, majlis qurishdi. Ulardan har birlari bu o'ta mas'uliyatli ishdan o'zini olib qochar edi. Oxiri Usmon roziyallohu anhuni ixtiyor qildilar. Hazrati Usmon roziyallohu anhu xalifa bo'lganlarida qamariy 70 yoshda edilar.
Hazrati Usmon davrlaridagi fathlar
Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlari fathlarga to'la bo'ldi. U kishi Umar roziyallohu anhu davrlaridagi fatxdarni tugatish bo'yicha muhim ishlarni olib bordilar. Hazrati Usmon roziyallohu anhuning fathlari ham quruqlikda, ham dengizda davom etib turdi. U kishi bu borada hazrati Umar roziyallohu anhuning siyosatini oxiriga etkazdilar.
Hijriy 25 (milodiy 646) yilda Iskandariya axdni buzdi. Amr ibn Os roziyallohu anhu ularni qaytadan bo'ysundirdi.
Hazrati Usmon roziyallohu anhu Afriqoning ichkarilariga kirib borishga ruxsat berdilar. Abdulloh ibn Sa'd ibn Abu Sarh hijriy 27 (milodiy 647) yilda Taroblusdan o'tib, Vizantiyaning askarlari bilan Subaytilada to'qnashdi va katta g'alaba qozondi. Shunday qilib Barqa, Taroblus, Misrning g'arbiy o'lkalari va Nuba yurtining ba'zi joylari Islom davlatiga qo'shildi.
Muoviya ibn Abu Sufyon hijriy 28 (milodiy 649) yilda Qibriz (Kipr) orollarini fath qildi. Umar roziyallohu anhu musulmonlarning dengiz orqali yurishlarini man qilgan edilar, hazrati Usmon roziyallohu anhu bu ishga pyxcat berdilar.
Zotus-savoriy jangi
(hijriy 31; milodiy 651)
Musulmonlar dengizda olib borgan birinchi jang mana shu jang bo'ldi. Musulmonlar hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida dengiz flotiga ega bo'lishdi. Bu Rumning ziddiga bo'lgan edi. Mazkur birinchi dengiz jangida musulmonlar Muoviya ibn Abu Sufyon tomonidan tayin qilingan Abdulloh ibn Sa'd ibn Abu Sarh qo'mondonligi ostida harakat qildilar. Bu jangda Rum imperatori Konstantin halok bo'ldi va ular sharmandalarcha mag'lubiyatga uchrashdi. Muoviya Rumga yurish qildi, dushmanni Anqara shahri yaqinidagi erlargacha quvib bordi. Bu ishlar hijriy 31 (milodiy 651) yilda bo'lib o'tdi[3].
(hijriy 29; milodiy 649)
Qo'mondon Umayr ibn Usmon Farg'onagacha, Abdulloh Laysiy Qobulgacha, Ubaydulloh Tamimiy Sin daryosigacha etib bordilar. Sa'id ibn Os Jurjonni fath qildi. Fors davlati tugadi, uni Abdulloh ibn Omir bo'ysundirdi. Yazdajir Kirmonga, so'ng Hurosonga qochib ketdi va o'sha erda qatl qilindi.
Ahdini buzgan mintaqalar qaytadan fath qilindi. Shunday qilib, Usmon roziyallohu anhuning davrlarida juda keng miqyosda fathlar bo'ldi. Afriqo hududidagi ko'pgina yangi yurtlar Islomga kirdi. Kipr, Armaniston, Sind, Qobul, Farg'ona, Balx, Hirot va shuningdek, Forsda, Hurosonda, Bobul abvobda sulhni buzgan qavmlar yana qaytadan Islomga kiritildi.
IChKI JABHADAGI FAOLIYaTLAR
Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida tashqi jabhalarda olib borilgan ishlar juda ham ko'p. Fathlar haqidagi kitoblarda ular xususidagi ma'lumotlar to'lib yotibdi. Biz esa ichki jabhada olib borilgan ahamiyatli ishlardan ba'zilarini eslab o'tishni lozim deb topdik.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu xalifaliklari davomida o'zlaridan avvalgi xalifalarning ishlarini davom ettirib, musulmonlar ommasi uchun foydali bo'lgan katta ishlarni amalga oshirishda ijtihodlar qildilar. Keling, hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning ijtihodlari ila u zot tomonlaridan joriy qilingan, musulmon ummatiga katta foydalar keltirgan ba'zi ishlarni eslab o'taylik.
Qur'onning jamlanishi
Vaqt o'tishi bilan Islom jamiyatining chegarasi kengayib, ko'plab xalqlar musulmonlikni qabul qila boshladilar. Musulmonlarning soni ko'paygach, Qur'onni o'qishda turli kelishmovchiliklar chiqa boshladi. Orada katta fitna chiqish xavfi tug'ildi. Bu xavfni birinchi bo'lib Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu anglab etdilar. U kishi xalifani bundan ogoh qilib, fitnaning oldini olish uchun chora ko'rishni taklif qildilar. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu chora ko'rishga kirishdilar.
Bu haqda imom Buxoriy «Sahih»larida Ibn Shihobdan, u kishi Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilgan quyidagi rivoyatni keltiradilar:
«Huzayfa ibn Yamon Usmonning oldiga keldi. U Shom ahli bilan Armaniston fathida, Iroq ahli bilan Ozarbayjon fathida urushda edi. Huzayfani ularning qiroatdagi ixtiloflari qo'rquvga solgan edi. Huzayfa Usmonga: «Bu ummatning Kitob to'g'risida nasoro va yahudlarning ixtilyafiga o'xshash ixtilof qilishining oldini oling!» dedi.
Shunda Usmon Hafsaga odam yuborib: «Bizga sahifalarni berib tur, undan mushaflarga nusxa ko'chirib olaylik, keyin ularni o'zingga qaytarib beramiz», dedilar.
Hafsa ularni Usmonga yubordi. U Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Zubayr, Sa'id ibn Os va Abdurrahmon ibn Horis ibn Hishomlarga amr qildi. Ular mushaflarga nusxa ko'chirdilar. Usmon qurayshlik uchlik guruhiga: «Agar sizlar Qur'onning biror narsasida Zayd ibn Sobit ila ixtilof qilib qolsangiz, o'shani Quraysh tilida yozinglar, chunki u ularning tilida nozil bo'lgan», dedi.
Ular amrni bajo keltirib, sahifalardan mushaflarga nusxalar ko'chirdilar. Usmon sahifalarni Hafsaga qaytarib berdi. Ular nusxa olganlaridan keyin har tomonga bittadan mushaf yuborildi. Undan boshqa sahifalarda va mushafda Qur'ondan bo'lsa, kuydirib yuborishga amr qildi».
Halifa hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning bu ishlarini barcha Islom ummati katta quvonch va qo'llab-quvvatlash bilan kutib oldilar. Unga katta g'ayrat bilan amal qilishga kirishdilar.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu markazlarga bittadan mushaf yuborish bilan kifoyalanmadilar. Har bir mushaf bilan birga uni odamlarga o'qitadigan qorini ham yubordilar.
Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuni Madina mushafiga, Abdulloh ibn Soibni Makka mushafiga, Mug'iyra ibn Shihobni Shom mushafiga, Abu Abdurrahmon Sulamiyni Kufa mushafiga va Omir ibn Qaysni Basra mushafiga qori etib tayinladilar.
Shunday qilib Alloh taoloning Kitobi yo'lida mislsiz xizmat qilindi; Hozirgi har bir Qur'on nusxasiga «Bu nusxa Usmon nushasiga muvofiqdir» deb yozib qo'yilishining o'zi ham bu ishda hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning tutgan o'rinlari qanchalik buyuk ekanini ko'rsatadi.
Masjidi Nabaviyni kengaytirish
Tarixchilarimizning ta'kidlashlaricha, hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning qilgan muhim va tarixiy ishlaridan biri Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlarini kengaytirish bo'yicha olib borgan ishlaridir.
Hazrati Usmon uzoq vaqt xalifalik qildilar. Bu davr mobaynida Islom jamiyati mislsiz ravishda kengaydi. Turli xalqlar Islomga kirdilar. Musulmonlarning soni nihoyatda ko'payib ketdi. Sahobai kiromlar ham turli yurtlarga tarqalib ketdilar. Shunga o'xshash yana boshqa ko'pgina o'zgarishlar sodir bo'ldi. Ana shu davr ichida hazrati Usmon ham anchagina ishlarni amalga oshirdilar. Bu ishlarning ko'pchiligi yangilik hisoblanar edi. Mazkur yangiliklar asosan davr taqozosi bilan yuzaga chiqqan yangiliklar edi. Ana shu yangiliklar ichida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning masjidlarini kengaytirib, yangidan qurish ham bor edi.
Ibn Umar roziyallohu anhuning yuqoridagi rivoyatlarida aytilganidek, hazrati Usmon Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlariga ko'plab qo'shimchalar qildilar. Avvalo, uni anchagina kengaytirdilar. Qolaversa, tamoman boshqa qurilish ashyolaridan foydalandilar. Hom g'isht o'rniga naqsh solingan tosh va pishiq g'isht ishlatdilar. Ustunlarini ham xurmo yog'ochi o'rniga naqshinkor toshlardan yasadilar. Shiftini esa xurmo shoxlari o'rniga Hindistondan keltirilgan saj yog'ochlaridan qildirdilar. Masjidi Nabaviyning uzunligini bir yuz oltmish ziro', enini bir yuz ellik ziro' qildilar.
Hazrati Usmon roziyallohu anhuning bu ishlari o'z tarafdorlari tomonidan ma'qullangan. U kishining o'zlari bayonot berib: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim Alloh uchun bir masjid qursa, Alloh unga jannatdan bir uy bino qiladi» deganlarini eshitgan edim, shuning uchun qildim», deganlar.
Juma namozida birinchi azonning ziyoda qilinishi
Imom Buxoriy, Termiziy, Nasoiy va Abu Dovudlar Soib ibn Yazid roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Juma kunining avvalgi «nido»si Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umarning davrlarida imom minbarga o'tirganida bo'lar edi. Usmon (xalifa) bo'lganida odamlar ko'payib ketib, Zavroning ustida uchinchi «nido»ni ziyoda qildi».
Boshqa bir rivoyatda: «Ish shunday sobit qoldi», deyilgan.
Ushbu hadisdagi «nido»dan maqsad azondir. Nidoning «uchinchi» deyilishi esa azon va iqoma e'tiboridandir.
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam va ikki xalifa, ya'ni hazrati Abu Bakr hamda hazrati Umar davrlarida imom minbarga chiqqanida azon aytilar, xutba o'qib bo'lib, minbardan tushganida, iqoma aytilib, namoz o'qilar edi.
Ammo hazrati Usmon xalifa bo'lgan paytlarida Islom diyori kengayib, musulmonlar soni ko'paygan edi. Imom minbarga chiqqanidan keyin azon aytilib, xutba qilar, shundan so'ng juma namozi o'qiladigan bo'lsa, uzoqroqtsagi kishilar azonni eshitgandan so'ng harakat qilib, masjidga kelsalar, namozga kechikadigan bo'lib qoldilar, chunki u paytlarda soatlar yo'q edi. Kishilar namoz vaqtining kirganini azon aytilganidan bilar edilar.
Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida odamlar namozga kechikayotganlari kuzatilgach, ularni oldinroq xabardor qilish uchun juma namozining vaqti kirishi bilan bir qo'shimcha azon aytish joriy qilindi.
Bu azon Madinai munavvaraning bozori ichidagi «Zavro» deb atalgan joyda, bir uyning tomida aytilar edi. Bozor qilish va boshqa ishlar bilan mashg'ul bo'lib yurgan odamlar o'sha birinchi azonni eshitib, juma namozining vaqti kirganidan xabardor bo'lar, ishlarini yig'ishtirib, tahorat qilib, masjidga to'planar edilar. Peshin namozining haqiqiy vaqti bo'lganida esa imom minbarga chiqar va muazzin Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam, hazrati Abu Bakr va Umarlar davridagi kabi azon aytar va odatdagidek davom ettirib ketilar edi. Bu ish o'z samarasini ko'rsatdi. Musulmonlar juma namoziga kech qolmaydigan bo'ldilar. Bu amal hammaga ma'qul kelib, juma namoziga ikki marta azon aytish hamma joylarda joriy qilinib, sobit bo'lib qoldi.
Bu narsaga hozir ham hamma joylarda va mazhablarda amal qilinadi. Birorta odam «Nima uchun bunday?» deb e'tiroz bildirmaydi. Shunday bo'lishi kerak ham.
Qo'riqxonalar tashkil qilish
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu xalqning kambag'al toifasi manfaatlarini himoya qilish maqsadida jamiyat ixtiyorida bo'ladigan qo'riqxonalarga ko'plab er ajratishni yo'lga qo'ydilar. Shu tariqa erlarga boy-badavlat kishilar ega chiqib olishlari tartibga solindi.
Masjidlarni xushbo'y qilish
Avvallari masjidlarni xushbo'y qilish ehtiyoji bo'lmagani uchun bu narsa hech kimning yodiga kelmagan edi. Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning davrlarida odamlarning ko'paygani, ularning tabiatlari ham o'zgargani e'tiborga olinib, masjidlarni turli noxush hidlardan asrash uchun «xaluq» nomli xushbo'y modda sochib turish yo'lga qo'yildi. Bu esa hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning qanchalik nozik did egasi bo'lganlarini ko'rsatadi.
Muazzinlarga maosh belgilash
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrlarigacha muazzinlarga maosh belgilanmagan edi. Usha paytdagi hayotning soddaligidan, muazzinlarga ajratilgan ishning ozligidan bunga ehtiyoj ham yo'q edi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning davrlariga kelib, masjidlar kattalashdi, ja-moatlar soni nihoyatda ortdi. Binobarin, muazzinlarning xizmati ham ko'paydi. Endi muazzinlar ajralib chiqib, muazzinlik qilishlari lozim bo'lib qoldi. Faqat muazzinlik bilan mashg'ul bo'lgan odam esa maosh bilan ta'minlanishi zarur edi. Shuning uchun hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu keng Islom jamiyatining barcha joylarida muazzinlarga maosh berishni joriy qildilar.
Mirshablikni joriy qilish
Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning davrlariga kelib, barcha sharoitlar o'zgargan. Uzgarganda ham, salbiy ma'noda o'zgargan edi. Har birlari «tirik Qur'on» bo'lgan ulug' sahobiylarning ko'pchiligi shahid bo'lgan, vafot etgan va turli yurtlarga tarqab ketgan edilar. Jamiyatda turli-tuman xalq, millat va elatlarning turli odamlari ham ko'paygan edi. Ularning ichida odoblilari ham, boshqachalari ham bor edi. Buning ustiga, musulmon bo'lmaganlar ham, Islomni g'arazgo'ylik bilan qabul qilganlar ham oz emasdi. Bu va shunga o'xshash omillar mirshablikni joriy etishni talab qilar edi. Shuning uchun hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu mirshablikni yo'lga qo'ydilar.
Masjidda boshliqqa alohida joy qilish
Bu ishni ham sharoit taqozo qilgan edi. Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning bir nobakor shaxs qo'lida fojiali ravishda qatl etilishlari hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu uchun katta dars bo'lgan edi. Shu bois u kishi masjidda o'zlariga ana shunday to'satdan bo'lishi mumki bo'lgan hujum va suiqasdlarning oldini olish uchun alo hida joy qildilar.
FITNA
(hijriy 30—35; milodiy 651 – 656)
Fitnaning sababi
Islom olamidagi katta fitnaning uchi xalifa Umar ibn Hattob roziyallohu anhuga g'arazgo'y kuchlar tomonidan suiqasd uyushtirilib, u kishining o'ldirilishlaridan boshlangan edi. Hazrati Umar roziyallohu anhuning olib borayotgan muzaffar siyosatlari ko'pchilik dushmanlarning «jigarini eb borayotgan» edi. Ular Islomning butun er yuzi bo'ylab yashin tezligida tarqalib borayotganini mutlaqo ko'ra olmas edilar.
Huddi ana shunday kuchlar hazrati Umarning vafotlaridan keyin Rum va Fors tomonlarda qurolli xurujlar qilib, Islom jamiyati qaramog'idan chiqib, eski tuzumlarini qayta o'rnatmoqchi bo'lishdi. Ammo xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ularning bu xurujlarini o'z vaqtida bartaraf qildilar.
Harbiy tomondan kuchi etmagan g'animlar ichki tomondan turli fitnalar chiqarishga o'tishdi. Ular o'z maqsadlari yo'lida turli omillarni ishga solishdi.
Hazrati Umar roziyallohu anhuning davrlari boshqa davr edi. U vaqtda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning tarbiyalarini olgan, turli sinovlarda chiniqqan, iymon va ixlosda tengi yo'q sahobai kiromlar ko'pchilikni tashkil qilar edilar. Ular orqali jamiyat ichida har qan-day siyosatni osonlik bilan joriy qilish mumkin edi. Jamiyat a'zolari fitna nimaligini bilmas edilar. Fitna u yoqda tursin, ba'zi Qur'oni Karim va e'tiqod bo'yicha shubhali savollar bergan shaxslarning ham adablari berib qo'yilardi. Ana o'sha umumiy ruh va xalifa Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning o'sha ruhdan kelib chiqib yuritayotgan siyosatlari ba'zi bir buzg'unchi tabiatli shaxslarning ham tanobini tortib turar edi.
Ammo vaqt o'tishi bilan sharoitlar o'zgardi. Hazrati Umarning shiddatli siyosatlarini bardavom olib borish qiyin edi. Buni hamma tushunardi. Shuning uchun sahobai kiromlar yangi xalifa saylash vaqtida boshqacha siyosat yurgizadigan shaxsni izladilar. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning nomzodlaridan ko'ra Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning nomzodlarini ustun ko'rishlariga ham hazrati Aliyning shiddatlari sabab bo'ldi. Sahobalar «Umarning shiddatidan keyin Aliyning shiddati qo'shilsa, to'g'ri kelmaydi» degan fikrga bordilar.
Buning ustiga, katta sahobalar kamayib qolgan edilar. Arablarning ichida ham keyin musulmon bo'lgan, Hijozning o'zidan emas, atrofidan bo'lgan qabilalar ko'paygan edi. Eng asosiysi, yashin tezligida tarqalgan fatxdar da-vomida turli xalqlar Islomni qabul qilgan bo'lib, ularda o'zlarining avvalgi dinlari, e'tiqodlari va fikrlari ta'siri hali kuchli edi. Usha xalqlar ichida xo'jako'rsinga musulmon bo'lganlari ham bor edi. Eng xatarlisi, fitnaboshi Abdulloh ibn Saba'ga o'xshab Islomga ichki tomondan zarba berish maqsadida o'zini musulmon qilib ko'rsatayotganlar ham yo'q emas edi.
Ana shular asta-sekin fitnaga zamin tayyorlay boshladilar. Ularning ba'zi ishlarini yuqoridagi satrlarda ham biroz o'rgandik. Ular avvaliga ishni ba'zi voliylar ustidan shikoyat qilishdan boshlashdi. Bu ish birinchi bo'lib Kufadan boshlandi. Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu tayin qilgan voliy Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu bilan xaroj omili Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhular o'rtasida voliyning Baytulmoldan olgan qarzini vaqtida to'lashi haqida nizo chiqdi.
Ikkalalariga o'ziga yarasha tarafdor va qarshilar to'plandi. Halifa voliyni ishdan olib, o'rniga Valid ibn Uqbani qo'ydilar. U kishi o'sha paytda Umar roziyallohu anhu tomonlaridan Hijozning g'arbiy tomoniga voliy etib qo'yilgan erida ishlab turgan edi. Uni kufaliklar xursand bo'lib kutib oldilar. Bu ishdan ayniqsa oldingi voliyga qarshi bo'lgan kishilar xursand bo'lishdi. Odatda fitnachilar yangi rahbarning qo'yniga kirishga harakat qilishadi. Bu erda ham shunday bo'ldi. Yangi voliy hamma bilan yaxshi aloqada bo'lishga harakat qildi. Hamma ishlar yaxshi ketib turganda, bir hodisa sodir bo'ldi. Ana shu hodisa tufayli ishlar boshqachasiga aylanib ketdi.
Bir guruh kufalik yoshlar birovning uyini teshib kirib, uy egasini o'ldirishdi. Bu ishdan xabar topgan bir qo'shni odam mirshablarni chaqirdi. Ular jinoyatchilarni tutish-di. Ular orasida Zuhayr ibn Jundub Azdiy, Muvarri' ibn Abu Muvarri' Asadiy va Shubayl ibn Ubay Azdiylar bor edi. Mahkamada ularning jinoyatlari sobit bo'ldi va shariat xukmiga binoan qatl etildilar. Ularning otalari va qarindoshlari bu ish uchun voliy Validdan xafa bo'lib, unga qarshi payt poylay boshlashdi. Uning kechqurun olib boriladigan suhbati bor edi. Bu suhbatda turli odamlar, jumladan, Abu Zayd Toiy ham qatnashar edi. U asli nasroniy bo'lib, keyin Islomni qabul qilgan va aroq ichish odati bor edi. Bir kuni haligi hasadgo'ylarning oldiga birov kelib: «Validning Abu Zayd bilan xamr tanovul qilishidan xabaringiz bormi?» dedi. Ular ayni shu gapni kutib turishgan edi. Bu gapni birpasda hamma tarafga tarqatishdi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning huzurlariga borib, bu gapni aytishgan edi, u kishi: «Biz o'zini berkitgan odamning avratini ochmaymiz», dedilar. Valid bu gapni eshitib, xafa bo'ldi. «Sendek odam fitnachi qavmga shunday javob beradimi?! Men nimani berkitibman?! Bu g'arib – notanish odam xaqida aytiladigan ran», dedi. Shu bilan ikkovlarining oralariga ham sovuqchilik tushdi.
Fitnachilar bu bilan ham kifoyalanib qolishmadi. Dorul xilofaga borib, Validning ustidan shikoyat qilishga qaror qilishdi. Ular ichlaridan ikki kishining guvohlikka o'tishiga kelishib olib, hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning huzurlariga borishdi. Fitnachilarning safida voliy Valid tomonidan ishdan bo'shatilgan alamzadalar ham bor edi. Odatda fitnachilarning doimo shunga o'xshash kishilarni izlab topib, o'z saflariga qo'shib olishlari sinalgan tajribadir. Ular borib, o'z maqsadlariga erishdilar. Voliy Valid ibn Uqba ibn Abu Mu'ayt chaqirilib, darra urildi va ishdan olindi. Bu ish fitnachilar tomonidan qilingan uydirma edi.
Mazkur kufalik fitnachilarga Molik ibn Horis Ashtar Naxa'iy, Sobit ibn Qays Naxa'iy, Kumayl ibn Ziyod Naxa'iy, Zayd ibn Suvhon Abdiy, Jundub ibn Zuhayr G'omidiy, Jundub ibn Ka'b Azdiy, Urva ibn Ja'd, Amr ibn Ja'd va Amr ibn Hamiq Huzo'iylar rahbarlik qilishar edi.
Ular fitna qilib yurib, Sa'id ibn Os roziyallohu anhuning ham ishdan bo'shatilishiga erishdilar.
Ammo hamma baloning boshi Misrda edi. Abdulloh ibn Saba'dek fitnaboshi hamma erdan quvilsa ham, bu erda hurmat-e'tibor topgan edi. U Misrga joylashib olib, o'z rejasini amalga oshirishga zamin tayyorlar edi. U ko'pchilik orasida o'z ta'limotlarini tarqatib borardi. U odamlarga: «Har payg'ambarning bir vasiysi bor. Muhammadning vasiysi Aliydir. Muhammad xotamul anbiyo, Aliy esa xotamul avsiyodir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiyatiga amal qilmay, u zotning vasiysiga hamla qilib, ummatning ishini o'z qo'liga olgan odamdan ham zolimroq kimsa bormi? Usmon nohaqdan xalifa bo'lib olgan. Aliy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiysi. Unga yordam berish kerak. Bu ishni ado etish uchun qo'zg'aling! Har kim ishni o'z amiriga ayb qo'yishdan boshlasin. Sirtdan amri ma'ruf, nahyi munkar qilayotgan bo'lib ko'rininglar. Ushanda odamlar sizlarga moyil bo'ladilar. Ularni o'z ishimizga undanglar!» der edi.
U o'z targ'ibotchilarini har tarafga yubordi. Turli joylardagi fitnachilar bilan maktublar orqali xabarlashuvni yaxshilab yo'lga qo'ydi. Ular Abdulloh ibn Saba'ga har tarafdan xat yuborib turishardi. Fitnachilar bir-birlari bilan o'z amirlarini ayblab xat yozishardi. Olgan maktublarini iloji boricha ko'proq odamlarga o'qib berishardi.
Fitnachilar o'z maqsadlarini amalga oshirish yo'lida har qanday pastkashlikdan qaytishmas edi. Ular har bir kishini o'z saflariga tortishga harakat qilar, har bir holatdan o'z foydalari uchun biror narsa chiqarishga urinishardi. Endi fitnachilar hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuni asosiy mo'ljal qilib olishgan, u kishini ayblash yo'lida turli bo'htonlarni to'qishar, bu bo'htonlarni odamlar o'rtasida tarqatishga jon-jahdlari bilan harakat qilishardi. Sofdil musulmonlar ularning bunday bo'htonlariga qarshi qo'llaridan kelgan choralarni ko'rar edilar.
Bo'htonlar osonlik bilan rad qilinar, ammo fitnachilar tinim bilishmasdi. Hazrati Usmonga nisbatan qilingan eng katta tuhmatlar ikki qismga bo'linadi: biri – hukm tarafdan, ikkinchisi – iqtisodiy tarafdan.
Hukm tarafidan bo'lgan ayblov «Atrofiga qarindoshlarini yig'ib, ko'pgina yuqori mansablarga ularni qo'ygan» degan tuhmat asosida bo'lgan. Aslida esa Usmon roziyallohu anhu buni qarib qolganlari, yordamchilarga muhtoj bo'lganlari uchun qilgan edilar, chunki eng ishonchli odamlar qarindoshlar bo'ladi.
Begonadan ko'ra ko'proq ularga suyaniladi. Ularning nimalarga imkonlari borligini, qanday ishlarga qodirligini oldindan bilgani uchun ular bilan ishlash oson bo'ladi.
Iqtisodiy tarafdan bo'lgan e'tirozlarga kelsak, ma'lumki, Usmon roziyallohu anhu juda ham boy, qo'li ochiq, baxillik nimaligini bilmaydigan, Alloh taoloning yo'lida molining hammasini nafaqa qilib, tarqatgan odam bo'lganlar. Baytulmolga ega bo'lganlarida undagi moldan o'zlari olganlar, qarindoshlariga va so'raganlarga berganlar. Ba'zi vaqtda isrof bo'lgan, degan tuhmatlar ham bo'lgan.
U kishi Islom yo'lida barcha mollarini nafaqa qilgan, musulmonlarning, xalifalikning ishi uchun o'zlarining son-sanoqsiz mollarini sarflagan edilar. Demak, Baytul-moldan hojatlari uchun yoki qiynalmasdan yashash uchun kerakli miqdorda olishga haqlari bor edi.
Fitnachilar mana shu nuqtalarni ushlab olib, hazrati Usmon roziyallohu anhuga qarshi qo'zg'alon ko'tarishdi. Bu ko'r-ko'rona fitna keng tarqaldi. G'azabini tiya olmagan ko'plab odamlar Madinai munavvaraga kelib, xalifa bilan jangu jadal qilishdi. Kufalik, basralik, misrlik fitnachilar Madinaga bir vaqtda kirib kelishdi. Ularning yo'lini hazrati Aliy roziyallohu anhu to'sib chiqib, qilayotgan ishlari xatoligini tushuntirdilar, xalifani mudofaa qildilar. Shundan keyin qo'zg'alonchilar orqaga qaytib ketishdi.
Fitnachilarning xuruji
Fitnaboshilar Madinadan qaytib borishlari bilan xalifaga qarshi chiqishga maxfiy ravishda tayyorgarlikni boshlab yuborishdi. Ular o'zaro maktub yozishib, o'zlarini hajga borayotgan qilib ko'rsatib, Madinada uchrashishga va o'sha erda rejalarini amalga oshirishga kelishib olishdi.
Misrliklar to'rt guruh bo'lib chiqishdi. Ularning to'rt amiri bor, sonlari esa ming kishi atrofida edi. Ularning bosh amiri G'ofiqiy ibn Harb edi. Ular odamlarga urushga ketayotganlarini aytishga jur'at qilolmay, o'zlarini haj-ga ketayotgan qilib ko'rsatishdi. Fitnaboshi yahudiy Abdulloh ibn Saba' ham ular bilan birga edi.
Fitnachilar o'z ishlarining nohaq ekanini bilishadi. Niyatlarini xalq ommasi bilib qolsa, ularning nafratiga uchrashlarini ham yaxshi bilishadi. Shuning uchun asl maqsadlarini yashirib, savobli ishlarni niqob qilib olishadi. Tajribalarning ko'rsatishicha, hatto o'zlari bilan ketayotgan kishilarga ham asl niyatni emas, niqob qilib olingan shiorni aytishadi. Ularga odam kerak. Agar asl niyatni bilsa, odamlar aynib qolishlari mumkin. Shuning uchun olib borayotgan odamlariga nisbatan ham aldamchilik qilishadi.
Kufalik fitnachilar ham to'rt guruh bo'lib, to'rt amrf bilan yo'lga chiqishdi. Ularning adadlari ham misrliklarning adadicha bor edi. Kufaliklarning bosh amiri Amr ibn Asam ismli odam edi.
Basralik fitnachilar ham to'rt guruh bo'lib, to'rt amir bilan yo'lga chiqishdi. Ularning adadlari ham misrliklarning adadicha bor edi. Basraliklarning bosh amiri Hurqus ibn Zuhayr Sa'diy ismli odam edi.
Ular hijriy 35 yil shavvol oyida uch tomondan Madinai munavvaraga yaqinlashib kelib, uch joyga – basralik fitnachilar Zuxushubga, kufaliklar A'vasga va misrliklar Zulmarvaga tushishdi. Ularning niyatlari turlicha edi. Misrliklar: «Aliy ibn Abu Tolibni xalifa qilamiz», deyishardi. Basralik fitnachilar Talhani va kufaliklar esa Zubayrni xalifa qilish niyatida edilar.
Ularning niyatlari turli kishilarni xalifa qilish bo'lsa ham, hammalari baravariga hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuga qarshi edilar. Ho'sh, bu fitnachi to'dadagi odamlar kimlar edi? Ular o'zlari da'vo qilayotganlaridek, dinu diyonat ravnaqi uchun kurashchilarmidi yoki boshqa odamlarmidi?
Ulamolar ularning kimligini ilmiy asosda juda sinchiklab o'rganib chiqqanlar. Ana shunday ulamolardan eng mashhuri Abu Bakr ibn Arabiy rahmatullohi alayh «Al-avosim minal qavosim» nomli kitobida quyidagilarni yozadilar:
«Yavmud-dor kuni Islomga qarshi jinoyatda ishtirok etganlar bir necha darajadagi toifalardir:
Islom odoblariga qarshi ishlar sodir etishgani uchun hazrati Usmon tomonidan ta'ziri berilganlar edi. Usmon roziyallohu anhu joriy etgan shar'iy ta'zir ularning g'azabini qo'zg'atdi. Ular hazrati Umardan undan ko'ra shiddatliroq ta'zir eganlarida ham, jimgina bo'yinlarini egib yurishgan edi.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, hazrati Usmon roziyallohu anhuning qalbi mehrga to'la ekani, nihoyatda rahmdilligi ko'pchilikni tamagir qilib qo'ygan edi. U kishining mehribonligidan o'zlarining havoi nafslarini qondirishga vosita sifatida foydalanishdi».
Ular hazrati Usmon roziyallohu anhuning hovlisini qamal qilishdi.
Halifaning shahid bo'lishi
Qo'zg'alonchilar Madinaga qaytib kelib, hazrati Usmon roziyallohu anhuning hovlilarini qamal qilishganida, u kishi Madinai munavvarani himoya qilish uchun lashkar yuborishni talab qilib, voliylarga odam yubordilar. Shunda Madinadagi nizom buzildi, Usmon roziyallohu anhu sahobalardan urush qilmaslikni mahkam turib talab qildi-lar. Bu bilan o'zlarining sababidan yomon hodisa bo'pmasligini ixtiyor qilgan edilar. Madadlar etib kelishiga oz qolgani to'g'risida xabar keldi. Qo'zg'alonchilar qo'rqib, devordan oshib tushib, hazrati Usmon roziyallohu anhuning hovlilariga kirishdi. Usha paytda u zot Alloh taoloning «Kishilar ularga: «Odamlar sizga qarshi kuch to'pladilar, ulardan qo'rqinglar», deganda bu ularning iymonlarini ziyoda qildi va: «Bizga Allohning O'zi etarli, U qanday yaxshi vakil!» dedilar» oyatini qiroat qilib o'tirar edilar (Oli Imron surasi, 173-oyat).
U kishi ularga e'tibor ham bermasdan tilovat qilaverdilar. Fitnachilar o'zlarining jirkanch jinoyatlariga qo'l urishganida ham hech qarshilik qilmay, Allohning Kitobini o'qiyverdilar. Faqat xiyonat qilichining bir zarbasi qo'llarini kesganida: «Allohga qasamki, bu qo'l Qur'on oyatlarini birinchi bo'lib yozgan qo'l edi», dedilar, xolos. Qon otilib, mushaf sahifalariga tushayotganini ko'rib, darhol qo'llarini o'zlariga tortib oldilar.
Alloma Ibn Kasir «Al-Bidoya van-nihoya»da Islom va musulmonlarning bu ulkan fojiasi qanday sodir bo'lganini quyidagicha yozadilar:
«G'ofiqiy ibn Harb u kishiga hamla qilib, temir (qilich) ila urdi va o'qib o'tirgan mushaflarini tepib yubordi. U kishining qonlari mushafning ustiga to'kildi. Savdon ibn Humron qilichini ko'tarib, hamla qilib kelgan edi, xalifaning xotini yo'lini to'sdi. U ayolning panjalarini kesib yubordi. Jinoyatchilar hazrati Usmonni o'ldirishganidan keyin boshini kesmoqchi bo'lishgan edi, qizlari va xotinlari Noila va Ummul Baniynlar to'sib qolishdi. Fitnachilardan biri: «Biz uchun uning moli ham xuddi qoni kabi haloldir!» deb qichqirdi. U kishining uylari-ni talon qilib, keyin Baytulmolga qarab yurishdi. Qorovullar bilan jang qilib, uni ham talashdi. Bu ish hijriy 35 yil 18 zulhijja, juma kuni sodir bo'ldi».
U kishining xalifaliklari o'n ikki yilu o'n sakkiz kun davom etdi.
KYeYINGI MAVZULAR:
TO'RTINChI FASL:
ALIY IBN ABU TOLIB ROZIYaLLOHU ANHU:
Hazrati Aliyning hayotlari va Islomga kirishlari;
Halifaliklari;
Hazrati Aliy roziyallohu anhuning siyosatlari;
Basradagi tuya jangi;
Shomning sharqiy tarafidagi Siffin jangi;
Nahravon jangi;
Misrdagi qo'zg'olon;
Hazrati Aliy roziyallohu anhuning o'ldirilishlari;
Hasan ibn Aliyga bay'at qilinishi;
Roshid xalifalar davridagi eng muhim hodisalar.
HULOSA.
ROShID HALIFALAR DAVRI HAQIDA MULOHAZALAR.
[1] Imom Ahmad, Hokim, Tabaroniy va boshqalar rivoyat qilgan.
[2] Imom Termiziy, Abu Ya'lo, Ibn Asokir, Ibn Moja va boshqalar rivoyat qilgan.
[3] Zotus-savoriy («Yelkan egalari») jangi qachon ro'y bergani haqida tarixchilar bir to'xtamga kelmaganlar, jumladan, 33/653, 34/654, 35/655 kabi turli sanalarni keltirishgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati