O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi imom-xatiblar muborak ramazon oyida katta xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. Ramazon oyining ilk xaftasida imom-xatiblar saxovatpesha insonlar va homiylarni jalb qilgan holda, aholimizning boquvchisini yo'qotgan, imkoniyati cheklangan va kam ta'minlangan oilalarga jami 1 989 120 504 (bir milliard to'qqiz yuz sakson to'qqiz million besh yuz to'rt) so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim kechak va zarur ro'zg'or anjomlarini ehtiyojmand oilalarga tarqatishdi.
Televideniye va radioda 80 ga yaqin ko'rsatuv va eshittirishlarda Ramazoni sharif fazilati va boshqa dolzarb mavzularda chiqishlar qilishdi. Internet sayti va ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzularda 400 ga yaqin video roliklari qo'yildi. Yoshlar ta'lim tarbiyasi va turli yot g'oyalar ta'siriga tushib qolishning oldini olish maqsadida 100 dan ziyod ma'ruzali chiqishlar amalga oshirildi.
Alloh taolo imomlarimizning qilayotgan xayrli amallariga ko'makchi bo'lsin, ehtiyojmand insonlarga qilinayotgan xayrli ishlarning fayzini bundanda ziyoda aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi masjidlar bo'limi
Toshkent islom institutida “Diniy ta’lim muassasalarida ijtimoiy fanlarni o‘qitishning istiqbollari” mavzusida offlayn-onlayn shaklda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari M.Muhammadsiddiqov raisligida o‘tgan yig‘ilishda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mutaxassisi M.Nasriyev, institut rektori U. G‘afurov hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda diniy ta’lim muassasalarida ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitishning bugungi holati, mavjud muammolar va istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Hozirda diniy ta’lim muassasalarida 111 nafar ijtimoiy fanlar o‘qituvchisi faoliyat yuritib, 2025–2026 o‘quv yilida fanlarga tegishli yo‘nalishdagi malakali pedagoglar jalb qilindi.
So‘zga chiqqanlar, fan-mutanosiblikni ta’minlash va kadrlar bazasini takomillashtirish, ilmiy darajali pedagoglarni metodik rahbar sifatida jalb etish, ijtimoiy fanlarni islomiy qadriyatlar bilan uyg‘un holda o‘qitish, interaktiv va axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, fanlar bo‘yicha yagona kompetensiya modelini ishlab chiqish, darslik va o‘quv qo‘llanmalarni zamon talablariga moslashtirish, talabalarda vatanparvarlik, fuqarolik jamiyati va dinlararo bag‘rikenglik g‘oyalarini mustahkamlash kabi masalalarga to‘xtalib, fikr va takliflarini bildirdi.
Yig‘ilish yakunida ijtimoiy fanlarni o‘qitishda ilmiylik va tarbiyaviy samaradorlikni yanada oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
T.Azimov