O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi imom-xatiblar muborak ramazon oyida katta xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. Ramazon oyining ilk xaftasida imom-xatiblar saxovatpesha insonlar va homiylarni jalb qilgan holda, aholimizning boquvchisini yo'qotgan, imkoniyati cheklangan va kam ta'minlangan oilalarga jami 1 989 120 504 (bir milliard to'qqiz yuz sakson to'qqiz million besh yuz to'rt) so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim kechak va zarur ro'zg'or anjomlarini ehtiyojmand oilalarga tarqatishdi.
Televideniye va radioda 80 ga yaqin ko'rsatuv va eshittirishlarda Ramazoni sharif fazilati va boshqa dolzarb mavzularda chiqishlar qilishdi. Internet sayti va ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzularda 400 ga yaqin video roliklari qo'yildi. Yoshlar ta'lim tarbiyasi va turli yot g'oyalar ta'siriga tushib qolishning oldini olish maqsadida 100 dan ziyod ma'ruzali chiqishlar amalga oshirildi.
Alloh taolo imomlarimizning qilayotgan xayrli amallariga ko'makchi bo'lsin, ehtiyojmand insonlarga qilinayotgan xayrli ishlarning fayzini bundanda ziyoda aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi masjidlar bo'limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uzrli paytida pishirgan ovqatni yeb bo‘lmaydi, shuning uchun bunday ayol ovqat tayyorlamasligi kerak, degan gap eshitdim. Shu gap to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, dinimizda bunday ta’qiq mavjud emas. Hayz ko‘rgan ayol bemalol ovqat tayyorlashi, pishirishi mumkin. Ulamolar hayz ko‘rgan ayolga oid hukmlarni bayon qilarkanlar, ayol kishi xamir qorib, yopgan nonini, pishirgan ovqatini yeyish mumkin ekanini ta’kidlaganlar. Shuningdek, ayol kishi uzrli paytlarida, erkak yotoqni alohida qilib olishdan ham qaytarilgan. Ya’ni shariatimizda ayol kishining uzrli bo‘lib qolgani uchun undan jirkanilmaydi, tashlab qo‘yilmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.