Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ramazon oyini madh etib: "Bu shunday oyki, uning avvali rahmatdir", deydi. Ya'ni, bu oyda tutilgan ro'za va qilingan ezgu amallar bilan Allohning rahmatiga doxil bo'linadi. "... o'rtasida esa bandaning gunohlari mag'firat etiladi", deyiladi. Demak, gunohlarimiz, xato va qusurlarimiz ko'p bo'lsa-da, tutgan ro'zamiz evaziga Alloh gunohlarimizni kechiradi. Yana payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bu oyni ro'za tutib, ibodat bilan o'tkazgan bandalar jahannamdan ozod bo'lishini marhamat qilganlar. Shuning uchun ham har bir mo'min banda ushbu muborak oyning odob va tartiblariga rioya qilmoqliklari muhimdir.
Ramazon oyi odob va tartiblari deganda nimalar tushuniladi? Bu xususda Qur'oni Karim va hadislarda juda ko'p ko'rsatmalar berilgan. Jumladan, ramazon kirishi bilan har bir mo'min eng avvalo, tilini yomon so'zlardan, ya'ni g'iybatdan, yolg'ondan saqlamoqligi kerak. Chunki ulamolar "Alloh uchun ro'za tutib, o'zingizni Alloh halol qilgan narsalarni eyishlikdan tiyilasizlaru sizlarga Alloh harom qilgan narsani eysizlarmi? Ya'ni (insonlarni g'iybat qilib, gunohlarni eysizlarmi) deb marhamat qilganlar.
Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Kishiki yolg'on so'zlamoqni tark etmasa va Alloh qaytargan narsadan qaytmasa, ro'za tutib, emay-ichmay qo'ygani bilan ro'zasi qabul bo'lmaydi. Alloh unga rahmat nazarini tashlamaydi".
Yana dinimiz ko'rsatmalarida ramazon oyida mo'minlar atrofidagi insonlarga tili va qo'li bilan ozor bermasligi aytilgan. Chunki payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Kishi Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsa, bas u inson gapirsa, yaxshi ishni gapirsin yoki jim tursin", deb marhamat qilganlar. Shu bois ham ushbu muborak oyda har bir inson Allohga tavba qilmoqligi, shu bilan birga, insonlarga ozor etkazishdan saqlanmoqligi kerak. Zero, payg'ambarimiz (s.a.v.) "Tavbaga shoshilinglar o'lim kelmasdan oldin" deganlar va yana bu oyda mo'min faqirlarning xolidan xabar olib, ularga yordam qo'lini cho'zmoqlari, hech bo'lmasa iftorliklariga bir qultum suv bilan bo'lsa ham ularga mehru muhabbatlarini ko'rsatmoqliklari lozimdir. Bu haqida payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Kishi bu oyda bir ro'zadorni (bir qultum suv bilan bo'lsa ham) so'rab qo'ysa, Alloh unga kavsaridan bir sharbat in'om etadi, uni ichgan kishi aslo tashna bo'lmaydi", deganlar.
Ushbu muborak oyda mo'min banda etimlar xolidan xabar olib, ularning o'ksik qalblarini shod qilmoqlari lozimdir. Yana payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Kim bir etimni kafolatini olsa, bas u men bilan jannatda birga bo'ladi", deganlar. Ushbu muborak oyda inson imkoni boricha atrofdagilarga yordam qo'lini cho'zmog'i lozim. Zero, payg'ambarimiz (s.a.v.) "Kim bir musulmonning qiyinchiligini engillashtirsa, Alloh taolo u bandasini qiyomat kuni qiyinchiliklarini engillatadi", deya marhamat qilganlar.
Muborak ramazon oyida Alloh barchalarimizni yuqorida aytib o'tilgan amallarni ado etishlikka, ramazonni chiroyli o'tkazib, Yaratganning marhamatiga etishishlikni nasib etsin.
Sharofiddin MUSABOYeV,
Andijon shahridagi "Abu Hurayra" jome' masjidi imom-xatibi
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati