«Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o'z yashash joyida) hozir bo'lsa, ro'zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo'lsa, (tuta olmagan kunlarining)sanog'i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga engillikni istaydi, og'irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to'ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir» (Baqara, 185).
Alloh taolo yil oylari orasidan ramazon oyini maqtadi, Qur'onni nozil qilish uchun oylar ichidan uni ixtiyor qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Ibrohim alayhissalomga sahifalar ramazon oyining birinchi kechasi nozil bo'lgan, Tavrot ramazon oyining oltinchi kuni, Injil o'n uchinchi kuni nozil bo'lgan. Qur'oni karim esa Qadr kechasi nozil qilingan” (Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ramazon oyida Qur'onni to'liq Jabroil alayhissalomdan o'tkazib olar edilar. Vafot etadigan yillarida ikki marta o'tkazib olganlar.
Zuhriy rahimahulloh ramazon oyi kirsa: “Bu oy Qur'on tilovat qilish va taom berish oyidir”, deb aytardilar.
«...Odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir». Alloh taolo Qur'onni unga imon keltirgan, ergashgan va uni tasdiqlagan bandalar uchun hidoyat etib, uni tushunadiganlar uchun, ochiq-oydin dalil, hujjat qilib, haq va botilni, harom va halolni ajratib beruvchi Furqon etib nozil qildi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Kim Alloh kitobidan bir harf o'qisa, unga bitta hasana bo'ladi. Bu bir hasana o'ziga o'xshagan o'nta hasana bilan birga bo'ladi. Men «Alif lam mim» bitta harf deb aytmayman. Balki, alif bir harf, lam bir harf va mim bir harfdir» (Imom Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadi: “Mana bu Qur'on Allohning odobnomasidir. Uning odobnomasidan imkoningiz boricha o'rganinglar. Bu Qur'on Allohning qat'iy ahdi, yorqin nur va foyda beruvchi shifodir. Unga amal qilgan kishiga salomatlik, unga ergashgan kishiga najotdir. Uning ajoyibotlari tuganmas, ko'p takrorlash bilan eskirmas. Uni o'qinglar, Alloh sizlarga uning har bir harfiga o'ntadan hasanot beradi. Men «Alif lam mim» bitta harf deb aytmayman. Balki, alif bir harf, lam bir harf va mim bir harfdir (Imom Hokim rivoyati).
Oysha roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur'onni mahorat bilan tilovat qiluvchi qori kiroman kotibinlar (yaxshi va yomon amallarni yozib turuvchi ulug' farishtalar) bilan (bir maqomda)dir. Qiynalib tilovat qiluvchiga ikki barobar ko'p ajr bo'ladi”, deganlar» (Buxoriy, Muslim, «Sunan» sohiblari, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati).
Abu Said Hudriy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: «Alloh taolo: “Qur'on (tilovati) va Mening zikrim kimni Mendan so'rashdan mashg'ul qilib qo'ysa, unga so'rovchilarga beriladigan (narsalarning) eng afzalini ato etaman, deydi” (Imom Termiziy rivoyati). Dorimiy va Bayhaqiy rivoyatida: “Qur'on qiroati va Mening zikrim kimni Mendan so'rashdan mashg'ul qilib qo'ysa, unga so'rovchilarga beriladigan eng afzal savobni beraman”, deyilgan.
Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qur'on o'qinglar, zero, u qiyomat kuni o'z sohibiga shafoatchi bo'ladi”, deb aytganlarini eshitganman» (Imom Muslim va Imom Ahmad).
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Ro'za va Qur'on (qiyomat kuni) bandani shafoat qiladi. Ro'za aytadi: “(Ey Rabbim,) men uni kunduzi taom va shahvatlardan to'sdim, endi uni shafoat qilishim uchun izn ber”. So'ngra Qur'on aytadi: “(Ey Rabbim,) men uni kechasi uyqudan to'sdim. Endi uni shafoat qilishim uchun izn ber”. Bas, u ikkisiga (bandani) shafoat qilish imkoni beriladi» (Imom Hokim).
“Kim ramazon oyida hozir bo'lsa”, ya'ni muqim va sog'lom holda ramazon oyiga etib borsa, ro'za tutishi farz sanaladi. Safardagi odamga ro'za farz emas, ular ro'za tutish va tutmaslikda ixtiyorlidirlar.
«...Alloh sizlarga engillikni istaydi, og'irlikni xohlamaydi...» Bu oyatdagi “engillikdan” murod safarda ro'za tutmaslik, “og'irlik”dan esa safarda ro'za tutish nazarda tutilgan.
«...Bu – hisobni to'ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun...». Safar yoki kasallik sababidan ro'za tutmaganlar safardan qaytgach yoki sog'aygach, qoldirgan ro'zalarining qazosini tutib bersinlar. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu bunday degan: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Oy yigirma to'qqiz kun ham bo'ladi”.
Hanafiy mazhabi bo'yicha, yangi oyning chiqqaniga ikki kishi guvohlik berishi lozim. Abu Yusuf rahimahulloh bunday degan: “Agar Shavvolning yangi oyi zavoldan keyin ko'rinsa, u kelayotgan tunning oyi sanaladi. Agar zavoldan oldin ko'rinsa, u o'tgan tunning oyi hisoblanadi”.
Toshkent viloyati, Chirchiq shahri “Amir o‘g‘li Hasanboy” jome masjidi