Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

23.04.2021 y. Zakot moliyaviy ibodat

19.04.2021   4537   25 min.
23.04.2021 y. Zakot moliyaviy ibodat

     بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لله الَّذِي جعل الزكاة من أركان الإسلام، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ

Zakot moliyaviy ibodat

Hurmatli jamoat! Alloh taolo insonlarni ikki dunyo saodatiga erishishi uchun nozil qilgan shariatlarda moliyaviy ibodat – zakot berishni farz qilgan. Jamiyatdagi boy qatlam kam ta'minlangan va moddiy yordamga muhtoj bo'lgan kishilarga yordam ko'rsatishlari ularning diniy majburiyatlari sanaladi.Alloh taolo oxir zamon ummatlariga ham sadaqaning maxsus ko'rinishini farz qildi va uni “zakot” deb nomladi.

Zakotni ado etish – Alloh taoloning amridir;

Zakot – imkoni bor bo'lgan musulmon odamga Alloh taolo tomonidan amr qilingan muqaddas burchdir. Musulmon odam zakotini ado etar ekan, iqtisodiy muomalaga emas, ilohiy ko'rsatmaga binoan shar'iy ibodat qilgan hisoblanadi. Qur'oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

  وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ

ya'ni:Namozni to'kis ado etinglar, zakot beringlar va Rasulga itoat qilinglar. Shoyadki, rahm qilinsangiz (Nur surasi 56-oyat).

Qur'oni karimning yigirma ettita o'rnida “zakot” kalimasi “namoz” bilan birga zikr qilingan. Bu esa ushbu ikki ibodat bilan bir martabada ekaniga dalolat qiladi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:  

﴿إِذَا أَدَّيْتَ الزَّكَاةَ فَقَدْ قَضَيْتَ مَا عَلَيْكَ﴾ (رواه الامام الحاكم والامام البيهقي)

ya'ni: “Molingizning zakotini ado qilsangiz, batahqiq, zimmangizdagi(burch)ni bajaribsiz”, deganlar(ImomHokim, Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Imom Abu Homid G'azoliy rahimahulloh aytadilar: “Alloh taolo O'z bandasiga jon ne'mati va mol ne'matini bergan. Badan ibodatlari jon ne'matining shukridir. Moliyaviy ibodatlar mol ne'matining shukridir”.

Zakot Oxiratda ulkan ajru savoblarga sababchidir;

Alloh taolo O'zining muqaddas Kalomida shunday marhamat qiladi:

 فَالَّذِينَ آمَنُوا مِنْكُمْ وَأَنْفَقُوا لَهُمْ أَجْرٌ كَبِيرٌ

ya'ni: “Bas, sizlardan iymon keltirganlar va infoq qilganlarga katta ajr bordir”,(Hadid surasi 7-oyat).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vassallamning hadisi shariflarida ham ushbu ma'no ta'kidlanadi:

 مَا تَصَدَّقَ أَحَدٌ بِصَدَقَةٍ مِنْ طَيِّبٍ وَلاَ يَقْبَلُ اللهُ إِلاَّ الطَّيِّبَ إِلاَّ أَخَذَهَا الرَّحْمَنُ بِيَمِينِهِ وَإِنْ كَانَتْ تَمْرَةً فَتَرْبُو فِي كَفِّ الرَّحْمَنِ حَتَّى تَكُونَ أَعْظَمَ مِنَ الْجَبَلِ كَمَا يُرَبِّي أَحَدُكُمْ فَلُوَّهُ أَوْ فَصِيلَهُ

(رَوَاهُ الامام البُخَارِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)

ya'ni: “Qay bir kishi halol-pokdan sadaqa qilsa, Alloh halol-pokdan boshqani qabul ham qilmaydi, albatta, Alloh u(sadaqa)ni o'ng qo'li bilan qabul qilib oladi. Agar u bir dona xurmo bo'lsa ham Rahmonning kaftida o'sadi. Hattoki, tog'dan ham katta bo'lib ketadi. Huddi biringiz toychog'i yoki bo'talog'ini tarbiya qilganidek”(Imom Buxoriy rivoyatlari).

Arablarda bir kishi sovg'ani mamnuniyat bilan qabul qilib olishini – “o'ng qo'li bilan qabul qilib oldi”, deyiladi. Nabiy alayhissalom ham mazkur hadisi sharifda arablar tushunadigan uslub – majoz orqali tushuntirmoqdalar. Ya'ni, ado etilgan xayru sadaqani Alloh rozi bo'lib qabul qilib olishini ta'kidlamoqdalar.

Shuningdek, hadisdagi “Rahmonning “kafti”da o'sadi” jumlasi ham majoziy ma'no bo'lib, banda ado etgan xayru-sadaqa Qiyomatga qadar Alloh taoloning inoyatida bo'lishi, ajru savobi ko'payib tog'dek bo'lishi nazarda tutilgan.

Zakot mol-mulkning qo'rg'onidir; 

Zakoti berilgan mulk – boylik kambag'allar haqqidan pok­lanadi va ko'payishiga sabab bo'ladi. Turli ofatlardan saqlanadi. Tobeinlarning sayyidi Hasan Basriy rahmatullohi alayhdan naql qilinishicha:

حصِّنُوا أَمْوَالَكُمْ بِالزَّكَاةِ وَدَاوُوا مَرْضَاكُمْ بِالصَّدَقَةِ وَأَعِدُّوا لِلْبَلاءِ الدُّعَاءَ

 (رواه الامام الطبراني في المعجم الأوسط)

ya'ni: “Mollaringizni zakot bilan himoya qiling, bemorlaringizni sadaqa bilan davolang. Balolar to'lqiniga xokisorlik ila duo va iltijolar bilan peshvoz chiqing”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Zakot kishini baxillik sifatidan xalos qilib, Allohga yaqin bandalardan qiladi;

Abu Hurayra raziyallohu anhudan naql qilingan hadisda Payg'ambari­miz alayhissalom:

السَّخيُّ قريبٌ مِنَ اللَّهِ، قَرِيبٌ مِنَ النّاسِ، قريبٌ مِنَ الجنَّةِ بَعِيْدٌ مِنَ النّارِ وَالبَخِيلُ بَعِيدٌ مِنَ الجَنَّةِ بَعِيْدٌ مِنَ النَّاسِ قَرِيْبٌ مِنَ النَّارِ وَلَجَاهِلٌ سَخِيٌّ أَحَبُّ إلَى اللَّهِ مِنْ عالمٍ عَابِدٍ بَخِيْلٍ

(أخرجه الاما  الترمذي)

ya'ni: “Saxovatli kishi Allohga yaqin, jannatga yaqin, odamlarga yaqin va do'zaxdan uzoqdir. Baxil kishi Alloh­dan uzoq, jannatdan uzoq, odamlardan uzoq va do'zaxga esa yaqindir. O'zi johilu, biroq saxiy kishi obid bo'lsa-da, baxil bo'lgan kishidan ko'ra Allohga sevikliroqdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Zakotning bundan boshqa ko'plab foydalari bor: Zakot beruvchi Alloh taolo huzurida itoatli mo'min banda deb maqtaladi. Hulqi saxiylik fazilati bilan ziynatlanadi. Gunohlariga kafforat bo'ladi. Kambag'allar ichida hurmati oshadi. Qiyomat kunida esa, boshiga soyabon bo'lib, yuqori darajalarga erishadi.

Muhtaram jamoat! Oyati karima va hadisi shariflarda zakotlarini bergan boylarga ajru azimlar va yaxshi va'dalar berilishi bilan birga, unga qodir bo'laturib, bu ilohiy majburiyatdan bosh tortgan, zakotni o'z vaqtida ado etmagan mo'minlarga qattiq va'idlar ham aytilgan, uning halokatli oqibatidan ogohlantirilgan. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar:  

مَا مِنْ صَاحِبِ كَنْزٍ لَا يُؤَدِّي زَكَاتَهُ إلَّا أُحْمِيَ عَلَيْهِ فِي نَارِ جَهَنَّمَ فَيُجْعَلُ صَفَائِحَ فَيُكْوَى بِهَا جَنْبَاهُ وَجَبْهَتُهُ حَتَّى يَحْكُمَ اللَّهُ بَيْنَ عِبَادِهِ فِي يَوْمٍ كَانَ مِقْدَارُهُ خَمْسِينَ أَلْفَ سَنَةٍ، ثُمَّ يُرَى سَبِيلُهُ، إمَّا إلَى الْجَنَّةِ، وَإِمَّا إلَى النَّارِ

ya'ni: “Kim boylik jamg'arib, uning zakotini ado etmasa, Qiyomat kuni o'tdan tamg'a qilinadi va yonboshiga, pesho­nasiga hamda orqasiga bosiladi. Bu bir kuni ellik ming yillik kunga teng bo'lgan kunda Alloh bandaalari o'rtasida hukm qilib bo'lguniga qadar davom etadi. So'ngra unga yo jannatga bo'lgan yoki do'zaxga bo'lgan yo'li ko'rsatiladi” (Muttafaqun alayh).

Dinimiz ko'rsatmasi bo'yicha insonning qo'lidagi mol-dunyo unga Alloh taolo o'z fazlidan bergan omonatdir. O'zining meh­nati, donoligi bilan erishgan bo'lsa ham “Bu meniki, peshona terim, hech kim xo'jayin emas”, deb o'ylamasligi kerak. U molining bir qismini Alloh taolo roziligi yo'lida sarflashi – eng avval zakotini ado etishi, Ra­ma­zonda fitr sadaqa va boshqa ixtiyoriy infoq-ehsonlar qilib turishi kerak. Ana shunda Alloh taolo bergan mol-mulkining haqini ado qilgan bo'ladi.

Muhtaram jamoat! Zakot oltin, kumushdan, savdo uchun boqilayotgan mol-hollar­dan, ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi mahsulotdan, naqd pul­lar­dan, do'kondagi sotiladigan atir-upa, kiyim-kechak va boshqa shularga o'xshash narsalardan o'zi yoki qiymati beriladi. Kunda­lik asliy hojatiga kiradigan narsalar qo'shilmaydi. Kundalik asliy hojatiga yashashi uchun hojatini chiqarib turgan narsalar: uy-joy, avto-ulov, sog'in sigir, uy ichini bezash uchun qo'yilgan matohlar, bisotda o'g'il-qizga atalgan sovg'a-sarpolar, eyish uchun saqlab qo'yilgan oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. Bulardan zakot berilmaydi.

Demak, kimning moli nisobga etib, bir yil to'lsa yoki shun­ga qiymati teng molga bir yil to'lsa, unga zakot farz bo'ladi. Ana shu molning qirqdan birini haq­dorga chiqarib beradi. Moli­dan zakotini ajratayotganda shu­ni niyat qiladi.

Nisobga etgan molga bir yil to'lgan bo'lishi kerak. Bir yil to'lmagan moldan zakot berish farz emas.

Zakot beriladigan molda egasining tijorat niyati bo'lishi kerak, ya'ni sotishni, undan moddiy foydani ko'zlagan kishi shu narsasidan ham zakot beradi. Agar sotish niyati bo'lmasa, qiymati harchand baland bo'lsa-da, unga zakot berilmay­di. Masalan, biror mahsulot ishlab chiqaradigan tsex – korxona va undagi qimmatbaho uskunalarga zakot berilmaydi.

Muhtaram azizlar! Zakot olishga haqdorlar kim? Kimlarga zakot bersa bo'ladi? Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

 إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ

وَاِبْنِ السَّبِيلِ فَرِيضَةً مِنَ اللَّهِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ

ya'ni: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to'lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo'lida hamda yo'lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir” (Tavba surasi 60-oyat).

Demak, zakot beriladigan sakkizta toifa insonlar bor:

  1. Faqir – moli nisobga etmagan shaxs;
  2. Miskin – hech narsasi yo'q kishi;
  3. Zakot yig'ish ishida band bo'lganlar;
  4. Dillari Islomga oshno qilinuvchi – g'ayri dinlar;
  5. Mukotab qullar. Mukotab – xo'jayini bilan ma'lum miqdordagi mablag'ni to'lash evaziga ozod bo'ladigan qul;
  6. Agar zimmasidagi qarzini bersa, puli nisobdan kamayib qoladigan qarzdor kishi;
  7. Alloh yo'lida yurganlar (bunda asosan muhtoj bo'lib qolgan hojilar tushuniladi);
  8. Yo'lda qolganlar (muhtoj bo'lib qolgan musofirlar).

Yuqorida sanab o'tilganlardan “dillari islomga oshno qilinuvchilar” hazrati Umar davrida  zakot beriladiganlar qatoridan chiqarilgan. Quldorlik tugatilgani sababli “mukotab qullar” bugungi kunda mavjud emas.

Zakot berishni, haqli bo'lishsa, aka-uka, opa-singil va ularning farzandlari, amaki-amma va ularning farzandlari, tog'a-xola va ularning farzandlaridan boshlash afzaldir.

Zakot berilayotgan kishi chindan ham faqir va muhtoj kishi bo'lishi lozim. Aks holda boyning zimmasidan zakot soqit bo'lmaydi. Shuning uchun uni surushtirib, aniq bir muhtojga berish kerak bo'ladi.

Hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali ta'yini yo'q kishilar tomonidan: “Zakotingizni tolibi ilmlarga yoki miskinlarga olib borib beramiz”, degan chaqiriqlar bilan chiqayotganlar ham yo'q emas. Bu bilan sodda mo'min-musulmonlarimizni aldab, ne umidlar bilan ado etgan moliyaviy ibodatlarini nizoli hududlardagi din dushmanlariga jalb qilish holatlari ham uchrab turadi. Shuning uchun bunday holatlardan xushyor bo'lmog'imiz darkor. Qolaversa, fuqaholarimiz zakotni o'zini yurtidagi muhtojlar qolib, boshqa yurtdagi miskinlarga berib yuborishni ham mukruh amallardan sanaganlar.

Muhtaram jamoat! Musulmon kishi Alloh farz qilgan namoz, zakot va Ramazon ro'zasini o'z vaqtida ado etishi – dinimiz talabidir. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, ahli sunna val jamoa e'tiqodimizga ko'ra, zakot berishga qodir bo'la turib, uni ado qilmagan yoki shar'iy uzrsiz ro'za tutmagan kishi gunohkor bo'lsa-da, uni imonsiz demaymiz. Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi bir kishilar tomonidan ro'za, zakot va namoz kabi shariatimizda farz qilingan amallarni bajarmayotgan kimsalarni imonsizlikda ayblab, ularni kofirga chiqarib, qonini halol sanamoqdalar. Vaholanki, Islom ta'limotiga ko'ra, namoz, ro'za va zakot kabi farz amallarni bajarmaslikni o'zi bilan kishi imonidan ajralmaydi, balki bu amallarni farzligiga ishonmasa, ularni bajarish shart emas deb, inkor qilsagina, imoniga ta'sir qiladi. Ammo farzligiga ishonib, uni tasdiqlasayu dangasalik va beparvolik bilan farz amallarni bajarmasa, garchi gunohkor bo'lsa-da, imonidan ajralmaydi. 

Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar:  “Uch narsa imonning aslidandir: “Laa ilaaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik. Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz” (Sunani Abu Dovud, 2532-hadis).

“Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh” deb turgan musulmon kishini dinsizlikda ayblash mumkin emasligi haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Biror kishi o'z birodariga: “Ey kofir!” desa, bu so'z ikkalasidan biriga tegishli bo'ladi”, dedilar (ya'ni agar kofirlikda ayblovchi haq bo'lsa, ayblanuvchi kofirligicha qoladi. Basharti haq bo'lmasa, u holda o'zi kofir bo'ladi)”, deb ta'kidlaganlar (Imom Buxoriy, 6103-hadis). Boshqa hadisi sharifda “Buzuq va kofir bo'lmagan odamnibuzuq” va “kofir” degan odamning o'zi kofir va buzuqdir”, deyilgan (6045-hadis).

Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda o'tirib olib, musulmonlarni kofirga chiqarayotgan nodonlar ushbu hadisi shariflar borligini unutmasinlar! Shuningdek, birovlarga tuhmat qilib, oxiratlarini kuydirmasinlar!

 Mazkur hadisi shariflar va ulardan boshqa rivoyatlarni puxta o'rgangan “Ahli sunna val-jamoa” e'tiqodidagi ulamolarimizning ko'rsatmalariga ko'ra, katta (kabira) gunoh sodir etgan mo'min kishi, qilgan ishini halol sanamas ekan, kofir bo'lmaydi.

  Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh o'zlarining “Fiqhul akbar” asarlarida mazkur masalaga quyidagicha hukm berganlar: “Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo'lsa ham, basharti uni halol deb e'tiqod qilmagan bo'lsa”. Abu Ja'far at-Tahoviyning “Al-aqidatut-tahoviya” risolasida esa “Bizning Qiblamizga qarab namoz o'qiguvchilarni musulmon sanayveramiz. Shart shuki, Muhammad sallallohu alayhi va sallam keltirgan barcha ma'lumotlarni e'tirof etadigan bo'lsalar”, deyilgan.

Afsuski, ayrim yoshlarimiz Internetda nasl-nasabi, diniy ma'lumoti, kimga xizmat qilishi noma'lum kimsalarning ta'sirida vatandoshlari, hatto yaqinlarini dindan chiqqanlikda ayblayotgani juda ayanchli holatdir.

Mazkur muammoning eng og'ir jihati shundan iboratki, o'z dindoshlari, yurtdoshlari va qavm-qarindoshini kofirlikda ayblayotgan bu kabi yoshlar keyingi bosqichda “rahnamo” va “ustozlari” tomonidan go'yoki “hijrat”ga chiqish da'vosida Suriya, Afg'oniston kabi qurolli to'qnashuvlar ketayotgan o'lkalarga chorlanmoqda. Mazkur hududlarga borganlar esa begunoh odamlarni o'ldirish, bosqinchilik qilish, birovlarning uy-joyini egallab olish kabi islomda butkul harom qilingan qabih, gunohi kabira ishlarga qo'l urib, oxir-oqibatda juvonmarg bo'lib ketmoqda.

Shu nuqtai nazardan, yoshlarimizdan Internet va boshqa vositalar orqali tinch-osoyishta yashab kelayotgan musulmonlarni, ayniqsa, diniy ulamolarni kofirga chiqarib obro'sizlantirishga urinayotgan, davlat va jamiyatga qarshi fitna chiqarish, barqaror yurtni barbod qilish kabi gunoh ishlarga da'vat qilayotgan kimsalardan ogoh va ehtiyot bo'lishlarini so'raymiz.

Azizlar! Quyida O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'atining milodiy 2021 yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo'yicha qarorini e'lon qilamiz:

Zakotning tillodan nisobi 85 gramm bo'lib, bugungi kunda 1 gramm tilloning o'rtacha narxi 320 000 (uch yuz yigirma ming) so'm ekani e'tiboridan, bu yilgi ZAKOT nisobi 27200 000(yigirma etti million ikki yuz ming) so'm deb belgilandi.

Shunga ko'ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 27200 000(yigirma etti million ikki yuz ming) so'm va undan ortiq mablag'ga ega bo'lgan musulmon kishi, jami mablag'ining qirqdan biri (1/40)ni hisoblab, uni zakot niyatida kambag'al va faqirlarga beradi.

Fitr sadaqasining miqdori bug'doydan yarim so' (2 kg.), arpadan bir so' (4 kg.), mayizdan yarim so' (2 kg.) va xurmodan bir so' (4 kg.)dir.

Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari o'rganilganda 1 kg. bug'doy o'rtacha 5 ming so'm, 1 kg. arpa o'rtacha 3,5 ming so'm, 1 kg. mayiz o'rtacha 40 ming so'm va 1 kg. xurmo o'rtacha 35 ming so'm ekani ma'lum bo'ldi.

Shunga ko'ra, FITRsadaqasining miqdori:

  • bug'doydan 2 kg. 10 000(o'n ming) so'm;
  • arpadan 4 kg. 14 000(o'n to'rt ming) so'm;
  • mayizdan 2 kg. 80 000 (sakson ming) so'm;
  • xurmodan 4 kg. 140 000 (bir yuz qirq ming) so'm deb belgilandi.

Har kim o'z imkoniyatiga qarab ushbu to'rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya qiladi.

Fidya miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati qiymatida bo'lib, bugungi kunda bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati o'rtacha 25 000 (yigirma besh ming) so'mga to'g'ri kelganidan, bu yilgi FIDYa miqdori bir kun uchun 25 000 (yigirma besh ming) so'm, bir oyga 750 000 (etti yuz ellik ming) so'm deb belgilandi.

Eslatma: Mazkur qiymatlar Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilandi. Har bir viloyat o'z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.

Alloh taolo xalqimizning farovonligini ziyoda aylab, barchalarimizni zakot beradigan, xayru sadaqotlar qilib, O'zining roziligini topadigan bandalaridan qilsin! Omin!   

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

9.01.2025   8919   18 min.
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

 - 57وَحَقٌّ وَزْنُ أَعْمَالٍ وَجَرْيٌ عَلَى مَتْنِ الصِّرَاطِ بِلاَ اهْتِبَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Amallarni tortib o‘lchash haqdir va Sirot uzra yugurish ham (sirotdan o‘tib ketishga intilib unga chiqish oldidan) hozirlik ko‘rishsizdir.

Nazmiy bayoni:

Amallar o‘lchanar, gar aql yetmas,
Sirotda yugurishga epchillik ketmas.

Lug‘atlar izohi:

حَقٌّ – mubtadosidan oldin keltirilgan xabar.

وَزْنُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Vazn kalimasi lug‘atda “biror narsaning og‘ir yo yengilligini tortib ko‘rish” ma’nosini anglatadi.

اَعْمَالٍ – muzofun ilayh, “harakat qilishlar” ma’nosini anglatadi.

جَرْيٌ – kalimasi وَزْنُ ga atf qilingan. Lug‘atda “yugurish” ma’nosini anglatadi.

عَلَى – “isti’lo” ma’nosida kelgan jor harfi.

مَتْن – matn lug‘atda biror narsaning asosiy ko‘rinib turadigan joyiga nisbatan ishlatiladi. Bu yerda ham sirotning qadam qo‘yiladigan joyi ma’nosida ishlatilgan. Jor va majrur جَرْيٌ ga mutaalliq.

بِلاَ – jor harfi bo‘lgan بِ va nafiy harfi bo‘lgan لا dan tarkib topgan bo‘lib, “...dan boshqa”, “...siz” ma’nolarini anglatadi.

اهْتِبَالِ – bu kalimaning “qo‘lga kiritish”, “chap berish”, “g‘animat bilish” va “hozirlik ko‘rish” kabi ma’nolari bo‘lib, bu yerda “hozirlik ko‘rish” ma’nosi iroda qilingan.

Matn sharhi:

Qiyomat kunida bu dunyoda qilingan barcha yaxshiyu yomon amallar tortib o‘lchanadi. Garchi barchaning holi ma’lum bo‘lsa-da, amallarning tortib o‘lchanishini Alloh taolo iroda qilgan. So‘fi Ollohyor bobomiz aytganidek:

Bilur Tangri agarchi holimizni,
Tarozug‘a solur a’molimizni.

* * *

Qilur ogoh qulin qilmishlarig‘a
Yetushmas aql egamning ishlarig‘a.

Ya’ni Alloh taologa maxfiy biror amalimiz bo‘lmasa ham, amallarimizni o‘lchattirib, bandalarning qilmishlarini o‘zlariga bildirib qo‘yadi.

Qur’oni karimda amallarning tortib o‘lchanishi haqligi shunday bayon qilingan:

“O‘sha kuni vazn (amallarning tarozida tortilishi) haqiqatdir. Kimning mezonlari (amallari) og‘ir kelsa, aynan o‘shalar najot topuvchilardir. Kimning mezonlari (amallari) yengil kelsa, ana o‘shalar oyatlarimizga zulm (inkor) qilganlari sababli, o‘zlariga ziyon qilganlardir”[1].

O‘sha kunda ba’zi insonlar hisob-kitob qilinmasdan jannatga kiradilar. Ularning sifatlari quyidagi hadisda kelgan:

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مِنْ أُمَّتِي سَبْعُونَ أَلْفًا بِغَيْرِ حِسَابٍ هُمْ الَّذِينَ لَا يَسْتَرْقُونَ وَلَا يَتَطَيَّرُونَ وَعَلَى رَبِّهِمْ يَتَوَكَّلُونَ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatga ummatimdan yetmish mingtasi hisobsiz kiradi. Ular: Afsun qilishni so‘ramaydiganlar, qushlardan shumlanmaydiganlar va Robbilariga tavakkul qiladiganlardir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ba’zilari esa birma-bir qattiq hisob-kitob qilinib, omonat qilib berilgan narsalarni nimalarga sarflaganlaridan so‘ralmagunlarigacha joylaridan qimirlay olmaydilar:

عَنْ أَبِي بَرْزَةَ الأَسْلَمِيِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ عُمُرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ عِلْمِهِ فِيمَ فَعَلَ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَ أَنْفَقَهُ وَعَنْ جِسْمِهِ فِيمَ أَبْلاَهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abu Barza Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida bandaning qadamlari to umrini nimaga sarflaganidan, ilmi bilan nima amal qilganidan, molini qayerdan topib qayerga sarflaganidan, jismini nimaning yo‘lida horitganidan so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Qattiq hisob-kitob qilingan kimsalar esa azobga uchrashlari aniq bo‘lib qoladi.

Bizlarga Abdulloh ibn Abu Mulayka gapirib berdi, u menga Qosim ibn Muhammad gapirib berdi degan, u esa menga Oisha gapirib berdi degan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida kim hisob-kitob qilinsa, halok bo‘libdi”, – dedilar. Shunda men: “Ey Allohning Rasuli, Alloh taolo: (Ammo kimning kitobi o‘ng tarafidan berilsa. Tezda, osongina hisob qilinur), demaganmi”, – dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U narsa ko‘rsatishdir. Qiyomat kunida hisob-kitobda muhokama qilingan kimsa, albatta, azoblanmasdan qolmaydi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.


Tarozida o‘lchanadigan narsalar

Tarozida o‘lchanadigan narsa amallarmi, amallar yozilgan sahifalarmi yoki ulardan boshqa biror narsa bo‘lishi to‘g‘risida turli xil qarashlar bor. Bu qarashlar haqida doktor Ahmad Faridning “Bahrur Roiq” kitobida quyidagi ma’lumotlar kelgan: “Tarozida tortib o‘lchanadigan narsalar to‘g‘risida to‘rt xil so‘z bor:

1. Bajarilgan amallar tortib o‘lchanadi; ya’ni bandalarning xatti-harakatlari mujassam qilinib taroziga qo‘yiladi. Oyati karimada qilingan yaxshi-yomon amallar zarra miqdorida bo‘lsa ham ko‘rilishi bayon qilingan:

“Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo‘lsa ham, uni ko‘rar”[2].

Hadisi sharifda aytilgan kalimaning tarozida og‘ir kelishi xabar berilgan:

 عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَاَل قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَلِمَتَانِ خَفِيفَتانِ على اللِّسانِ، ثَقِيلَتَانِ في المِيزَانِ حَبيبَتَانِ إلى الرَّحْمَنِ سُبْحَانَ اللَّهِ وَبِحَمْدِهِ، سُبْحَانَ اللَّهِ العَظيمِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kalima borki, ular tilga yengil, tarozida og‘ir, ar-Rohmanga sevimlidir, “Subhanallohi va bihamdihi, Subhanallohil aziym”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

2. Amallar yozilgan sahifalar tortib o‘lchanadi; ya’ni tarozida bandalarning nomai a’mollari tortib o‘lchanadi. Bunga quyidagi hadisda ishora bor:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ اللَّهَ سَيُخَلِّصُ رَجُلاً مِنْ أُمَّتِي عَلَى رُؤُوسِ الْخَلاَئِقِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَيَنْشُرُ عَلَيْهِ تِسْعَةً وَتِسْعِينَ سِجِلاًّ كُلُّ سِجِلٍّ مِثْلُ مَدِّ الْبَصَرِ ثُمَّ يَقُولُ أَتُنْكِرُ مِنْ هَذَا شَيْئًا أَظَلَمَكَ كَتَبَتِي الْحَافِظُونَ فَيَقُولُ لاَ يَا رَبِّ فَيَقُولُ أَفَلَكَ عُذْرٌ فَيَقُولُ لاَ يَا رَبِّ فَيَقُولُ بَلَى إِنَّ لَكَ عِنْدَنَا حَسَنَةً فَإِنَّهُ لاَ ظُلْمَ عَلَيْكَ الْيَوْمَ فَتَخْرُجُ بِطَاقَةٌ فِيهَا أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ فَيَقُولُ احْضُرْ وَزْنَكَ فَيَقُولُ يَا رَبِّ مَا هَذِهِ الْبِطَاقَةُ مَعَ هَذِهِ السِّجِلاَّتِ فَقَالَ إِنَّكَ لاَ تُظْلَمُ قَالَ فَتُوضَعُ السِّجِلاَّتُ فِي كَفَّةٍ وَالْبِطَاقَةُ فِي كَفَّةٍ فَطَاشَتْ السِّجِلاَّتُ وَثَقُلَتْ الْبِطَاقَةُ فَلاَ يَثْقُلُ مَعَ اسْمِ اللَّهِ شَيْءٌ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo ummatimdan bir kishini xaloyiqning ko‘z o‘ngida xalos qiladi. Uning zarariga guvohlik beradigan to‘qson to‘qqizta ro‘yxatni yoyib qo‘yadi. Har bir ro‘yxat ko‘z yetadigan joydek bo‘ladi. So‘ngra unga: “Bulardan birortasini inkor qilasanmi, senga mening saqlovchi yozuvchilarim zulm qilibdilarmi”, – deydi. U: “Yo‘q, ey Robbim”, – deydi. Unga: “Biror uzring bormi”, – deydi. U: “Yo‘q, ey Robbim”, – deydi. Shunda unga: “Ha, bizning huzurimizda sening bitta xayrli ishing bor, bugun senga hech qanday zulm yo‘q”, – deydi. So‘ngra bir yorliq chiqadi, unda “Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir va guvohlik beramanki, Muhammad Uning bandasi va elchisidir”, degan yozuv bo‘ladi. Unga: “O‘lchovinga kel”, – deydi. U: “Shuncha ro‘yxatlar oldida bu yorliq nima ham bo‘lardi”, – deydi. Unga: “Sen zulm qilinmaysan”, – deydi. Ro‘yxatlar bir pallaga, yorliq bir pallaga qo‘yiladi. Ro‘yxatlar yengil, yorliq og‘ir keladi. Allohning ismiga biror narsa barobar kelolmaydi”, –dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Sharh: “Tortib o‘lchanadigan narsa yoki amallar bitilgan ro‘yxatlar bo‘lib, holatlarga qarab turli xil bo‘ladi, yoki Alloh taolo qilingan ishlarni va so‘zlarni jism holiga keltiradi so‘ngra ular tortib o‘lchanadi. Toat-ibodatlar og‘ir, gunoh-ma’siyatlar yengil keladi. Toat-ibodatlarning og‘ir kelishi ularni dunyoda bajarish og‘ir bo‘lgani uchun bo‘lsa, ma’siyatlarning yengilligi ularni dunyoda bajarish kishiga yengil bo‘lgani uchundir. Shuning uchun ham: “Jannat qiyinchiliklar bilan o‘ralgan, do‘zax shahvatlar bilan o‘ralgan”, – deyilgan”[3].

3. Amallarning savobi tortib o‘lchanadi; bu haqida quyidagi hadisda ishora bor:

عَنْ زَيْدٍ أَنّهُ سَمِعَ أَبَا سَلاّمٍ يَقُولُ حَدّثَنِي أَبُو أُمَامَةَ الْبَاهِلِيّ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ اقْرَأُوا الْقُرْآنَ فَإِنّهُ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ شَفِيعاً لأَصْحَابِهِ اقْرَأُوا الزّهْرَاوَيْنِ الْبَقَرَةَ وَسُورَةَ آلِ عِمْرَانَ فَإِنّهُمَا تَأْتِيَانِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَأَنّهُمَا غَمَامَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا غَيَايَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا فِرْقَانِ مِنْ طَيْرٍ صَوَافٍّ تُحَاجّانِ عَنْ أَصْحَابِهِمَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Zayddan rivoyat qilinadi, u Abu Sallomning menga Abu Umoma Bohiliy gapirib berdi deyayotganini eshitgan. U aytganki: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qur’on o‘qinglar, chunki u qiyomat kunida o‘z sohiblariga shafoatchi bo‘lib keladi, ikki nur sochuvchini, Baqara va Oli Imron suralarni o‘qinglar, chunki bu ikkalasi qiyomat kunida go‘yo ikki bulut kabi, yoki go‘yo ikki baland soyabon kabi, yoki go‘yo saf tortgan ikki qush to‘dasi kabi keladilar. Ikkalalari o‘z sohiblarining tarafini olib tortishadilar”, –deyayotganlarini eshitdim”. Muslim rivoyat qilgan.

Termiziy rahmatullohi alayh: “Sohiblarining tarafini olib tortishadilar”, degani qiroatlarining savoblari keltiriladi ma’nosini anglatadi,” – degan.

4. Amal qiluvchining o‘zi tortib o‘lchanadi. Quyidagi hadisda bunga dalil bor:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida katta semiz kishi keladi, Alloh taoloning huzurida pashshaning qanotichalik ham vazni bo‘lmaydi, dedilar-da, (Bas, Biz Qiyomat kunida ular uchun hech qanday vaznni qoim qilmasmiz!)[4] oyatini o‘qinglar”, deb qo‘shib qo‘ydilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Mazkur dalillar umumlashtirilsa, ularning bir-birlariga zid emasligi, amal qiluvchi ham, uning amali ham va amallari yozilgan sahifalar ham barchasi tortib o‘lchanishi kelib chiqadi”[5].

So‘fi Ollohyor bobomiz qiyomat tarozusi haqida qanday e’tiqod qilishni osongina tushuntirib qo‘ygan:

Tarozu boriga iqrorimiz bor,
Nechuk erkaniga ne korimiz bor.

* * *

Ilohi, qil og‘ir mezonimizni,
Salomat tut bizning iymonimizni.

Ya’ni tarozining qanday ekanini bilishga urinib o‘zimizni qiynamaymiz, balki uning haqligiga iymon keltirib, “ey Robbimiz, amallarimizni tarozida og‘ir qilgin”, – deya duo qilib boramiz.

O‘shiy rahmatullohi alayh so‘zlarining davomida tarozidan so‘ng barcha xaloyiqning sirot ko‘prigiga yuzlanishlariga ishora qilgan. Sirot do‘zax ustiga qurilgan uzun ko‘prik bo‘lib, undan o‘ta olgan insonlar jannatga erishadilar. Ammo Sirotdan yugurib o‘tib ketish barchaga ham nasib etmaydi. Hamma o‘zining qilgan amaliga yarasha kimdir tez, kimdir sekin, kimdir sudralib zo‘rg‘a o‘tib olsa, kimdir uning tagidagi do‘zaxga qulab tushadi. Abu Hurayra va Abu Rib’iy roziyallohu anhumolardan rivoyat qilingan hadisda sirotdan o‘tish holatlari tasvirlangan:

عَن أَبِي هُرَيْرَةَ وَأَبُو رِبْعِيٍّ عَن حُذَيْفَةَ قَالاَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَجْمَعُ اللَّهُ تَبَارَكَ وَتَعَالَى النَّاسَ فَيَقُومُ الْمُؤْمِنُونَ حَتَّى تُزْلَفَ لَهُمْ الْجَنَّةُ فَيَأْتُونَ آدَمَ فَيَقُولُونَ يَا أَبَانَا اسْتَفْتِحْ لَنَا الْجَنَّةَ فَيَقُولُ وَهَلْ أَخْرَجَكُمْ مِنْ الْجَنَّةِ إِلَّا خَطِيئَةُ أَبِيكُمْ آدَمَ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ اذْهَبُوا إِلَى ابْنِي إِبْرَاهِيمَ خَلِيلِ اللَّهِ قَالَ فَيَقُولُ إِبْرَاهِيمُ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ إِنَّمَا كُنْتُ خَلِيلًا مِنْ وَرَاءَ وَرَاءَ اعْمِدُوا إِلَى مُوسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الَّذِي كَلَّمَهُ اللَّهُ تَكْلِيمًا فَيَأْتُونَ مُوسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَقُولُ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ اذْهَبُوا إِلَى عِيسَى كَلِمَةِ اللَّهِ وَرُوحِهِ فَيَقُولُ عِيسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ فَيَأْتُونَ مُحَمَّدًا صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَقُومُ فَيُؤْذَنُ لَهُ وَتُرْسَلُ الْأَمَانَةُ وَالرَّحِمُ فَتَقُومَانِ جَنَبَتَيْ الصِّرَاطِ يَمِينًا وَشِمَالاً فَيَمُرُّ أَوَّلُكُمْ كَالْبَرْقِ قَالَ قُلْتُ بِأَبِي أَنْتَ وَأُمِّي أَيُّ شَيْءٍ كَمَرِّ الْبَرْقِ قَالَ أَلَمْ تَرَوْا إِلَى الْبَرْقِ كَيْفَ يَمُرُّ وَيَرْجِعُ فِي طَرْفَةِ عَيْنٍ ثُمَّ كَمَرِّ الرِّيحِ ثُمَّ كَمَرِّ الطَّيْرِ وَشَدِّ الرِّجَالِ تَجْرِي بِهِمْ أَعْمَالُهُمْ وَنَبِيُّكُمْ قَائِمٌ عَلَى الصِّرَاطِ يَقُولُ رَبِّ سَلِّمْ سَلِّمْ حَتَّى تَعْجِزَ أَعْمَالُ الْعِبَادِ حَتَّى يَجِيءَ الرَّجُلُ فَلاَ يَسْتَطِيعُ السَّيْرَ إِلاَّ زَحْفًا قَالَ وَفِي حَافَتَيْ الصِّرَاطِ كَلاَلِيبُ مُعَلَّقَةٌ مَأْمُورَةٌ بِأَخْذِ مَنْ أُمِرَتْ بِهِ فَمَخْدُوشٌ نَاجٍ وَمَكْدُوسٌ فِي النَّارِ وَالَّذِي نَفْسُ أَبِي هُرَيْرَةَ بِيَدِهِ إِنَّ قَعْرَ جَهَنَّمَ لَسَبْعُونَ خَرِيفًا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Abu Hurayra va Abu Rib’iy roziyallohu anhular Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh tabaroka va taolo insonlarni jamlaydi, mo‘minlar jannatga yaqin joyda turadilar. Ular Odam alayhissalomning yonlariga kelishadi va: “Ey otamiz, bizlarga jannatni ochishni so‘rab bering”, – deyishadi. U: “Sizlarni jannatdan otangiz Odamning xatosi chiqarmadimi, men bunga ega emasman, sizlar o‘g‘lim Ibrohim Xalilullohning yoniga boringlar”, – deydi. U zot dedilar: “Ibrohim men bunga ega emasman, bunday yuksak darajadagi xalil bo‘lmaganman. – Sizlar Alloh taoloning O‘zi unga mutlaq gapirgan Muso sollallohu alayhi vasallamga boringlar, – deydi. Ular Muso sollallohu alayhi vasallamning yoniga keladilar. U: “Men bunga ega emasman, Allohning kalimasi va ruhi Isoga boringlar”, – deydi. Iso: “Men bunga ega emasman”, – deydi. Bas ular Muhammad sollallohu alayhi vasallamga keladilar. U zot turadilar va u zotga izn beriladi. Omonat va qarindoshlik o‘z holiga qo‘yiladi, ular sirotning o‘ng va chap tomonlariga turib oladilar. Sizlarning avvalgilaringiz chaqmoq kabi o‘tadilar. Men: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, qaysi narsa chaqmoq kabi o‘tadi”, – dedim. U zot: “Chaqmoqning ko‘z yumib ochguncha qanday o‘tib qaytishini ko‘rmaganmisan, so‘ngra shamolning o‘tishi kabi, so‘ngra qushning o‘tishi kabi va amallari yugurtirayotgan kishilarning sudralishi kabi o‘tadilar. Payg‘ambarlaringiz sirot ustida: “Robbim, qutqargin, qutqargin”, – deb turadi. Hatto bandalarning amallari (ularni harakatlantirib olib o‘tishdan) ojiz qoladi, hatto yurishga quvvati yetmaydigan, faqat sudralib harakatlanadigan kishi keladi”. Yana dedilar: “Sirotning ikki chetida buyurilgan kimsani tutishga tayin qilinib osib qo‘yilgan changaklar bo‘ladi. Bas tirnalganlar (ya’ni tirnalib bo‘lsa-da o‘tib ketgan) najot topuvchidirlar, to‘planib qolganlar do‘zaxdadirlar”. Abu Hurayraning joni Uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, albatta, jahannamning qa’ri yetmish kuzdir (yetmish yillik masofadir)”, – dedi”. Muslim rivoyat qilgan.

Ko‘plab nusxalarda ushbu o‘rinda shafoat haqidagi bayt takror keltirilgan. “Bad’ul amoliy” matni Humaydiy ismli mudarris tomonidan tatar tiliga tarjima qilinib, 1908 yilda “Amoliy tarjimasi” nomi bilan Qozon shahrida chop etilgan. O‘sha nusxada shafoat to‘g‘risidagi ushbu bayt faqat bir joyda kelgan bo‘lib, takrorning o‘rniga quyidagi boshqa bir bayt keltirilgan:

وَلَا عَرَضٌ وَلَا ذُو صُورَةٍ مَا تَعَالَى اللهُ عَمَّا فِى الْخِيَالِ

U araz[6] ham, suvratda ham emas, biror xayoliy,

Alloh gumoniy xayollardan buyuk va oliy[7].

Ushbu baytning ma’nosi yuqorida keltirilgan So‘fi Ollohyor bobomizning so‘zlari bilan deyarli bir xil, ya’ni:

Ko‘ngilda kechsa ko‘zga tushsa har shay,

Erur andin munazzah Xoliqi Hay.

Shuningdek, mazkur bayt Alisher Navoiy bobomizning mashhur “Sirojul-muslimin” (Musulmonlarning chirog‘i) asaridagi baytga ham ma’nodoshdir:

Ne javhar, ne arazdur, ne makonda,

Ne voqe’dur jihatda, ne zamonda.

“U (ya’ni Alloh taolo) javhar ham, araz ham emas. U makonda ham, jihatda ham, biror zamonda ham emas”[8].

 

Keyingi mavzu:
Duolarning ta’sirlari bayoni

 


[1] A’rof surasi, 8, 9-oyatlar.
[2] Zalzala surasi, 7, 8-oyatlar.
[3] Muhammad ibn Abdurrahmon Muborakfuriy. Tuhfatul Ahvaziy. “Maktabatush shomila”. – B. 380.
[4] Kahf surasi, 105-oyat.
[5] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 278.
[6] Mustaqil mavjud bo‘lib turmaydigan, balki jism va uning bo‘laklari orqali borliqdan joy olib turadigan ranglar, hattu-harakatlar, ta’mlar va hidlar kabi narsalar – araz deyiladi. Qarang: Sa’duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 37.
[7] Humaydiy. Amoliy tarjimasi. – Qozon: “Karimiya matbaasi”, 1908. – 4.
[8] Alisher Navoiy. “Navoiydin chu topqaylar navoye”. – Toshkent: “Hilol-nashr”, 2014. –B. 136.

Kutubxona